Muhammad Ali
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
(1942-yilda tug‘ilgan)
Sohibqiron o‘ylari
(«Ulug‘ saltanat» epopeyasi to‘rtinchi kitobidan parcha)
Zamona arg‘umog‘i poygada yutib chiqishga otlangan uchqur samanday shiddat bilan olg‘a chopadi. Faqat uning samandan farqi bor: samanni chavandoz boshqaradi, bu arg‘umoqning esa chavandozi, egar-yugani yo‘q, yaydoq, bir o‘zi, boshi og‘gan tomonga chopadi, oyog‘i tashlangan yerga tushadi. U birovni mindirish u yoqda tursin, yoniga ham yo‘latmaydi, har qanday saman horib-toladi, arg‘umoq esa ne-ne asrlar, yillar o‘tibdirki, charchash nimaligini bilmaydi, to‘xtamasdan yelgani yelgan… Uni «Vaqt» deb atardilar.
Sohibqiron o‘zini ana shu purqudrat Vaqt bilan bahs boylashishga qodir deb hisoblar, uning bilan birga chopishga tirishar, ortda qoldirib ketishni o‘ylardi.
Chindan ham, u Vaqtdan o‘zg‘irlik qilganday edi: keyingi to‘rt yil mobaynida baland Hindikush tog‘idan oshib o‘tib Hindistonni fath ayladi… Qo‘shinlarni Oqshahar tomonga yuborishga farmon qilgandan keyin Amir Temur xushmanzara Egridir ko‘li sohilida biroz istirohat etmoqchi bo‘ldi. Serdaraxt joylar unga yoqib qoldi. Shimolga qarab yoyilgan zilol suvli ko‘l xoriqulodda fayzli va go‘zal edi. Darhol shohchodir tikdilar, ipak ko‘rpachalar tashlangan shohona so‘rini shundoqqina ko‘lning bo‘yiga olib tushdilar.
Kunbotish tomonda, sohildan ichkariroqda kichik malika To‘kal xonimning, ikki yonda esa kanizaklarning saropardalari joylashdi. Yigirma ikki yoshli kichik malika har kuni uyqudan turganlarida kanizakdan suv to‘la oltin obdastani olib o‘zi Sohibqiron qo‘llariga quyib beradi. Odatda, Sohibqiron saharlarda so‘rida parqu bolishga yonboshlagancha, tong otishini kuzatardi. Oldindagi yastanib yotgan tiniqlashib borayotgan poyonsiz shaffof ko‘lga boqarkan, Sohibqironning bahri-dili ochilar, baxmalrang suvlarning yoqimli rangi xiralasha boshlagan ko‘zlariga quvvat bag‘ishlardi.
Kunchiqish tomonga qarab cho‘zilgan, ko‘lga chiroyli yoqaday yarashgan, atrofiga gullar ekilgan, eni uch qadamlik shinam uzun yo‘lkada kezish unga rohat bo‘lib ko‘rinadi… Muhammad Churog‘a dodxoh yiroqdan sayr-u tomosha ixtiyor etgan Amir Temurning allaqachon saropardadan chiqib, ellik qadamlar narida sohilda ohista kezib yurganini ko‘rdi. Boshida murassa toj, egnida zarbof to‘n, belida oltin kamar yaraqlardi.
Sohibqiron og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchi oyog‘iga tashlab qadam bosar, dodxoh nazarida, bu odam bir paytlardagi baland bo‘yli, chorpahil, oyoq-qo‘llari uzun pahlavonkelbat Temurbek emas, yillar zalvoridan yelkalari biroz chiqqan, sezilar-sezilmas cho‘kkan (buni Muhammad Churog‘a dodxoh sezadi, xolos!), ko‘pdan buyon saltanat yukini yelkasiga dadil ortmoqlagan kadxudo, mo‘ysafidlik shartlarini inkor etishga qodirman, Vaqtni yengib bo‘lmasa-da, uni ham tiz cho‘ktira olaman, deb urinayotgan Amir Temur edi.
Muhammad Churog‘a dodxohning dili orziqdi. Eh-he, mana shu ro‘baro‘dagi odamning joni, chindan ham, temirdan ekan! Urush degan baloyi ofatning turgan-bitgani besaranjomlik, vayronagarchilik, qirg‘in, jang, dod-voy, faryod, suron u g‘alayondan iborat. Dodxoh bundoq qarasa, Sohibqironning yigirma yilga yaqin umri shiddatli safarlarda kechibdi… Ha, borgan joylarida «Turon tursa, bo‘ron bo‘ladi!» maqolini taomilga kiritib keldilar.
Bundoq jahongirlikni hali olam ko‘rmagan. Safarda, janglarda aslo halovat yo‘q, hamisha jon-ruh azobda, ko‘ngillar iztirobda, askardan to podshogacha barchasida it yotish, mirza turish holati yuz beradi. Sohibqiron bu qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga chidaydi, yo‘q, u ana shu mashaqqatlar uchungina tug‘ilganday… Biron yerda yozg‘irib, noliganini eshitmaysiz.
Urushning beti qursin, deydi, faqat urushning oldini olaman degan sari urush chiqib kelaverganiga, uni tugata olmaganiga yoqa tutib qoladi… Dodxoh Sohibqironning nima maqsadda chorlaganlari vajini o‘zicha tusmollashga urinardi: «Amir Sohibqiron Rum taqdiri haqida so‘zlashmoqchilar, nazarimda. Katta-kichik qal’alarni olish demasa, Rumda janglar deyarli to‘xtadi.
Agar shu haqda so‘z ochilsa, uning ajoyib taklifi bor…» Sohibqiron yo‘lkadan burilgan dodxohni ko‘rib ortiga qaytdi. So‘riga borib o‘ltirdilar.
– Rum qaysari betob bo‘libdur, – dedi Amir Temur. – Afsus… Xiyla darmonsiz ermish. Darhol tabiblar yubortirdim. Yaxshi taomlar, doru darmonlar buyurtirdum.
– Ha, iztiroblar uni tinch qo‘ymaydir, Amir Sohibqiron.
– Mamat, undan xabar olib turibsenmu?
– Hamisha boxabarman, Amir Sohibqiron.
– Ne dard ilashg‘on erkan? Tabiblar ne deydir?
– Zayyiqi nafas va xunok marazi birlan og‘ribdur. Zo‘riqish kuchli, nafasi qisar emish.
Amir Temur o‘ylanib qoldi, keyin:
– Xudo shifo bersun. – dedi. – Yildirim Boyazid butun Rum boyliklarini jamuljam etmish edi. Qaramon shahzodasi amir Muhammad esa o‘n ikki yil Bursada zindon azobini tortibdur. Ozod etib, Qaramonni o‘ziga in’om qildum.
– Hm-m…
– Sulaymon Chalabiyga Edirnani tobshurdim…
– Qandoq bo‘larkin… O‘zimizda chaqmoqdek shahzodalar ko‘p…
Sohibqiron dodxohga qarab jilmaydi:
– Mulk yetmay qoladur degan tashvishdasen-da, Mamat.
Mulk… mulk…
Mulk… mulk…
Muhammad Churog‘a dodxoh dilidagini aytib yuboray dedi-yu, hali fursat yetmaganini bilib tiyildi, boshqa hech narsa demadi. Sohibqironning bugun qandaydir qulfi-dili ochilay deb turibdi, shekilli, qani, kutsin-chi. Dodxoh ko‘pdan, Rum yurti parchalab yuborilmay, yaxlit holida saqlanib, amirzoda
Xalil Sultonga tobshirilishi lozim, degan fikrni ko‘ngliga tugib yurardi.
Ammo buni hech kimga aytmagan. Rostdan ham, Turonda shahzoda Muhammad Sulton, Xurosonda Shohrux Mirzo, Rumda Xalil Sultonlar bu ulug‘ saltanatning uch purviqor ustunlariday Amir Sohibqiron qanotida tursalar, uzoq yillar mamlakat dorilomon-u el-ulus farog‘atda yashaydi.
Amir Temur ko‘l tomondan ko‘zini oldi.
– Mulk… – dedi yana Amir Temur. – Mulk Ollohnikidur. Lekin uni boshqarish, obod etish biz bandalarga tobshurilg‘on… O‘n besh yoshlarda ekanimda padari buzrukvorim Tarag‘ay bahodirning – unga parvardigor o‘z jannatini ato etsun – gapirg‘onlari esimda: «Bobolardan eshitg‘onmen, bobolarim bobolaridan eshitg‘on ekanlar.
Bu hikmatlar Buyuk Turk xoqonligini boshqarg‘on Bumin xoqon, Istami xoqon zamonlaridan nasldan naslga o‘tib keladur, o‘g‘lim, – degandilar ul zot. — Ajdodlarimiz ulug‘larining parokanda yurtni ko‘rib, aytg‘on ushmundoq fig‘onli so‘zlarini hamisha yodingda tutg‘il: «Jabrdiyda turk bek bo‘ladurg‘on o‘g‘il bolasi bilan dushmanga qul bo‘ldi, suluv qiz bolasi bilan cho‘ri bo‘ldi… Davlatli xalq eding, davlating qani? Xoqonli xalq eding, xoqoning qani?
Tepangda turk osmoni, pastda turk yeri bo‘lsa…» Padari buzrukvorim o‘sha paytlarda Turon zaminida yuz berayotg‘on boshboshdoqliklardan, har shahr-u qasabada bir hokim ekanidan, birlashish yo‘qligidan dillari ozor chekib o‘ksinardilar, «Mana bu bechora xalqning qornini kim to‘yg‘izadi?..» – deb tashvish chekardilar. Ko‘rdingmu, Mamat? Davlatli xalq ekanmiz! Xoqonli xalq ekanmiz! Kichikligimdan otamning o‘sha alamli so‘zlari ko‘nglimga o‘rnashdi, o‘sha davlatni barpo etishni niyat qildim…
Muhammad Churog‘a dodxoh davlat borasidagi bunday so‘zlarni ilk bor eshitmoqda edi. Sohibqiron hech qachon bu haqda, uni qurdim, buni tuzdim, deb og‘iz ochganmas. Maqtanishni aslo yoqtirmaydi. Chindan-da, bu qiziq.
– Nechog‘liq farovon so‘zlar! Demak, davlat tuzish fikri rahmatli ulug‘ bobomiz Tarag‘ay bahodir janoblariga tegishli ekan-da? Yana nimalar deganlar ul tabarruk zot?
– Aytg‘onlari ko‘p: «Davlat tuzgil, chunki davlat elni tutguvchi, qo‘riqchi, millatning soqchisi, tuproqning egasi ekanini unutmagil! Avomunnos el, miskin holidin hamisha xabar olg‘il, xalqning tomog‘ini to‘q tutgil!» – derdilar. «Faqat mol-mulkka bog‘lanib qolma!» – deb uqtirardilar. «Yuqoridagi ko‘z ochib ko‘rganing ko‘k osmonga, pastdagi ilk qadam qo‘yg‘oning qo‘ng‘ir yerga hamisha sadoqatli bo‘l!» – deb tayinlardilar padari buzrukvorim…
Amir Temur yana ko‘l uzra olis-olislarga tikildi. Sohilga yaqin yerda ko‘l tepasida bir gala qush g‘ujg‘on o‘ynashib, goh u tomonga, goh bu tomonga xuddi katta to‘p yumalaganday uchishar, bir-biridan ajralishmas, goh yiroqqa ketishar, ko‘p o‘tmay chug‘urlashgancha ortga qaytishardi.
– O‘sha nasihatlarni kechagina eshitg‘ondaymen. Ularni bir lahza ham yodimdan chiqarg‘onim yo‘q. Ajab, qarasam, hash-pash deguncha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam yoshidan ham o‘tib, oltmish sakkiz yoshga qadam qo‘yib turg‘on ekanmen. Saltanat masnadig‘a o‘ltirdim-u, rohat-farog‘at to‘shagida uxlashdan voz kechdim, tun uxlamadim, kunduz o‘ltirmadim. O‘n ikki yoshimdan jahongashtalik qismatim bo‘ldi, ranj-u mehnatlar tortdim.
Har xil tadbirlar qo‘lladim, g‘anim favjlarini sindirdim. Amirlar va askarlarning isyonlarini bostirdim, ulardan achchiq so‘zlar ham eshitdim. Lekin sabr-u bardosh etagini tutdim, o‘zimni bilib bilmag‘onga, ko‘rib ko‘rmag‘onga soldim. Bari bilan murosaga bordim, ularni tinchitdim. Boshlarini biriktirdim. Parokanda mingquroq yurtni birlashtirib, unga «Vatan» deb ot qo‘ydim. O‘layotg‘on xalqni tiriltirib tarbiyat etdim, yalang‘och xalqni kiyimlik qildim, kambag‘alni boyga aylantirdim, oz xalqni ko‘paytirdim.
Qilich ko‘tarib jang maydoniga otildim, olamni qilich zarbi birla oldim, dunyoda nom chiqardim. Jahongirlik rutbasig‘a ega bo‘ldim. Turon davlatini barpo ayladim!..
Amir Temur biroz tin oldi. Muhammad Churog‘a dodxohning dilidan esa shunday
so‘zlar kechdi: «Bu davlatda hozir yosh bolaning boshiga bir laganda o‘n tilla qo‘ysa, u Sultoniyadan Samarqandgacha borsa, bir tilla kamaymaydur! Barchasiga o‘zim shohidman. Ha, Amir Sohibqiron adolatni mahkam tutdi. Zero, «Kuch – adolatda» so‘zlari uzugining ko‘zida porlab turibdur. Adolatga xiyonat qilmadi, bu borada, Xudo shohid, hatto o‘z farzandlarini ham ayagani yo‘q.
Parvardigori olam mundoq davlat ato etdikim, beadad shukr, Yer yuzi podshohlarini mute’ qildi, tizzasi borni cho‘kkalatdi. Haqning unga yuklagan vazifasini ado etmak maqsudi bo‘ldi, Olloh bergan umrni tug‘ilgan yurti Turon dovrug‘ini olamga yoyishga baxshida etdi. Dunyo bir uzuk esa, Samarqand – firdavsmonand dor us-saltanani uning yoqut ko‘ziga aylantirdi…»
– So‘zlaringiz rostdur, jonim sizga Qurvon, Amir Sohibqiron! Ularni ko‘z qorachug‘i bilan ko‘zlarimiz oqiga yozsak arziydi! Barini jumlayi jahon ko‘rib turibdur! – dedi dodxoh Amir Temurda baland so‘z havosi paydo bo‘lganini payqab.
U ko‘pdan bunday holni kuzatmagandi. Sohibqiron o‘z o‘tgan umrini eslaganidan mamnun-u masrur odamday favqulodda hayajon-u tug‘yonga chulg‘angandi:
– … Xalloqi bezavolga sallamno! Mamat! Har lahzada ulug‘ bobolar ruhini sezamen, ular madadidan kuch olamen! Bari elimning baland osmonida parvoz etib yuribdur. Barini qalbim ko‘zi birlan ko‘rib turamen! Kimki ularni yurak-yuragidan his etsa, o‘sha shu tuproqning fidoyi o‘g‘lidur, Turon elining asl farzandidur!
– Ilohi, bari bizga madadkor bo‘lsun!
– Bukun Eron-u Turonda, jumlayi jahonda bizga muxolifat tug‘ini ko‘targuvchi kuch yo‘qdur. Bor sa’y-harakatim, shariat-u millat ravnaq topsun, din-u davlat dasti falaklarga yetsun, deyman. Tangri taolodan umidim shulkim, agarchi gunohim ko‘b turur, ammo bir jihatdin menga rahmat degaykim, zolimlarning qo‘llarini mazlumlardin qisqa qilibdurmen. Va qo‘ymadimkim, mening davrimda zo‘ravondin zaif ozor yegay! Zero, olamni adl-u ehson bila obod etibdurmen! – Amir Temur biroz
to‘xtab nafas rostladi. – Ha… yodimga tushdi.
Yaqinda Eron imomlarining ulug‘lari-yu Turon sohib ixtiyorlari, Shomning nomdor ulamolari-yu Iroqning dongdor fuzalolari, dars-u fatvo as’hoblari-yu zuhd-u taqvo arboblari – barchasini bir majlisda jam etdim. Ko‘pdan o‘ylab yurg‘on niyatimni amalga oshirdim. Barchasiga dedim: «O‘tgan asrlarda ulamolar hukmdorlarga ezgulik va adolat bobida yo‘l-yo‘riqlar aytib, yaxshi-yaxshi kengashlar berg‘onlar, nomunosib harakatni man etg‘onlar.
Sizlar nega hech irshod qilmaydursizlar va bajarishim vojib-u lozim yumushlarni menga aytmaydursizlar?» Turonlik bir ulamo dedi: «Tangriga sanolarki, Sohibqiron hazratlarining o‘zlari hammamizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadurlar, bizlarga o‘xshagan o‘zi shunday so‘zga muhtojlar nasihatlariga aslo ehtiyojlari yo‘qdur». Darhol unga e’tiroz bildirdim:
«Sha’nimga tahsinlar aytishingiz, mizojim (kishining tabiati)ga muvofiq xushomad so‘zlar nisor aylashingiz menga xush kelmaydur. Yaratgan Egam bizga shundog‘ shavkat-u ulug‘lik ato etdiki, u har xil takalluflarga ehtiyojmand emasdur. Bas, hech nimani yashirmay, ko‘nglingizdagilarni ro‘y-rost aytingizlar».
Shundan so‘ng barchasi dillarini ochib, mamlakat ahvolidan ko‘rgan-bilganlarini so‘zladilar…
– Ofarin, Amir Sohibqiron!
– So‘ng buyurdim: bir guruh diyonatli va nomdor ulamolardan tanlab, ularning har birini devoni a’lo tarafidin mamlakatning turli puchmoqlariga nomzod qilsunlar, toki ular tayin etilg‘on tomonga jo‘nab, saltanat ishlarining tagiga yetsunlar, dorug‘a va devondin nimakim voqe’ bo‘lubdur, menga sharh etsunlar.
Agar bironta mazlum kasga zulm yetsa yoki biron ojiz-u nochorga zo‘ravonlik etilg‘on ersa, zarar-u ziyon tikonini mazlumlar oyog‘idan chiqarsunlar, ko‘zdan yoshini oqizishga qo‘ymasunlar. To shu vaqtgacha jahongirlik sarhadlarida zo‘r sa’y-harakat ko‘rgizdik, endi podshohona niyat etagidin tutarmiz, himmat uldurkim, xaloyiq, ulus rafohiyat va farog‘atda kun kechirg‘ay, olam obodon va ma’mur bo‘lg‘ay!
– Ofarin, Amir Sohibqiron! – ma’qulladi dodxoh. – Ofarin! Qutlug‘ niyatlariga yetsunlar, ilohi! Parvardigor Sohibqiron ko‘ngliga favqulodda ilhom nurlarini yog‘dirgan edi, Muhammad Churog‘a dodxoh hayratga tushgancha tinglashda davom etdi:
– Shukrkim, Alloh taolo menga farzandlar ato qildi, temuriylar sulolasi halqasida har biri o‘z maqomiga egadur. Barchasig‘a yurt ulashmak bizning vazifamiz, bo‘ynimizda turg‘on zalvarli yukdur, Mamat! Arjumand farzandimiz shahzoda Muhammad Sulton saltanat valiahdidurlar. Suyukli jigargo‘shamiz Shohrux Mirzo Xurosonda, nabiram Pir Muhammad ibn Jahongir Balx-u Qandahorda qaror topdilar.
Sheroz-u Isfahonlar Pir Muhammad ibn Umarshayx, Rustam ibn Umarshayxlar tasarrufidadur. Ardoqli nabiramiz Xalil Sultonga Barda’a, Ganja tamomi Armanzamin, Gurjistonni, ularga qo‘shub Trabzonni tobshurmak niyatidadurmiz… «Oh, oh, kech qolibmen! – o‘yladi ichida dodxoh. – Avvalroq aytishim lozim edi, kalovlanib yurdim, yurdim, taklifimni o‘z fursatida aytolmadim. Xudo poshsho egam, deganlar. Hali ham kech emas…»
U o‘z taklifini aytish niyatida qat’iyat bilan so‘zga og‘iz ochmoqqa chog‘langandi, Sohibqiron so‘rab qoldi:
– Bilasenmu, nelarni o‘yladim? Ikki nabiram bor: Ulug‘bek Mirzo va Ibrohim Sulton. Ikkisi ham to‘qqiz yoshda, tilla bolalar-da! Umidim katta… Ollohning o‘zi asrasun. Ular ham o‘sib-ulg‘ayib voyaga yetadurlar, chetda qolmasunlar. Bas, Ulug‘bek Mirzog‘a Toshkand, Sayram, Ashpara va Jeta viloyatini to Xitoy sarhadigacha, Ibrohim Sultong‘a Andijon, Axsikat, Taroz, Koshg‘ar va Xo‘tanni farmon birla mulk qilib berg‘aybiz… Ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Yana bir gapni aytay. Samarqandga qaytgach, ko‘zimning tirigida Konigilda beshta nabiramning to‘ylarini o‘tkazishni o‘ylab qo‘yg‘onmen. Saltanatning barcha puchmoqlaridan, mamlakatlardan mehmonlar chorlag‘aymiz!
Muhammad Churog‘a dodxoh allanechuk bo‘ldi. Unga titrabroq aytilgan «ko‘zimning tirigida» so‘zlari g‘alati ta’sir qildi. Dodxoh Sohibqirondan avvallari bunday kalomlarni hech qachon eshitmagan.
– Bu nima deganlari, Amir Sohibqiron? Undog‘ demasunlar, Hazrat…
– Xudoning bandasidurmiz, Mamat… Hali ish ko‘p… Aytdim-qo‘ydim-da. – «Gapim qayerga keluvdi?» deganday dodxohga qaradi-da, davom etdi: – Ha… Abu Bakr Mirzo ibn Mironshohni esa Bag‘dod imoratig‘a yuborg‘aymiz. Mamat, Haq taolo bizni aziz etib, rub’i maskun mamlakatlari tizginini qo‘limizg‘a tutqazdi. Endi istaymenki, jahon ahli g‘azab va qahrimiz asoratlaridan aziyat chekkanlariday, saxovat va marhamatlarimizdan ham bahramand bo‘lib rohatlansunlar. Sultonlar Xudo soyasidurlar.
Shu sababdan ular goho qahr-u g‘azab otashi olovida g‘animlar vujudi xashagini
yondiradurlar, kulga aylantiradurlar, goho marhamat va ehson maqomida turib, fuqaro ko‘ngli shabistonini lutf-u karam charog‘i birla nurafshon etadurlar… Mana, o‘zing shohidsen, Bag‘dod ahli zafarqarin askarlarimizga muxolifatlik, dushmanlik oqibatida, isfahonliklarga o‘xshab o‘z shaharlarini ham, shirin jonlarini ham halokatga badal qildilar. Qilmishlari intiqomini ko‘rdilar. Ammo Bag‘dod islom shaharlarining onasi: ilm-u fan u yerdan jahonga yoyilg‘on, mazhablar ham o‘shal yerda dong taratg‘on.
Ardoqli nabiram Abu Bakr Mirzog‘a buyurdimki, Amir Qora Yusufni daf etg‘onidan so‘ng, Bag‘dod imoratiga mashg‘ul bo‘lg‘ay, jahd ila botroq obodon etg‘ay. Qahrimiz tufayli xarobaga aylang‘on ul zaminni insof-u adolat humosiga qo‘nimgoh qilmak lozim, viloyat buzug‘ holga tushmasun, u joy vayronalarini obodlik holiga qaytarsun, toki jahon ahli qattiqqo‘llig-u g‘azab-intiqomimiz qaysi darajada, ezgu ishlarimiz-u ehsonimiz qay maqomda erkonini ko‘rib qo‘ysunlar! Zero, Turon mamlakatida mashhur mavze’larni imorat qilduk, bas, endi Eron-u Iroq, Shom-u Ozarbayjonlarda ham bizdan baqa’oti xayr binolar, podshohona osorlar, xisravona yodgorliklar boqiy qolsun!
– Ofarin, Hazratim!
Oraga jimlik cho‘kdi. Ko‘l tepasida endi qaydandir tag‘in bir gala qush paydo bo‘lgan, lekin to‘pga qo‘shilmas, o‘zlaricha gurillashib parvoz qilishar, chug‘ur-chug‘urlari baralla eshitilib turardi. Birdan hammasi shimol yoqqa uchib ketdi. Xiyla hayallagan qushlar birozdan keyin qaytib, yana jimib qolgan osmon qatini to‘ldirdi, Sohibqironning ko‘ngli yorishdi.
– Mamat! Inshoolloh, dorilomonliq zamonlari yetishmakda! Ollohga shukr! – davom etdi Amir Temur qushlardan ko‘z uzib. – Xitoy safaridan qaytgach, taxtni valiahd shahzodaga tobshursam, o‘zim jinday oyoqni uzatib rohat-farog‘atda umr kechirsam deyman… Xohlag‘on vaqtimda Toshkandga borsam, xohlag‘on vaqtimda Keshg‘a otlansam, Buxorog‘a, Termizg‘a, Andijong‘a, Xorazmg‘a yo‘l tutsam… Men ham bir odamday do‘st-u yoronlar bilan ulfatchilik qilsam, Sirdaryoning bo‘ylarida yalangoyoq kezsam, yurtimda emin-erkin yursam, yotsam, uxlasam…
– Ko‘nglimda o‘zlariga xuddi shuni tilar edim, oh, oh! Dilimdagini so‘zladilar! Ilohi, baraka topsunlar, Amir Sohibqiron! – jilmaydi dodxoh. – Axir ulug‘ yoshga yetmakdalar. Bibixonim janobi oliyalari ham shunday orzudalar… Hazratim endi orom olib, ulug‘ saltanat rohat-farog‘atini ko‘rsunlar, o‘z emgaklarining mevalaridan totsunlar, tokaygacha ot yo‘rttirib, tog‘ oshib, cho‘l kezib, mashaqqatlar girdobig‘a o‘zlarini otib yuradurlar? Jonlari nechta?.. Yurt tashvishlarini esa zakiy va dono chaqmoqtabiat shahzoda o‘g‘limiz Muhammad Sultonning qudratli yelkalariga ortsunlar, deydilar…
– Shundog‘ fikrlarga boramen-u, o‘ylanib qolamen: payt kelib, bizlar boqiy dunyoga rihlat qilgach, ahvol ne kechguvsi? Odatda, har bir saltanat tabiatida parchalanishga ichki moyillik bo‘ladur, sal himo berilsa, ko‘rinishidan qal’aday mustahkam tuyulg‘on har qanday saltanat ham birpasda
chok-chokidan so‘kilib, parokandalikka yuz tutmog‘i oson. Xudo saqlasun! Tunlar uxlamay, kunduz o‘ltirmay barpo etg‘on davlatim taqdiri qandoq kechadir, deb o‘ylab chiqamen.
Farzandlar shunchalar zahmat chekib, uqubatlar tortib tiklag‘on ulug‘ saltanatning, bobosining qadriga yetarmu ekanlar, yo‘qmi? Yoki… taxt talashishlar, o‘zaro nizolar botqog‘iga botib, or-nomusni unutib jahonga afsona bo‘ladirlarmu? Mana, O‘rusxon-u To‘xtamishxon bir-biri bilan savash qurdilar, o‘rtada Oltin O‘rda davlatiga zavol yetdi-ku. Eronda Muzaffariylar ham shundog‘ patarat topdi.
Haligina ko‘tarinki bir kayfiyatda o‘ltirgan Sohibqiron dodxohga qandaydir xomush tortib qolganday tuyuldi.
– Samarqandga qaytgach, qurultoy o‘tkazurmen, unda barcha yurt olg‘on farzandlarimg‘a shundog‘ demakni o‘ylab qo‘ydum: «Har biringiz ittifoq bila o‘z ishingizg‘a mashg‘ul bo‘lg‘aysiz. Raoyo va fuqaro-yu miskin holatidin g‘ofil qolmag‘aysiz. Va qilichning sopini mahkam tutg‘aysiz, ki olam buzulmag‘ay va musulmonlarg‘a zahmat yetmag‘ay. Umidim ulkim, necha yilliq sa’y-mehnatim zoye ketmag‘ay!..»
– Aytsunlar, Amir Sohibqiron, aytsunlar! – hapriqdi Muhammad Churog‘a dodxoh, muloqotning bunday tantanavor boshlanib, ma’yus ohangga chulg‘anib borayotganidan hayratda. – Sa’y-mehnatlari aslo zoye ketmagay! O‘h-ho‘, qanday aqlli farzandlaringiz bor! Shohrux Mirzo, Xalil Sulton, Abu Bakr Mirzo, Umar Mirzo… Ulug‘bek Mirzo… Ammo baxtimiz dastavval jahon amirzodasi, saltanat chamanining ardoqli guli, zamona bahodiri, aqlli va pahlavon valiahd shahzoda Muhammad Sultondadur! Bosgan qadamidan yer titraydi, tog‘lar sado beradi! Aytgan so‘zidan ko‘ngillar obod,
farishtalar mamnun! Uni Ashparaga yuborganingiz, Samarqandni ishonib topshirganingiz, mana endi Hulokuxon taxtini in’om etganingiz, ayniqsa, Rum fathi uning nomiga bitilgani nur ustiga a’lo nur bo‘ldi…
– Ilohi, aytg‘oning kelsun!
Sohibqironning chehrasi biroz ochildi. Valiahd shahzoda nomi aytilganda hamisha uning ko‘ngli yashnab ketardi. Eronda edi, shekilli, qaysidir shaharda bir nokasning unga pichoq urganini eshitganda, to shahzodaning to‘rt muchasi sog‘ ekani haqida aniq xabar olmaguncha, ko‘z ko‘zga tushmaguncha o‘zini qayerga qo‘yarini bilmagandi.
– Bir kuni bahor, navro‘z kirg‘on pallalar edi, Mamat, Misr qishlog‘i yonidagi Bog‘i Davlatobodg‘a borayotg‘ondim. Qishloqqa kirishda tomorqada ishtiyoq bilan egilib-bukilib daraxt o‘tqazayotg‘on, munkayib qolg‘on bir cholga ko‘zim tushdi. U sakson yoshlarda edi. «Bobo, – dedim salomdan
keyin. – Yoshingiz bir joyga yetibdur. Xudo umr ato etsun. Ammo ekayotg‘on daraxtingiz mevasidan totib ko‘rish uchun besh-olti yil kerak bo‘ladi-ku…» «Noumid shayton… – Chol qaddini rostlashga urindi va manglayidagi terni artdi. – Uning mevasi nasib etadi, o‘g‘lim, Xudo xohlasa!» Shunday degach, chol ishida davom etdi. Men o‘z yo‘limga ketdim.
Nariroq borg‘onda, Mamat, o‘z-o‘zimdan to‘xtadim: bir kunlik umri qoldimu yo‘qmi, uyog‘ini surishtirmay, ertangi kunga umid bog‘lab shijoat bilan nihol o‘tqazayotg‘on munkaygan cholga havasim keldi. Ha, mening xalqim shundoq, hech qachon uning qaddi bukilmaydur, ko‘ngli cho‘kmaydur! Turon elining dunyodan umidi bor, men ana shu elning o‘g‘limen!.. Bilasenmu, bag‘oyat mutaassir bo‘ldim. Dinor to‘la hamyonni unga shartta berib yubordim.
Birdan chol meni chaqirib qoldi. Qaytdim. U salmoqlab hamyonni ko‘rsatarkan, kulib dedi: «Ekayotg‘on daraxtingiz mevasidan totish uchun besh-olti yil kerak, degan edilar. Mana, daraxtimni ekiboq, mevasini totib turibman, Xudoga shukr!..»
– E, qoyil-e! Donishmand chol ekan…
– Ha, donishmandlar donishmandi ekan o‘sha oqsoqol bobo! Toj-taxtimning yagona vorisi, valiahd shahzoda Muhammad Sulton ham ekkan niholimdur, – dedi Amir Temur ko‘ngli iyib. – Men ham o‘sha choldek niholim mevasidan bahramand bo‘lib turibmen. Xudo xohlasa, shahzodam purviqor chinorday ildiz yozib, uzoq yillar Turon yurtini emin-u omonlikda saqlag‘ay! Ollohim, unga e’timodimni barqaror qilg‘il!
– Ilohi, barqaror qilg‘il! – takrorladi dodxoh ham.
Ular duoga qo‘l ko‘tardilar.
Savol va topshiriqlar
- Yangi davr nasridagi yetakchi asarlar asosan qanday mavzularda yaratildi?
- Istiqlol yillarida yozilgan roman, qissa va hikoyalardan qaysilarini o‘qigansiz?
- Bugungi yosh adiblarning nasriy asarlaridan qaysilarini bilasiz?
- Muhammad Alining «Sohibqiron o‘ylari» nomli «Ulug‘ saltanat» epopeyasi to‘rtinchi kitobidan olingan parchada buyuk
Sohibqiron bobomiz Amir Temur davrida ro‘y bergan qaysi
tarixiy voqealar eslatib o‘tilgan? - Tarix fanidan olgan bilimlaringizga tayangan holda epopeyadan olingan parchadagi tarixiy haqiqatning badiiy ifodasi
haqida o‘zaro fikr almashing. - Romandan berilgan parchada tilga olingan tarixiy shaxslarni
sanab o‘ting va ularga matn asosida tavsif bering. - Parchada uchraydigan tarixiy geografik nomlarning ro‘yxatini tuzing. Ular orasidan O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq
geografik nomlarni alohida ajratib ko‘rsating va ularga qisqacha izoh bering.