Aziz o‘quvchilar!
Siz o‘zbek tilining yer yuzidagi qadimiy va boy tillardan biri ekanligini juda yaxshi bilasiz. Uning ko‘lamli va muhtasham so‘z xazinasi, tovushlar rang-barangligi va mantiqiy-grammatik boyligi qiyossizdir. Ajdodlarimiz tomonidan bu tilda yaratilgan aql va badiiyat durdonalarining bashariyat
tamadduniga qo‘shgan muazzam hissasi buning isboti bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu adoqsiz iftixorga munosibdir.
Muborak hadisi shariflarda «Kishining zeb-u ziynati, go‘zalligi uning tilidadir» deyiladi. «Odobning boshi til» ekanligini Mahmud Koshg‘ariy bobomiz maqol tarzida qayd qilgan. Bizda, bizning madaniyatimizda latif so‘zga oshuftalik, nutq latofatidan zavqlanish, ona tilida ta’sirli nutq aytaoluvchiga ayricha havas bilan qarash azaliy urflardan hisoblangan. Sharqda, xususan, o‘zbeklarda so‘z bilan tinglovchining faqat qulog‘ini emas, balki qalbini ham zabt eta bilish tarbiyalilikning, ziyolilikning belgilaridan biri sanalgan.
Zotan, nutqning go‘zalligi, nutqiy ifodaning aniqligi, rasoligi inson uchun o‘ziga xos husn bo‘lib, u millatning, jamiyatning umumiy madaniy kamolotini shakllantiradi. Ajdodlarimiz qoldirgan hikmat durdonalari bo‘lmish maqollarda inson nutq tuzishga e’tiborli bo‘lishga da’vat etiladi, nutqning musallam o‘rnini topib so‘zlash talab qilinadi. Mana bu o‘gitlarni unutmaslik lozim: «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir», «Qopib emas, topib gapir», «So‘z qadrini bilmagan o‘z qadrini bilmas» va hokazo.
Aziz o‘quvchilar!
Siz oldingi sinflarda o‘zbek tilining leksikasi, fonetikasi, grammatikasi va uslubiyati bo‘yicha asosiy tushunchalarni o‘zlashtirdingiz. Siz umumiy tarzda bo‘lsa-da, bilganingizday, til fikr ifodalash, dunyoni bilish, bilim-tajribalarni to‘plash, saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish, milliy-ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go‘zallikni namoyon qilish kabi bir qancha vazifalarni bajaradi. Bu vazifalarning barchasi muhim. Shuning uchun tilni faqat va faqat kishilar o‘rtasidagi aloqa vositasi sifatida talqin etish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu sinfda endi Siz ta’sirli nutq – madaniy nutq tuzish malakalari, ya’ni nutq madaniyati bilan tanishasiz, uning asosiy tushunchalarini egallaysiz.
Nutqning madaniyligini, demakki, ta’sir quvvatini ta’min etadigan to‘g‘rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik, soflik, jo‘yalilik kabi bir qator kommunikativ sifatlar mavjud. Ana shu kommunikativ sifatlarning barchasini o‘zida mujassamlashtirgan nutq madaniy hisoblanadi. Shuni unutmangki, har qanday nutq, avvalo, to‘g‘ri bo‘lishi zarur. Ammo to‘g‘rilik sifatigagina ega bo‘lgan, boshqa sifatlardan tamoman mahrum bo‘lgan nutqni madaniy sanab bo‘lmaydi. Ayni paytda nutqning madaniyligini ta’minlaydigan boshqa kommunikativ sifatlarni ham mazkur to‘g‘rilik sifatisiz tasavvur etishning imkoni yo‘q. Shuning uchun ham to‘g‘rilik nutq madaniyatining birlamchi, ilk bosqichi hisoblanadi.
Siz, albatta, bu sifatning asosiy chizgilari bilan oldingi sinflarda tanishgansiz. Shubhasizki, nutq madaniyatining oliy bosqichi sanaladigan aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik, soflik, jo‘yalilik kabi sifatlarning har birini yetarli darajada idrok qilish va ularni nutqda namoyon qila bilish madaniy nutqqa chinakam sohiblikning, shaxs nutqiy kamolotining zaminini tashkil etadigan jihatlardir. Tildan bemalol, maqsadga va nutqiy vaziyatga muvofiq tarzda foydalana olish, nutqda kommunikativ sifatlarning barchasini mujassamlashtira bilishni ta’minlaydigan ko‘nikma, malaka va bilimlarni o‘zlashtirishda Sizga g‘ayrat va qunt hamdam bo‘lishini tilaymiz.