«Informatsiya» so‘zi turli tillarda ishlatilib, ma’nosi turlicha talqin qilinsa ham, ularning asosida lotincha informatio so‘zi yotadi. U «tushuntirish», «tavsiflash», «xabar olish» degan ma’nolarni anglatadi. O‘zbek tilida informatsiya so‘zi axborot deb tushuniladi. |
IX–X asrlarda Forobiy taxallusi bilan yashab ijod etgan yurtdoshimiz Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon bilish jarayoni ikki bosqich – aqliy bilish va hissiy bilishdan iborat bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liq va biri boshqasisiz vujudga kelmasligini alohida ta’kidlaydi. Bilishning mazkur bosqichlari axborotsiz shakllanmaydi va demak, axborot bilishning asosini tashkil etuvchi element hisoblanadi.
Allomaning aytishicha, odamning ibtidosida avvalo «oziqlanish talabi» paydo bo‘lib, unga ko‘ra, odam ovqatlanadi. Shundan so‘nggi talablar «tashqi talablar» bo‘lib, ular bevosita tashqi ta’sir natijasida sezgi a’zolari orqali vujudga keladi. Mazkur «tashqi talablar» 5 turlidir: teri orqali sezgi; ta’m bilish sezgisi; hid bilish sezgisi; eshitish sezgisi; ko‘rish sezgisi. Forobiy «Ilm va san’atning fazilatlari» risolasida tabiatni bilish jarayoni cheksizligini, bilim bilmaslikdan bilishga, sababiyatni bilishdan oqibatni bilishga, sifatlardan mohiyatga qarab borishini va buning asosida, ilmning borgan sari ortib, chuqurlashib borishini ta’kidlaydi.
Axborot tushunchasi
Ma’lumki, axborot turli sohalarda turlicha tushunib kelinadi. Masalan, dehqon uchun axborot – yerning ozuqa bilan to‘yinganligi yoki yetishtirilgan mahsulotning bozordagi narxi, muhandislar uchun – texnika va texnologiyalar; o‘quvchi uchun fanlardan olayotgan ma’lumotlaridir. Ya’ni, turli soha xo dimlari o‘z sohalari bilan bog‘liq ma’lumotlarni axborot sifatida qabul qiladilar. Demak, inson doimo axborot bilan ish ko‘rib kelgan.
Axborot nazariyasi asoschilaridan biri amerikalik Klod Shenon axborotni narsa haqidagi bilimlarimizdagi noaniqlikni bartaraf etilishi kabi e’tirof etadi. Kibernetika fanining asoschisi Norbert Viner axborotni bizni va sezgilarimizni tashqi olamga mos lashuvimizdagi mazmunni ifodalash, deb qaraydi.
Axborotga olimlar tomonidan yuqoridagi kabi ta’rif berishga urinishlar ko‘p bo‘lgan. Lekin axborot tushunchasiga har tomonlama ilmiy asoslangan ta’rif berish mumkin emas. Chunki axborot informatikaning asos tushunchasi bo‘lib, u juda ko‘p ma’noni o‘z ichiga oladi. Ba’zan axborot sifatida unga sinonim bo‘lgan ma’lumot yoki berilganlar so‘zlari ham tushuniladi.
Axborot haqida tushunchaga ega bo‘lish uchun hayotingizdagi bir misolni esga olaylik. Go‘daklik vaqtingizda «muzqaymoq» so‘zi sizga faqatgina «mazali shirinlik» ma’nosini anglatar edi. Uni boshqa shirinliklar ichidan nomi, ko‘rinishi, ta’mi yoki sovuqligidan ajratib olardingiz. Maktab yoshingizda «muzqaymoq» so‘zi «shakar, qaymoq, kakao yoki kofe kabi o‘zaro bog‘langan modda va tushunchalar hamda muzqaymoqni tayyorlash usullari bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan to‘ldi.
Keyinchalik esa «muzqaymoq» haqidagi ma’lumot to‘liq emasligini, vaqti kelib bu so‘z yana boshqa ma’lumotlar bilan to‘lishini tushunish qiyin emas. Demak, inson yillar davomida hayotdan ma’lumotlar olar ekan, birini ikkinchisi bilan bog‘lab to‘ldirib boradi.
Yuqoridagi misol va alloma Forobiy fikrlaridan kelib chiqib, axborotni qanday tushunish mumkin degan savolga quyidagicha javob berish mumkin:
AXBOROT deganda biz barcha sezgi a’zolari miz orqali borliqning ongimizdagi aksi yoki ta’sirini, bog‘liqlik darajasini tushunamiz. |
Sizga ma’lumki, inson qo‘li orqali jismning qattiq va tekisligini, tili orqali oziq ta’mini, burun orqali turli hidlarni biladi, qulog‘i orqali har xil tovushlarni eshitadi, ko‘zi orqali turli shakl, rang yoki manzaralarni ko‘radi, ya’ni sezgi a’zolari orqali turli axborotlar oladi. Ya’ni inson axborotni hayotdan har xil ko‘ri nish yoki shakllarda oladi: rasm, chizma, fotosurat, yozuv; nur yoki tovush; har xil to‘lqinlar; elektr va nerv impulslari; magnit yozuvlari; mimika; hid va ta’m; organizmlarning sifat va xususiyatlarini saqlovchi xromosomalar va hokazo.
Demak, axborot borliqdagi narsa yoki jarayonlar holati, xossasi va boshqa xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarning turli vositalar va sezgi a’zolarimiz orqali bizga yetib kelishi va ongimizga ta’siri hamda bu ma’lumotlarning ongimizda boshqa ma’lumotlar bilan bog‘lanishi ekan. INSON o‘zi ham borliqning bir qismi bo‘lgani uchun, o‘zi haqida ham (og‘riq, qizish, charchash va hokazo) ma’lumot oladi. Umuman olganda, hozirgacha olgan barcha ma’lumotlaringiz axborot bo‘lib, ular o‘zaro bog‘langach, bilimni tashkil etar ekan.
Ta’kidlash joizki, xabar axborotning moddiy shakli bo‘lib xizmat qiladi, axborot esa inson tomonidan shu xabar asosida hosil qilinadigan nomoddiy mazmundir. Masalan, biror shakl yoki tovush xabarga misol bo‘lsa, bu xabar ikki insonda ikki xil mazmundagi axborotni hosil qilishi mumkin.
Informatikaning fan sifatida shakllanishi
Tarixdan ma’lumki, axborotlarni izlash, to‘plash, saqlash, qayta ishlash va undan foydalanish masalalari bilan insonlar kompyuterlar davrigacha ham shug‘ullanishgan va bu ishlarni hozirgi kunda «hujjat yuritish» (dokumentalistika) deb atashmoqda. Inson hayoti va amaliy ish faoliyati davomida juda ko‘p ma’lumot oladi, ularning ichidan keraklisini ajratib oladi, imkon qadar xotirasida saqlaydi, ba’zilarini keyinchalik ishlatish uchun turli ko‘rinishlarda saqlab qo‘yadi, keraksiz deb hisoblaganlarini xotirasidan va saqlab qo‘ygan manbalardan o‘chiradi, yangilarini qo‘shadi yoki avvalgilarini kengaytiradi, ba’zi ma’lumotlarni esa boshqalar bilan bo‘lishadi.
Ilmiy sohalardagi shiddatli rivojlanish va ishlab chiqarishning keskin o‘sishi insoniyat hayotida axborotlarni mislsiz ortib ketishiga olib kelmoqda. Axborotlarni qayta ishlash sohasidagi yirik mutaxassislardan biri D. Martin bu jarayonni shunday baholaydi: «…insoniyat bilimlari yig‘indisi 2 baravar ortishi uchun 1800 yilga kelib 50 yil, 1950 yilga kelib 10 yil, 1970 yilga kelib esa 5 yil kerak bo‘ldi».
Hozirgi kunda esa mutaxassislar bu jarayonga 2–3 yil yetarli bo‘layotganini e’tirof etishmoqda. XX asr o‘rtasiga kelib mehnatga layoqatli aholining anchagina qismi o‘z ish faoliyatini axborotni qayta ishlash sohasida yurita boshladi. Shunga qaramasdan, odamlar katta hajmdagi axborotni qayta ishlash uchungina emas, balki axborot ummonida faqat kerakli axborotni izlab topish uchun ham sezilarli kuchquvvat sarflashga majbur edilar. Bu holat o‘z vaqtida «axborot portlashi» deb nom ham olgan.
O‘tgan asrdayoq boshlangan aholi ish faoliyatini moddiy boyliklar ishlab chiqarish sohasidan axborotni qayta ishlash sohasiga o‘tkazish tendensiyasi hozirgi kunda ham rivojlanib bormoqda. Bu davrga kelib xuddi avvaldan buyurtma qilingani kabi, dasturiy boshqaruvli hisoblash mashinalari ishlab chiqarish uchun ilmiy va texnik sharoitlar yuzaga kelgan edi. Ishlab chiqarilgan elektron hisoblash qurilmalari axborotni «qog‘ozsiz» texnologiya asosida izlash, to‘plash, saqlash, qayta ishlash va uzatish imkonini bera boshladi.
Buning negizida XX asrning 50yillarida yangi fan – informatikaga asos solindi. Informatika atamasi fransuzcha informatique (information – axborot va automatique – avtomatika) so‘zi negizida hosil bo‘lgan. Uning mazmuni «axborot bilan avtomatik ishlash» deb tushuniladi. Bu atamaning inglizcha varianti ham mavjud bo‘lib, u «Computer science», ya’ni «kompyuter ilmi» deb ataladi.
Informatika kompyuter texnikasini qo‘llashga asosla ngan bo‘lib, inson faoliyatining turli sohalarida axborotlarni izlash, to‘plash, saqlash, qayta ishlash va undan foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi fandir |
Qisqacha aytganda, informatika kompyuter texnikasi asosida axborotlar ustida bajariladigan amallar va ularni qo‘llash usullarini o‘rganadigan fandir. Shu sababli informatikaning birlamchi, asosiy tushunchalari axborot, axborotli model, algoritm va kompyuterlardir. Informatika quyidagi ikki qismning birligi sifatida qaraladi: texnik va dasturiy vositalar. Texnik vositalar – bu kompyuterning qurilmalari bo‘lib, ingliz tilida Hardware so‘zi bilan ataladi, mazmuni esa «qattiq mahsulotlar» kabi tushuniladi.
Dasturiy vositalar uchun juda qulay Software so‘zi (mazmunan «yumshoq mahsulotlar») tanlangan (aniqrog‘i hosil qilingan) bo‘lib, u dasturiy ta’minot bilan mos mashina mutanosibligini, shu bilan birga dasturiy ta’minotning o‘zgarishi, moslashuvi va rivojlanishini ta’kidlaydi. Dasturiy ta’minot – bu kompyuterlarda foydalaniladigan barcha dasturlarning majmui hamda ularni ishlab chiqish va qo‘llashning barcha sohasidir.
Informatikada bu ikki yo‘nalishdan tashqari uchinchi yo‘nalishni ham farqlashadi – bu algoritmik vositalardir. Bu yo‘nalish uchun Brainware (ingl. brain – intellekt, aqlidrok) so‘zi tanlangan. Bu yo‘nalish algoritmlarni ishlab chiqish hamda ularni qo‘llash uslub va usullari bilan bog‘liq. Algoritmlar – bu masalani yechimiga olib keluvchi amallar bajarilish ketmaketligini ko‘rsatuvchi qoidalardir.
Informatikaga berilgan ta’rifga ko‘ra, uning asosiy vazifalarini quyidagicha ifodalash mumkin:
– ixtiyoriy xususiyatdagi axborot jarayonlarini tadqiq etish;
– axborot jarayonlarini tadqiq etishdan olingan jarayonlar negizida axborotni qayta ishlaydigan axborot tizimi va yangi texnologiyalarni ishlab chiqish;
– jamiyat hayotining barcha sohalarida kompyuter texnologiyasidan samarali foydalanishning ilmiy va muhandislik muammolari yechimlarini ishlab chiqish va tatbiq etishni taminlash.
Informatika fanining asosiy rivojlanish yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilangan:
- hisoblash sistemalari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish;
- uzatish, qabul qilish, qayta ishlash va saqlash bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganadigan axborot nazariyasi;
- inson bajarayotganda aniq bir intellektual kuch (mantiqiy xulosa, o‘qitish, nutqni tushunish, vizual idrok etish, o‘yinlar va hokazo)ni talab qiladigan masalalarni hal etuvchi dasturlar ishlab chiqishni ta’minlaydigan sun’iy intellekt usullari;
- loyihalashtirilayotgan sistema vazifasi tahlili va ular javob berishi kerak bo‘lgan talablarni aniqlashni o‘z ichiga olgan sistemali tahlil;
- mashina grafikasi usullari, animatsiya, multimedia vositalari;
- butun insoniyatni yagona axborot uyushmasiga birlashtiruvchi global kompyuter tarmog‘ini ham o‘z ichiga oluvchi telekommunikatsiya vositalari;
- ishlab chiqarish, fan, ta’lim, tibbiyot, savdo, qishloq xo‘jalik va boshqa turdagi barcha xo‘jalik hamda ijtimoiy faoliyatni o‘z ichiga oluvchi turli xil ilovalar ishlab chiqish.
- Informatika fanining o‘tmishdoshi qanday atalgan?
- Informatika faniga asos solinishi haqida so‘zlab bering.
- Axborot va bilish haqidagi Forobiy fikrlarini tahlil qilib be ring.
- Axborot tushunchasini tahlil etib bering.
- Informatika fanining asosiy rivojlanish yo‘nalishlari haqida so‘zlab bering.
- «Axborot – bu bilim, bilim – kuch, kuch esa g‘alaba demakdir» iborasini izohlang.
- «Mustaqil O‘zbekiston» iborasi qanday axborotlar bilan bog‘langan?
- Chap ustundagi tushunchalarni o‘ng ustundagi so‘zlarga mantiqan mos qo‘ying:
kompyuter ilmi | Informatika |
Hardware | Informatika |
axborot | Bilim |
ma’lumot | Bilim |
Software | Bilim |
- Nuqtalar o‘rniga o‘ng ustundagi kerakli so‘zlarni joylashtirib ko‘chiring:
… deganda biz barcha sezgi a’zolarimiz orqali borliqning ongimizdagi …, bog‘liqlik darajasini tushunamiz. | aksini yoki ta’sirini menyular satri |
Matn protsessori va matn muharririda … bor. | 25 – 30 minutdan |
O‘quvchilarining shaxsiy kompyuter bilan ishlash vaqti …, bir kun davomida esa … oshmasligi kerak. | Axborot 180 minutdan |
- So‘zlar tartibsiz joylashtirilgan quyidagi jadvaldagi sezgi a’zolarini axborot manbayi bilan bog‘lab, tartiblangan yangi jadval tuzing:
quloq olov atir shaftoli | gul qor til teri | ko‘z olma kitob rasm | mushuk termometr burun televizor | klavish shamol gilam piyoz | matn magnitofon qulupnay qo‘shiq | suv qizil qalam palov |
- Quyidagi narsalarni sezgi a’zolaringizga qanday ta’sir etishini
aniqlang:
issiq non | quyosh | muzqaymoq | atirgul | daryo |