3-Mavzu. Sovet davlatining parchalanishi va sobiq sovet respublikalarida mustaqillikning e’lon qilinishi

MDHning tashkil topishi

1991-yilning oxiriga kelib barcha sobiq respublikalar SSSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. 1991- yil 8-dekabrda Rossiya, Ukraina va Belarus rahbarlari yig‘ilib, SSSR siyosiy birlik sifatida tugatilganligini va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tuzilganligini tasdiqladilar.

11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
SSSR qachon va qaysi davlatlar ishtirokida tuzilgan edi?

1991-yil 25-dekabr kuni SSSR prezidenti M. Gorbachyov davlat boshlig‘i vakolatlarini o‘zidan soqit qilganligi to‘g‘risida bayonot berdi. 1991-yil dekabrda Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida beshta Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib, unda a’zo davlatlarning tengligi va barchasining MDH ta’sischisi sifatida ittifoqqa qo‘shilishi ma’lum qilindi. 1991-yil dekabrda Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Deklaratsiya qabul qilinib, SSSR xalqaro huquq subyekti va geosiyosiy reallik sifatida o‘z faoliyatini tugatganligi ta’kidlandi.

Shu yil oxirigacha Boltiqbo‘yi respublikalari – Latviya, Litva, Estoniyadan tashqari barcha sobiq sovet respublikalari MDH tarkibiga kirdi. Ammo Gruziya 2008-yili, Ukraina esa 2014-yildan MDH faoliyatida qatnashmasligini ma’lum qildi. Mo‘g‘uliston MDHning bir qator tuzilmalarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda. 2008-yili Afg‘oniston MDHga kirish istagini bildirib, hozir MDH parlamentlararo assambleyasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

MDHning tuzilishi SSSR parchalangandan so‘ng sobiq sovet respublikalari o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab turishda, ijtimoiy va gumanitar halokatlarning oldini olishda, paydo bo‘lgan muammolarni hamkorlikda hal etishda muhim rol o‘ynadi.

SSSR tarqalgandan keyingi muammolar

SSSR parchalangandan keyin tashkil topgan mustaqil davlatlarda bir qator muammolar vujudga keldi. Shulardan birinchisi siyosiy rivojlanish bilan bog‘liq edi. Sobiq SSSR hududida tashkil topgan mustaqil davlatlarda siyosiy jihatdan demokratik tizimning qaror topishi juda og‘ir kechdi, aksariyat davlatlarda avtoritar rejimlar o‘rnatildi. Buning bir qancha sabablari mavjud. Eng asosiysi, demokratik tamoyillarning e’lon qilinishiga qaramasdan, rahbarlik usullarida, ijtimoiy ongda sovet davridan beri yashab kelayotgan totalitar tafakkur ustunlik qildi.

Natijada, sobiq sovet respublikalarida nisbatan demokratik yo‘l bilan hokimiyatga kelgan rahbarlar shu yo‘lni davom ettirmadi, turli xil usullar va bahonalar bilan o‘z shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash va uni saqlab qolish yo‘lidan bordi. Muxolifat shafqatsiz bartaraf qilindi va oqibatda avtoritar rejimlar shakllandi. Sobiq sovet respublikalarining iqtisodiy rivojlanishi biroz boshqacha kechdi. Ularning bir qismida sovet rejali iqtisodiyotining belgilari saqlanib qolgan bo‘lsa-da, asosiy qismi bozor iqtisodiyoti yo‘lini tanladi.

1991-yil dekabrda … 2008-yili …
1991-yil 25-dekabr kuni …

SSSR ning tarqalib ketishi sobiq respublikalar o‘rtasidagi an’anaviy iqtisodiy aloqalarning buzilishiga olib keldi. Mustaqillikka erishgan sobiq sovet respublikalari qaytadan Rossiya ta’siriga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildilar. Rossiyaning iqtisodiy, texnologik va harbiy imkoniyatlari pasayishi sababli uning xalqaro maydondagi obro‘yi ham tushib ketdi. XX asrning so‘nggi o‘n yilida Rossiyaning jahon xo‘jalik aloqalarida ishtiroki keskin qisqardi.

SSSRning parchalanishi Rossiya uchun geostrategik holatning jiddiy o‘zgarishiga olib keldi. Rossiyaning xalqaro obro‘yi ham pasayib, Yugoslaviya, Iroqdagi kabi keskin xalqaro muammolarni hal qilishda deyarli ishtirok etmadi. 1990-yillarning ikkinchi yarmida Rossiyadagi iqtisodiy-ijtimoiy holat va Rossiyadan tashqaridagi ruslar muammosi alohida dolzarblik kasb etdi. Bunga sobiq SSSRning turli hududlaridan Rossiyaga ko‘chib kelayotganlar muammosi ham qo‘shildi. Shu davrda ruslar dunyodagi eng katta bo‘lingan millat bo‘lib qoldi. SSSR tarqalib ketgandan so‘ng 80 mln rus Rossiya hududidan tashqarida qolib ketdi.

1990-yillarning ikkinchi yarmida …
1999-yil oxirida …
XXI asr boshlarida …

1999-yil oxirida B. Yelsin prezidentlik vakolatlarini V. Putinga topshirdi. 2000-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda V. Putin Rossiya prezidenti etib saylandi. U davlatni boshqarish tizimini isloh qildi. Markaziy hokimiyatni mustahkamlab, joylardagi o‘zboshimchalikka chek qo‘ydi. O‘ylab olib borilgan iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy siyosat tufayli 2000-yillar boshlariga kelib, Rossiya og‘ir ahvoldan chiqib oldi.

Tashqi siyosatda AQSH va G‘arbning yetakchi davlatlari bilan munosabatlar tarangligicha qoldi. Ayniqsa, 2014-yili Ukrainada yuz bergan navbatdagi «rangli inqilob» tufayli hokimiyat almashgandan so‘ng Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi ortidan G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e’lon qildi, u «Katta sakkizlik» – G-8 dan chiqarildi. Rossiya iqtisodiyotida bir qator muammolar paydo bo‘ldi, rublning qiymati tushib ketdi.

Hozir Rossiya BRIKS va SHHT doirasida hamkorlikni kuchaytirmoqda. MDH davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ham oson kechmadi. Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida Qora dengiz flotini bo‘lib olish, Qrim yarimorolidagi Sevastopol shahrining maqomi to‘g‘risida keskin bahslar ketdi. Rossiya bilan Boltiqbo‘yi davlatlari o‘rtasida ham u yerda yashovchi ko‘p sonli rusiyzabon aholi huquqlari va hududiy masalalar bo‘yicha qattiq tortishuvlar bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston va Moldova respublikalarida fuqarolararo mojarolar yuz berganda, Rossiya o‘zining iqtisodiy va strategik manfaatlari yuzasidan bu muammolarni bartaraf qilishda qatnashdi.

2000-yillardan boshlab MDH davlatlari yaxshi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda.
2014-yili Ukrainada «rangli inqilob» tufayli hokimiyat almashdi.

XXI asr boshlarida Rossiya tashqi siyosatida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. MDH davlatlari bilan ham munosabatlarga katta e’tibor berila boshladi. Masalan, 2017-yili O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki tomonlama yirik hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

2000-yillardan boshlab MDH davlatlari yaxshi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ko‘rsatib kelmoqda. 2012-yil natijalari bo‘yicha MDH davlatlarida YIMning o‘sishi 4 % ni tashkil qildi. Aholi jon boshiga YIMning hajmi bo‘yicha MDH mamlakatlari Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq kabi mintaqalarni quvib o‘tdi. Bugungi kunga kelib, MDHdan tashqari mintaqaviy xalqaro tashkilotlar ham paydo bo‘ldi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Bojxona Ittifoqi shular jumlasidan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi bu tashkilotlar faoliyatida o‘zaro manfaatdorlik va tenglik asosida qatnashib kelmoqda.

Geostrategiya – davlatning xalqaro maydonda olib boradigan tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyati yo‘nalishlari. Geostrategiya milliy xavfsizlik doktrinasining ajralmas qismi bo‘lib, geosiyosiy yoki geoiqtisodiy makonda o‘z maqsadiga erishish uchun davlat tomonidan qo‘llaniladigan harakat texnologiyalarini ham o‘z ichiga oladi.
«Rangli inqilob» – bu XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi norozilik namoyishlari va ular natijasida yuz bergan hokimiyat almashinuvlarining umumiy nomi

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. SSSR parchalangandan so‘ng sobiq sovet davlati hududida MDH qanday rol o‘ynadi?
  2. Mustaqillikka erishgan sobiq sovet respublikalari rivojlanishida qanday siyosiy va iqtisodiy muammolar vujudga keldi?
  3. 2010-yillardan keyin Rossiya va MDH davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
  4. 2000-yillardan boshlab MDH davlatlari rivojlanishida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

Mustaqil ish

Internetdan foydalanib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga doir suratlarni izlab toping va rangli klaster tuzing.
Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: