Topshiriq
Matnni o‘qing. Fikr mantiqidagi buzilish haqida fikrlashing.
Ulug‘ Alisher Navoiy o‘zining «Majolis un-nafois» asarida shunday bir voqeani hikoya qiladi. Bahorning yomg‘irli kunlaridan birida u «Xuroson mulkida turkiy va forsiyda malik ul-kalom» Lutfiy bilan uchrashib qoladi. Mavlono Lutfiy Amir Xusrav Dehlaviyning bir she’ridagi go‘zal ma’no va o‘xshatish haqida juda ham maqtov bilan gapirib beradi, ya’ni: «Mahbuba yomg‘irli kunda yo‘lda tiyg‘anib yiqilib ketay deydi. U shu qadar go‘zal va nozikki, yog‘ayotgan yomg‘ir rishtasini ushlab, uning madadi bilan o‘zini o‘nglab oladi».
Bu ta’rif Navoiyga behad ma’qul tushadi. Saroydagi oliy adabiy majlislarning birida Navoiy bu o‘xshatish haqida shoh Husayn Boyqaro huzurida gapirib, shohning ham hayratlanishini kutadi. Ammo Boyqaro «Yuqoridan pastga tushayotgan yog‘in rishtasi yiqilayotgan kishi uchun madad bo‘la olmaydi» deb, e’tiroz bildiradi. Navoiy Boyqaroning o‘tkir va nozik mantig‘i va she’rfahmlikdagi zakovatiga qoyil qoladi. Shoh va shoir Husayn Boyqaro mazkur holatda fikr mantiqiyligidagi buzilishni ilg‘agan. (N. Mahmudov)
Fikr tarkibi va qurilishining to‘g‘ri ifodalanishi nutq mantiqiyligining asosidir. Nutqda til vositalarining mantiq va to‘g‘ri tafakkur qonuniyatlariga mos tarzda mazmuniy birikishi nutq mantiqiyligini yuzaga keltiradi. Ana shunga ko‘ra mantiqiylik sifati nutqda so‘zlar, gaplar o‘rtasidagi mazmuniy va grammatik aloqalarning fikr mohiyati hamda uning rivojlanib borishiga qat’iy mosligi tarzida ta’riflanadi.
Mantiq va grammatika har qanday nutqning tayanchi, har qanday nutq sog‘lomligining zaminidir. Ulug‘ donishmand bobomiz Forobiy grammatika va mantiq ilmining favqulodda ahamiyati haqida
quyidagilarni qayd etgan: «Grammatika odamlar nutqini to‘g‘rilagani kabi – u shuning uchun ham vujudga kelgandir – mantiq ilmi ham xato kelib chiqishi mumkin bo‘lgan joyda tafakkurni to‘g‘ri yo‘ldan olib borish uchun aqlni to‘g‘rilab turadi.
Grammatikaning tilga va til ifodalariga bo‘lgan munosabati mantiq ilmining aql va aqliy tushunchalarga bo‘lgan munosabati kabidir. Grammatika har doim til ifodalarida xatolar kelib chiqishi mumkin bo‘lganda, tilning o‘lchovi bo‘lganidek mantiq ham har doim aqliy tushunchalarda xato kelib chiqishi mumkin bo‘lganda, aql o‘lchovidir».
Mantiqiy nutq tuzish uchun so‘zlovchi fikr predmetini atroflicha bilishi, mantiqiy tafakkur qoidalaridan boxabar bo‘lishi kerak. Ayni paytda til birliklarining leksik-semantik va grammatik mohiyati, ularning bog‘lanish xususiyatlarini ham nazardan qochirmasligi zarur. Aytaylik, so‘zlarning jumla tarkibida mantiqiy-mazmuniy ziddiyatsiz birika olishi, mantiqqa uyg‘un qo‘llanishi uchun ularning leksik-semantik mohiyatini yetarli darajada bilish lozim.
Masalan, Traktor va mashinalar yelday uchadi gapini mantiqiy deb bo‘lmaydi, chunki unda mantiqiy-mazmuniy ziddiyat bor. Mashina mantiqan juda tez, ya’ni yelday uchishi mumkin, ammo traktor bu xususiyatga ega emas. Demak, jumlada mantiqiylik sifati buzilgan.
39-mashq
Gaplarni o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning mantiqiylikka salbiy ta’siri haqida fikrlashing.
- Yugurib charchamaydigan chayir mashinasi dam tepalikka, aylanma yo‘llar osha dam pastlikka, kishining nigohi tushsa yuragi shig‘illab ketadigan jarliklar yoqasidan o‘tib, yana ko‘tarilib qolardi.
- Qiya, aylanma yo‘llarda ko‘p yurganiga qaramay, yigit juda ehtiyotkorlik bilan mashinani olib borardi.
- Uning yoqimli qiliqlari, ovozi eshitilib ketganday bo‘ladi. (Mirmuhsin)
- Ko‘zim o‘ngidan hadsiz odamlar o‘tdi.
