Zamonaviy o‘zbek adabiyotida nasriy asarlar o‘z ko‘lami va g‘oyaviy-badiiy jihatdan tasvir imkoniyatlarining kengligi bilan ajralib turadi. Nasriy asar uchun har qanday hodisani – u katta yoki kichik bo‘lishidan qat’i nazar – badiiy tasvir vositalari, obrazli tafakkur, insonning barcha ruhiy kechinmalari e’tiboriga ko‘ra aks ettirish muhim sanaladi. Epik ko‘lamdor roman yoki qissalarni o‘qib, ma’lum bir davrning ijtimoiy-tarixiy hayoti, insonlarning turmush tarzi, o‘y-kechinmalari, ishq- muhabbatdek bebaho his-tuyg‘ularini tasavvur qilish mumkin.
Ayni damda badiiy asar o‘z muallifining dunyoqarashi, iste’dodi, shaxsiyatining kimligidan ham darak beradi. Abdulla Qodiriy: «Yozuvchini, garchi shaxsan tanilmasa ham, asarlarini o‘qib, qanday tabiatli shaxs ekanini g‘oyibona bilish, tasavvur qilish mumkin. Chunki u asarlarida, asosan, o‘z tabiatini, ruhini tasvirlaydi», deb juda o‘rinli fikrni yozgan edi. Mustaqillik davri o‘zbek nasri tarkibidagi ayrim namunalar bilan muhtaram o‘quvchilar quyi sinflarning «Adabiyot» darsliklari orqali tanishgan edi.
Ammo uni yaxlit tasavvur qilish uchun bugungacha davom etayotgan adabiy jarayondan ham boxabar bo‘lishlari lozim. Istiqlol yillarida tarixiy va zamonaviy mavzuda romanlar, dunyo adabiyoti tajribalaridan o‘rgangan holda yaxshi qissa va hikoyalar yozildi. Hech shubhasiz, bu davrda yangicha yo‘nalishlar, adabiyot maydoniga qadam qo‘ygan yosh adiblarning yangi nomlari paydo bo‘ldi; inson tabiatidagi ziddiyatlarni noan’anaviy usulda tasvirlashga e’tibor kuchaydi; insonning sirli dunyosini badiiy tadqiq qilish jihatidan o‘zbek nasri yuksaldi.
Eng yaxshi asarlarda jahon adabiyotining tasvir tamoyillari bilan o‘zbekona milliy tafakkur uyg‘unlashdi. Ijod – murakkab ruhiy-ijtimoiy hodisa. Adiblar o‘z shuurida pishib yurgan asarlarni qog‘ozga tushirishga ba’zida ijtimoiy siyosiy muhitdagi erksizlik tufayli imkon topa olmasliklari ham mumkin. Sho‘ro zamonida ijod erkinligining cheklab qo‘yilishi bunga misol bo‘ladi. Biroq istiqlol iste’dodli yozuvchilarga qalbida uzoq saqlanib kelgan mavzularning badiiy talqini uchun imkon berdi.
Xususan, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev kabi adiblar istiqlol yillarida mustabid tuzum davrida yaralangan qalbida qolib ketgan voqealarni «Sarob», «Qorako‘z majnun», «Oftob oyim», «Muzqaymoq», «Bandi burgut» kabi asarlarida bayon qildi. Aziz o‘quvchilar, bu hikoyalarning ayrimlarini o‘qigan bo‘lishingiz mumkin. Mustaqillik davri o‘zbek nasrida insoniy qadriyatlarni e’zozlash, milliy urf-odatlarni qadrlash, mashhur tarixiy shaxslar hayotini badiiy talqin etish, zamon qahramoniga munosib obrazlarni tasvirlash kabi tamoyillar yetakchilik qiladi.
Badiiy asar qayta va qayta murojaat qilinadigan adabiy manba bo‘lishi uchun serqatlam ma’no va o‘ziga xos ramzlar tilini talab etadi. Shunda adabiyot to‘g‘risidagi oddiy, jo‘n va sodda tasavvurlar yangicha nazariy qarashlar bilan boyib boradi. Badiiy asar ma’lum bir zamonda muayyan ijodkor tomonidan yoziladi. Biroq u hamma davrlarda yashayotgan insonlar tabiatiga mos kelishi, o‘y kechinmalariga ta’sir ko‘rsatishi lozim.
Keyingi yillarda o‘zbek adabiyotining nasr yo‘lida shunday badiiy puxta asarlarning yozilayotgani quvonarlidir. Xususan, tasvirlar suvratdan siyratga, oddiy ma’lumotdan inson kechinmalariga – obrazli qilib aytganda irmoqdan ummonga ulanayotgandek taassurot qoldiradi. O‘z asarlarida ezgulik va qabohatning mangu kurashini, inson qalbidagi cho‘ng iztirob va surur chizgilarini yonma-yon taqdim etayotgan iste’dod egalari, imkoni boricha, mustaqillik davri o‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish, zamonaviy o‘zbek nasrini jahon adabiyotining durdonalari qatoriga qo‘shish orzusida ijod qilmoqda.
Istiqlol davri nasrida o‘tgan asrdagi ijtimoiy-siyosiy muhitning, mash’um sho‘rolar siyosati davridagi ziddiyatlarni, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashning o‘ziga xos talqinlari ham maydonga keldi. O‘tgan asrdagi insoniyatni larzaga solgan mudhish hodisalardan biri – bu Ikkinchi jahon urushi. Ayni paytda, afg‘on urushi xunrezliklari to‘g‘risidagi mavzu ham adiblar nazaridan chetda qolgani yo‘q. Afg‘on urushi mavzusida kichik hikoyalar, e’tiborli qissalar yozildi; hujjatli-publitsistik asarlar bitildi; yirik hajmli romanlar ham shu mavzuga bag‘ishlandi.
Mustaqillik davri nasrida inson va tabiat masalasi adiblar tomonidan ko‘p qalamga olindi. Zero, tabiat og‘ushidagi minglab, millionlab xilqatlarning o‘z fazilati, fitrati, xususiyati bor. Inson esa ular ichida eng go‘zal, eng mukarram, barchasi ichra gultoj sanaladi. Inson tabiatiga xos qandaydir fazilat yoki qusurlarni yozuvchilar o‘z asarlarida hayvonot olami tili bilan ham bayon qiladi. Ot va inson munosabatlari to‘g‘risida maxsus asarlar bitildi.
Bularning barchasidan maqsad – inson. Hayvonlarning insoniy fazilatlari ko‘rsatilgan asarlarda odamlarning hayvondek tubanlashgan vaziyatlari namoyon bo‘ladi. Istiqlol yillarida turli ovozga mansub adiblarning o‘nlab kitoblari nashrdan chiqdi. Ularning ayrimlari roman, boshqalari qissa va hikoyalardan tarkib topgan. To‘g‘risi, mustaqillik davri o‘zbek nasrini tugal tasavvur qilish uchun iste’dodli yozuvchilarning asarlaridan namunalar topib o‘qish zarur. Bu asarlar Sizga ma’naviy ozuqa beradi hamda jamiyatda o‘z o‘rningizni topishda ko‘maklashadi, albatta.