Bolalarning xulqlarini mo’tadillikda saqlashga alohida e’tibor berish kerak. Bunga esa bolani qattiq, qo’rqish, qayg’u va uyqusizlikdan saqlash orqali erishiladi, Hamma vaqt bolaning istagan narsasini muhayyo qilishga va istamaganini uzoqlatishga tayyor turish kerak. Bunda ikki manfaat bor. Biri bolaning ruhi uchun bo’lib, u yoshlikdan boshlab yaxshi xulqli bo’lib o’sadi va keyinchalik bu unga ajralmas malaka bo’lib qoladi.
Ikkinchisi uning badani uchundir, chunki yomon xulq mijoz buzilishlaridan bo’ladi. Shuningdak, agar yomon xulq odatga kirib qolsa, mijoz buzilishini keltirib chiqaradi. Masalan g’azab kuchli qizdiradi, qayg’u kuchli quritadi. Hafsalasizlik nafsoniy quvvatni bo’shashtirib, mijozni balg’amlilikka moyil qiladi.
Xulqning mo’tadilligi natijasida ham nafs, ham badan uchun sog’lik saqlanadi. Bola uyqusidan uyg’onganida uni issiq suvda ozgina tuz tashlab cho’miltirilsa, uzoq vaqt shamollash kam kuzatiladi. Keyin bola uzoq o’ynaydi. So’ngra yana cho’miltiriladi va ovqatlantiriladi. Mumkin qadar ovqatdan keyin suv bermaslikka harakat qilish kerak.
Maktab yoshiga yetgan bola bilan shug’ullanish
Bola olti yoshga yetgach, uni murabbiy va muallim ixtiyoriga topshiriladi. Ta’lim asta-sekinlik bilan berilishi kerak. Birdaniga uni kitobga bog’lab qo’ymaslik kerak. Bola bu yoshga yetganida , issiq suvda cho’milish biroz kamaytiriladi. Ovqat yeyish oldidan ko’proq badantarbiya qilish buyuriladi. Bolaga achchiq suv berish mumkin emas, ayniqsa, uning mijozi issiq va ho’l bo’lsa. Chunki bu unda ortiqcha savdo tug’dirib, zarar yetkazadi. Bu zarar bolalarga tez va osonlik bilan ta’sir qiladi. Chunki ularning safrolari siydik bilan chiqarilganligi sababli ko’paymaydi va ularning bo’g’inlari namlanishga muhtoj emasdir. Bolaga toza, salqin va shirin suvni istagancha berish mumkin.
Bolalar o’n to’rt yoshga yetganlaricha ularning tadbirlari shulardan iboratdir. Yana shuni ham esda tutish kerakki, bolalarda kun sayin namlik kamayib, ularning badanlari qurib va qotib boradi.
Shu sababli badantarbiyani asta- sekin kamaytira borish kerak. Bolalik va o’smirlik orasidagi yoshda bolalar faqat yengil harakatlarnigina,qilishlari lozim.
Hoji Mengnazar Rustam o’g’lining «Dard borki, Darmon bor» kitobidan.