Xalqimiz orasida «qand kasali»,»boylarning kasali» nomlari bilan mashhur bo’lgan qandli diabet borgan sari ko’payib, yidan- yilga «yosharib» bormoqda. Achinarlisi, aksar kishilar ushbu xastalikka chalinganini sezmay qoladilar, chunki uning alomatlari xalqimiz mentalitetiga ko’ra «oddiy»deya baholanadi va bemorlar shifokorga kechikib murijaat qiladi. Bu ko’pchilikning xastalik haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligidan dalolatdir.
Qandli diabet – endokrin kasalliklar sirasiga kiradi. Uning qisqacha ta’rifi shuki, qonda qand miqdori me’yordan oshib ketadi.
Kasallik oshqozon osti bezida insulin gormoni yetarlicha ishlab chiqarilmasligi yoki hujayralarning insulinga bo’lgan sezgirligi kamayishi natijasida rivojlanadi. Oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmasligi oqibatida modda almashinuvi buziladi.
Mazkur kasallik ikki turga bo’linadi.
- Insulin mutlaqo yetishmasligi, y’ani oshqozon osti bezining maxsus hujayralarida insulin kam ishlab chiqarilishi;
- Insulin nisbatan yetishmasligi, y’ani uning aktivligi susayib to’qimalarning insulinga bo’lgan ehtiyoji ortib ketishi.
Ikki turning bir-biridan farqi nimada?
Birinchi tur
Birinchi holatda kasallik insulinga bog’liq bo’lib, u bolalar va o’smirlarda tepki, qizamiq, gepatit kabi virusli infeksiyalarni boshdan o’tkazgandan so’ng boshlanadi. Oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishdan to’xtagani uchun bemor qonida insulin miqdori juda kam bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi. Shuning uchun bemor tanasida insulin in’eksiyasiga juda katta ehtiyoj tug’iladi.
Bu turdagi diabetning yuzaga kelishi va rivojlanishida nasliy omil yetakchi rol o’ynaydi. Ota-ona, buvi va buvalardagi oshqozon osti bezi kasalligi bolalarga meros bo’lib o’tadi. Bu turdagi bemorlar umumiy qandli diabetga chalinganlar sonining , taxminan, 10 foizini tashkil qiladi.
Ikkinchi tur
Qandli diabetning ikkinchi turi insulinga bog’liq bo’lmaydi. Bunda oshqozon osti bezi yetarlicha insulin ishlab chiqaradi. Biroq hujayralarning insulinga bo’lgan sezgirligi kamayadi. Bunga ko’p hollarda hujayra va uning devorida yog’ yig’ilishi sabab bo’ladi. Yig’ilgan ortiqcha yog’ insulin ta’siri uchun to’siq bo’lib qoladi.
Insulin hujayralar tomonidan qabul qilinmasa, ortiqcha qand jigar va mushak hujayralarida zahira holda yig’ilmasa, qondagi qandning miqdori ko’payib ketadi. Odatda bunga insonning nosog’lom turmush tarzi, jumladan, yog’li ovqat va shirinliklarni me’yoridan ortiq tanovul qilishi, kamharakatligi, doimiy asabiylashishi sabab bo’ladi. Shuning uchun ham ko’p hollarda qandli diabetning bu turi nasliy moyilligi mavjud bo’lgan semiz odamlarda, yoshlari 40-45 dan o’tgandan keyin rivojlanadi.
Bu turdagi diabet bilan kasallanganlar umumiy diabetga chalinganlarning, taxminan, 90 foizini tashkil qiladi.
Shuni ham aytish kerakki, kasallikning ikki turi ham irsiy moyillik sabab kelib chiqadi. Buning oldini olish uchun har bir inson , eng avvalo, sog’lom turmush tarziga rioya etishi zarir. Jumladan, ortiqcha vaznni yo’qotishi, jismoniy harakatda bo’lishi, stress holatlaridan (qattiq hayajon, ruhiy zo’riqish) o’zini asrashi lozim. Shundagina xastalikdan yiroq bo’lishi mumkin.
Hamida Boymurodovaning «Qandli diabetda shifobaxsh dasturxon» kitobidan.