1-topshiriq
Surat – sur’at, toblanmoq – tovlanmoq, azm – azim, asr – asir juftliklaridagi so‘zlarning ma’nolariga izoh bering.
2-topshiriq
Berilgan gaplarda qaysi so‘zlarni noto‘g‘ri qo‘llash bilan nutq aniqligiga putur yetganligini aniqlang.
- Korxonaga yangi zamonaviy texnologiya o‘rnatildi.
- Korxonaga yangi zamonaviy texnika joriy etildi.
Nutqning aniqligi so‘zning tildagi ma’nosiga tamomila muvofiq tarzda qo‘llanishi, so‘zning voqelikdagi o‘zi ifodalayotgan narsa-hodisa bilan qat’iy mosligi asosida yuzaga keladigan kommunikativ sifatdir.
Tavsiflanayotgan voqelikni yaxshi bilish, tildagi so‘z ma’nolarini yetarli anglash, nutq mazmuniga e’tibor bilan qarash aniq nutq tuzish malakasining shakllanishi uchun imkon beradi. So‘z ma’nosi, uning nozikliklarini yaxshi o‘zlashtirmasdan turib, aniq nutq tuzib bo‘lmaydi. Masalan, Avlodlar merosini o‘rganamiz jumlasida ifodalanmoqchi bo‘lgan mazmun avlod so‘zining leksik ma’nosiga to‘g‘ri kelmaydi. Avlod so‘zi asli arabcha bo‘lib (uning birlik shakli valad, ya’ni «bola» demakdir), o‘zbek tilida «bir ota-bobodan tarqalgan nasl», «bir davrda tug‘ilib o‘sgan kishilar» kabi ma’nolarga ega.
Gap meros haqida ketar ekan, ajdod so‘zi qo‘llanishi lozim edi, chunki u ham asli arabcha bo‘lib, uning ma’nosi «ilgari o‘tgan nasl-nasab, ota-bobolar» demakdir. Shunga ko‘ra, mazkur jumla Ajdodlar merosini o‘rganamiz shaklida tuzi lishi kerak edi. Ko‘rinadiki, avlod so‘zi tildagi leksik ma’nosiga muvofiq tarzda qo‘llanmaganligi uchun nutqning aniqligiga putur yetgan. Ayni paytda aniq nutq tuzishda shakldosh, ma’nodosh, ko‘p ma’noli so‘zlar, paronimlar, so‘zlarning uslubiy bo‘yog‘i kabilardagi ma’no o‘ziga xosliklarini yaxshi tasavvur qilmoq zarur.
29-mashq
Alibek Rustamovning «So‘z xususida so‘z» kitobidan olingan par chani o‘qing. Tavsif va tasvir so‘zlarining ma’nolari, ulardagi farqli jihatlar va qo‘llanish o‘rinlarini yodda tuting.
Ba’zan nutqda ma’nosi bir-biriga yaqin so‘zlarning biri o‘rnida ikkinchisini ishlatish hollari uchrab turadi. Bu nutqqa salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zilar tavsif so‘zi o‘rnida tasvir so‘zini ishlatadilar. Vaholanki, tavsif va tasvir so‘zlarining orasida ma’no farqi va ularning har qaysisining o‘z ishlatilish o‘rni bor. Bir narsa sifatlarining og‘zaki yoki yozma bayoni – tavsif, surati, shakli, rasmi esa tasvir bo‘ladi.
Tavsifdan kishida tushuncha hosil bo‘ladi, tasvirdan tasavvur vujudga keladi. Masalan, bir mashinaning tuzilishi va ishini bayon qilish – bu o‘sha mashinaning tavsifi, shu mashinaning rasmi yoki tuzilish chizmasi uning tasviridir. Yana bir misol: miya tuzilishini so‘z bilan tushuntirish – tavsif, uning rasmi yoki chizmasi tasvir bo‘ladi. Ba’zan tasvir so‘zi bayonga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Ammo u faqat badiiy bayonni anglatadi yoki tavsif darajasida bo‘lganini bildiradi.
