Qandli diabetning boshlanish sabablari nimada? Qandli diabetning kelib chiqishiga quyidagi omillar turtki bo’ladi: yog’li ovqatlarni, shirinliklarni ko’p istemol qilish, kamharakatlilik, va doimiy asabiylashish, ba’zida oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi yoki yallig’lanishi, jarohatlanishi, ayrim holatlarda og’ir ruhiy kechinmalar va yuqumli kasallikning asoratlari qandli diabetni keltirib chiqaradi.
Qandli diabet kasalligining belgilari
Kuchli tashnalik, peshobning tez-tez kelishi, darmonsizlik va og’iz qurishi kasallikning alomatlari hisoblanadi. Bemorlar bir kecha-kunduz davomida 3-5 litrdan 7-8 litrgacha suyuqlik ichishga majbur bo’ladi va, taxminan shuncha miqdorda siydik ajralib chiqadi. Bemor siydigida qand miqdori ancha ko’p bo’ladi. Bemorning terisi, ayniqsa, oraliq sohalari (qo’ltiq osti, oyoq soni oralari) qattiq qichishadi.
Bundan tashqari, terida yiringli kasalliklar paydo bo’ladi va jinsiy faoliyat buziladi. Bora-bora bemorning ishtahasi yo’qoladi, chanqash va darmonsizlik kuchayadi, teri hamda shilliq pardalar quruqlashib, seruyqu bo’lib qoladi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, qandli diabet kasalligining boshlang’ich davrlarida uni aniqlash juda qiyin bo’ladi. Chunki uning alomatlari, belgilari odamning e’tiborini tortadigan darajada bo’lmaydi. Ko’p hollarda tashhis tasodifan aniqlanadi. Biroq kasallikning sog’liq uchun xavfli asoratlari tez rivojlanadi.
Kasallikni davolash yo’li
Qandli diabetning ikki turi borligini oldingi maqoladan bilamiz va ular uzoq yillar davom etadi. Kasallik to’g’ri boshqarib borilsa, hayot uchun xavf solmaydi. Hozirgi zamonda bu kasallikni boshqarib turishning imkoniyati juda ham yuqori. Y’ani xastalikning turiga qarab, zarur muolajalar tanlanadi. Qandli diabetga chalingan bemor, birinchi navbatda, buzilgan bez faoliyatini o’z nazoratiga olishi, uni qaysidir ma’noda boshqarib turishi lozim.
Agar bemor kasallikning 1- turi bilan og’rigan bo’lsa, tanasiga insulin yuborib turishi shart. Aytib o’tganimizdek, 2- turdagi qandli diabet rivojlanishiga aksar hollarda semizlik sabab bo’ladi. Bunda bemorlardan tana vaznini nazorat qilish talab etiladi. Shuningdek , bemor kasallikning har ikki turida ham o’z ruhiy holatini yaxshilashi va ovqatlanish tartibiga qat’iy amal qilishi shart.
Hamida Boymurodovaning «Qandli diabetda shifobaxsh dasturxon» kitobidan.