Salom do’stlar. Bugungi maqolada, qonda qand (saxar) miqdori kotarilganini qanday bilish mumkin, bemorning ahvoli qanday bo’ladi, shu haqda so’z boradi.
Qonda qand (saxar) miqdori ko’tarilsa, bemorning ahvoli og’irlashadi: og’zi qurib, chanqog’i kuchayadi, tez-tez peshob ajralib, tinkasi quriydi va vazn tashlashi kuzatiladi. Qonda qand miqdori o’ta yuqori bo’lganida, diabetning o’tkir asorati (koma) rivojlanishi mumkin va u inson umriga xavf soladi.
Agar bemor davolanmasa…
Noto’gri davolanish yoki to’liq davolanmaslik oqibatida dard zo’rayib, asablar faoliyati izdan chiqadi. Natijada oyoq-qo’llarda og’riq paydo bo’ladi. Kasallik o’tkazib yuborilganda ko’z to’rpardasi o’zgaradi, ko’rish sezilarli darajada pasayadi.
Qandli diabet ateroskleroz (yurak va qon tomirlari sklerozi) ning rivojlanishiga ham yo’l ochadi. Bu kasallikning yana bir asorati – buyraklarning diabetga oid nefropatiyasidir. Ya’ni buyraklar shikastlanib, boshlang’ich davrda siydikda oqsil paydo bo’ladi. Kasallik avj olgach, buyrak orqali oqsilning yo’qotilishi kuchayadi, natijada kamqonlik rivojlanadi, qon bosimi oshadi.
Pirovardida buyraklar qonni tozalash va siydik ajratish kabi vazifalarini bajara olmay qoladi. Moddalar almashinuvining zararli qoldiqlari qonda to’planadi. Tananing o’z-o’zini zaharlashi yuz beradi va bemor ahvoli og’irlashadi.
Kasallikning oldini olish mumkinmi
Albatta, kasallikning oldini olsa bo’ladi. Qandli diabetning oldini olishda me’yor bilan ovqatlanish, shirinlik va shirin taomlarni ko’p iste’mol qilmaslik, semirishdan saqlanish o’t yo’li va me’da osti bezining yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida tuzatish muhim o’rin tutadi.
Bu kasallikka nasliy moyillik bo’lsa, kishi tez-tez tibbiy ko’rikdan o’tib, qonidagi qand miqdorini o’lchatib turishi zarur.
Unutmang, xavf… yoningizda
Yillar o’tgani sari insoniyatning hayot tarzi tubdan o’zgarib,jismoniy faollik kamayib boryapti. Shirinliklar, yog’li oziq- ovqatlarni tobora ko’proq iste’mol qilmoqdamiz. Odamlarda harakat mutanosibligi buzilishi ortiqcha vazn yig’ilishiga sabab bo’lmoqda. Ilmiy izlanishlar shuni ko’rsatmoqdaki, ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi, modda almashinuvining buzilishi insonni qandli diabet tomon yetaklab boradi. Bu kasallikka chalingan odam hayot tarziga zudlik bilan o’zgartirish kiritmasa, infarkt va insult xavfi 24 marta, qon bosimi ko’tarilish ehtimoli 3 barobar, buyrak yetishmovchiligi xatari 17 marta, oyoqlarda gangrena rivojlanishi 20 karra oshadi.
Kasallik ko’rish qobiliyatining yo’qolishiga ham sabab bo’lishi mumkin.
Hamida Boymuhammedova. «Qandli diabetda shifobaxsh dasturxon» nomli kitobdan