Masalan, yozuvchi parovozni biror boshqa narsaga o‘xshatsa yoki parovoz pishqirib kelmoqda desa, aslida, bu ham tavsif bo‘lsa-da, ya’ni so‘z bilan bayon etilgan bo‘lsa ham, buning asosida tasavvur yotganligi uchun tasvir deyish mumkin. Shunday qilib, tasvir so‘zi tavsif so‘zi o‘rnida faqat badiiy tavsifga nisbatan va ko‘chma ma’noda qo‘llanishi mumkin ekan.
30-mashq
Alibek Rustamovning «So‘z xususida so‘z» kitobidan olingan chopmoq va yugurmoq ma’nodosh so‘zlarining tavsifi bilan tani shing, ulardagi o‘ziga xosliklarni esda saqlang.
Chopmoq bilan yugurmoq fe’llari orasida ham farq bor, lekin bir-biriga yaqinlashib keladigan ma’nolari ham bor. Bu fe’llarni ma’no jihatidan yaqinlashtirgan harakat «bolalarning chopishi va yugurishi»dir. Bolaning chopishi bilan yugurishida, aslida, farq bor. Agar bola o‘zini ot mingandek tasavvur qilib, uni qamchilagandek harakat bilan yugurib ketsa, bola chopib ketdi, aks holda yugurib ketdi deyiladi. Lekin bunga e’tibor bermaslik natijasida ba’zan chopmoq fe’li yugurmoq va goho yugurmoq fe’li o‘rnida chopmoq fe’lini ishlatish hollari uchrab turadi.
Chopmoq fe’lining tub ma’nosi «qo‘lni biror qurol bilan yoki qurolsiz ko‘tarib urib, biror ishni amalga oshirmoq»dir. Yer chopmoq deganda «ketmonni ko‘tarib yerga urish», qilich chopmoq deganda «qilichni ko‘tarib urish», go‘sht chopmoq deganda «boltani ko‘tarib urish», ot chopmoq deganda «qamchini ko‘tarib urish» nazarda tutilgan. Hozir shevalarda uchraydigan loy chapti, adabiy tildagi betga chopar degan iboralarda ham chopmoq fe’lining o‘sha tub ma’nosi nazarda tutilgan. Xulosa shuki, chopmoq qo‘lga aloqador, yugurmoq – oyoqqa.
31-mashq
Gaplarni o‘qing. saboq va dars so‘zlarining ma’nolaridagi farqni izohlashga harakat qiling, shu asosda yozma matn tuzing.
- Anvarjon ukam, – dedim unga. – Siz o‘sishingiz kerak. Toshkentda ustozlardan saboq olasiz, poytaxtdagi adabiy muhit, o‘z tengi yosh yozuvchilar bilan bo‘ladigan muloqotlar fikr doirangizni kengaytiradi. (Said Ahmad)
- Umidaning axloqi, o‘zini tutishi, darslarni o‘zlashtirishi universitet rahbariyatiga ma’qul edi. (Said Ahmad)
32-mashq
Matnni o‘qing. Muhabbat tushunchasi ifodasiga daxldor so‘z larning rango-rangligiga diqqat qiling, ulardagi ma’no nozikliklarini namoyon qiluvchi gaplar tuzishga harakat qiling.
O‘zbek tilida muhabbat degan so‘z shu qadar rango-rang ma’nolarga egaki, hayratda qolasiz! Yoqtirib qolmoq, ko‘ngil bermoq, moyil bo‘lmoq, xushtor bo‘lmoq, oshufta bo‘lmoq, dil bermoq, bedil bo‘lmoq, mubtalo bo‘lmoq, maftun bo‘lmoq, mahbub bo‘lmoq, oshiq bo‘lmoq, yaxshi ko‘rmoq, ishqi tushmoq, ishqi foniy, ishqi boqiy, sevgi, muhabbat, mehr va hokazolar. Tabiiyki, bular orasida boshqa tillardan kirganlari ham bor. Biroq ularning barchasi – teng huquqli o‘zbek so‘zlari!
Mumtoz adabiyotda ishq so‘zining o‘zi ikki xil ma’noni ifodalaydi. Ishqi foniy – mahbubaga nisbatan sevgi. Ishqi boqiy – Tangrining diydoriga yetish… Bugungi kunimizga kelsak… Boshqa tillarda uchrashi mushkul bo‘lgan g‘alati holatlarni ko‘ramiz. Vatanga moyil bo‘lmoq degan ibora kulgili tuyuladi. Vatanni sevmoq deyiladi. Ota-ona mehri, farzandning ota-onani yaxshi ko‘rishi, farzand mehri deyiladi…
Shunday qilib, yoqtirib qolmoq bilan ko‘ngil bermoq, ko‘ngil bermoq bilan oshiq bo‘lmoq, oshiq bo‘lmoq bilan sevmoq, sevmoq bilan muhabbat, muhabbat bilan yaxshi ko‘rmoq, yaxshi ko‘rmoq bilan mehr orasida uzoq masofa bor…
Tilimiz naqadar rango-rang! Tilimiz naqadar boy! (O‘. Hoshimov)
33-mashq
Ma’nodosh va paronim so‘zlarni noto‘g‘ri qo‘llash bilan nutq aniqligiga putur yetgan o‘rinlarni aniqlang, ularni muvofiq muqobillari bilan almashtiring.
- Bilaman, uzoqning ishi qiyin. Lekin bir og‘iz mujda yuborish shunchalar mushkul edimi? (Murod Mansur)
- Boshqa shaxsning kechirmalarini tushunish, o‘zingni uning o‘rnida his qilish masalasiga kelganda esa fan buni inkor etmaydi. (M. Nasibullin)
- Keyin, Qo‘chqor aka, bu robotlar juda arzonga tushadi, yoqilg‘i kerak emas – batareyalardan oziqlanadi. (Sh. Boshbekov)
- Juman bobo hamisha bitta gapni takrorlaydi: – Meni shoshirmanglar, nevara-chevaralarimni narigi ming yillikka o‘tqazib qo‘yay, ana undan keyin haydamasanglar ham o‘zim ketaman. (Said Ahmad)
- Sovuq terga botgan ona tun bo‘yi ingrab, behalovat bo‘lib chiqdi. Nihoyat, u horg‘in ko‘z qobiqlarini ochdi. (M. Nasibullin)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan paronim iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
yetti uxlab tushiga kirmaslik Mutlaqo o‘ylamaslik, kutmaslik.
yetti uxlab tushida ko‘rmaslik Hech qachon ko‘rmaslik.
yuragi tars yorilib ketayozdi Sabr-chidami tugab, xunob bo‘lib ketmoq.
yuragi qoq yorila yozdi Sevinib, juda kuchli hayajonlanmoq.
- Nutqning aniqlik sifatini tavsiflang.
- Aniqlik sifatining muloqotdagi o‘rnini qanday baholaysiz?
- Shakldosh so‘zlar va aniq nutq munosabati haqidagi fikrlaringizni bayon qiling.
- Ma’nodosh so‘zlarning o‘ziga xosliklarini bilish zaruriyati haqida gapiring.
- Nutqning aniqligi va uslubiy bo‘yoq munosabati haqida so‘zlang.
34-mashq
Berilgan so‘zlarning ma’nolarini izohlang, ular ning biri o‘rnida ikkinchisini qo‘llash natijasida yuzaga keladigan noaniqliklarni ko‘rsatgan holda matn tuzing.
Tansiq – tanqis; o‘qishli – o‘qimishli.