«Ruhlar isyoni» dostoni Erkin Vohidov ijodida muhim o‘rin tutadi. Doston o‘tgan asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan otashin bengal shoiri Nazrul Islomning qahramonona va fojiali taqdiriga bag‘ishlanadi. Shoirga qalbidagi dardini ifodalash uchun Nazrul Islomning achchiq qismati vosita bo‘lgan. Chunki o‘sha davrda O‘zbekiston ham sobiq Ittifoqning mustamlakalaridan biri bo‘lib, o‘zbek xalqining erki va mustaqilligi o‘z qo‘lida emas edi.
Mustamlakachilar tomonidan o‘zbek millatining ming yillik an’ana va urf-odatlari, milliy qadriyatlari, ilm-u urfonining toptalishi, yo‘q qilinishi, ma’rifatparvarlarni xalq dushmani sifatida qamalishi va qatl etilishi, so‘z erkinligining yo‘qligi shoirni ushbu mavzuga qo‘l urishga undagan, albatta. Chunki yurt boyligi yetarli bo‘lsa-da, xalqining mehnatiga yarasha farovon yashamasligi, kamsitilishi, nazar-pisand etilmasligi Erkin Vohidovga ham Nazrul Islomday tinchlik bermadi. Shu bois Erkin Vohidov nafaqat o‘zini, barcha erksevarlarni qiynayotgan dil tubidagi dard-sitamlarni Nazrul Islom tilidan baralla aytishga jazm etdi va bunga erishdi.
Dostonda Vatanining ingliz mustamlakachilaridan ozod bo‘lishini orzu qilgan va mana shu yo‘lda o‘z umri hamda erkini baxshida etgan vatanparvar Nazrul Islomning tutqunlikdagi hayoti, his-tuyg‘ulari badiiy tasvirlanadi. Ona yurtida zulm va zo‘ravonlik, irqchilik, erksizlikning avjiga chiqishi, mustamlakachilar tomonidan hind xalqi qonining zulukdek so‘rilishi, ayovsiz ezilishi, och-nochorligi shoir qalbini junbishga keltiradi. Dostondagi «Isyon qo‘shig‘i»da Nazrul Islom hind xalqini asriy qullikka qarshi kurashga, o‘z ozodligi uchun bosh ko‘tarishga da’vat etadi:
So‘yla, inson,
So‘yla, qadding ko‘tarib baland.
Yuksaklikda sening qadring
Himolay monand…
Uyg‘onmoqning vaqti keldi,
Bosh ko‘tar, uyg‘on!..
Ammo bu she’rni eshitgan olomon da’vatkor shoirni xalq tinchini buzuvchi dushmanga chiqardi. Olomonning o‘z shoirini anglab yetmagani, unga ergashmagani mustamlakachilarga juda qo‘l keldi va shoir ozodlikdan mahrum etiladi.
Malomatga qoldi endi
Shoir bitib haq doston.
Hindu uni «jobon» dedi,
«Kofir» dedi musulmon.
Dostondagi qator mavzularni yoritishda shoir turli xil afsona hamda rivoyatlardan foydalanadi. Dostonning uchinchi faslidagi «tutqunlik» mavzusida Nazrul Islomning zindondagi o‘y-xayollari, insoniy his-tuyg‘ulari mohirona va ishonarli tarzda bayon etiladi. Shoir onasini g‘am-qayg‘uga qo‘yganligidan iztirob chekadi. Nazrul Islom o‘zini gunohkor hisoblamaydi, agar gunohi bo‘lsa, u ham faqat onasining oldidagi farzandlik burchini ado eta olmaganida va xalqini ozodlik sari boshlaganida, deb biladi. Aslida, haqiqat ham shundan iborat.
Onajonim,
Menga bu kun
Sendan o‘zga dilxoh yo‘q.
Zindondaman,
Bilmam, nechun,
Menda zarra gunoh yo‘q.
Gunohkorman
Na Ollohim,
Na vijdonim oldida.
Faqatgina…
Bir gunohim
Onajonim oldida.
Kechir, onam!
Ko‘zingda g‘am,
Azob bo‘ldim joningda.
Shuningdek, shoir jafokash hind xalqining tinimsiz og‘ir mehnat qilishi, och-yalang‘och, uysiz, joysiz kun ko‘rishi va yurt boyliklarining huzurini kelgindi mustamlakachilar ko‘rayotganini o‘ylab yurak bag‘ri o‘rtanadi.
Necha ming yil
Manglay tering
To‘kib yerga, qolding och.
Sen olamga
Ipak berib
O‘zing o‘tding yalang‘och.
Bebaho – fil suyaklaring,
Bahring aro – to‘la dur.
G‘avvos qilib go‘daklaring,
Kelgindilar oladur.
Shunday bo‘lsa-da, shoir tushkunlikka tushmaydi, ona yurti va o‘z xalqining ozodlikka erishishiga ishonadi, mana shu umid unga kuch bag‘ishlaydi. Dostonning so‘nggi faslida erksevar shoirning va hind xalqining orzusi ro‘yobga chiqqanligi tarannum qilinadi. Biroq tutqunlikdagi qattiq qiynoqlar, azob-uqubatlar shoirning bu baxtli kunlar shukuhidan benasib etadi. Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» dostoni shoir adabiy merosining, umuman, XX asr o‘zbek dostonlarining eng sara namunalari qatorida turadi.
Savol va topshiriqlar
- Erkin Vohidov ijodiga qisqacha tavsif bering.
- «Ruhlar isyoni» dostoni qanday tarixiy haqiqatga bag‘ishlangan? Uning yozilish tarixi haqida nimalarni bilasiz?
- Dostonning to‘liq matnini o‘qing, rivoyatlarga munosabat
bildiring. Ularning asar mazmun-mohiyatiga ta’siri haqida
fikr yuriting. - Hind xalqi qachon mustaqillikka erishgan? Tarix darsida
olgan bilimlaringizga tayanib javob bering. - Dostondagi Nazrul Islom siymosiga tavsif bering. Uning
qaysi sifatlarini qadrlaysiz? - Dostonning «Isyon qo‘shig‘i», «G‘alayon», «Tutqunlikda»,
«Ozodlik» sarlavhasi ostida berilgan matnlarini kichik guruhlarda muhokama qiling va taqdimot o‘tkazing. - Doston nima uchun «Ruhlar isyoni» deb nomlangani borasida o‘zaro fikr almashing.
- Dostondan olgan taassurotlaringizni ijodiy yondashgan holda
qisqacha yozing. - Shoir «Inson» qasidasida qanday qarashlarini tasvirlaydi.
Shoir qarashlarini matnga asoslangan holda izohlang. - «Yaxshidur achchiq haqiqat» she’rini izohlang.
- «Inson» va «Yaxshidur achchiq haqiqat» she’rlarini o‘qib,
ularning mazmun-mohiyati, badiiyati, lirik qahramonning
his-tuyg‘ularini sinfda muhokama qiling. - Shoir she’rlaridan birini yod oling.