Jahon tarixi eng yangi davrning uchinchi bosqichi 1991-yildan boshlanib, hozirgi kungacha bo‘lgan voqealarni o‘rganadi. Bu davrda sotsialistik tizimning barbod bo‘lishi, SSSRning tarqalib ketishi jahon miqyosida kuchlar nisbatiga, qudratli davlatlar o‘rtasida shakllangan muvozanatga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qachon tashkil topgan edi? |
Bu davrda iqtisodiy va madaniy hayotning globallashuvi, ekologiya muammolarining keskinlashuvi, jahonning juda katta qismida modernizatsiya jarayonlarining tugallanmaganligi bilan bog‘liq ziddiyatlarning kuchayishi xalqaro barqarorlikka jiddiy xavf sola boshladi, ko‘plab mamlakatlardagi murakkab muammolarning manbayiga aylandi.
XX asrning 90-yillari oxirida xalqaro munosabatlar
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng jahondagi kuchlar nisbatini belgilab kelgan kapitalistik va sotsialistik harbiy-siyosiy bloklar o‘rtasidagi qaramaqarshilik 1990-yillarda barham topdi. Ammo, ayni paytda, mintaqaviy mojarolar va «kichik urushlar» xavfi kuchayib, shaxs hamda xalqlarning huquq va xavfsizligini himoya qilish, gumanitar-huquqiy, madaniy aloqalarni ta’minlash, obyektiv axborot tarqatish masalalari jahon siyosatining dolzarb muammolariga aylandi.
1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlar tizimida tub burilish yuz berdi. Avval Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida sotsializmning barbod bo‘lishi, keyin esa SSSRning tarqalib ketishi va «ikki qutbli dunyo» modelining barham topishi natijasida dunyoda bitta qutb, ya’ni AQSH boshchiligida G‘arb davlatlarining hukmronligi o‘rnatildi. Sobiq sotsialistik lager mamlakatlaridagi qiyinchiliklar, Germaniyaning birlashishi va G‘arb davlatlaridagi integratsiyalashuv jarayonlari XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi xalqaro munosabatlarning muhim omiliga aylandi.
Ayni paytda ikki qutbli dunyo tizimining o‘zgarishi bir qator davlatlar siyosiy rivojlanishida keskin burilishga, totalitar mafkuraning barham topishiga olib keldi. Vujudga kelgan mafkuraviy bo‘shliqqa millatchilik, diniy mutaassiblik, tajovuzkorlik g‘oyalari kirib kela boshladi. BMTning tinchliksevarlik harakatlari har doim ham samarali bo‘lmadi. Ikki qutbli dunyo barham topgandan so‘ng global to‘qnashuv xavfi o‘rnini lokal urushlar xavfi egalladi.
Sobiq SSSR va Yugoslaviya hududlaridagi muammolardan tashqari Yaqin Sharqdagi holat ham tangligicha qoldi. Shuningdek, Hindiston va Pokistonning yadro quroliga ega bo‘lish uchun qilgan intilishlari shu mintaqadagi ziddiyatlarni kuchaytirdi. Dunyoning turli mintaqalaridagi siyosiy beqarorlik yangidan yangi mojarolarni keltirib chiqardi. 1990-yillar oxirida Tropik va Janubiy Afrikaning bir qator mamlakatlari qonli urushlar, davlat to‘ntarishlari, partizanlik harakatlari maydoniga aylandi.
XXI asr boshlaridagi xalqaro munosabatlar
XXI asr boshlariga kelib jahonda yangi qudratli davlatlarning paydo bo‘lishi va ularning muqobil markazlarga aylanish jarayoni ko‘zga tashlanib qoldi. Bu davlatlar ta’sirining oshishida ularning iqtisodiy imkoniyatlarini o‘sishi asosiy omil bo‘ldi. Hindiston, Pokiston va Shimoliy Koreyaning yadro quroliga ega bo‘lishi bu davlatlarning xalqaro munosabatlarda mustaqilligini oshirdi. Eron ham o‘z rolini oshirishga intilib, boshlagan yadroviy dasturi jahon jamoatchiligini qattiq tashvishga soldi.
