Homiladorlik paytida qanday tadbirlarga amal qilishlari kerak
Homilador ayol toza havoda sayr qilishi, yengil jismoniy mashqlar qilishi, oqsil va vitaminlarga boy hazmi yengil taomlarni istemol qilishi lozim. Haddan tashqari ko’p harakat qilish va og’ir jismoniy yumush quvvatni tushuradi. Ular hammomga ko’p tushmasliklari kerak. Boshlarini ham yog’lamasliklari kerak, ko’pincha, bunda nazla (balg’am) paydo bo’lib, yo’tal boshlanadiki, bu bolani qo’zg’atib, bevaqt tushishiga olib keladi.
Homilador ayol sakrash, urilish, yiqilish, ayniqsa, so’nggi oylarda jinsiy aloqadan, shuningdek, to’yib ovqat yeyishdan va achchiqlanishdan saqlanishi lozim. G’amga soladigan va xafa qiladigan narsalarni ularga aytmaslik va bolani tushiradigan hamma sabablarni ulardan uzoqlashtirish kerak.
Homilador ayollarning oziqlari toza non, sho’r va ziravorlardan, mayiz, shirin behi, ishtahani qo’zg’atadigan non, nordon-chuchuk olma va nordon-chuchuk anordan iboratdir. Ular kovul, Misr boqilasi va zaytun yog’i kabi har bir o’tkir va achchiq narsalardan, shuningdek, loviya, no’xat va kunjut kabi hayz qonini yurgizadigan narsalardan saqlanishlari kerak.
Bo’yida bo’lgan ayollarga yana bir tavsiya: teshilmagan marvariddan bir dirham (8,975g), nazla o’tidan bir dirham, zanjabildan bir dirham, petrushka urug’i, qoqila, muskat yong’og’i, muskat yong’og’ining po’stidan ikki dirham, qora murch, uzun murchning har biridan uch drhamdan, dolchindan besh drham, shakardan uch drhamdan olinadi. Hammasining talqonidan bir mahal bir osh qoshiqdan kapalansa, bachadon va medani baquvvat qiladi. Ularning medalariga qattiq ahamiyat berib, kuchaytirish kerak. Buning uchun gulqand qo’shib berish tavsiya etiladi.
Yangi tuqqan ayollar uchun qo’llaniladigan tadbirlar
Homilador ayol ko’zi yorigach, tug’ish vaqtida ketgan qonning o’rnini to’ldirishga harakat qilishi kerak. Ovqatini darmondori, oqsil va uglevodlarga boy, qizdiradigan, burishtiradigan xushbo’y narsalar bilan boyitish kerak. Birdaniga g’aliz va qattiq ovqatlarga o’tmaslik kerak, chunki unday ovqatlar kuchsizlantiradi va tashnalikni kuchaytiradi, bazan istisqoga ham sabab bo’lib qoladi.
Tug’ish qoni keladigan kunlarning harakatlari va davrlari bordir. U davr to’lg’oq va og’riqdan boshlanadi. Tug’ishdan so’ng tobi qochib qolgan ayol 24 kun o’tib tuzalmasa yoki tuzalgan bo’lsa ham qaytalasa, kuchsizlikga qarshi tadbir qo’llash lozim bo’ladi.
Hoji Mengnazar Rustam o’g’lining «Dard borki, Darmon bor» 4 kitobidan