Xurshid Davron
O‘zbekiston xalq shoiri
(1952-yilda tug‘ilgan)
Men ko’ksingga boshimni qo’ydim
Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim,
Sen chekkan g‘am, hasratda kuydim.
Suydim sening Oqdaryongni ham,
Hamda Qoradaryongni suydim,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Sen bobolar bitgan baytdirsan,
Muhabbatim qo‘shib ayturman.
O‘tmishingga yo‘l solib goho,
Kelajaging bilib qayturman,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Sen o‘tgan yo‘l — yuragim yo‘li,
Iztirob yoshlari cho‘kkan yo‘l.
Bobolarim jasoratiga
Guvoh — alvon qonga cho‘mgan yo‘l,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Bu yo‘llardan borurman, qadim
Bitiktoshlar chiqar qoshimga.
Ular so‘zin ko‘chiraman jim
Yuragimning bujur toshiga,
Ey, dardimga darmonim, Vatan!
Isming aytib chiqar kurtaklar,
Isming aytib chiqadi quyosh.
Isming aytar jangchi yuraklar
Kurash chog‘i tugasa bardosh,
Ey, qalbimning onasi Vatan!
Bolakaylar qog‘ozdan yasab
Oqizgan kemachalarday,
So‘lim tonglar, ol tonglar yasan
Oqib chiqar kechalaringdan.
Sen umrimning tongisan, Vatan!
Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim,
Sen chekkan dard, hasratda kuydim.
Suydim sening Oqdaryongni ham,
Hamda Qoradaryongni suydim,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!