Shifobaxsh sut va sut mahsulotlarining foydalari

sut va sut mahsulotlarining shifobaxshligi

Shifobaxsh sut va sut mahsulotlari (qatiq, suzma, moy, ayron, pishloq va boshqalar) inson hayoti uchun qimmatli hisoblanadigan shifobaxsh ne’mat va parhezli taomlar sirasiga kiradi. Bolalar, keksa kishilar hamda bemorlarning ovqatlanishida sut mahsulotlarining ahamiyati nihoyatda kattadir. Ular tarkibida tana uchun zarur barcha oziq va biologik faol moddalar borligi bilan boshqa hamma oziq -ovqat mahsulotlaridan farq qiladi.

Sutning tarkibi murakkab bo’lib, unda 100 dan ortiq oziq moddalari – yog’ kislotalari, aminokislotalar, darmondorilar, qand, turli ma’danli tuzlar, gormonlar va boshqalar bor.

Sut mahsulotlari va sut turli kasalliklar, ayniqsa, yurak- tomir tizimi, jigar, me’da osti bezi, o’t yo’llari kasalliklarida, sistit bilan og’rigan bemorlarning ovqatlanishida, yengil hazm bo’ladigan ovqat talab qilinadigan kasallikarda ham ko’plab iste’mol qilinadi.

Sut mahsulotlarida uchraydigan mikroblar va ularning ahamiyati

Qadim zamonlarda insonlar mikroblar haqida tasavvurga ega bo’lmasa-da, lekin non, qimiz, qatiq, moy, ayron, sirka kabilarni tayyorlashda undan foydalanib kelishgan. Mashhur tabib Ibn Sino ko’z ilg’amas jonzotlar (mikroblar) borligini aytib o’tgan.

Olimlarning kuzatishlaricha, mikroblar orasida, ayniqsa, bakteriyalar, achitqi, mog’orli zambirig’, aktinomisentlar foydali hisoblanadi. Sut kislotasi hosil qiluvchi bakteriyalar esa alohida ahamiyatga ega. Bu mikroblarni sutga qo’shish natijasida bir qancha sut mahsulolari tayyorlanadi.

Sut kislotasi hosil qiluvchi bakteriyalar tabiatda keng tarqalgan. Ular xom sutda, ivitilgan sut mahsulotlari va o’simliklarda turlicha ko’rinishda uchraydi. Bu bakteriyalar oqsillarni foydali aminokislotalarga bo’lib tashlaydi, mahsulotda ovqat hazm bo’lishini osonlashtiruvchi organik moddalarni to’playdi va darmondorilar bilan boyitadi.

Kasallik tarqatuvchi zaharli mikroblarni nobud qilishi tufayli ular alohida ahamiyatga egadir.

Qatiqning tayyorlanishi va foydasi

Qatiq tayyorlash uchun sut pishiriladi va iliq holatga kelguncha kutiladi. Iligan sut miqdoriga qarab bir yoki ikki qoshiq qatiq solib ,soat strelkasi shaklda aylantiriladi. Idishning ustini mato bilan yopib qatiq holga kelguncha o’rab qo’yiladi. Ivigan qatiq olib achitmasdan ichiladi yoki muzlatgichga qo’yiladi.

Olimlarning ma’lumotlariga qaraganda, qatiqdan kasalliklarning davosi sifatida foydalaniladi. Sut kislotasi qatiqqa o’ziga xos maza berib, ishtahani uyg’otadi, ko’plab so’lak ajralishiga sababchi bo’ladi. Kishining chanqoqdan xoli bo’lishiga yordam beradi va hokazo.

Qatiq me’da faoliyatini yaxshilash bilan birga ichak harakatini me’yorga keltiradi. Asab tizimi va jinsiy ojizlikka ijobiy ta’sir etadi, tanani hayotbaxsh moddalar bilan ta’minlaydi.

Suzmaning organizm uchun foydasi

Suzmaning kishi organizmi uchun foydasi katta. U organizmning oqsilga bo’lgan talabini bemalol qondiradi. Undagi oqsil kishi tanasida yog’ning bir me’yorda singishiga yordam beradi. Suzmada purin moddasi yo’qligi sababli u jigar faoliyatini va modda almashinuvini osonlashtiradi.

Suzma tarkibida karotin, sut yog’i, ergokalfsiferol, tonoferol, riboflavin kabi darmondorilar va mineral tuzlar bor. Mineral tuzlardan kalsiy tanaga yaxshi singadi. Shuning uchun bolalar, homilador ayollar suzma tanovul qilib turishlari kerak. Suzma yallig’lanishlarni va turli shishlarni davolashda qo’llaniladi. Shuningdek, jigar va ateroskleroz kasalliklarida ham foyda qiladi.

Odatda, suzmada sut kislotasi hosil qiladigan bakteriyalar tez ko’payadi, issiq xonada tursa achiydi. Taxir bo’lib qolgan suzmani yemaslik kerak.

Ayron qanday tayyorlanadi

Ayron – qatiqning kuv (guppi) da moyi ajratib olinganidan so’ng qolgan suyuq qismi. Bu ichimlik jazirama issiq kunlarda chanqoqni bosadi. Ayron yog’och qoshiq bilan qatiq yoki suzma atala qilinib, ustidan sovuq suv qo’shib tayyorlanadi.

Odam iste’mol qiladigan barcha ovqatlar kaloriyaligining 30 40 foizi sut va sut mahsulotlari hissasiga tushadi. Biroq , ularning faqat yuqori sifatlisi foydali xususiyatlarga ega. Sifatini yo’qotganlarini ovqatda ishlatganda, hatto, yuqumli kasalliklar paydo bo’lgan hollar ham ma’lum. Shuning uchun ularning sifatli bo’lishiga doim e’tibor berish kerak.

Safar Muhammadning «Bahoriy shifobaxsh ne’matlar» kitobidan.

Baholashni unutmang!
( 1 assessment, average 4 from 5 )
Nargiza Umarova/ author of the article

Bir necha yillardan buyon internet texnologiyalarini o'rganib tajribalarimni oshirib kelayapman. Va turli yo'nalishlarda maqolalar yozaman.

Ushbu ma'lumotlar yoqdimi? Iltimos, do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing:
Izoh qo'shing! Albatta javob olasiz!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: