Salom do’stlar! Bugungi mavzuda semizlikning oldini olish va uni davolash to’g’risida so’z yuritamiz.
Semizlikda insonning terisi ostida, dumba, sonlarida, qorin ichida (charvida, ichaklarda), jigar, buyrak, bachadonda, qon tomir devorlarida va boshqa ko’p ichki a’zolarda yog’larning ortiqcha to’planishi kuzatiladi.
Ortiqcha yog’ to’planishi arterial gipertenziya, yurak kasalliklari, qandli diabet, bo’g’im, jigar, ruhiy holatning buzilishi, venalarning varikoz kengayishi, jinsiy a’zolar funksiyasining pasayishi kuzatiladi. Natijada o’lim holatlari semizlarda bir necha marta ko’p kuzatiladi.
Semizlik qanday paydo bo’ladi?
Bunga sabab:
- Irsiy moyillik.
- Ayrim kasalliklar
- Noto’g’ri ovqatlanish (tarkibida yog’, shakar, tuz miqdori ko’p bo’lgan ovqatlarni iste’mol qilish)
- Yog’li, xamirli ovqatlarga moyillik.
- Kaloriyasi yuqori, shirin oziq-ovqat mahsulotlariga ruju qo’yish.
- Jismoniy nofaollik.
- Alkogol va tamaki.
Semizlikni davolash va oldini olishda quyidagi tavsiyalar beriladi:
- Past kaloriyali parhez tutish.
- Jismoniy faollikka amal qilish (badantarbiya, suzish, tennis, voleybol o’ynash, yugurish, yurish, mehnat qilish, bog’da ishlash va boshqalar).
- Ruhiy tetiklik. Asabiylashishdan o’zini saqlash.
Agar odamda semizlik mavjud bo’lsa, past kaloriyali parhez ovqat bir kunda 800-1200 kkaloriya tavsiya etiladi. Ratsionda 60% uglevod, 20% oqsil, 20% yog’lardan tashkil topishi kerak. Yog’ning 2/3 qismini o’simlik, 1/3 qismini hayvon yog’i tashkil qilishi zarur.
Ko’proq kam kaloriyali sabzavot va mevalar, yog’sizlantirilgan sut, tvorog, yog’siz baliq va terisi olingan parranda go’shtidan tayyorlangan sho’rvalar, dimlama, pomidor, bodring, rediska, kartoshka (chegaralangan miqdorda), yarim qaynatilgan 1 dona tuxum kunora, qatiq 100 gramm atrofida tavsiya etiladi.
Olma, olxo’ri, tarvuz istagancha, salqin va qish kunlari pomidor va ho’l mevalardan sharbatlar buyuriladi.
Dukkakli (mosh, loviya, no’xatlar), makarondan tayyorlangan taomlar tavsiya etilmaydi yoki chegaralangan miqdorda. Osh tuzi 5 grammgacha iste’mol qilish mumkin. Ovqatni kun mobaynida 4-6 martagacha bo’lib kamdan-kam istemol qilinadi. Haftada bir marta yengillashtirish kunlari o’tkaziladi. Bunda kun davomida bodring, olma, pomidor, olxo’ri, olcha tarvuzlarni 1,5-2 kg gacha iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Qovoq, qizil lavlagi, sabzi, baqlajonlardan (dimlama, kotletlar holida) ovqat tayyorlash maqsadga muvofiq. Ovqatni kun mobaynida kam-kam iste’mol qilish buyuriladi.
Semizlikda man etiladigan mahsulotlar
Semizlikka moyil yoki unga chalinganlarga konfet, shokolad, turli xil pishiriqlar, tort, muzqaymoq, yog’li go’sht, spirtli ichimliklar, o’tkir va dudlangan mahsulotlarni iste’mol qilish man etiladi.
Bolalarda semizlik turli xil sabablar bilan yuzaga keluvchi glitserinlarning yog’ hujayralariga ortiqcha to’planishidir. Yosh bolalarda semizlik tug’ma yog’ hujayralarining (adinositlarning) ko’pligi, endokrin sistemasining buzilishi, tug’ilishdagi jarohatlar, infeksion kasalliklar, miya hujayralarining gipoksiyasi sabab bo’ladi.
Bolalarda semizlikni davolash uchun mutaxasislar bilan maslahatlashib, parhez ovqat buyurish maqsadga muvofiqdir. Bolalarda semizlikni davolashda bolaning yoshini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Xo’jamurod Sultonov «Sog’lom ovqatlanish» nomli kitobdan.