Xitoy va Braziliyaning jadal rivojlanishi ularni «uchinchi dunyo» mamlakatlari qatoridan iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning kuchli o‘nligiga va jahon siyosatining yetakchilari qatoriga olib chiqdi. Shunday jadal rivojlanayotgan boshqa mamlakatlar – Turkiya, Saudiya Arabistoni, Meksika, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi arab davlatlari va boshqa davlatlar xalqaro va mintaqaviy munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsata boshladi. Ayni paytda AQSHning xalqaro munosabatlarda bu davlatlarga ta’siri kamayib bordi. Shu tariqa ko‘pqutbli dunyo modelining shakllanish jarayoni boshlandi. Bu jarayonda har bir davlat o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 19-sentabrda BMTning 72 sessiyasida so‘zlagan nutqi ko‘pqutbli dunyo shakllanishi va globallashuv jarayonida O‘zbekistonning o‘rnini belgilab berishga qaratildi. Uning Markaziy Osiyoni tinch va gullab yashnayotgan hududga aylantirish, Orol muammosini hal qilishda umumjahon ishtiroki, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va butun dunyo yoshlarini terrorchilik xavfidan asrab qolish zarurligi haqidagi takliflari jahon jamoatchiligi tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Jahonda yangi paydo bo‘lgan qudratli mamlakatlar 2008 – 2009-yillardagi jahon moliyaviy inqirozi YI va AQSHga jiddiy ta’sir ko‘rsatganidan foydalanib, jahon iqtisodiyotida kuchlar nisbatini o‘zgartirishga intilmoqdalar. Ayni paytda jahon iqtisodiyotining boshqaruvchanligini oshirish maqsadida G‘arb davlatlarining rivojlanayotgan mamlakatlar bilan yaqinlashuvi yuz bermoqda. Shu maqsadda jahonning 20 ta iqtisodiy eng yirik mamlakatlari vakillarini birlashtirgan «Katta yigirmalik» – G-20 klubi tashkil qilindi. G-20 mamlakatlari jahon iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Zero, jahon YIMining 80%i shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi, Yer yuzi aholisining 2/3 qismi shu mamlakatlarda istiqomat qiladi.
2017-yil 19-sentabrda … 2008 – 2009-yillardagi … Eng yangi davrning uchinchi bosqichi – bu … |
Iqtisodiy hamkorlik va integratsiyaning kuchayishiga qaramasdan, jahon hamjamiyati oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator muammolar turibdi. Ular, avvalo, Yaqin Sharq (Iroq, Falastin, Suriya), Shimoliy Koreya, Ukraina va Afrikadagi mojarolar bilan bog‘liq. Bu muammolarni hal qilishga G‘arb mamlakatlari, Rossiya va Xitoyning turlicha yondashuvi ular o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirmoqda.
Ikki yetakchi yadroviy davlat – AQSH va Rossiya o‘rtasidagi murakkab munosabat jahon jamoatchiligi oldida turgan bir qator dolzarb muammolarni hal qilishga xalaqit bermoqda. Shunday muammolar ichida eng xavflisi xalqaro terrorizmdir. U hozir global jahon sivilizatsiyasining shakllanish jarayoni o‘z yakuniy pallasiga o‘tayotgan davrda yangi sifat kasb etdi va jahon siyosatida katta muammoga aylandi.
Xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar XXI asrda xalqaro xavfsizlik va hamkorlikka asoslangan yangi dunyo tartibini o‘rnatish g‘oyasining ilgari surilishiga olib keldi. Ammo bu vazifani amalga oshirish jahon mamlakatlari, birinchi o‘rinda, yetakchi davlatlar o‘rtasida hamkorlikni talab qiladi. «Sovuq urush» yakunlangandan so‘ng xalqaro munosabatlarda, avvalo AQSH va Rossiya o‘rtasida vujudga kelgan hamkorlik holati 2014-yilgacha davom etdi. Shu yili Ukrainada boshlangan siyosiy inqiroz Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi jiddiy qarama-qarshilikning yangi bosqichiga olib keldi.
1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlar tizimida tub burilish yuz berdi. AQSH va Rossiya o‘rtasida vujudga kelgan hamkorlik holati 2014-yilgacha davom etdi. |
XXI asrga kirib kelgan insoniyat nafaqat global da’vatlarga, balki geosiyosiy holatning o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ham duch kelmoqda. Yagona buyuk davlat bo‘lib qolgan AQSH o‘zining yetakchilik rolini jahon hamjamiyatining xohish-irodasi sifatida taqdim etib keldi. Iroq va sobiq Yugoslaviya, Afg‘oniston va Suriyada harbiy kuchning qo‘llanilishi, Shimoliy Atlantika ittifoqining kengayishi, sayyoramizning boshqa mintaqalarida ham kuchdan keng foydalanish AQSHning jahonda mutlaq gegemonligini namoyish qildi.
Ammo bugun xalqaro munosabatlarda tobora katta rol o‘ynayotgan Xitoy, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarning bunga rozi bo‘lishi qiyin. Vujudga kelgan sharoitda insoniyatning haqiqiy xavfsizligi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikning chuqurlashuvi bilan emas, sivilizatsiyani saqlab qolish va uning gullab-yashnashini ta’minlashga qodir bo‘lgan o‘zaro hamkorlik bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Globallashuv – bu jahon mamlakatlarining iqtisodiy, siyosiy, madaniy va diniy jihatdan birlashishi yoki yaqinlashish jarayoni. Modernizatsiya – bu ijtimoiy tizimni jadal rivojlantirish maqsadida uni to‘liq yoki qisman yangilash, an’anaviy jamiyatdan yangilangan jamiyatga, agrar sivilizatsiyadan industrial sivilizatsiyaga o‘tish jarayoni. Totalitar mafkura – mafkuraviy rejim shakli bo‘lib, totalitar jamiyatda aholini keng miqyosda ommaviy ravishda mafkuraviy qayta tarbiyalash vositasidir. Ko‘pqutbli dunyo – jahonda bir-biridan ustun bo‘lmagan bir nechta siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy markazlarning (qutblarning) mavjudlik holati. Uchinchi dunyo – XX asrning ikkinchi yarmiga xos bo‘lgan siyosiy atama. U «sovuq urush»da va u bilan bog‘liq qurollanish poygasida bevosita ishtirok etmayotgan davlatlarga nisbatan qo‘llanilgan. Dastlab AQSH tarafdorlari va sotsialistik lagerga kirmagan barcha mamlakatlar «uchinchi dunyo» deb atalgan. ITI (ilmiy-texnik inqilob) – fan va texnika taraqqiyotida yangi sifat bosqichiga o‘tish, katta sakrash va uning asosida ishlab chiqaruvchi kuchlarni tubdan qayta qurish. Integratsiya – bu suveren davlatlar o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, moliya, investitsiya, ishchi kuchi erkin harakatlanadigan iqtisodiy kenglikni tashkil qilish maqsadida birlashish jarayoni. |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- Ikki qarama-qarshi harbiy-siyosiy bloklar barham topgandan keyin xalqaro munosabatlarning dolzarb muammolari nimalardan iborat bo‘lib qoldi?
- 1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlarda yuz bergan tub burilish nimalarda namoyon bo‘ldi?
- XXI asrda ko‘pqutbli dunyo modelining shakllanishi xalqaro munosabatlardagi qanday jarayonlarda ko‘zga tashlanmoqda?
- Darslikdagi materiallardan foydalanib XX asr oxiri – XXI asr boshlarida xalqaro munosabatlarga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim omillarning ro‘yxatini tuzing.
Mustaqil ish
Matnda keltirilgan xarita bilan tanishing va «Rangbarang dunyo» mavzusida esse yozing. |
? | |
? |