Internet orqali pul topishni men qanday o’rgana boshladim va pul solmasdan ishlashning qanday eng yaxshi yo’llari bor. Aldanib qolmaslik uchun ko’rsatmalar

internetda pul ishlash

Salom, uzinterbiz.com blogining o’quvchilari. Siz bilan men Umidjon Obudov va bugun siz bilan katta bir mavzu, internet orqali pul topish qanday bo’ladi, kim to’laydi, pul ishlashning haqiqiy yo’llari haqida gaplashamiz. Qanday qilib yaxshi pul ishlash mumkin va qayerda aldov yashiringan, bugungi maqolamiz shular haqida bo’ladi.

Biroz o’zimning bu yo’lni bosib o’tganligim haqida, bu mavzuni qanday o’rgana boshladim, qayerda aldandim, qanday qiyinchiliklarga duch keldim va bugun qaysi yo’l bilan pul ishlayapman, shular haqida siz bilan bo’lishaman. Va yana, endi boshlayotganlar uchun, xarajat qilmasdan, qanday pul ishlash mumkinligi to’g’risida ko’rsatmalar berib o’taman.

Do'stlar, maqola juda katta, shuning uchun ham maqolaga qayta kelib, qolgan bo'liminigizdan o'qishni davom ettirish uchun zakladkaga olib qo'yishlaringizni tavsiya qilaman. 

Agar siz blogimni ko’pdan o’qiyotgan bo’lsangiz bilasiz, men ko’proq masofadan turib ishlash, loyihalar tuzish va rivojlantirish haqida ko’proq yozaman. 2013 yilning bahor oylarida men, malum bir joyga bog’lanib turmasdan, xohlagan joyimda, xohlagan vaqtimda, yani, faqat internet orqali ishlashga qaror qildim.

Kompyuter va internet orqali masofadan turib ishlash yo’llarini qidira boshladim. Kelajakda nima bilan shug’ullanishimni, bunday imkoniyatlar qanchalar ko’pligini o’sha payt hayolimga ham keltirmagandim. Bu hayotda har kim o’z yo’lini o’zi tanlar ekan, nimani niyat qilsangiz va harakat qilsangiz, sekin — asta o’sha niyatingiz amalga oshib boraverar ekan.

Internetda pul ishlashning eng osonidan boshlab, oldin etti uxlab tushumga ham kirmagan yo’llari mavjudligini bildim. Bu maqolani o’qib turib, u yoki bu yo’llari bilan qanday pul ishlanilishini siz ham tushunmasligingiz va ko’rmasligingiz mumkin. Shuning uchun men oddiy va tushunarli bo’lgan tilda tushuntirishga harakat qilaman. Tushunarsiz joylari bo’lsa, har doim izohlarda savol bilan murojaat qilishingiz mumkin, albatta tushuntiraman va yordamlashaman.

Savolni to’g’ri bera bilishingiz – nima xohlayotganligingizni tezroq anglash sana’tlaridan biridir. Bizning holatimizda internetda pul ishlashni o’rganish.

Suhbatni davom ettirishdan oldin, internetda pul qayerdan keladi va bu xursandchilik uchun kim pul to’lashini sizlarga tushuntirib o’tmoqchiman.

 

Internetda pul ishlashning barcha yo’llari haqida

to’liq QO’LLANMALAR !

Internetda pul qayerdan keladi va kim sizga bu pulni to’laydi? 

O’ylashimcha, bugungi maqoladan sizning tushunishingiz kerak bo’lgan narsaning asosiysi ham shu. Chalkashib ketmaslik uchun bir yog’dan boshlaymiz.

Pul ishlash nima degani?

Biz barchamiz, hayotda, har kun har xil mahsulot va xizmatlar sotib olish uchun pul sarflaymiz, masalan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, o’qishga, uy-joy qurishga va hokazo.

do'kondan xarid qilish

Buning uchun biz nimadir qilishimiz, qayerdadir ishlashimizga va pul topishimizga to’g’ri keladi. Agar siz o’quvchi yoki student bo’lib hech qaerda ishlamasangiz, siz uchun ota onangiz yoki sizni moddiy jihatdan taminlayotgan odam ishlayapdi.

Siz qayerda ishlayapsiz? Yoki ishlagansiz? Balkim sizni ishdan bo’shatishgandir va siz shuning uchun internetdan ish qidirayotgandirsiz, nimadan boshlashni bilmayotgandirsiz. Siz ishlayotgan yoki ishlagan korxona, tashkilot nima ish bilan shug’ullanadi?

Javob, bor yo’g’i ikkita:

  1. Qandaydir mahsulot ishlab chiqoradi yoki sotadi.
  2. Jamiyatga qandaydir xizmat ko’rsatadi.

Sizga oylik to’layapdimi, demak, korxona nimadir sotayapdi. Bu mahsulotni kimdir o’zining qaysidir muammosini echish maqsadida sotib olayapdi. Bundan kelib chiqadiki, siz birovning muammosini echganingiz uchun sizga haq to’layapdi.

Internet  ham xuddi shu tarzda ishlaydi, faqatgina bu erda siz jismoniy mahsulotni ishlab chiqara olmaysiz, lekin u orqali mahsulotingizni sotishingiz mumkin. Shunday qilib, butun Internet bir necha mahsulot va xizmatlarni sotish bilan shug’ullanadi. Ularni har qanday usulda reklama qiladi.

Internetdagi barcha pul ishlashlar, kimgadir, nimanidir sotishga ko’maklashish ustiga qurilgan. Oddiy misol, barcha foydalanadigan VKontakte sayti, yoki qidiruv tizimlari bo’lgan Yandex, Google, Yaho va Mailru. Bu saytlarning ishlab chiqaruvchilari va egalarining asosiy daromadi bu, reklama.

reklama qilish

Siz nima deb o’ylagandiz, nimaning orqasidan ular millionlab dollorlarni ishlashadi?

Biz o’zimizni qiziqtirgan malumotni olish, do’stlarimiz bilan gaplashish maqsadida bu saytlardan bepul foydalanamiz, shu bilan birga o’zimiz sezmagan holda, minglab reklama bannerlarini ham kuzatamiz, va keyin do’konga chiqib qandaydir mahsulot sotib olamiz. O’sha mahsulotni sotayotgan odam, mahsulot reklamasi uchun juda katta pul to’laydi.

Oqibatda butun internetdagi daromadlar quyidagicha hosil bo’ladi:

  1. O’zingizning mahsulotingiz va xizmatingizni yoki reklama sotish maqsadida katta auditoriyaga ega bo’lgan loyihani tashkil qilasiz.
  2. Shunday loyihani tashkil qilgan odam uchun ishlaysiz

Ikki yo’lning ham o’ziga yarasha yaxshi, yomon taraflari mavjud, bu haqda maqola davomida gaplashamiz.

Internetdagi daromad — afsona va haqiqatlar

Pul qayerdan kelishini, internetning qanday tuzilganligini tushunganimda, mening internet haqidagi qarashlarim butunlay o’zgardi. Bu yerda ishlash, aynan oddiy hayotimizdagi kabi bilim va tajribani talab etadi.

Men yana, ko’plab ish jarayonlari internetga ko’chayotganini va ular tez rivojlanayotganini, o’sha paytiyoq tushundim. Uydan chiqmasdan turib yaxshi pul ishlasa bo’ladigan yangi yo’nalishdagi kasblar paydo bo’layapdi. Ertalab uyg’onasan, ertalabki nonushtani qilasan va ishlash uchun kompyuter oldiga o’tirasan. Aynan shu ishni bajarish uchun ancha yo’l bosib, 08 dan 17 gacha ofisga ketish shart emas. Buning ustiga yo’lga ketadigan bebaho vaqtingiz va yo’l xarajatlar ortiqcha.

Taraqqiyot shunchalikka borib yetyapdiki, bazi odamlar uchun kompyuter ham kerak emas, pul ishlash uchun qo’lidagi telefoni etarli.

telefon orqali pul ishlash

2016 yil tadqiqotlariga ko’ra Amerikada 20% odam masofadan turib ishlashar ekan, Rossiyada 2 000 000 odam, bu butun mamlakat aholisining 1.2% ni tashkil qilar ekan. Bugungi kunda bundan ham ko'p bo'lsa kerak. Bizda, O’zbekistonda qanchaligini bilmadim, menimcha 0.1% ham bo’lmasa kerak, yana bilmadim. Biladiganlar bo’lsa, iltimos, izohlarda bizga malum qiling!

Agar juda kam bo’lgan taqdirda ham, bu ko’rsatgich yaqin kelajakda faqat oshadi, sababi, zamonaviy, bilimli yoshlarimiz o’sib kelyapdi, ishsizlik esa kundan kunga ko’payib boryapdi.

Ishsizlikning ham sababi aynan ish jarayonlarining internetga ko’chishida deb bilaman, chunki, yaqinda bir dunyo statistica tashkilotining hisobotiga ko’zim tushib qoldi (qaysi tashkilot ekanligi esimda yo’q, esimga tushganida keying maqolalarimda albatta aytib o’taman). Unda aytilishicha, “har yili, dunyo bo’yicha 70 milliondan ortiq odam ishsiz qoladi, bu esa fan texnika taraqqiyoti bilan bog’liq” deyiladi.

Dunyo bo’yicha bu albatta kichik raqam deyishingiz mumkin, lekin taraqqiyot qaysi tarafga qarab ketayotganini bilib olsa bo’ladi. Demak, kelajakda — masofadan turib ishlash, internet kasblarga talab kuchayadi. Hozirgi kunda runetda ham, uznetda ham mutaxasistlar yetishmaydi, frelans saytlarga kirib kuzatsangiz o’zingiz guvohi bo’lasiz.

Shuning uchun ham qandaydir yo’nalishni tanlab, o’qib o’rganishni hozirning o’zida boshlash kerak.

Sarmoyali va sarmoyasiz ishlar 

sarmoyali ish

Investitsiya qilmasdan onlayn tarzda pul topishni xohlaganlar uchun bir gapni aytmoqchiman. Quyida aytib o'tadigan daromadlarning ba'zi usullarini yaratish uchun sarmoya kiritishga to’g’ri keladi, aksariyat hollarda rivojlanish jarayonini tezlashtirish uchun kerak bo’ladi. Ammo, siz sarmoyasiz ham qilishingiz mumkin.

Qanday qilib?

Oddiy. Focebook ijtimoiy tarmog’i ham hech qanday sarmoyasiz yaratilgan. Faqat, saytni joylashtirish uchun server ijaraga olingan, uni ham Mark Sukenberg yotoxonadagi qo’shnisidan olgan. Shunga o’xshash ko’p omadli loyihalar hech qanday sarmoyasiz boshlangan. Bir nima bilan shug’ullanish maqsadida kelgan oddiy g’oyani amalga oshirishga ishtiyoq va xohish kuchliligidan amalga oshib ketgan.

 TOP-14 ta internetda pul ishlash yo’llari

  1. Biznes. Loyihalar tuzish. Internet – ishbilarmonlik
  2. Masofadan ishlash. Freelans.
  3. Maktab o’quvchilari va o’smirlar uchun.
  4. Aldov. Tavakkalchilik. Pul chiqarish uchun o’yinlar

Har bir yo’lning manosini va qanday pul ishlash kerakligini quyida qisqacha tushintiraman. Har biri uchun alohida maqolalarda hamda bepul qo’llanmalarda keng to’xtalib o’tamiz.

Biznes. Loyihalar tuzish. Internet – ishbilarmonlik 

Bu bo’limda eng ko’p daromadli va doimiy daromad keltiruvchi yo’llarini ko’rib chiqamiz. Lekin bularni tashkil qilish, yo’lga qo’yish uchun yillab, loyiha ustida  ishlash kerak bo’ladi, ammo bu degani hali sizning loyihangiz bozorga kiradi va sizga yaxshi daromad keltiradi degani emas.

Oddiysidan hamda tushunarlisidan boshlaymiz.

Internet — magazin

Internet – do’kon ochish va u orqali mahsulot sotish – o’ylaymanki, internet magazin haqida eshitmagan odam kam bo’lsa kerak. Internet-do’kon juda ko’p jarayonli biznes. Mahsulot yetkazib beruvchini topish kerak, sayt ochish kerak, mijozlarni jalb qilish uchun qayerdadir reklama qilish kerak, buyurtmalarga ishlov berish, mahsulotni manzilga yuborish va hokazolar. Bilamanki 99,9% odam bu ish bilan shug’ullanmaydi.

Auksionlarda mahsulotni sotib olish va qayta sotish  

Internet – magazin orqali pul ishlashning qisqartirilgan yo’li. Sizga, magazin uchun sayt ochish shart emas, mahsulotingizni boshqa saytlar orqali reklama qilib sotishingiz mumkin.

  • Reklama va e’lonlar beruvchi saytlar: olx.uz, Avito yoki Yulaga o’xshagan (------ e’loningizni oldinga chiqishi uchun promokod).
  • Ijtimoiy tarmoqlar.
  • Saytlar orqali xabarlar yuborish
  • Forumlar, har xil internet portallari
  • Lending Pagelar orqali

Bunda jarayon qanday kechadi? Ishlab chiqaruvchidan yoki xitoy mahsulotlari ko’tarasiga sotib olinadi va 2-3 baravar qimmatiga donalab sotiladi. Agar mahsulot o’zingizniki bo’lsa, unda yuqoridagi internet resurslari orqali reklama qilasiz va foydaning 100% o’zingiz olasiz. Ishonchli va tekshirilgan yo’l.

Internet xizmatlar, dasturlar va ilovalarni yaratish

Yana bitta pul ishlash yo’llaridan biri. Bu yo’l hamma uchun emas albatta. Bu yo’l to’g’risida men biron nima deya olmayman.

Internet xizmatlar degani nima degani? Masalan, hammaga tanish bo’lgan o’sha Avito, OLXga o’xshagan xizmatlar. Bu xizmatlar kimgadir oz mahsulotini sotishga va kimgadir sotib olishga yordam beradi, Kompyuteringizdagi foydali dasturlarning ko’plari bepul emas, ularni ham kimdir ishlab chiqqan.

Pul ishlashning bu turida siz o’zingiz dasturchi bo’lishingiz kerak, yoki, sizning g’oyalaringizni amalga oshirish uchun dasturchi yollashingiz kerak. Dasturchi bilan, yozilajak dasturning to’la haqqini to’lash yoki dasturdan keladigan foydaning foiziga kelishib olishingiz mumkin.

Xizmat ko’rsatish agentligi

Agar sizda tashkilotchilik qobiliyatingiz bo’lsa, siz biron bir kasb mutaxasisti bo’lishingiz shart emas. Siz uchun biron ishni qila oladigan mutaxasistni topasiz, o’zingiz esa unga mijozlarni olib kelasiz va tushgan foydadan oylik to’laysiz.

Bunday agentliklar nima bilan shug’ullanishi mumkin:

  • Sayt yaratish
  • Web dizayn
  • Tarjima va matn yozish
  • Saytlarni rivojlantirish va ijtimoiy tarmoqlar
  • Reklama va boshqalar.

Barcha jarayonlarni masofadan turib boshqarishingiz mumkin. Ha, bu sohalarda raqobat juda kuchli, lekin baribir hech kimga o’xshamagan, noyob ish ko’rsatib yaxshi daromadga erishish mumkin.

TAMOM, endi bu yog’i internet orqali pul ishlashning ancha qiziqarli va xohlagan odam qila oladigan turlari haqida bo’ladi

Axborot beruvchi saytlar

Internetdan biron savolingizga javob izlaganingizda ochadigan saytlaringiz axborot saytlari deyiladi. Xuddi shunday saytni men o’zimning shaxsiy blogim bilan birlashtirganman. Odamlarning savollariga javob beruvchi maqolalardan tashqari o’zimning shaxsiy hayotim va hayotdagi bo’layotgan voqea hodisalar haqida ham yozib turaman.

mening saytim

Xuddi shunday saytni xohlagan odam, 1-2 soat ichida, ozgina xarajat bilan ochishi mumkin, lekin, uni foydali maqolalar bilan to’ldirib, rivojlantirib va u orqali daromad olish uchun esa, ancha ishlab ter to’kishga to’g’ri keladi. O’zimning tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, bu ishda, bir yildan keyin 500-600 va undan ko’p daromadga chiqish mumkin.

Saytdan daromad olish — reklama yoki mahsulot sotish va xizmat ko’rsatish hisobiga bo’ladi. Hammasi juda oddiy, hali yuqorida aytganimday. Siz maqolangizda qandaydir mahsulotni reklama qilasiz, qiziquvchilar kelib maqolangizni o’qishadi va mahsulotni sotib olishadi, mahsulot narxining sizga ajratilgan foizi sizniki.

Eng qizig’i, bunday saytdagi barcha harakatlar 24 soat sizning foydangizga ishlaydi. Bir ozdan keyin siz uchun daromadli sayt tuzish to’g’risidagi qadamba-qadam kursimni yozaman.

sayt tuzish

O’qitish va axborot biznesi

Axborot biznesi – bu har xil mavzudagi (o’rgatuvchi kurslar, treninglar, vebinarlar) axborotlarni sotish. Masalan, siz biron bir musiqa asbobida chalishni yaxshi bilasiz va bunga boshqa birovni o’rgatishingiz mumkin.

