Rauf Parfi sherlari haqida

XX asr o‘zbek adabiyoti tarixida o‘zining betakror she’rlari bilan o‘ziga munosib o‘ringa ega bo‘lgan shoirlardan biri Rauf Parfidir. Rauf Parfi she’riyat maydoniga XX asrning 60-yillarida kirib keldi. Birinchi kitobi «Karvon yo‘li» deb nomlanadi. Ta’kidlash lozimki, shoirlar uchun birinchi kitob juda muhim bo‘ladi. Shoir ahli o‘zlarining birinchi kitoblari bilan o‘quvchilarini topishi yoki, aksincha, yo‘qotishi ham mumkin.

 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Rauf Parfi taqdiriga she’riyat muxlislarining suyukli shoiri bo‘lishdek baxt bitilgan edi. «Rauf Parfi she’riyati» degan ta’birning o‘ziyoq shoirning adabiy merosi, go‘zal she’rlari, ijodining umumpafosi to‘g‘risida mulohazalar yuritishga undaydi. Shoir she’rlarida Vatan, ona, inson, tabiat mavzulari yetakchilik qiladi. Muhtaram o‘quvchi! Siz shoirning ulkan ijodiy merosining bir qismidan bahra oldingiz.

«Tong otmoqda», «Yomg‘ir yog‘ar», «Yoz kechasi», «Yana qaytib keldim…», «Yurak» she’rlari ijodkorning nechog‘li favqulodda iste’dod sohibi ekanligidan, tabiat lirikasi bilan inson «men»i uyg‘un va hamohang shaklda tarannum etilganidan darak berib turibdi. «Tong otmoqda» she’rida shoirning umidlari, yorqin tuyg‘ulari ifodasini topgan.

E’tibor berilsa, bunda quyosh zambarakka, uning zarrin nurlari o‘qlarga qiyoslangan. Quyoshdan tinimsiz o‘qlar yog‘iladi go‘yo. Aslida, bu o‘xshatish bejiz emas. Fizik qonuniyatlarga ko‘ra, nurning zarralar ko‘rinishida tarqalishi ham mavjud voqelikdir. Yer shari shoirtasavvurida o‘sha zarralar oqimi – o‘qlardan yaralangandek ko‘rinadi. Keyin shoir nigohi tabiat hodisasidan insonlarga ko‘chadi. Har kuni saharda uyg‘ongan odam musaffo tong bilan qarshilashadi.

Tong pokizaligi odamlar yuragiga ko‘chadi. Bu she’rning juda sodda zohiriy ma’nosini shunday tahlil qilish mumkin. Ammo Rauf Parfi she’rlari bir marta o‘qib qo‘yiladigan va darhol uqib olinadigan sodda she’rlar sirasiga kirmaydi. Shoir o‘z qalb kechinmalarini ifodalashda tabiatga murojaat qilishini «Yomg‘ir yog‘ar» she’rida ham ko‘rish mumkin. Kim hayotida yomg‘irga duch kelmagan? Kim ham yomg‘ir ostida qolib ketmagan?

Qo‘lida shamsiyasi bo‘lmagan har qanday odamning sochlariga, boshiga yomg‘ir tomchilari tomchilaydi. Kayfiyati chog‘ odam bundan huzur topishi, aks holda, asabiylashishi ham mumkin. She’rdagi «Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar» misrasi olti marta qaytariladi. Bunday takror misoli yomg‘irning yog‘ish tovushini eshitishga, yomg‘irning yerga tushish harakatini tasavvur etishga yordam beradi. Xo‘sh, shoir tasvirlayotgan yomg‘ir ostida qolgan «men»ning kayfiyati qanday?

U qayg‘udami yoki quvonchdami? Bu jumboq keyingi bandlarda ochiladi. She’rning lirik qahramoni yomg‘irdek go‘zal tabiat hodisasiga butun vujudi bilan qo‘shiladi. Chunki u: «Men unga ochaman bag‘rimni», – deb e’tirof etadi. Demak, uning qalbida o‘zgacha bir zavq-shavq paydo bo‘ladi. Buning ta’sirida yomg‘ir unutiladi. Yomg‘irga lirik qahramon asir bo‘ladi. Eng muhimi, ushbu ruhiy vaziyat ortidan she’r tug‘iladi. Shu bois shoir: «Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil», – deb o‘z she’riga nuqta qo‘yadi.

«Men bunday vaziyatda qog‘ozga she’r yozdim» deyishi juda sodda va she’riyatning ramzli tilidan ancha yiroq tushgan bo‘lar edi. She’rga «ko‘ngil»ning qo‘shilishi uning badiiy quvvatini oshiradi. Chunki she’riyatda shoirning o‘z ko‘ngli bilan suhbatlari, muloqot va bahslari ko‘p kuzatiladi. She’r – ko‘ngil hodisasi. Rauf Parfi o‘z she’rida so‘z, misra, tovushlar takroridan maydonga keladigan takrir, tavze’ hamda o‘zaro qarshilantirishdan paydo bo‘lgan tazod kabi badiiy san’atlardan unumli foydalangan.

Odatda, bahor fasli shoirlarga ilhom beradi. Ammo Rauf Parfining sizga taqdim etilgan bitta she’ri – yoz fasli sha’niga to‘qilgan qo‘shiq. Shoir yoz kechasidagi tabiat manzarasini o‘zgacha nigoh bilan kuzatarkan, qulog‘iga shiraga to‘lib g‘arq pishgan qovunning tars yorilishi eshitiladi. Bunday sasni hamma ham eshita olmaydi, palakda endigina yorilgan chiziqni ko‘rgan shoir shuurida «tars»illagan nafis ovoz paydo bo‘ladi. Bir mahal uning ko‘zlari pishib to‘kilgan shaftolilarni ko‘radi.

She’rda shoir jonlantirish, tashxis san’atini qo‘llagan holda dalalarni insondek uxlatadi. Unga zid o‘laroq, oqar suvlar hamisha uyg‘oq. Shuning uchun suv ariqlar bo‘ylab polizga shoshib ketayotgandek bo‘ladi. Tundagi sokin-jimlikni, odatda, chigirtkalarning «qo‘shig‘i» buzadi. Chigirtkaning g‘alati kuyi ham shoirni o‘ziga tortadi. «Chigirtkalar chirillar chunon» – bu misradagi «ch» tovushining nazokati mitti hasharotlar kuylayotgan kuy nafosatiga qo‘shiladi. She’rning oxirgi bandida shoir yozadi:

Yoz yomg‘iri iliqdir biram,
Shitir-shitir uning qo‘shig‘i.
Bir shirin hid taralar yerdan,
Va yurakka ketar qo‘shilib.

To‘g‘risi, yozda yog‘adigan yomg‘irning gashti, ayniqsa, yomg‘ir suvining tafti bo‘lakcha. Shoirning nozik qalbi bu haroratni ham sezib turadi. Eng muhimi, she’rning oxirgi bandidagi ta’kid. Yomg‘irdan keyin yerdan tuproq hidi keladi. Shoir ko‘ngil ko‘zi bilan ranglarni ko‘radi, hidlarni sezadi. Chunki bularning barcha-barchasini shoir o‘z yuragidan o‘tkazadi.

Shu bois tabiatda kechayotgan bunday dinamik voqelik shoir tuyg‘ulariga, yuragiga qo‘shilib ketadi. Muhtaram o‘quvchi, sizga taqdim etilgan «Yana qaytib keldim» hamda «Yurak» she’rlarining mazmun mohiyatini, shakliy qirralarini, unda qanday tasviriy vositalar, badiiy san’atlar qo‘llanganini yuqoridagi tarzda talqin qilishga harakat qilib ko‘rishingiz maqsadga muvofiqdir.

Bunday tahlil jarayonida, albatta, she’rning sizga ma’qul kelgan nuqtalariga, har bir bandni ohangdor qiladigan unsurlarga diqqat qaratish talab etiladi. She’rni yod olish, undagi lirik qahramon o‘rniga har kim o‘zini qo‘yib, tasavvur qilib sharhlashi ham yaxshi samara beradi.

Savol va topshiriqlar

  1. Rauf Parfi tarjimayi holini yana boshqa dalillar bilan to‘ldirishga harakat qiling.
  2. Shoir she’rlarining o‘ziga xosligi va milliy xususiyatlariga
    e’tibor bering.
  3. Siz tong otishini kuzatganmisiz? Sizning kuzatuvingiz bilan
    shoir she’rda tasvirlagan tong manzarasini o‘zaro qiyoslang.
    Bu borada shoir mahorati haqida nima deya olasiz?
  4. Rauf Parfi she’rlarida qanday badiiy san’atlar qo‘llangan?
  5. Shoir she’rlarida tabiat lirikasining o‘rni va ifoda tarzini
    misollar asosida tushuntiring.
  6. She’rlardagi inson ruhiy holatlari ifoda qilingan nuqtalarni
    ajratib ko‘rsating.
  7. Rauf Parfi tasavvuridagi ona obraziga tavsif bering.
  8. «Shahlo ko‘zli mening targ‘ilim» deganda nimani tushunasiz?
  9. «Ajoyib diyorsan, qalbim, na chora Shodlik va hasratning
    maskani sanda» misrasida qanday tuyg‘ular ifodalangan?
  10. «Yurak» she’ridagi shoirning murojaatlari sababini izohlang.
  11. Shoir she’rlaridan namunalar yod oling.
  12. «Rauf Parfi she’rlarining zamonaviyligi va umrboqiyligi»
    mavzusida kichik ijodiy matn yozing.
Оцените материал
( Пока оценок нет )
Nargiza Umarova/ автор статьи

Bir necha yillardan buyon internet texnologiyalarini o'rganib tajribalarimni oshirib kelayapman. Va turli yo'nalishlarda maqolalar yozaman.

Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: