Barchaga salom! Oldingi maqolamiz shifobaxsh nematlar haqida edi. Bugungi maqolamizda esa, tabiatdagi dorivor o’simliklar haqida gaplashamiz. Demak boshladik…
Arpabodiyon va uning shifobaxsh xususiyatlari
Abu Ali Ibn Sino arpabodiyon mevasini nafas olish qiyinlashganda uni yengillashtirish uchun, jigar (o’t haydovchi vosita sifatida) va buyrak (peshob haydovchi vosita sifatida) kasalliklarini davolashda hamda terlatuvchi dori sifatida qo’llagan.
Xalq tabobatida arpabodiyon mevasining damlamasi terlatuvchi, chanqov bosuvchi, peshob va o’t haydovchi, ishtaha ochuvchi vosita sifatida hamda ayrim me’da-ichak kasalliklariga davo qilish uchun qo’llaniladi.
- Arpabodiyon mevasidan damlama tayyorlash uchun og’zi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyib, ustiga maydalangan mevadan bir choy qoshiq solinadi va bir soat davomida damlab qo’yiladi. So’ngra damlama dokada suziladi. Yuqorida ko’rsatilgan kasalliklarni davolash uchun damlamadan kuniga 3-4 marta ovqatdan 15 daqiqa oldin yarim stakandan iste’mol qilinadi.
2. Arpabodiyon efir moyi ko’krak shamollab og’riganida va balg’am ko’chiruvchi vosita sifatida ishlatiladigan ko’krak eleksiri tarkibiga kiradi. Mevasi ich yumshatuvchi (surgi), balg’am ko’chiruvchi, ko’krak og’riganida ishlatiladigan yig’madori choylar tarkibiga kiradi.
Dorivor o’simliklar, Gulxayridan tayyorlanadigan dorilar
Ibn Sino uning ildizidan, bargidan va urugidan tayyorlangan damlama bilan yo’tal, qon tupurish, zotiljam va buyrak kasalliklarini davolagan. Hamda balg’am ko’chiruvchi va shishlarni qaytaruvchi vosita sifatida ishlatgan.
Xalq tabobatida yo’tal, ko’kyo’tal, o’pka shamollashi, nafas qisishi, tomoq yallig’lanishi, ko’krak og’rishi xastaliklarida yumshatuvchi, og’riq qoldiruvchi va balg’am ko’chiruvchi dori sifatida qo’llaniladi.
Damlama me’da va o’n ikki barmoq ichak yarasi, bolalarning ich ketishi va boshqa kasalliklarda ham beriladi.
- Gulxayri ildizidan damlama tayyorlash uchun qopqoqli idishga qaynatib sovitilgan suvdan ikki stakan quyiladi, unga maydalangan ildizdan 4 choy qoshiqda solib, 8 soat davomida tindiriladi. Dokada suziladi va yuqorida ko’rsatilgan kasalliklarga davo qilish uchun kuniga 3-4 marta yarim stakandan ichiladi.
- Tibbiyotda gilxayri ildizining dorivor preparatlari (damlama, quruq ekstrakt, sharbat) nafas yo’llari kasalliklarida va yallig’lanishda balg’am ko’chiruvchi hamda me’da ichak kasalliklarida (ich ketganda) o’rab oluvchi vosita sifatida ishlatiladi.
- Gulxayrining yer ustki qismidan tayyorlangan mukaltin dorivor preparati (tabletka holida chiqariladi) ham balg’am ko’chiruvchi vosita sifatida nafas yo’llari shamollashida qo’llaniladi.
Gulxayrining kesilgan ildizi nafas yo’llari, ko’krak kasalliklarida qo’llaniladigan balg’am ko’chiruvchi turli dori choylar tarkibiga kiradi.
Zig’ir urug’ining xalq tabobatida qo’llanilishi
Abu Ali Ibn Sino qovurilgan zig’ir urug’ini yo’talni ketkazish hamda ichburug’ni qoldirish, buyrak, qovuq va boshqa a’zolar kasalliklari, shish va chipqonga davo qilish uchun qo’llagan.
Xalq tabobatida zig’ir urug’idan tayyorlangan qaynatma bilan, angina, o’pka sili (qaynatma sut bilan birga iste’mol qilinadi) hamda me’da va o’n ikki barmoq ichak yarasi, buyrak va boshqa kasalliklar davolaniladi.
Zig’ir urug’idan qaynatma tayyorlash uchun og’zi yopiladigan idishga yarum stakan suv quyiladi. Ustiga maydalangan urug’dan ikki choy qoshiq solib, bir oz qaynatiladi va 10 daqiqa tindiriladi. So’ng ra shishaga solib 5 daqiqa chayqatiladi va dokada suziladi. Qaynatmadan kuniga 3-4 marta yarim stakandan ichiladi.
Shuningdek, zig’ir urug’i nafas yo’llari va me’da-ichak shilliq pardalari yallig’lanish kasalliklarida o’rab oluvchi va yengil surgi dori sifatida qo’llaniladi.
Shilliq eritma qanday tayyorlanadi
Shilliq eritma tayyorlash uchun biror idishga 3 gramm urug’ solinadi, ustiga yarim stakan qaynab turgan suv quyib, 15 daqiqa davomida chayqatiladi va dokada suziladi.
Yuqorida ko’rsatilgan kasalliklarda shilliq eritmadan kuniga 3-4 mahal yarim stakandan iste’mol qilinadi.
Hoji Mengnazar Rustam o’g’lining «Dard borki, Darmon bor» 3 chi kitobidan