Topshiriq
Berilgan gaplardagi imlo me’yorlariga amal qilinmagan o‘rinlarni aniqlang.
- Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda jamoatchilik komissiyalarining o‘rni sezilarli bo‘layapti.
- «Barakalla otao‘g‘il, bopladingiz!» O‘g‘li Hasanboyni bag‘riga mahkam bosib, shunday deyishni diliga tukkan Ma’rufjon Hayitboyevni suhbatga tortamiz. (Gazetadan)
Siz bilasizki, adabiy tilning yozma shaklida to‘g‘rilik sifatining ta’minlanishi uchun yana ikki turli me’yorga amal qilish lozim. Bu me’yorlar quyidagilardan iborat: 1) imlo (orfografik) me’yorlari; 2) tinish belgilari (punktuatsion) me’yorlari. Imlo me’yorlari mutaxassislar tomonidan til qonuniyatlari, shuningdek, tarixiy an’analarga suyangan holda aniq qoidalar shaklida tayyorlanadi va tegishli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Bu qoidalar ayni paytda imlo lug‘atlarida o‘z aksini topadi. Imlo qoidalari savodxonlikni ta’minlashning asosi hisoblanadi. Yozuv madaniyatini shakllantirishda tinish belgilarini qo‘llash qoidalarining alohida ahamiyati bor. Tinish belgilari yozuvning harflar, raqamlar kabi boshqa vositalari hamda so‘zlar, morfemalar kabi til birliklari bilan ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan turlicha fikriy munosabatlarni, psixologik va intonatsion holatlarni ifodalashda favqulodda muhim o‘rin tutadi. Siz oldingi sinflarda xabardor bo‘lganingizday, bu belgilar tilning sintaktik quri lishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, yozma nutqni to‘g‘ri, ifodali, aniq bayon qilishda, uning uslubiy ravonligini, tez tushunilishini ta’minlashda benihoya zaruriy vositadir.
22-mashq
Gaplarni o‘qing. Bugungi adabiy me’yorlarga zid holda qo‘l langan so‘zlarni aniqlang va ularni muvofiq muqobili bilan almashtiring.
- Xalq tarixini o‘rganishi lozim bo‘lgan ilmgoh, asosan, Xolidiyning xizmatini o‘tash bilan mashg‘ul edi. (Tohir Malik)
- Nomini tutib baloga qolmaylig-u, poytaxtdagi nufuzli, ko‘chadan kelgan har qanday odam ikki dunyoda ham ostonasiga qadam bosolmaydigan bir bilimgohning yil sayin qabul hay’atida bakovullik qiladigan yo‘g‘on domlasi qanaqa davron surishi mumkin – tasavvur qilib olavering. (Erkin A’zam)
- Aytishlaricha, bir havaskor muxbir nohiya ro‘znomasiga maqola yozib olib borgan emish, muharrir ko‘rib: «Xo‘sh, nima, Dneproges qurilibdimi, bu haqda butun boshli maqola chiqarsak?!» (Asqad Muxtor)
- Bo‘sh vaqt bermas jarida ham noshirlikning ishi ko‘p. (E. Vohidov)
23-mashq
Tinish belgilarining ishlatilishiga diqqat qiling, ular ifodalayotgan ohang va mazmunni izohlang.
- Bozorqul aka, nima bo‘ldi? – dedi ko‘ziga tikilib. – Hech gap yo‘q… Hech… Hech… hech nima bo‘lgani yo‘q, – dedi tutilib. (Asqad Muxtor)
- Yo‘q, yo‘q, nega, bezak, bezak! Buni endi hamma shunday biladi. (Asqad Muxtor)
- Xiylagina qizib qolgan «yubilyar» tuyqusdan stolni urib qichqirdi: «O‘v student! Bas qilasanmi, yo‘qmi?!» (Erkin A’zam)
- Ro‘molcha-a! Qani meni ro‘molcham?! Ro‘molchamni topib ber, Dezdemona! – O‘zingni bos, Otello! Ro‘molchangni yaxshilab yuvib, dazmollab qo‘yganman. (Erkin A’zam)
24-mashq
Berilgan gaplardagi tinish belgilari me’yorlariga amal qilinmagan o‘rinlarni aniqlang va ularga izoh bering.
- Chol salmoqlab gap boshladi: – E, xotin o‘lmaydigan odam bormi? (Said Ahmad)
- Orif aka saratonning jazirama, kunlaridan birida, Ergashga bergan va’dasiga muvofiq, bog‘lardan xabar olgani Ko‘ykiga chiqib ketdi. (Asqad Muxtor)
- O‘zingiz xabar bermaysizmi ishqilib? – Matkarimov xezlanib o‘rnidan turib ketdi. (Asqad Muxtor)
- Kimingiz bo‘ladi, bu xotin? – deb so‘radi dabdurustdan. (Tohir Malik)
- Yigitdan tayinlijavob ololmasligini bilsa ham yana so‘radi: – Kim telefon qilgandi? – Bilmadim, mehmon kelibdi shekilli… (Tohir Malik)
25-mashq
Berilgan gaplarni hozirgi uslubiy me’yorlarga mos ravishda qayta tuzing. Ular o‘rtasidagi farqli jihatlarni ayting.
- Sohibqiron hayratda anchagacha so‘z topolmay, bu vayrona ichidagi nuroniy qariyalarga qarab uzoq turdilar, – ul sizningdur, biz olmaymiz… Illo, bizga ash’oridin aytsin.
- Aytmaydur, – deyishdi chollar. – Qo‘rg‘onimiz atrofida yer quchib nigun bo‘lgan yarim elatimiz hurmati, hozir Olloh aning dilig‘a hikmat kalomini solmag‘ay…
- Norasidani ko‘rdingmu? – dedilar Sohibqiron bosh ko‘tarmay.
- Alar dunyo ishlari ila tamom band. Men alarga ilohiy sehriyat borligini eslatib, dillarini tikanak sim yanglig‘ chirmagan dunyo ishlaridin sal chalg‘itishga urunamen.
- Dayrda ko‘p savob-u gunoh ishlarni qildik. Har neki bo‘lsa, Ollohning madadi, bandasining tadbiri biladur. (Asqad Muxtor)
26-mashq
Yozma nutqning to‘g‘riligiga ta’sir etayotgan o‘rinlarga diqqat qiling, so‘zlardagi imlo xatolarini aniqlang.
- It beparvo, eshaklarga yondash ketyapti, goho uchgan qushlar ovoziga diqqat qilib, shalpang quloqlarini dikkaytiradi, hamrohlariga ma’nodor qaraydi, so‘ng yana lo‘killab yo‘lida davom etadi. (Sh. Xolmirzayev)
- Hammasi tinch, salom deb yuborishdi… – dedi Rahim Saidov masalaga qanday yondoshishni o‘ylar ekan. (O‘. Umarbekov)
- Mahallada katta tayyorgarlik bilan o‘tqazilgan tadbirda keksa-yu yosh faol ishtirok etdi. (Gazetadan) Bahor kelishi bilan bog‘larda ko‘chat o‘tkazish ishlari avj oldi. (Gazetadan)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Ko‘z ilg‘amas I Bilinar-bilinmas, mayda.
Ko‘z ilg‘amas II Cheksiz, poyoni (oxiri) ko‘rinmaydigan.
- Adabiy tilning qanday shakllari bor?
- O‘qituvchingiz yordamida til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalarini izohlang.
- Yozma nutqning to‘g‘rilik sifati ta’minlanishi uchun qanday me’yorlarga amal qilinishi zarur?
- Imlo me’yorlarining savodxonlikni ta’minlashdagi o‘rni haqida nimalarni bilasiz?
- Tinish belgilari me’yorlarining nutqdagi o‘rnini izohlang.
27-mashq
Asosiy tinish belgilari va ularning me’yorlari haqida ilmiy matn tuzing.