Ish qog‘ozlari ustida ishlash. Bayonnoma

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. 1-topshiriq
  2. 2-topshiriq
  3. 3-topshiriq
  4. 4-topshiriq
  5. 5-topshiriq

1-topshiriq

Matnni o‘qing. Unda ifodalangan fikrlar atrofida o‘z mulohazalaringizni bildiring.
O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hujjatlarning tili va uslubi masalasidir. Hujjat tayyorlash va rasmiylashtirishda, eng avvalo, o‘zbek tilining barcha asosiy qonuniyatlari va qoidalarini ma’lum darajada tasavvur etish zarur. Har bir rahbar, boshqaruv muassasalarining xodimlari, umuman, faoliyati ish qog‘ozlarini tuzish bilan bog‘liq kishi o‘zbek tilining imlosini, tinish belgilari va uslubiy qoidalarini egallagan bo‘lishi kerak.

Busiz bugungi taraqqiyotimiz talablariga javob beradigan aniq, lo‘nda va teran mantiqli hujjatchilikni yaratib bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarga qaraganda, boshqaruv sohasidagi xizmatchilar o‘z ish vaqtlarining 80 foizgacha qismini hujjatlashtirish ishiga sarflar ekan. Ular o‘zbek tili qonuniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lmasa, ish vaqtlarining hammasini – 100 foizini bu ishga sarflaganlarida ham, ijobiy natijaga erishish qiyin. («Ish yuritish» kitobi)

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

2-topshiriq

Berilgan parchani o‘qing, hujjat matniga qo‘yiladigan asosiy talablar haqida fikrlashing va ularni esda saqlang.
Hujjat matni aniqlik, ixchamlik, lo‘ndalik, mazmuniy to‘liqlik kabi talablarga ham javob berishi kerak. Bu talablarga javob bera olmaydigan hujjat chinakam hujjat bo‘la olmaydi, bunday hujjat ish yuritish jarayoniga xalaqit beradi, uning samaradorligini keskin pasaytiradi. Hujjatlar matnining xolislik, aniqlik, ixchamlik, lo‘ndalik, mazmuniy to‘liqlikdan iborat zaruriy sifatlari hujjatchilik tilining o‘ziga xos uslubi, undagi o‘ziga xos so‘z qo‘llash, morfologik va sintaktik xususiyatlar orqali ta’min etiladi.

Hujjatlar tilida ot turkumiga oid so‘zlar ko‘p qo‘llanadi. Hatto fe’l bilan ifodalanuvchi harakat va holatlar ifodasi uchun ham otga yaqin so‘z shakllari tanlanadi, ya’ni «harakat nomi» deb ataluvchi so‘z shakllari faol ishlatiladi: «…tayyorgarlikning borishi haqida», «…qarorning bajarilishi to‘g‘risida», «…yordam berish maqsadida», «…qabul qilishingizni so‘rayman» kabi.

Fe’l shakllarining qo‘llanishida ham birmuncha o‘ziga xosliklar mavjud. Xususan, majhul nisbatdagi 3-shaxs buyruq-istak maylidagi yoki o‘tgan (yoki hozirgi-kelasi) zamondagi fe’l shakllarining qo‘llanish darajasi ancha yuqori: topshirilsin, tasdiqlansin, bajarilsin, bo‘shatilsin, tayinlansin, eshitildi, qaror qilindi, ko‘rib chiqildi, ko‘rsatib o‘tildi kabi. («Ish yuritish» kitobi)

3-topshiriq

«Ish yuritish» kitobidan olingan parchani o‘qing. Hujjatlar tilining sintaktik qurilishi haqidagi fikrlarni yodda tuting.
Hujjatlardagi gap qurilishi, odatda, tasniflash, mayda qismlarga ajratishga, qayd etuvchi va qaror qiluvchi qismlarning birligiga, umuman, sabab-oqibat, shart-oqibat munosabatlariga asoslanadi. Shuning uchun ham hujjatlarda nisbatan uzun jumlalar, murakkablashgan, uyushiq bo‘lakli gaplar ko‘p qo‘llanadi. Lekin gap tarkibida odatdagi so‘z tartibiga qat’iy rioya qilinadi, badiiy va boshqa asarlarda mumkin bo‘lgan g‘ayriodatiy so‘z tartibi (inversiya)ga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatlarning mohiyati va maqsadiga muvofiq ravishda ularda so‘roq va undov gaplar deyarli qo‘llanmaydi, asosan, darak va buyruq gaplar ishlatiladi. Zero, hujjatlarda tilning ikki vazifasi – xabar berish va buyurish vazifalari amalga oshadi. Masalan, ma’lumotnomada axborot ifodalanadi, buyruqda buyurish aks etadi, bayonnomada esa ham axborot («Eshitildi»), ham buyurish («Qaror qilindi») o‘z ifodasini topadi.

4-topshiriq

Bayonnomaning «Ish yuritish» kitobidan olingan tavsifi bilan tanishing, bu hujjat turi haqida fikrlashing.
Turli yig‘ilish, kengash va boshqa tur anjumanlarning borishini, majlis qatnashchilarining chiqishlari va ular qabul qilgan qarorlarni aniq, siqiq holda qayd qiluvchi rasmiy hujjat. U voqelikning o‘rni, vaqti va holati haqida ma’lumot berish bilan birgalikda, qarorlarning to‘g‘ri qabul qilinganligini tekshirish va ularning bajarilishini nazorat qilishga imkon beradi. Doimiy ish ko‘ruvchi organlar (ilmiy kengash, hay’at va boshqalar), shuningdek, vaqtinchalik ish ko‘ruvchi organlar (konferensiyalar, yig‘ilishlar, anjumanlar, komissiyalar) faoliyatlarida, albatta, bayonnoma yozilishi kerak.

Bayonnomani yozishni tashkil qilish kotibning asosiy vazifalaridan biridir. Bayonnoma turli organlar ning doimiy kotiblari tomonidan tuziladi va rasmiylashtiriladi. Vaqtinchalik ish ko‘ruvchi organlar majlislarida esa yig‘ilish jarayonida saylangan kotib aynan shu ishni bajaradi. Bayonnomada o‘z aksini topgan axborotlarning aniqligi uchun butun mas’uliyat va javobgarlik majlis raisi va kotibi zimmasiga yuklatiladi.

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Kuni qolmoq 1. Biror ishni bajarishda qaram bo‘lmoq. 2. Foydalanishga majbur bo‘lmoq. Ko‘zi moshdek ochilmoq Jazolanib, hushyor tortmoq.

5-topshiriq

O‘zingizga yaxshi tanish bo‘lgan ish qog‘ozlari tilida ko‘p uchraydigan so‘z shakllari, birikma va ifodalarni daftaringizga yozing, ularni izohlashga harakat qiling.

Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: