Oydin Hojiyeva
O‘zbekiston xalq shoiri
(1942-yilda tug‘ilgan)
Mustaqil vatanni baxt nuri chaysin
Sumbula suviday tiniq bir Ayol
Dunyoni asraydi balo-qazodan.
Yurtning ro‘zg‘orida sen baraka, bol,
Qaldirg‘och niyatli, umri ozodam!
Yerni uyqu devi aldab, muzlatar,
Jonini ilitgay Qavs yaxobi.
Qarri, soqov yerni qayta so‘zlatar
Dehqon yuragining mayin oftobi.
Oyog‘ingda tilla kavushchalarmas,
Kirza etik ko‘rdim cho‘yanday og‘ir.
Sumbul sochlaringga shivirlab ming sas,
Har yil oshiq bo‘lar ko‘klamgi yomg‘ir.
Har yil shonalagan g‘o‘za boshiga
Egilding, unutib polaponingni.
Men ko‘rdim: balxi tut bolang qoshida
Og‘ziga dur tutgan saratoningni.
Sendan rozi ketar shu ko‘hna ketmon,
Boshingdan ter quyar, chopiq qilarsan.
Erkaklar qocharlar shiyponni chog‘lab,
Nozigim, sen qachon hordiq bilarsan?
Ro‘zg‘or – g‘or deydilar. Shu tubsiz g‘orda
Ravshan bir chiroqday yurasan, bekam!
Shu g‘orni butlagil deb bir-u borda
Joningni qirq bitta yaratmish egam…
Tunlar bez-bez og‘rir, oh, barmoqlaring,
Dutor pardasida uyg‘onur nola.
Allaga shaylansa gul dudog‘laring,
Mustaqil Vataning yetar kamola.
O‘g‘ling elga ega bo‘lib ulg‘aysin,
Qizlaring malika bo‘lib ulg‘aysin.
Shoh-u gadoga ham oq sut bergan zot,
Mustaqil Vatanni baxt nuri chaysin.
Endi uying to‘ri o‘zniki bo‘lg‘ay.
Noning butun bo‘lg‘ay, o‘zlig‘ing bo‘lg‘ay!
Endi og‘zingdagin oldirma, xalqim,
Mustaqillik yorug‘ yuzliging bo‘lg‘ay!