- Qo‘llari, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay, o‘z-o‘zidan harakatlanar, uni qayoqqadir olg‘a eltardi. (M. Nasibullin)
40-mashq
Gaplarni o‘qing. Nutqning mantiqiyligi buzilgan o‘rinlarni toping va izohlang.
- Boyqush qarg‘ish olgan, qadimdan qolgan shunday gap bor. U qaysi xonadonga qo‘nib, ovoz chiqarsa, noxushlik alomatidan darak emish. (S. Ravshanov)
- U nihoyatda ehtiyot bo‘lib harakat qilayotganini uyqu elitgan ko‘zlari bilan sezdi. (N. Jaloliddin)
- Qish. Yanvar havosi juda sovuq. Laylakqor hadeb savalagani-savalagan. (S. Ravshanov)
- Odamlar nochorlikdan, yegani narsasi yo‘qligidan ro‘za tutib yurishibdi. (S. Ravshanov)
- Ilm-fanda faraz qilish yoki o‘ylab chiqarishga o‘rin yo‘q. Fanning rivojlanishi faqat kashfiyotga bog‘liq. Fanda fikr bildirish, ishonaman deyish – bilmagan bilan barobar. (Gazetadan)
- Hikoya va suhbatdan tashqari o‘zbek tilini yaxshi o‘rganish, unga qiziqishni uyg‘otish maqsadida til o‘rgatishga oid o‘yinlar, kichik-kichik she’rlar, badantarbiya va ashulalar berib boriladi.(S.Jo‘rayev)
- Imzoga qo‘l qo‘yish mahalida gurs etib yerga quladi. (Gazetadan)
41-mashq
Berilgan parchani o‘qing, unda so‘z ma’nosiga e’tiborsizlik natijasida yuzaga kelgan mantiqiylikning buzilishini tahlil qiling
Chuqur atrofida biroz yurgandan so‘ng it iz bo‘ylab olg‘a tashlandi. Mana, birdan to‘xtab qoldi. Tumshug‘i bilan yerni turtdi-da, oldingi oyoqlari bilan qorni titkilay boshladi… It tashvishli g‘ingshib leytenantga suykaldi, so‘ng yerni iskagancha, chuqurga, jilg‘a tomonga yo‘l oldi. Chuqurda qor bosilib, qalinlashgan. It o‘sha tomon o‘zini otdi, nihoyat, jilg‘a oldida taqqa to‘xtadi. G‘azabli irillab, usti muzlagan qorni tirnoqlari bilan qaziy boshladi.
Qor ostida allaqanday qora narsa ko‘rindi. It oldingi oyoqlarini mahkam tirab, o‘sha qora narsani tishlari bilan tishlab, butun kuchi bilan torta boshladi…
Qish kunlari qisqa: bu yondan u yonga qaraguningcha qorong‘i tushadi. Sovuq qahriga olib boryapti. Men goh sakrab hakkalayman, goh qo‘llarimni ishqalayman. Boshqalar ham mendan qolishmaydi. Sovuq jonni tindirmagani shu bo‘lsa kerak-da. (M. Nasibullin)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Nog‘orasiga o‘ynamoq Kimningdir izmi, yo‘l-yo‘rig‘i bilan ish ko’rmoq. Varianti: nog‘orasiga o‘ynatmoq; childirmasiga o‘ynamoq.
Oyog‘iga bolta urmoq Mavqeyidan mahrum etadigan zarba yetkazmoq. Ma’nodoshi: payini qirqmoq.
- Nutqning mantiqiyligi deganda nimani tushunasiz?
- Nutq mantiqiyligi nutqning qaysi sifatlarisiz to‘liq namoyon bo‘lolmaydi?
- So‘zlovchi mantiqan to‘g‘ri nutq tuzishi uchun ona tili fanining qaysi bo‘limlariga oid bilimlarga ega bo‘lishi kerak?
- Abu Nasr Forobiyning grammatika va mantiq haqidagi fikrlarini tushuntiring.
- Tilshunoslikning qaysi sohasiga doir bilimlar so‘zlarning bog‘lanish munosabatlarini muvofiqlashtirib turadi?
42-mashq
Berilgan gaplardagi mantiqqa zid qo‘llangan so‘zlar o‘rniga mantiqan mosini qo‘yib ko‘chiring.
- Sattorov yolvorgan ohangda ko‘zlarimga umidvor qaradi.
- Ikkalamiz ham tubsiz ko‘ngilsizlik oldidan picha tinchlanishimiz kerak edi.
- Sattorov zarda bilan planshetni irg‘itib yubordi-da, mening so‘zlashimga erk bermay, sakrab o‘rnidan turdi.
- Men Ahmadni chaqirish oldidan stol ustiga uning Valitov bilan tushgan suratini ham, Zaremaning fotosuratlarini ham sochib qo‘ygan edim.
- Mana, u oyoq uchida sekin yonimga yo‘rg‘alab keldi-da, meni odatdagiday so‘roqlarga ko‘mib yubordi. (M. Nasibullin)
- U jamiyat taraqqiyotini rivojlantirish uchun insonlarning ma’naviyatini yuksaltiruvchi asarlar yaratdi. (A. Olimov)