Pul ishlashning bu yo’lida siz nima qilishingiz mumkin? Masalan: cholg’u asbobida chalishni qanday o’rganishni qadamba-qadam o’rgatuvchi video kurs qilib yozasiz va uni nomlab, qadoqlab, (upakovka qilib) malum bir narxda internet orqali sotasiz. 

Videodarslik yozmasligingiz ham mumkin, hozirgi internet texnologiyalari, skype, imolar yordamida jonli ravishda o’rgatishingiz ham mumkin. Agar, o’quvchilar soni bir nechta bo’lsa, alohida vebinar xonalarida jonli o’qitishingiz mumkin.

Axborot biznesining yuqori darajasi – bu, prodyuserlik. Yana o’sha cholg’u asbobida chalishni yaxshi biladigan, talantli odamni topasizda, unga video darslik yozishda ko’maklashasiz, keyin o’zingiz ushbu yozuvni sotish bilan shug’ullanasiz va muallifga mualliflik gonorarini ajratasiz.

Video, kitob, musiqa yaratish

kitoblar

Internetda pul topishning bu ijodiy usuli, menimcha, bu ro'yxatda bo'lishi kerak. Qiziqarli kitob yozdingmi, internet orqali sotishing mumkin, ko’pchilik shunday qilishadi va pul ishlashadi. Kimdir multfilm yaratadi va YouTubega joylab pul ishlaydi, kimdir- har xil o’yinlar, suratlar, rasmlar chizib sotishadi.

Maslahat

Qaysidir manoda maslahatni ham axborot biznesiga qo’shsa bo’ladi. Agar siz, yurist, psixolog, vrach, astrolog yoki qaysidir kasbda mutaxasist bo’lsangiz, unda sizga maslahat berib pul ishlash eng yaxshi yo’l. Bugungi kunda internet orqali maslahat berish juda dolzarb, chunki, bir maslahat olish uchun qaergadir yana vaqt, pul sarflab borish shart emas. To’lovni sayt orqali yoki to’g’ridan to’g’ri electron hamyonga va bank kartalariga o’tkazish va echish mumkin.

YouTube    

Bu yo’l bilan hozir juda ko’p insonlar yaxshi pul ishlashayapdi. Bu yo’nalish sinovdan o’tib bo’lgan. O’zingiz bilgan mavzuingizda kanal ochasiz va videolar yozib kanalga yuklaysiz, videolaringizda qandaydir mahsulotni reklama qilasiz va pul ishlaysiz. Zo’r-a? YouTubeda video ko’rganmisiz?

  • Qo’llanma: YouTubeda kanal yuritishni nimadan boshlash kerak

Blogging

Dunyoda va Rossiyada blogging eng baland cho’qqida. Turli resurslarda o’z blogingizni yuritishingiz mumkin.

Bular eng yaxshilari va mashhurlari

Odamlar uchun boshqalarning hayotini kuzatish juda qiziqarli, ayniqsa ular bir nimani qoyil qilayotgan bo’lishsa.

qiziqish

Mashhur blogerlarning daromadlari oyiga 30 000 – 50 000 dollor atrofida aylanadi. Ularni kuzatishadi, ularga ishonishadi va ergashishadi. Shuning uchun ularning kanallarida reklama berish juda qimmat va bu turli kompaniyalar uchun foydali. O’zining shaxsiy hayoti bilan bo’lishib, o’z atrofiga auditoriya yig’ishga har kim ham jura’t qilavermaydi.

Men o’zim ham qachonlardir internetga bir nima yozishga qo’rqardim. Chunki, internet ham hali endi, endi hayotimizga kirib kelayotgan edi-da, men uchun qorong'i dunyo edi. Hozir, agar menga ijtimoiy tarmoqlardan avatarida o’zining rasmi qo’ymasdan yozishsa, hatto javob ham bermayman, chunki bilaman, qandaydir bot yoki quruq safsataboz.

Ijtimoiy tarmoqlar  

Katta auditoriya va obunachilarga ega bo’lgan ijtimoiy tarmoqdagi kanallarda ham yaxshi pul ishlash mumkin. Hazil, iqtibos, sayohat va boshqa ko’plab qiziqarli narsalarni yangiliklar lentasida kuzatamiz. Bularning barchasi, o’ziga obunachi ko’paytirish va reklama postlar sotish uchun qilinadi.

