Sirojiddin Sayyid

Sirojiddin Sayyid
O‘zbekiston xalq shoiri
(1958-yilda tug‘ilgan)

Sirojiddin Sayyid
 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Vatan

Dil porasi, ko‘z qorasi sen o‘zingdirsan,
Mening ko‘nglim sen, aslida, sen ko‘zimdirsan.
Tomirimda tomir yoygan ilk so‘zimdirsan,
Ilk og‘rig‘im, ilk yomg‘irim, naysonim, Vatan.

Qir ustida yonboshlagan bobom chaylasi
Bu dunyoda kimlarningdir orzu-havasi.
Dimog‘imda — yulduz isi, shabnamlar isi,
Momom ekib ketgan kashnich, rayhonim, Vatan.

Quloq solsam shivirlagay hatto toshlaring,
Oy-u quyosh, kamalaklar ko‘z-u qoshlaring.
Beshigimni tebratgandir qaldirg‘ochlaring,
Oy-u quyosh ko‘rpa solgan ayvonim, Vatan.

Bo‘ronlari tulporlarga tunlar yol bo‘lgan,
Bir o‘g‘loni chinor, biri majnuntol bo‘lgan.
Temurlari ot minganda jahon lol bo‘lgan,
Jahonlarga timsol shoh-u sultonim, Vatan.

Valilardan ibrat so‘ylar qadim sahrolar,
So‘ndi qancha saltanatlar, qancha tug‘rolar.
Maqbaralar aytsin lekin, aytsin Zuhrolar:
Yer ostidan suhbat aylar hanuz Kubrolar,
Termiziylar bedor yotgan qo‘rg‘onim, Vatan.

Ne tong edi — izg‘irinlar zahrini totding,
Dasturxonda muztar qoldi qand-u naboting.
Shahidlaring nomlaridir har bir raboting,
Abadiy yod erur asli adabiyoting,
Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy ham Usmonim, Vatan.

Gard qo‘nmasin toki sening kipriklaringga,
Kipriklarim kiprik qilay ko‘priklaringga.
Malham bo‘lmoq uchun asriy og‘riqlaringga
Bulutlaring suzib yurar ko‘k, qirlaringga,
Uyg‘oq ruhlar osmonida posbonim, Vatan.

Naqshlaring qutuldilar kishan-bandlardan,
Xatlar oldim yuragimga Naqshbandlardan,
Afrosiyob bilan tengdosh kuy, ohanglardan.
She’rlarimga ranglar oldim Samarqandlardan,
Gohi moviy, gohi zangor dostonim, Vatan.

Ulug‘laring xokini men yuzlarga surtay,
Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,
Onamdayin aziz non-u tuzlarga surtay.
Ozod bo‘lgan oyatlaring ko‘zlarga surtay,
O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim, Vatan.

Men dunyoni ne deb aytay? Bu bir ko‘hna bog‘,
O‘z bilganin sayrar bunda har qumri, har zog‘.
Aslo sening bag‘irlaring ko‘rmayin men dog‘,
Yulduzlarga osmon bo‘lgan, ey nurli tuproq.
Osmonlari yer-u, yeri osmonim, Vatan.

So‘qmog‘ingda men bir epkin yo bir nasimman,
Yaproq sening, xas bo‘lsam gar sening xasingman.
Jayronlaring ko‘zlarida qolar so‘zingman,
Mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan,
Katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan.

Оцените материал
( 1 assessment, average 5 from 5 )
Nargiza Umarova/ author of the article

Bir necha yillardan buyon internet texnologiyalarini o'rganib tajribalarimni oshirib kelayapman. Va turli yo'nalishlarda maqolalar yozaman.

Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: