O’tganlarni takrorlash

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Savol va topshiriqlar
  2. 117-mashq
  3. 118-mashq
  4. Ona
  5. 119-mashq

Savol va topshiriqlar

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. Madaniy nutq deganda nimani tushunasiz?
  2. Nutq madaniyati terminini izohlang.
  3. Nutqning aniqligi qanday mezonlar bilan belgilanadi?
  4. Nutqning qaysi sifati nutq madaniyati haqidagi ta’limotning markaziy masalasi hisoblanadi?
  5. Madaniy nutqning qaysi sifati bo‘lmasa, uning boshqa kommunikativ sifatlari yuzaga kelmaydi?
  6. Til birliklari va adabiy me’yor munosabatini tushuntiring.
  7. Qaysi nutq shaklida muayyan estetik maqsad bilan adabiy til me’yorlaridan chekinish mumkin?
  8. Nutq mantiqiyligining asosi nima?
  9. Matn bog‘liligining uch jihatini izohlang.
  10. Nutqning qaysi sifati nutqning rang-barangligi tarzida ham talqin etiladi?
  11. Nutq texnikasi haqida nimalarni bilasiz?
  12. Urg‘u va to‘xtamning nutq madaniyligini ta’minlashdagi ishtiroki haqida nima deya olasiz?

117-mashq

Berilgan gaplarda qo‘llangan sheva unsurlarining badiiy vazifasini tushuntiring.

  1. Sen meni boshimdi aylantirma, – deya muallimning gapini cho‘rt kesdi u.
  2. Qishloqdi dunyo tanidi nima, tanimadi nima?
  3. Birov kelib qurbaqa bosgan qudug‘imga toza suv quyib beraymidi?
  4. Yo ulimdi musobaqaga yuborganim uchun menga bir so‘m beraymidi?
  5. Shohmotning ketidan kim boyib ketdi o‘zi, a, kim?
  6. Bizdi andi deb o‘ylayotgan bo‘lsang, adashasan! (Zulfiya Qurolboy qizi)

118-mashq

Matnni o‘qing. Uning mantiqiyligi va kompozitsiyasiga diqqat qiling. Kirish, asosiy qism va xulosa o‘rtasidagi mazmuniy muvofiqlikni aniqlang.
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g‘o‘r edi, bola go‘dak edi… Kunlarning birida ona-bola uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo‘lishdi. Ona qaddini g‘oz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni ko‘rib angrayib qoldi: chinorning tarvaqaylab o‘sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko‘rinar, uyada esa oyog‘i, tumshug‘i uzun bir qush turar edi. Bola mo‘jiza ko‘rgandek taqqa to‘xtab qoldi.

Anavi nima, oyi? – dedi o‘sha tomondan ko‘z uzmay.
– Laylak, o‘g‘lim, laylak! – ona o‘g‘lining boshini silab qo‘ydi. Bola hech qachon bunaqa qushni ko‘rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to‘xtab qoldi.
– Nima u, oyi? – dedi tag‘in chinor uchiga ko‘z tikib.
– Laylak, o‘g‘lim, laylak.
– Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona kuldi: – Bir oyog‘i charchagandir-da. Yura qol, jonim. Bola hech qachon bunaqa qushni ko‘rmagan edi. Qush negadir bo‘ynini cho‘zib tumshug‘ini osmonga qaratib silkitar, shunda «tarak-tarak» degan ovoz eshitilardi. Bola tag‘in to‘xtab qoldi.
– Nima o‘zi u, oyi?
Uning ko‘zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
– Laylak dedim-ku, jinnivoy, – deb ohista egilib, o‘g‘lining yuzidan o‘pdi. – Senga salom beryapti-da.

Ona

… Oradan o‘ttiz besh yil o‘tdi. Bola yigit bo‘ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog‘idan mador, ko‘zidan nur ketdi. Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o‘sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g‘oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og‘ir-og‘ir ko‘tarib bosgancha harsillab kelardi. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o‘sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko‘rinar, uyada esa oyog‘i, tumshug‘i uzun laylak turardi.

Yigit laylakka bir qarab qo‘ydi-yu qadamini tezlatdi. Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko‘zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko‘ziga g‘alati ko‘rindi.
– Anavi nima, o‘g‘lim? – dedi to‘xtab.
– Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to‘rt qadam yurib yana to‘xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko‘rinyapti. Qiziq…
– Nima, o‘g‘lim? – dedi ko‘zlarini pirpiratib.
O‘g‘il taqqa to‘xtadi. G‘ashi keldi. O‘zi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo‘lib qolarkan-da!
– Laylak! – dedi jerkib. – Laylak deyapman-ku, karmisiz! Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko‘p. Hali shaharga qaytishi kerak… Uning g‘o‘r, go‘dak bolalari bor… (O‘. Hoshimov)

119-mashq

Matnni o‘qing. Tagiga chizilgan chet so‘z va birikmalarning qanday badiiy maqsadda qo‘llanganini tavsiflang.
– Mumkinmi? Gud moning! Salom! Ruxsatingiz bilan o‘zimni predstavit etsam… Jonetta Kabulovna Xaltayeva! Men, k sojaleniyu, sizning sochineniyelaringizni o‘qigan emasman. Xotya, eshitganman. V osnovnom, mamashkalar haqida yozarkansiz. Itak, to‘rtta bolam bor. Maratik – Nukusda. Internatda. Yoshi… minutochku, yoshi, pomoyemu, o‘n to‘rtda. Shu yil o‘n to‘rtga kiradi. Kopiya – papasi. Kr-r rasavchik! Smugliymi, ko‘zining razrezi…. Papasi zamministr edi. (O‘. Hoshimov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Ko‘zining yog‘ini yemoq O‘zini kimgadir yaqin ko‘rsatib, uning xayrixohligidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanmoq. Ko‘zining paxtasi chiqmoq G‘azabi ko‘zida aks etib, ko‘zi chaqchaymoq. Ma’nodoshi: ko‘zi qinidan chiqib keta yozdi.

Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: