Topshiriq
Berilgan gapni o‘qing va qaysi til vositasini noto‘g‘ri qo‘llash tufayli nutqning mantiqiyligi buzilganini izohlang.
Sudning kimyoviy ekspertizasi T. Bo‘riyevning qo‘llari, kurtkasining chap cho‘ntagida maxsus kukun izlari mavjudligi, kukunlar tarkibi ham bir-biriga mosligi aniqlandi. (Gazetadan)
Nutqning mantiqiyligi ifoda nuqtayi nazaridan ko‘proq tilning morfologik va sintaktik sathi bilan bog‘liqdir. Har qanday sintaktik birlikning nutqda o‘z mantiqiy-grammatik o‘rni bor. Gapda so‘zlar tartibining to‘g‘ri, tilning sintaktik tabiatiga uyg‘un bo‘lishi mantiqiy nutq tuzishda jiddiy ahamiyatga molikdir. So‘z tartibidagi nuqson jumlada ifodalangan fikrning mantiqan yanglish yoki ikkiyoqlama anglanishiga olib keladi.
Masalan, Loqaydlik tufayli ko‘rsak ham, indamaymiz tarzidagi jumlada so‘z tartibidagi nuqson sababli fikr ikki xil tushunilishi mumkin, ya’ni «loqaydlik tufayli ko‘rish» (bu, albatta, mantiqqa zid) va «loqaydlik tufayli indamaslik». Aslida, ifodalanmoqchi bo‘lgan fikr – ularning ikkinchisi. Jumladagi so‘z tartibi Ko‘rsak ham, loqaydlik tufayli indamaymiz tarzida tuzilsa, mantiq to‘g‘ri ifodalanadi
43-mashq
Gaplarni o‘qing. Gap qurilishidagi kamchiliklar tufayli yuzaga kelgan yanglishlik haqida bahslashing.
- Agarda shunga qaror qilgan bo‘lsa, mazkur amaliyotni, albatta, reja asosida amalga oshirgan ma’qul. Ya’ni malakali mutaxassisga murojaat qilishi, zaruriy qon tahlillarini topshirishi, yurak faoliyatlari tekshiruvi, qon kasalliklari, sog‘lom bo‘lishi zarur.
- Tashqi ko‘rinishni o‘zgartirishdan oldin bu haqiqatan kerakmikin, deb o‘z-o‘zingizga savol bering. Balki, to‘g‘ri turmush tarzini olib borish bilan bularni o‘zgartirish mumkindir ham. (Gazetadan)
- Bobom bu yil askarlarimizga, kam deganda, uch vagon qovun-tarvuz jo‘natmasam, do‘ppimni osmonga otaman deb, kecha-kunduz polizdalar. (S. Ravshanov)
44-mashq
Gaplardagi grammatik vositalarning noto‘g‘ri qo‘llanishiga ko‘ra yuzaga kelgan mantiqiy nuqsonlarni izohlang.
- Fursatdan foydalanib, institut jamoasi va ekspertlari nomidan, barcha yurtdoshlarimizni Yangi 2018-yil bilan chin dildan qutlaymiz va oldimizda turgan ulkan vazifalarni bajarishda bir tan-u bir jon bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, yurtimiz ravnaqi uchun hormay-tolmay ishlashlariga chaqiraman. (Gazetadan)
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlashish orqali ularning shaxsi o‘rganib chiqildi. (G. To‘laganova)
- Qonunga ko‘ra, amnistiya aktini qo‘llash uchun ayblov tomonining, shu jumladan, jabrlanuvchining roziligini talab etilmaydi. (G. To‘laganova)
- Bug‘doyrang cho‘tir yuzlarini ajin bosgan, soqollari sutdek oppoq. Lekin o‘zlari sira tinchimaydilar. (S. Ravshanov)
45-mashq
Berilgan gaplarni o‘qing, nutqning mantiqiylik sifatiga putur yetkazgan leksik, morfologik va sintaktik vositalarni izohlang.
- Ayol kabinetga kirib kelishi bilan uni qayerdadir ko‘rganga o‘xshab ketdim.
- Bu ish uchun kerakli ko‘nikmani, uquvni hayotning o‘zi tug‘diradi, tarbiya, bilim beradi.
- Shunday qilib, uni bu aybi uchun ikki huquqdan mahrum etiladi.
- «Balki» degan taxmin tergovchi faoliyatida zo‘r chora – narsa emas, ammo uni hisobga olinmasa ham bo‘lmaydi.
- So‘zni uning uchun yoqinqiragan mavzudan boshladim.
- Eh, qancha chilvir u? Yonib kul bo‘ldi-ku o‘sha chilvirlar. Hammasi yonib jizg‘anak bo‘ldi-ku.
- Hozir ona yuragida nafrat va xo‘rlanganlik hislarigina bo‘lgan. (M. Nasibullin)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Og‘zining tanobi qochmoq Behad sevinmoq, xursandligi tufayli lab-lunjini yig‘ishtirib ololmaslik. Ma’nodoshi: og‘zi qulog‘iga yetmoq; boshi ko‘kka yetmoq; terisiga sig‘may ketmoq; qo‘yi mingga yetmoq.
Payiga tushmoq 1. Zimdan yurib butun xatti-harakatini ta’qib qilmoq. Ma’nodoshi: iziga tushmoq; ketiga tushmoq; orqasiga tushmoq. O‘xshashi: payidan tushmoq. 2. Manfaatdor bo‘lgani holda berilib harakat qilmoq. Ma’nodoshi: ketiga tushmoq.
- Gapda so‘z tartibi deb nimaga aytiladi?
- Gapda so‘z tartibi o‘zgarishi mumkinmi? Bu qaysi nutq shaklida ko‘proq kuzatiladi?
- Qanday maqsad bilan she’riy asarlarda o‘zgargan so‘z tartibidan foydalaniladi?
- So‘z tartibidagi nuqson natijasida nutqning qaysi sifati buziladi?
- Nutqning mantiqiylik sifati ifoda jihatidan ko‘proq tilning qaysi bo‘limi bilan bog‘liq?
46-mashq
Matnni ko‘chiring, unda mantiqiylik sifatining ta’minlanishida ishtirok etgan sintaktik birliklarni izohlang.
1956-yili edi. Yetimxonada birga o‘sgan tengdoshlarimni uchratib qoldim. Yigirma yilcha ko‘rishmagan bo‘lsak-da, men u haqda ancha-muncha gapni eshitib bilar edim. O‘zim umrimda ko‘p qiyinchilik, mushkul vaziyatlarni boshimdan kechirganman. Lekin mening ko‘rgan kunimni buning ko‘rgiliklari oldida jannat desa bo‘lardi. U tarixchi yosh muallim edi. 1941-yili urushga ketganini bilaman, keyin ko‘p o‘tmay, bedarak yo‘qolganini eshitdim. Urushdan keyin ma’lum bo‘ldiki, asir tushib, to‘rt yilda konslager dahshatlarini boshidan kechiribdi.
G‘alabadan keyin harbiy qismlarimiz qutqarganda, oilasiga darak keldi: ochlikdan chalajon bo‘lgan holicha gospitalga joylashtirishgan ekan. Ammo bir yil o‘tar-o‘tmay Kolimada emish, deb eshitdik. O‘sha gapga ham to‘qqiz yil bo‘ldi. Demak, jami o‘n besh yilcha jahannam azobini chekib omon qolgan odam. Lekin u hozir bunday kulfatni kechirgan kishiga sira o‘xshamasdi. Quloch yozib ko‘rishganimizda yana ham amin bo‘ldimki, u tog‘ni ursa talqon qiladiganday sog‘lom, baquvvat, oq yuzidan kulgi charaqlab turibdi. (Asqad Muxtor)