Masalan, million obunachiga ega bo’lgan kanalda reklama postini qoldirish o’rtacha 100 000 – 200 000 so’m turadi. Bunday postlardan qoida bo’yicha kuniga 5 dona yozish mumkin, endi o’zingiz hisoblab ko’ring, oyiga qancha pul ishlash mumkin.

Lekin, bunday ko’p obunachiga ega bo’lishga erishish hozir juda qiyin, ammo, agar hozir boshlasangiz qachonlardir bu natijaga erishasiz va sizga yaxshi daromad olib keladi.

Ijtimoiy tarmoqlar bo’yicha to’liq qo’llanmalar:

Hamkorlik dasturlari va tavsiya tizimlari

Bu yo’l bilan runet va burjuynetda har ikki odamdan biri ishlasa kerak. Lekin bizda hali unchalik rivojlanmagan, ha sayt egalari bu yo’l bilan ishlashga harakat qilishyapdi, lekin, o’zlari ham saytlarida hamkorlik dasturlarini ochishni o’ylab ko’rishmayapdi. Axir, bu sayt rivojlanishi uchun bepul sarafan radioku.

Saytimda biron foydali mahsulotni hamkorlik dasturi orqali reklama qilaman deb uznetdagi saytlarni qidirdim, lekin, bitta ham topmadim. Bitta topdim, u ham bo’lsa rus tilidagi internet magazin. Boshqa umuman yo’q, balkim men topmagandirman, agar shunday hamkorlik dasturlari uznetda ham borligini biladiganlar bo’lsa, iltimos, izohlarda qoldiringlar. Axir bu uznet rivoji uchun foydaliku.

Hamkorlik dasturi qanday tashkil qilinishini bilmaydiganlar va shunday dasturni ochishni istaganlar bo’lsa, bemalol murojoat qilinglar, yordamlashib tashkil qilib beramiz.

Sheriklik dasturimizda ro’yxatdan o’tishingiz va tanishishingiz mumkin.

Uzr, mavzudan chetlashib ketdik, xullas, bu yo’l eng oson va oddiy yo’l. Foydali mahsulotning hamkorlik havolasini olib, xohlagan joyingizda tavsiya qilasiz va o’zingizga ajratilgan foizni olasiz. Yoki, tizimga referallarni taklif qilasiz.

Masofadan turib ishlash. Freelans 

Masofadan turib ishlash bilan freelanserning farqi shundaki, masofadan turib ishlashda siz har doim ishlik bo’lasiz, bitta ish beruvchi bilan ishlaysiz. Freelanserlikda esa, siz bitta ish beruvchiga bog’liq bo’lmaysiz, har safar ishni tugatganingizdan keyin, yangi ish qidirishingizga to’g’ri keladi.

Tushunarli bo’lishi uchun saytga maqola yozuvchi (kopirayter) kasbi misolida tushuntiraman. Bu ishda bir sayt uchun maqola yozuvchi bo’lib masofadan ishlaydigan ishchi bo’lib ishga joylashasiz va sizda har doim 2-3 oylik ish planingiz bo’ladi, malum darajada oylik belgilanadi, qo’shimcha bonusalar bo’lishi mumkin. Freelanseda esa, bugun sizga bitta maqola yozib berishingizni so’rashadi, ertaga esa nomalum, yangi buyurtma izlashingiz kerak bo’ladi. Qaysi biri foydali ekanligi barchaga ayon.

Masofadan turib ishlash uchun yo’nalishlar shunchalar ko’pki, men ularni sanab o’ta olmayman. Masalan: oddiy internet magazinga masofadan turib ishlovchi bo’lib ishga joylashishingiz mumkin: webdizayner bo’lib, kopirayter, mijozlarga telefon qiluvchi, qaysidir bo’limiga menejer bo’lib, reklama va sotish bo’yicha menejer, dasturchi, do’konni reklama qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda administrator bo’lib, xullas juda ko’p.

Masofadan turib ishlaydigan ishchining oyligi, ofisda o’tirib ishlaydigan ishchining oyligidan hech nimasi bilan farq qilmaydi, faqat ofisga ishga boradigan ishchining oyligi, yo’l kira xarajati hisobiga kam bo’lishi mumkin.

Agar siz O’zbekistondan turib runetda yoki ingliz tilidagi ish beruvchilar bilan ishlasangiz, oylik maoshingiz ancha yuqori bo’ladi. Runetda, oyiga, o’rtacha 20 – 40 000 rubl atrofida, tajribali ishchilar 50 000 rubldan yuqori oylik olishadi. Burjuynetda 1500$ — 2500$ oyiga ishlashingiz mumkin. Qanchalik tajribangiz yuqori bo’lsa, shunchalik sizga ko’p haq to’lashadi.

Freelans va masofadan turib ishlash haqida qiziqarli hujjatli film. Film rus tilida.

Davom etamiz…

Keying ikkita bo’limda aytilgan ishlarda ishlashni men sizga tavsiya qilmayman, lekin siz haqiqatda ham ishlay olmasligingizga ishonch hosil qilish uchun urinib ko’rishingiz mumkin (((. Lekin men qati’yan tavsiya qilmayman, chunki mening blogimning o’quvchilari internetdagi bo’lmaydigan ishlar bilan shug’ullanishlarini istamayman. Qimmatli vaqtlarini bekorga sarflamasdan, haqiqiy foyda keltiradigan, o’ziga etarli pul keltiradigan ishlar bilan shug’ullanishlarini xohlayman.

Maktab o’quvchilari va o’smirlar uchun pul ishlash yo'li.

Nima uchun maktab o’quvchilari va o’smirlar uchun? Chunki, bu yo’l bilan faqat cho’ntak xarajatlari uchun pul ishlashingiz mumkin. Hechqanday bilim talab etilmaydi, shunchaki kompyuter oldiga o’tirasiz va bir xil vazifalarni bajarasiz.

  • Kliklar, layklar, repostlar, obunalar
  • Kapcha kiritish
  • Pullik so’rovlarda qatnashish
  • Izoh yozish
  • Video ko’rish
  • Reklama ko’rish
  • Saytlarni aylantirish
  • Bukslar
  • Mobil telefonga dastur o’rnatish

Bu yerda kuniga 200, 500, hattoki 1000 rublgacha ishlaydiganlar bor. Lekin, ertalabdan kechgacha har kun ishlash tezda joningizga tegadi. Hech qanday rivojlanmaysiz, tajribangiz oshmaydi. Shu sizga kerakmi? Bir umr shu bilan ishlamasangiz, boshlash nimaga kerak?

Maslahat: bir umr shug’ullanishni xohlagan ishni izlang va shu yo’nalishda tajribangizni oshiring

Aldov. Tavakkalchilik. Pul chiqarish uchun o’yinlar 

Bu bo’limdagi pul ishlash yo’llari bilan shug’ullansangiz, bundan battari bo’lmaydi. Ko’pchilik shug’ullanishadi ham! Bilasizmi nimaga? Chunki odamzod – ishyoqmas jonzod, biz qayerda ish kam bo’lsa, o’sha yerni qidiramiz.

Internetda shunchaki pul yo’q, bu yerda faqat qora ter to’kib, mehnat qilib, ishlash kerak, ayniqsa boshlanishida, tajribangiz yo’q paytda. O’zingiz o’ylab ko’ring, qaysi axmoq shunchaki pul beradi?

Shuning uchun ham shunchaki pul qidirayotganlar “100 so’m ber, 1000 so’m olasan” degan loyihalarga to’g’ri kelishadi. Bu haqiqiy pul ishlash emas, bu LOXOTRON deyiladi.

Bunday loyihalar ish qilmasdan turib ko’p pul topishni xohlaganlar uchun quruq qopqon. Ha, 100 so’m, 200 so’m ishlashga ulgurishingiz mumkin, lekin shu payt kimdir shu 100, 200 so’mini shunchaki yo’qotishadi. Meni ham endi boshlagan paytlarim bunday o’yinlarga qiziqtirishga urinishgandi, lekin qitmirligim, hamma narsaga e’tiroz bildirishim “pand” berdi shekilli, bunday o’yinlarga ilinmadim.

Pul chiqorish uchun o’yinlar ham xuddi shunday. Qayerda 90%  daromadni olmasdan turib, pul tikishni so’rashsa, bilingki, bu aldov.

Tavakkal bilan bog’liq boshqa loyihalarni ham men umuman tavsiya qilmayman. Masalan, sport o’yinlariga pul tikish, online-kazinolar, agar tajribangiz bo’lmasa — forexda.

Menda, bu yo’nalishlarda pul ishlayotgan tanishlarim yo’q. Ha, ular boshlanishida yaxshi pul ishlashadi, keyin azartga berilib ketib, bo’ynida bir necha ming dollor qarz bo’lgandan keyin afsuslanishadi. Shunday pul ishlash yaxshimi?

