Ifodalilik va ibora

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq.
  2. 85-mashq
  3. 86-mashq
  4. 87-mashq
  5. 88-mashq
  6. 89-mashq
  7. Kapalakning kapalagi
  8. 90-mashq

Topshiriq.

She’riy parchani o‘qing. Unda qo‘llangan jonni baxsh etmoq, boshga ko‘tarmoq iboralarining ma’nolarini va ularda aks etgan ifodalilikni izohlang.
Yaratish zavqidan sipqorgin to‘yib,
Kelajak poyiga baxsh etgin jonni.
Ozodlik, obodlik baxtini suyib,
Boshingga ko‘targin O‘zbekistonni.

(O‘tkir Rahmat)

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

Tilning so‘z xazinasi nutqiy ifodalilikning o‘ziga xos asosiy manbalaridan biridir. Ammo tilning lug‘at boyligidagi so‘zlar bilan frazeologik iboralar solishtirilganda, iboralarning ifodalilik nuqtayi nazaridan imkoniyati sezilarli darajada katta ekanligi yaqqol ko‘rinadi. Frazeologik iboralarning deyarli barchasi ekspressivlikka, obrazlilikka, alohida ifodalilikka egadir. Masalan, kutmagan so‘zi yetti uxlab tushiga kirmagan iborasi bilan ma’nodosh, ammo ibora ifodalilik jihatidan so‘zdan ancha ustun.

Yana qiyoslang: o‘taketganuchiga chiqqan; beqiyos (juda) – yer bilan osmoncha; albatta – turgan gap; hech qachon – ikki dunyoda (ham); yashirin – yeng ichida. Frazeologik iboralar o‘z ma’nodoshlari bo‘lmish so‘zlarga nisbatan, birinchidan, ma’noni kuchli daraja bilan ifodalasa, ikkinchidan, ularda obrazlilik yorqin bir tarzda aks etadi. Frazeologik iboralar turmushdagi turli voqea-hodisalarga guvoh bo‘lish, kishilarning xilma-xil harakat-holatlariga baho berish, tajribalarini umumlashtirish asosida xalq chiqargan aniq-tiniq xulosalarning o‘ziga xos obrazli ifodalaridir.

Shuning uchun ham ular nutqning ifodaliligini ta’minlashda betakror vositalardir. So‘z san’atining ustalari tildagi bu vositalardan unumli foydalanadilar. Iboralarning asosiy qo‘llanish o‘rni, yashash joyi, asosan, badiiy uslubdir. Ilmiy va rasmiy uslublarda esa iboralar deyarli qo‘llanmaydi.

85-mashq

Parchani o‘qing, undagi xursand bo‘lmoq so‘zi va boshi osmonga yetmoq iborasi o‘rtasidagi ifodalilik darajasi farqini tushuntiring.
– Xatni o‘qidingizmi?
– Ha… o‘qidim…
– Achchig‘ingiz kelmadimi?
– Nega, nega… xursand bo‘ldim…
– Xursand bo‘ldingizmi? Rostdan-a?
– Boshim osmonga yetdi.

(Cho‘lpon)

86-mashq

Matndagi iboralarning ma’nolarini izohlang, ulardagi to‘g‘ri ma’nolar asosida yaratilgan kulgining mohiyatini tushuntiring.
Majlisda unga:
– Sen bola, chuchvarani xom sanab yuribsan. Shoshma hali, jo‘jani kuzda sanaymiz. Bu qanaqasi, sirkang suv ko‘tarmaydigan bo‘lib qopti, – deyishdi…
– Endi menga navbat! Mening sha’nimga juda ko‘p nojo‘ya gaplarni aytdinglar. Hammasiga javob tayyor: chunonchi, sirkasi suv ko‘tarmaydi, dedinglar. Nimaga shama qilyapganlaringni bilaman. Uzumchilik zvenosida ishlaganimda sirka solganman. U suv ko‘taradimi, yo‘qmi, o‘zim bilaman. Ikkinchi masalga o‘taylik: jo‘jani kuzda sanaymiz, dedinglar.

Bundan ikki yil oldin parranda fermasini uchma-uch qilib topshirganman. Jo‘jasi ham, xo‘rozi ham to‘ppa-to‘g‘ri chiqqan. Endi uchinchi masala: chuchvarani xom sanaydi, deysizlar. Mana shu gap menga og‘ir botdi. Qani aytinglar-chi, mening chuchvara sanayotganimni kim ko‘ripti? Kimning uyiga kirib, chuchvarasiga qo‘l tekkizibman? Voobshe, men chuchvara yemayman… (Said Ahmad)

87-mashq

Ignaday narsani tuyaday qilmoq – bo‘rttirmoq; igna ustida o‘tirmoq – bezovta bo‘lmoq, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan – mo‘min, yuvosh; tegganga tegib, tegmaganga kesak otadigan – tegajoq, xira juftliklaridagi iboralarning ifodalilik darajasi haqida fikrlashing.

88-mashq

Berilgan parchadagi iboralarni toping. Ularning matn ifodaliligini ta’minlashdagi ishtirokini izohlang.
Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat ko‘zi tushganda, shubha paydo qilgandagina jinoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani yo‘l qo‘ymaydi. Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi. (Abdulla Qahhor)

89-mashq

Berilgan she’rdagi iboraning badiiy qimmatini baholashga harakat qiling.

Kapalakning kapalagi

Qarang, qarang
Gulga qo‘ngan
Kapalakka,
Qachon ko‘rsam,
Uchib yurar
O‘zi yakka.
Bir yomon qush
Uni birdan
Quvib ketdi,

Yetvoldi deb,
Yuraklarim urib ketdi…
Bu holatdan
Kapalak ham
Cho‘chib ketdi,
Kapalakning
Kapalagi
Uchib ketdi.

(Po‘lat Mo‘min)

  1. Iboralar ifodalaydigan ma’nolar so‘z ma’nolaridan qanday farq qiladi?
  2. Iboralarning obrazliligi haqidagi fikrlaringizni bayon qiling.
  3. Nutq ifodaliligini ta’minlashda iboralarning ishtirokini misollar asosida tushuntiring.
  4. Ijodkorning iboralarni qo‘llashdagi mahorati haqida gapiring.

90-mashq

O‘zingiz o‘qiyotgan badiiy asardan o‘nta frazeo logik iborani topib, gap ichida ko‘chiring. Bu iboralar bilan ma’nodosh bo‘lgan so‘zlarni aniqlang va iboralarning nutq ifodaliligini ta’minlashdagi ishtirokini izohlang.

Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: