Jahon tarixining 1991-yildan boshlangan davrida dunyoning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tizimida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu davrda jamiyat hayotining barcha jabhalariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan
omil ilmiy-texnik inqilobning yangi bosqichi – kompyuter-axborot inqilobi bo‘ldi. Bu inqilob ta’siri ostida rivojlangan mamlakatlarda sivilizatsiyaning industrial bosqichidan postindustrial, axborot bosqichiga o‘tish boshlandi.
Mazkur darslik shu davr voqealarini bayon qilish bilan birga, jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichini tahlil qilish va mustaqil hayotga qadam qo‘yish arafasida turgan siz o‘quvchilarga o‘z hayotiy istiqbolingizni belgilab olish imkonini beruvchi bilimlarni shakllantiradi. Bu bilimlar jahon xalqlari madaniyatining har biri o‘ziga xos noyob ekanligini, gumanizm va vatanparvarlik tamoyillari, fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat g‘oyalariga asoslangan umuminsoniy qadriyatlarni anglashga ko‘maklashadi.
Jamiyat taraqqiyotining muhim qonuniyatlarini bilib olish, rivojlanishning o‘ziga xos yo‘llarini tushunish va istiqbollari haqida tasavvurlarga ega bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, olgan bilimlaringiz ilg‘or mamlakatlarning tarixiy tajribasini O‘zbekistonda ijodiy qo‘llashga yordam beradi.
Darslikda qo’llanilgan qisqartma so’zlar
- BMT – Birlashgan Millatlar Tashkiloti
- NATO (ingl. North Atlantic Treaty Organization) – Shimoliy Atlantika harbiy bloki
- YI – Yevropa Ittifoqi
- SSSR (rus. Soyuz Sovetskix Sotsialisticheskix Respublik) – sobiq Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi
- RSFSR – Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi
- AQSH – Amerika Qo‘shma Shtatlari
- BRIKS (ingl. BRICS – Brazil, Russia, India, China, South Afrika) – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika mamlakatlaridan iborat ittifoq.
ITI – ilmiy-texnik inqilob
YIM – yalpi ichki mahsulot
ASEAN – Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi