Savol va topshiriqlar
- Nutqning aniqlik sifatini misollar asosida tavsiflang.
- Shakldosh va ko‘p ma’noli so‘zlarning nutq aniqligini ta’minlashdagi o‘rnini izohlang.
- Paronim so‘zlarni noto‘g‘ri qo‘llash natijasida nutqning qaysi kommunikativ sifatlariga putur yetadi?
- Til birliklarining qanday birikuvi nutqning mantiqiyligini ta’minlaydi?
- Nutq mantiqiyligining tilning morfologik va sintaktik sathiga bog’liqligini tavsiflang.
- Adabiy nutqning sofligiga putur yetkazuvchi unsurlarning asosiylarini ayting va misollar keltiring.
- Personajning madaniy-ma’naviy saviyasini kinoyaviy ta’kidlash maqsadida qanday til birliklaridan foydalaniladi?
1-topshiriq
So‘zdagi ma’no nozikliklarining namoyon bo‘lishi nutqning aniqligini ta’minlashga qanday ta’sir qilayotganini izohlang.
- Kechikib kirgan qish endi kun sayin sovug‘ini kuchaytira boshlagan edi. Qor yo‘q, lekin ertalab yalang‘och daraxtlarda va tomlarda qalingina qirov yaltiraydi. (Oybek)
- G‘afur G‘ulomning fikr-u yodi tug‘ilayotgan she’rda edi. Frontdan qaytishda bombalar portlagan o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda silkinib ketayotgan yuk mashinasida ham yoza berdi. (Said Ahmad)
- Yaqin ikki haftadan beri ko‘z ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, g‘uvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi. (Abdulla Qahhor)
2-topshiriq
Berilgan matnni o‘qing. Uning kompozitsion tuzilishini aniqlang. Kirish, asosiy qism va xulosa o‘rtasida mazmuniy mutanosiblik bor yoki yo‘qligi haqida o‘rtoqlaringiz bilan fikrlashing.
Tomsuvoq
Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi bo‘lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolg‘iz o‘zi suvamaydi: hamma hasharga keladi. Ikkinchidan, beva-bechora, qo‘li qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq qilinadi. Keyin navbatma-navbat davom etaveradi…
O‘qituvchimizning hashariga, ayniqsa, ko‘p odam yig‘ildi. Uyi katta yo‘l yoqasida edi. Shundoq ko‘cha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yo‘lning ko‘pchib yotgan tuprog‘iga qovushib, obdon yumshabdi.
O‘qituvchimizning Azim aka degan qo‘shnisi ishboshi bo‘ldi. Birov handaqqa tushib loy solib berib turdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi… Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli o‘rtasidagi tut tagida ovqatlanib o‘tirsak, o‘qituvchimning keksa onasi kelib qoldi. Kampir hassasini do‘qillatib, to‘ppa-to‘g‘ri o‘qituvchimizning oldiga bordi.
– Nima qilding? – dedi o‘g‘lining salomiga alik ham olmay. – Nima ish qilib qo‘yding?! Hammamiz hayron bo‘lib qoldik. Muallim o‘quvchilarining oldida ayniqsa mulzam bo‘ldi, shekilli, qizarib ketdi.
– Nima qipman, oyi? – dedi ko‘zlarini pirpiratib.
– Dard! – kampir hassasi bilan yerni nuqidi. – Sanga qachon aql kiradi, nodon bola! Nega ko‘chadan loy qildilaring?! Ko‘chaning tuprog‘iga tegib bo‘ladimi, nobakor! Ko‘pchilikning haqiku bu!
Bir zum harsillab turdi-da, to‘satdan yig‘lab yubordi.
– Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman! – Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters o‘tirib oldi. Hammamiz qaytadan tomga chiqdik. Suvoq qilishdan ko‘ra loyni ko‘chirish qiyin bo‘larkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, ko‘chadagi loyhandaqni to‘ldirib qo‘ydik. Oradan yillar o‘tib, kampir ko‘z yumganida tumonat odam uni o‘sha ko‘chadan so‘nggi manziliga ko‘tarib bordi. Ko‘cha tuprog‘i iliq edi… Mayin edi… (O‘. Hoshimov)
3-topshiriq
Tagiga chizilgan so‘zlarga asoslanib, so‘zlovchining hududiy mansubligini aniqlang.
- Oka, unaqa vaqtim yo‘q, – dedi shofyor. – Nochorlikdan chiqovuz-de. (Sh. Xolmirzayev)
- Bundan kattakaniyam bor. Apasiyam bor. (Sh. Xolmirzayev)
- Bugun Aravonda katta uloq, deng, ashaqqa borish kerak. Endiyla jo‘naymiz, deb turuvdik. (Tohir Malik)
- Ertaga biznikiga nonushta qilsak. (Said Ahmad)
- Bundaychikin polvonni yana qaytib davraga yonoshtirmaslik kerak! (Tog‘ay Murod)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Boshi shishmoq O‘ylayverib gangimoq. Ma’nodoshi: boshi qotmoq; miyasi g‘ovlab ketmoq. Enka-tenkasi chiqmoq 1. Qiynalib ketmoq. Varianti: enka-tenkasini chiqarmoq. 2. To‘satdan qattiq qo‘rqmoq.
4-topshiriq
Matnni ko‘chiring. Undagi badiiy maqsad bilan voqelangan adabiy me’yordan chekinish holatlarini izohlang.
– Kechirasiz, Quvvatjon, – deb yana gap qotdi Gulsara. – Pisatellarning dachasi bor, deb eshitardim. «Dam olish uyi»ga o‘xshiydimi? Boya biznesmenlar ham ko‘p dediyiz. Demak, sanatoriy tipida?
– Farq qiladi, – dedim. – Uning nomi to‘lasicha: «Yozuvchilarning ijod va istirohat bog‘i» deyiladi. Uch qavatli imorat… Ko‘pchilik xonalari bir kishilik. Yashash, ishlash uchun sharoit bor…
– O, yaxshi ekan. Yozda Toshkentda nafas obo‘miy qoladi… Bilasiz-ku o‘ziyiz?
– Ha.
– Ponyatno, – deb qo‘ydi Gulsara. Keyin yana so‘radi: – Bizni begona deb…
– O‘-o‘, yo‘q. Unaqangi temir qoidalar bizda yo‘q… Umuman, Uyushmamizdayam ilgaritdan qandaydir demokratiya bor edi.
– E-e, yozuvchilaringiz ham bir-birini juda qamatishgan ekan, – dedi Tavakkal.
– Ha, – dedim. – Afsuski, shunday bo‘lgan… (Sh. Xolmirzayev)