XX asr oxirida Lotin Amerikasi mamlakatlari
XX asr oxiriga kelib Lotin Amerikasi mintaqasida 34 ta mustaqil davlat va bir necha qaram hududlar mavjud edi. XX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan jadal iqtisodiy o‘sishga qaramasdan, Lotin Amerikasi mamlakatlari jahon siyosatining chekka mintaqasi bo‘lib qolmoqda. Asr oxiriga kelib mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning neoliberal modeli oldingi o‘ringa chiqdi. Aslida bu model Augusto Pinochet davrida Chilida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
Chili
Bugun ham Chili barqaror rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib, mintaqada yetakchi o‘rinni egallaydi. Ammo, umuman, Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun neoliberal islohotlarning natijalari ziddiyatli bo‘lib chiqdi. Agar bu islohotlarning birinchi bosqichi iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lgan, modernizatsiyaga ko‘maklashgan bo‘lsa, keyinchalik to‘siqlar paydo bo‘ldi, ayrim hollarda esa islohotlar retsessiyaga, xo‘jalikning chuqur tushkunligiga olib keldi.
XX asrda Lotin Amerikasi uchun umumiy bo‘lgan modernizatsiyaning qanday variantlari mavjud edi? |
Mintaqada birinchi bo‘lib neoliberal islohotlar yo‘liga kirgan Meksikada 1994-yil dekabrda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz boshlandi. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘irlashdi. Shunday sharoitda Meksikadan kapitalning ommaviy ravishda AQSHga ko‘chishi boshlandi. Milliy valuta – peso keskin tushib ketdi, amalda milliy moliya tizimi izdan chiqdi, 20 ming korxona xonavayron bo‘ldi, mamlakat YIMi keskin tushib ketdi.
Meksika
Meksika inqirozi 1990-yillarda Lotin Amerikasi mamlakatlarini larzaga solgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy inqirozlar zanjirining birinchisi edi. Neoliberal islohotlar oqibatida mintaqa davlatlarining tashqi omilga qaram bo‘lib qolishi Braziliya va Argentina kabi eng yirik davlatlar iqtisodiga ham og‘ir zarba berdi. Ayniqsa, 1990-yillari «neoliberal islohot yutuqlarining namoyishi» bo‘lgan Argentina iqtisodiyoti qattiq zarar ko‘rdi.
Argentina
2001-yili Argentinada defolt e’lon qilinishi jahon tarixidagi eng yirik bankrot holati bo‘lib, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi neoliberal tajribalarga nuqta qo‘ydi va mintaqada siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi. Bu jarayonlar ta’sirida iqtisodiy kursdan norozilik, an’anaviy partiyalar va ularning yetakchilariga ishonchsizlik hollari kuchaydi, qarshilik harakati, jumladan, radikal ko‘rinishdagi tashkilotlarning (qo‘zg‘olonchilik, terrorchi tashkilotlar, narkomafiya) faollashuvi uchun sharoit tug‘ildi.
Kolumbiya va Peru
XX asrning 90-yillarida Kolumbiyada qurollangan so‘l radikal harakat avj olib, ularning qo‘shinlari mamlakat hududining 40% ini nazorat qilardi. 1992-yili Peruda ham «Oydin yo‘l» qo‘zg‘olonchi terrorchilik tashkiloti faollashdi. 1994-yili Meksikada hindularning ommaviy qo‘zg‘oloni boshlandi. Hukumat siyosatining ijtimoiy oqibatlariga qarshi Argentina, Meksika, Ekvador va boshqa bir qator mamlakatlarda aholining ommaviy chiqishlari bo‘lib o‘tdi.
Meksika inqirozi … 1992-yili … 1994-yili … 2001-yili … |
Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarda hindu xalqlarining o‘z huquqlari, o‘ziga xos madaniyatini saqlab qolish, avtonomiya va yerga bo‘lgan huquqi uchun kurashi alohida o‘rin egallaydi. XX asr oxiriga kelib hindular Boliviya, Gvatemala, Peru, Meksika, Ekvador kabi mamlakatlar aholisining 25 – 50 % ini tashkil qiladi. 1990-yillarning boshlarida X. Kolumb tomonidan Amerikaning kashf etilganiga 500 yil to‘lishi keng nishonlandi.
Ammo bu voqea mintaqa aholisi tomonidan bir xilda ijobiy qabul qilinmadi. Sof madaniy muammolardan tashqari neoliberal islohotlar natijasida hindu jamoalarining yerlarini tortib olish hollaridan norozilik kuchaydi. Hukumatlarning hindu aholisiga nisbatan olib borgan adolatsiz siyosati oqibatida mintaqaning ayrim mamlakatlarida hindularning tartibsiz chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Bu harakat Ekvador, Boliviya, Peru, Braziliyada va Meksikaning janubida ayniqsa ommaviy tus oldi.
Lotin Amerikasi mamlakatlari XXI asr boshlarida
Yangi asr boshiga kelib Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘z tarixida birinchi marta diktaturalarsiz rivojlanish yo‘liga kirdi, deyarli barcha davlatlarda saylov yo‘li bilan hokimiyatga konstitutsiyaviy rejimlar keldi. Mintaqa mamlakatlarining mutlaq ko‘pchiligida o‘ziga xos jihati dohiyparastlik va populizm bo‘lgan siyosiy tizim hamda prezidentlik boshqaruvi o‘rnatildi.
«Neoliberal islohot yutuqlarining namoyishi» … 1992-yili … 1990-yillarning boshlarida … |
XX asr oxiridan boshlab aholining an’anaviy partiyalarga ishonchi so‘nib bordi va buning natijasida XXI asr boshida Braziliya, Peru, Venesuela, Ekvador kabi mamlakatlarda hokimiyatga yangi, mustaqil deb atalayotgan nomzodlar keldi. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida mintaqadagi mamlakatlar siyosiy hayotining boshqa bir xarakterli jihati kommunistik partiyalarning o‘z mavqeyini yo‘qotishi bo‘ldi. Bu, albatta, dunyoda yuz berayotgan global jarayonlar bilan bog‘liq edi.
1959-yilgi inqilobdan so‘ng o‘ziga xos kommunistik siyosiy rejim shakllangan Kubada ham shunday jarayonlar yuz berdi. Sotsialistik tizim barbod bo‘lgandan so‘ng Kuba tashqi moddiy-texnik va moliyaviy yordamdan mahrum bo‘ldi, bu esa, birinchi navbatda, aholining ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo bu qiyinchiliklarga qaramasdan, XXI asrda ham Kuba ijtimoiy davlat bo‘lib qolmoqda. XXI asr boshlarida Lotin Amerikasi mamlakatlarida integratsiyalashuv jarayonlari kuchaydi. Bu jarayonlarning asosiy yo‘nalishi mintaqaviy erkin savdo zonalarini tuzish bo‘ldi.
Kelajakda Shimoliy va Janubiy Amerika miqyosidagi erkin savdo zonalarini tuzish, savdo va sanoatini rivojlantirish mo‘ljallangan. Ammo yirik rejalar va katta imkoniyatlarga qaramasdan, bu mamlakatlar, hatto Braziliya va Meksika kabi gigantlar ham bugun global siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal etish jarayonida arzigulik ta’sirga ega emas. 2008-yildan mintaqadagi eng yirik uchta davlat – Braziliya, Meksika va Argentina G-20 («Katta yigirmalik») obro‘li klubiga a’zo bo‘lsa-da, jahon siyosatida hali katta rol o‘ynamaydi.
Shunga qaramasdan, bu davlatlar katta istiqbolli imkoniyatlarga ega. Masalan, Meksika 1994-yili Shimoliy Amerika erkin savdo zonasiga kirdi va 1994 – 2010-yillari Meksikaga kiritilgan chet el investitsiyalari miqdori to‘rt marta o‘sdi. Shuning 75 % i AQSH ulushiga to‘g‘ri keladi. Agar yaqin o‘tmishda eksportning asosini neft tashkil qilgan bo‘lsa, hozir Meksika eksportining 80 % ini sanoat mahsulotlari tashkil qiladi.
XXI asr boshida Braziliya, Peru, Venesuela, Ekvador hokimiyatiga yangi, mustaqil nomzodlar keldi. 1994 – 2010-yillari Meksikaga kiritilgan chet el investitsiyalari miqdori to‘rt marta o‘sdi. |
Braziliya bugun dunyoning yirik iqtisodiyotlaridan biri, jadal rivojlanayotgan Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi va Rossiya bilan birgalikda BRIKS tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Braziliya XXI asrda Lotin Amerikasining tan olingan yetakchisiga aylanish, AQSHning doimiy ta’siridan butunlay qutulish va BMT XKning doimiy a’zolaridan biri bo‘lish kabi olamshumul vazifalarni qo‘yib, shunga intilmoqda.
Aytish lozimki, Lotin Amerikasi mamlakatlari XX asrda o‘z oldilariga qo‘ygan murakkab muammolarni to‘liq hal qila olmadi, ammo buning yo‘llarini qidirishda davom etmoqda. XXI asrda bu muammolar o‘z yechimini qanday topishini hayot ko‘rsatadi.
Populizm – saralangan fuqarolarning ehtiyojlariga emas, xalq ommasi ehtiyojlariga qaratilgan siyosiy pozitsiya yoki nutq shakli. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Rivojlanishning neoliberal yo‘li Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun qanday ahamiyat kasb etdi va qanday muammolarni keltirib chiqardi?
- XX asr oxiriga kelib Lotin Amerikasi mamlakatlarining AQSH bilan munosabatlarida qanday modellar shakllandi?
- XX asr oxiridan boshlab Lotin Amerikasi mamlakatlarida an’anaviy siyosiy partiyalarga aholi ishonchining so‘nib borishiga qanday jarayonlar sabab bo‘ldi?
- Lotin Amerikasining yirik davlatlari XXI asrda qanday maqsadlarni oldiga qo‘yib rivojlanmoqda?
Mustaqil ish
Internet asosida Lotin Amerikasi mamlakatlariga virtual sayohat uyushtiring va mavzuda o‘rganilgan materiallar asosida tarixiy voqelikni tahlil qiling. |