Topshiriq
Matnni o‘qing. Ovozning sifati haqidagi mulohazalaringizni bayon qiling.
«Sanjariya» masjidida bir kishi rag‘bat bilan azon aytar erdi, bir ovozi bilanki, eshitganlar andin nafrat etardilar. Masjidning sohibi bir amir erdi,odil va xush xulqlik. Xohlamas erdiki, aning ko‘nglini mukaddar aylasa, aydi: «Ey javonmard, bu masjidning qadimgi muazzinlari borki, har birining besh tillo vazifasi bordur. Senga o‘n tillo berurmen, tokim bo‘lak mahallaga ketarsen».
Bu so‘zg‘a ittifoq ayladilar va muazzin ketdi. Bir muddatdin so‘ngra amirning huzuriga qaytib keldi va aydi: «Ey amir, menga zulm-u sitam ayladingki, o‘n tillo bilan meni bu mahalladin jo‘natding. Ul mahallaki, men bordim, menga yigirma tillo berdilarki, bo‘lak mahallaga ketsam qabul etayurmen».
Amir kuldi va aydi: «Aslo olmag‘aysen, zeroki ellik tillog‘a ham rozi bo‘lurlar». (Sa’diy Sheroziy, «Guliston»)
Nutq texnikasi
Talab darajasida shakllangan nutq texnikasi kishi umumiy nutqiy madaniyatining eng muhim qismi hisoblanadi. Nutq texnikasi deganda jonli, tovushli nutq va uning barcha unsurlarini to‘g‘ri voqelantirish ko‘nikma va malakalarining jami tushuniladi. Bunda ovozning sifati, nutq jarayonida to‘g‘ri nafas olish, tovush va tovush qo‘shilmalarini aniq talaffuz qilish – aniq diksiya, nutq oqimining mazmun ifodasiga uyg‘un tarzda tez yoki sekinligi kabi bir qator hodisalar nazarda tutiladi.
Nutq texnikasini yetarli darajada egallashda umumiy tarzda bo‘lsa-da, fonetik bilimlardan boxabarlik zarur. Fonatsiya jarayonida, ya’ni nutqni hosil qilish paytida nafas olish va nafas chiqarish fazalari shunday yo‘lga qo‘yilishi kerakki, nafas olish zo‘riqishsiz, bir qadar jadalroq, nafas chiqarish esa tekis, bir me’yorda va davomliroq kechishi lozim. Nafas chiqarish qanchalik davomli, uzun bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Zotan, tovush, nutq ayni shu nafas chiqarish jarayonida hosil bo‘ladi.
Albatta, ovozning sifati ham nutq texnikasidagi muhim jihatlardan biridir. Masalan, xirqiroq, chiyildoq, shang‘iroq kabi ovozlarning yoqimli bo‘lolmasligi, ya’ni tinglovchi qulog‘ini qiynashi tayin. Bunday yoqimsiz ovozdan «libos kiygan» fikrning kattagina qismi nutq idrokining o‘ta sezgir va nozik darvozasi bo‘lmish quloqdan o‘tolmay tashqarida qoladi.
Bu, albatta, nutq egasi ko‘zlagan maqsad – muayyan bir axborotni tinglovchiga tugal va ta’sirli tarzda yetkazish uchun qulay sharoit yaratmaydi, balki unga monelik qiladi. Bu oddiy haqiqatni aslo yoddan chiqarmaslik lozim. Ayniqsa, asosiy quroli nutq bo‘lgan har qanday odam uchun sifatli ovoz hal qiluvchi ahamiyatga molikdir.
109-mashq
Parchani o‘qing. Qahramonning ayrim tovushlar talaffuzidagi nuqsonlariga e’tibor bering, tovushni aniq talaffuz qilish zaruriyati haqida fikrlashing.
Qachondir uning ismi bo‘lsa bo‘lgandir. Biroq mahallada hech kim uning otini bilmaydi. Hamma Shayx deb chaqiradi… Jamiki to‘y, jamiki ma’raka Shayxsiz o‘tmaydi. Uning o‘z vazifasi bor: samovar qo‘yadi. Xotinoshida mahalla otini, nikoh-u bazmlarda to‘yboshi erkaklar Shayxning xizmatiga muhtoj.
– Shayx, to‘rt choynak choy!..
– Hozir…
Shayx g‘alati gapiradi, «z»ni aytolmaydi, «dz» deydi, «s» deyolmaydi, allaqanday «ts» qilib aytadi.
– Shayx, tezroq! Nozik mehmonlar kelib qoldi.
Shayx shoshilmaydi. Ishini bilib qiladi.
– Tsekin. Nodzik bo‘tsa, o‘dziga, – deydi iljayib. (O‘. Hoshimov)
110-mashq
Matnni o‘qing. Unda ifodalangan fikrlar atrofida mulohazalaringizni o‘rtoqlashing.
Mashhur qadimgi yunon notig‘i Demosfenning dastlab ovozi past, talaffuzi yomon, nafasi qisqa bo‘lganligidan chiroyli va ta’sirli nutq ayta olmagan. Keyinroq Demosfen nutq texnikasi asoslarini egallashga juda jiddiy kirishgan. U bir yerto‘la qazib, shu yerto‘lada ovozini rivojlantirish, diksiya, deklamatsiya bo‘yicha oylab mashqlar qiladi. Talaffuzidagi nuqsonlar, «r» tovushini aytolmaslik, ba’zi tovushlarni noaniq aytish kabilarni bartaraf etish maqsadida og‘ziga mayda toshlarni solib, she’rlar, turli matnlarni o‘qish bilan shug‘ullanadi.
Ovozini rivojlantirish, ovoz apparatlarini chiniqtirish uchun esa tepaliklarga yugurib chiqib, yugurib tushib, nafasini ushlab turgan holda she’rlarni deklamatsiya qiladi. Demosfen gapirayotganda, bir yelkasini hadeb ko‘taraverish odatidan qutulish uchun yerto‘lasining shiftiga uchi o‘tkir xanjarni osib qo‘yib, yelkasini xanjarning ayni uchiga to‘g‘rilab turib, mashqlarini davom ettiradi. Ana shunday mashaqqatli va muntazam mashqlar tufayli Demosfen notiqlikning yuksak cho‘qqisini zabt etgan. (S. Inomxo‘jayev)
111-mashq
Tez aytishlarni yod oling, ularni takror-takror ayting. Bunda tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga, diksiyasini buzmaslikka harakat qiling.
- Gulnoz guzardagi gulzordan gul uzdi.
- Oq choynakka ko‘k qopqoq, ko‘k choynakka oq qopqoq.
- Tez aytgin-u tez gapir, tez aytganga bir patir.
- Chaman-chaman paxtazor ichida chevar qizning qo‘llari chanoqdan chanoq qa chaqqonlik bilan ko‘chadi.
- Turg‘un to‘rtta to‘rg‘ayni to‘rga tushirdi. («Badiiy o‘qish asoslari» kitobi)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
«ha-hu» deguncha Juda qisqa muddatda, tezda. Ma’nodoshi: «hash-pash» deguncha; ko‘z ochib yumguncha. Hushi boshidan uchmoq Esankiramoq. Ma’nodoshi: hushini yo‘qotmoq.
- Diksiya deganda nimani tushunasiz?
- Nutqni hosil qilishda nafas olish va nafas chiqarishning o‘rni haqida gapiring.
- Tez va keraksiz shoshilib gapirganda, qanday nuqsonlar yuzaga keladi?
- Ovozning sifati haqida so‘zlang.
- O‘zingiz ovozingizning sifati haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Ovozingizning sifati o‘zingizga ma’qulmi?
112-mashq
O‘zingiz biladigan tez aytishlardan bir qanchasini daftaringizga yozing. Ularda qaysi tovushlar tez talaffuz qilishga xalaqit berayotganiga diqqat qiling.