Savollarga javob bering.
- Til vositalarini ifoda maqsadiga to‘la muvofiq tarzda tanlash asosida nutqning qaysi kommunikativ sifati yuzaga chiqadi?
- Nutqning ifodalilik sifati tilga xos qaysi vazifani butun ko‘lami bilan namoyon etadi?
- Nutqning ifodaliligini ta’minlovchi fonetik vositalar – bir xil tovush bilan boshlanuvchi so‘zlar ko‘pincha nutqning qaysi shaklida kuzatiladi?
- Ko‘chma ma’no va emotsional-ekspressiv bo‘yoq haqida nimalarni bilasiz?
- Ko‘chimlarning qanday turlarini bilasiz?
- Kinoya deganda nimani tushunasiz?
- Kinoyaviy qo‘llangan so‘z yoki iboraning og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanishi to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
- O‘xshatishning qanday turlari bor va u qaysi tarkibiy unsurlardan tashkil topadi?
1-topshiriq
Berilgan so‘z va ibora juftliklari ishtirokida gaplar tuzing. Shundan kelib chiqib so‘z va iboraning ifodalilik imkoniyatlarini tavsiflang.
1) xafa – ichiga chiroq yoqsa yorimaydigan; 2) xursand – og‘zi qulog‘ida; 3) sho‘x – yerga ursang ko‘kka sapchiydigan; 4) lallaygan – og‘zing qani desa qulog‘ini ko‘rsatadigan; 5) yuvosh – qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan; 6) hovliqmoq – o‘pkasini qo‘ltiqlamoq
2-topshiriq.
Matnni o‘qing. Ko‘chimlarning turini aniqlang, ularning nutq ifodaliligini ta’minlashdagi o‘ziga xosligini tavsiflang.
Kech kirib, qosh qoraya boshladi. Daraxt shoxlarini shirtillatib uzguday yoqqan yomg‘irning tinganiga ancha bo‘ldi-yu, osmon pardasi ochilmadi. Qoramtir bulutlar quyuqlashib, tobora pastlamoqda, azim daryodek Sharqqa tomon oqib bormoqda. Havodagi gard-g‘uborni yuvib, tanga rohat baxsh etgan asad yomg‘irining yoqimli shabadasi uzoqqa bormadi. Havo dim bo‘la boshladi. Boyadan beri ko‘rpachaga ko‘kragini berib, yostiqni quchoqlab yotgan Mahkam aka dimiqib ketdi. (Rahmat Fayziy)
3-topshiriq
Erkin Vohidovning «Boshindadir» she’ridan olingan parchani o‘qing. Matn mazmuniga singdirib yuborilgan zaharxandani tushunishga harakat qiling. Yaqqol kinoyaviy qo‘llangan so‘zni topib, uning qarama-qarshi ma’noda namoyon bo‘lishiga diqqat qiling.
Nay misol shim kiygan ul
Sandiqdayin tufli bilan,
Hurpayib turgan savatdek
Soch aning boshindadir.
O‘g‘lidan aylardi umid
Keltirar rahmat debon,
Barcha «rahmat» elning otgan
Ta’nayi toshindadir.
.
O‘zgalardan kulgay erdi
Ko‘cha-ko‘yda bir zamon,
Aqlg‘a yuz hayrat, emdi –
Bul uning qoshindadir
Yo‘q ajab, yoshlikda o‘g‘lin
Ota ardoqlab, suyib,
Erkalab boshiga qo‘ydi,
Ul hamon boshindadir.
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Ko‘ziga issiq ko‘rinmoq 1. Tanishdek tuyulmoq. 2. O‘ziga tortmoq, yoqimli bo‘lmoq. Varianti: ko‘ziga o‘tday ko‘rinmoq. Zidi: ko‘ziga sovuq ko‘rinmoq.
yuzi shuvut bo‘lmoq Uyatli holatda qolmoq. Varianti: beti shuvut bo‘lmoq; yuzi shamgin bo‘lmoq. Zidi: yuzi yorug‘ bo‘lmoq.
4-topshiriq
Gaplarni ko‘chiring. Turg‘un o‘xshatishlarning nutq ifodaliligiga ta’sirini baholang.
- Bo‘ldi-da endi, voy-bo‘! Bitta gapni achchiq ichakday cho‘zaveradimi! (Sh. Boshbekov)
- Olomon ichidan bir kosib yigitcha bo‘ynini xo‘rozday cho‘ zib, baralla qichqirdi. (Oybek)
- Avvallari bunday holga tushgan odamni ko‘rganda, xuddi jismiga paykon sanchilgan sherdek o‘kirib dunyolarni buzadigan Yusuf hozir miq etmasdi. (Ulug‘bek Hamdam)
- Butun shahar arining uyasidek qaynaydi. (Sh. Boshbekov)
- Rangi uniqqan chit ko‘ylak ustidan nimcha kiyib olgan Umri xola sharpaday unsiz yurib keldi-da, zinadan ayvonga ko‘tarildi. (O‘. Hoshimov)