Agar siz ham qandaydir aldov, loxotronlarga duch kelgan bo’lsangiz, albatta, izohlarda qoldiring! Internet bu, butun dunyoniki, o’zbeklarimiz dunyoda aldanib qolmasliklari uchun o’z hissangizni qo’shing. Bilishsin – qayerda aldov, qayerda rost. O’z tajribalaringizni izohlarda bo’lishishlaringizni iltimos qilib qolaman.

Nimadan boshlash kerak?  

Mana endi, siz ham pul ishlashni nimadan boshlashni bilasiz. Nimadan boshlashni rejalashtiryapsiz? Qaysi yo’nalish sizga yoqdi?

O’zim nimadan boshlaganimni qisqacha aytib o’taman. Men ham boshida ko’p aldovlarga uchib yurdim, yuqorida aytganimday, bir ishning anig’iga etmasam qo’l urmayman, bilmadim, uzoq o’tmishda, 1990 chi yillarda, internetda emas, offlayn ishda, aldovga uchib bankrot bo’lganim tasir qilganmi (((, shunga ehtiyot bo’lib qolganman. Bu endi boshqa tarix.

Xullas, internetda, aynan runetda ish faoliyatimni boshlaganman. Boshida, ko’p o’qidim, haqiqiy natijaga erishgan blogerlarning bloglaridagi malumotlarni, izohlarni bitta qoldirmay o’rganib, o’qib chiqdim. Ularning tavsiyalariga amal qilib, o’zimning birinchi pulimni hamkorlik dasturlarida (партнерские программы) ishlay boshladim.

Hamkorlik dasturlarida ishlash bilan bir qatorda, WordPressda sayt tuzish va kopirayterlikni noldan boshlab o’rgana boshladim. Rus tilida bir nechita maqolalar yozib, maqola oldi sotdisi bilan shug’ullanadigan saytlada sotib, juda yaxshi pul ishladim.

Agar sizda ham bunday tajriba bo’lsa, quyidagi saytlarda pul ishlashingiz mumkin:

  • eTXT sayti.
  • Advego sayti
  • CopyLancer
  • TurboText
  • ContentMonster

Maqola yozib ishlagan oxirgi pullarim:

maqola yozib ishlagan pullarim

Sayt tuzish va saytimda, tajribalarim haqida yoza olishimga ko’zim yetgandan keyin, ushbu blogni ochishga qaror qildim. Bu blogga qadar, 5ta loyihani yo’lga qo’ydim, va yana boshqa g'oyalar ustida ishlash niyatidaman. Oylik daromadim o’zimga etarli, bular haqida keying maqolalarda.

Bu kasblarni o’rganish uchun ham ancha – muncha xarajatlar qildim. Qayerlarda o’qiganim, nimalarni o’rganganlarim haqida ham keyingiz maqolalarimda yozaman, o’tkazib yubormang, blogga obuna bo’ling!

Sizga ham foydasi tegib qolishi mumkin.

Internetda ishlash uchun qaysidir sohada mutaxasist bo’lishingiz kerak. Tajribangizni oshirib, boshlanishida, maqolaning ikkinchi, keyin esa birinchi bo’limidagi pul ishlash yo’llarining birini tanlab, o’zingiz uchun umrlik ish joyingizni yarating. Bunga, hozirgi zamon texnologiyalar javob beradi. Davlatdan pensiya kutmang (((.

Xulosa  

Do’stlar, balkim, nimanidir o’tkazib yuborgandirman, yoki o’zim bilmasman, shunaqasi ham bo’ladi, barchasini bilib bo’lmaydi, lekin bilishga harakat qilish kerak!

Maqola sizga foydali bo’ladi degan umiddaman va siz befoyda ishlar bilan shug’ullanmasdan, pul ishlashda haqiqiy, to’g’ri yo’lni tanlab, boshqalar uchun ham foydali bo’lgan noyob asarlar yaratib, rivojlanasiz degan niyatdaman.

Hurmat bilan Umidjon Obudov

Maqolaga baho bering!
( 5 , average 5 from 5 )
Umidjon Obudov / автор статьи
Maqola sizga yoqdimi? Iltimos, dostlaringiz bilan ham ulashing!
Comments: 2
  1. sarob2005

    bu zo'r ekana

  2. Toxit

    Juda to'g'ri masalxatlar, men sportga pul tikib ko'p pul yo'qotdim. Endi bilamanki nima foydali nima foydali emas. Men internet orqali o'z ishimni boshlamoqchiman menga shunday maslaxatlar juda zarur.

Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: