Tovon yorilishi ko’pchilikning hayotida uchrab turadigan dard. Ko’pgina insonlar kundalik hayot tashvishlari bilan bo’lib oyog’iga qaramay qo’yishi natijasida tovonlarida katta-kichik, chuqur-sayoz ko’rinishda yoriqlar paydo bo’ladi. Natijada yurish-turish qiyinlashadi. Ayniqsa, jismoniy ish qilayotganda qattiq og’riqlar paydo bo’ladi.
Kechasi dam olish uchun yotganda achishib, goho lo’qqillab og’riydi. Bolalardagi tovon jarohati ularni injiq qiladi, yig’iga sabab bo’ladi. Bu dardga chalinganlar ko’pincha oqsab yuradi, hassa tayoqda yoki tovonini bosmay yurishga harakat qiladi. Bazi odamlar uchun bu kasallik anchagina tashvish, bezovtalik tug’diradi.
Tovon yorilishining sabablari
Tovon yorilishining sabablari har xil bo’lishi mumkin. Tovon sho’rlanishi, haddan tashqari qurib ketishi natijasida mayda qon tomirlarining faoliyati buziladi. Ularda qon oqish jarayoni qisman to’xtab qoladi. Tovonni uzoq yuvmay yurish tufayli qora kirlarning ko’payishi ham tovon yorilishiga sabab bo’ladi. Shuningdek, doimo suvda, zaxda bo’lish ham tovonda yoriqlar paydo qiladi. Tovonning qattiq shamollashi ham unda yoriqchalar paydo qiladi. Sakrash natijasida ham tovon zarbaga bardosh beraolmay yorilishi mumkin.
Tovon yorilganda tovonning o’zida isitma chiqishi mumkin. Tovon yorilishi kasalligi inson hayoti uchun xavfli bo’lmasada sog’liqqa zarar beradi. Uning yorilmasligi uchun oyoqni doimo iliq suvda yuvib turish, kasallikning oldini olib, tezda davolanishga kirishish lozim. Har holda hamma azolaringiz qatorida o’z tavoningizdan ham xabar olib turishni unutmasligingiz maqsadga muvofiqdir.
Tavon yorilsa qanday davolash mumkin
- Tovonni iliq suvda sovunlab yuvib, quritib, eritilgan qo’y yog’i surtish lozim. Iloji bo’lsa, qora qo’chqorning dumba yog’ini surtib bog’lash lozim. Bu ishni tovon tuzalib ketguniga qadar har kuni yotish oldidan bajarish lozim.
- Bir hafta har kuni bir mahal andizning qaynatma suvida 40 daqiqa oyoqni vanna qilish kerak.
- Qora qo’chqor dumbasidan ozroq olib, o’tda qizdirib, issiq holda yorilgan joylarga qo’yib, bog’lab yotish zarur.
- Tovonni iliq suvda yuvib, quritib, qaynagan iliq suvda «moshdek» toza mumiyoni eritib, surtib, ustidan bir parcha yumshoq qog’ozni yopib, paypoq kiyib yotish kerak. Bu muolaja tovon tuzalib ketgunicha takror bajariladi.
- Tovon tuzalguncha dog’ qilingan paxta yog’ini ham surtib bog’lab yotish mumkin.
- Shaftoli yog’ini surtib, bog’lab yotilsa ham foyda beradi.
- Aloye bargini yanchib, bog’lab yotilsa ham foydasi tegadi.
Yuqorida aytilgan dori-darmonlarning qaysi biri sizning uyingizda bo’lsa, o’shandan foydalaning. Aytilgan dorilarning hammasini birdaniga ishlatish shart emas, albatta.
Hoji Mingnazar Rustam o’g’lining «Dard borki, darmon bor» nomli kitobidan