Rus adibi A. P. Chexov dunyo hikoyachiligiga katta hissa qo‘shgan ijodkorlardan biri sanaladi. Uning hikoyalari qisqaligi, real hayotiy voqealarga asoslangani, shuningdek, o‘ziga xos badiiy uslubi bilan ajralib turadi. A. P. Chexov o‘z hikoyalarida ulkan tarixiy yoki favqulodda jahonshumul hodisalarni qalamga olmaydi. Balki oddiy rus odamlari qatnashgan, bir tomondan juda sodda ko‘ringan voqea-larni qiziqarli bayon qiladi; unga mahorat bilan badiiy bo‘yoq beradi.
Jumladan, adibning mashhur hikoyalaridan biri bo‘lgan «Garov» hikoyasi bankir va yosh huquq-shunosning qatl hukmi bilan qamoq jazosi borasidagi ziddiyati asosiga qurilgan. Hikoyada hayotning mazmuni, yoshlik faslining qadri, mol-dunyoning nimaga zarurligiga urg‘u beriladi. Hayot hamma vaqt go‘zal, ayniqsa, saodatli va fayzli umr har qanday odamning orzusidir. Bunday hayot tarzi uchun faqat cheksiz boylikning o‘zigina yetarli emas.
Bunday umr uchun dunyoning hamma turdagi kerakli-keraksiz minglab kitob-larini o‘qish ham kamlik qiladi. Muhimi – uqish. O‘qilgan kitoblar ijtimoiy hayot va inson umri bilan bog‘lanishi, har qanday odamni kamolot cho‘qqisiga olib chiqishi, shuningdek, umr mazmunini teranroq anglashga yordam berishi lozim. Aks holda, bunday ta’lim va tahsil hayotdan uzilgan bo‘ladi. Shu ma’noda hikoyadagi bayonga ko‘ra bankirni hamisha boyliklaridan ajralib qolish xavfi ta’qib qiladi.
Garov o‘ynashning o‘zi bema’nilik emasmi? Boshidayoq bankirni shu savol qiy-naydi. Savolga o‘zicha javob ham topadi: «G‘irt bema’nilik bu. Bu narsa kamina tomonidan badavlat kishining shunchaki to‘qlikka sho‘xligi bo‘lsa, huquqshunos tomonidan – pulga o‘chlik, boylikka hirs qo‘yish, tamom-vassalom…» – deb mulohaza yuritadi. Oradan yillar o‘tgan sari uning boyliklari kamayib, hatto qarzga botadi.
Shunda o‘z boyliklari, xususan, ikki million pulini asrab qolish uchun qamoqda o‘tirgan huquq-shunosni qatl etishni niyat qiladi. «Har holda, yashamoq – o‘limdan afzalroq» degan fikrini isbotlash va garovga qo‘yilgan pul uchun o‘zini o‘n besh yillik hibsga mahkum etgan yosh huquqshunos qirq yoshga yetganida hayot mazmunni o‘zicha, o‘z qarichi bilan o‘lchab ko‘radi. Ma’lum bir xulosalarga keladi. Shu xulosalarini mahbus qog‘ozga tushiradi.
Bankir qamoq-xonaga kirib, ozib-to‘zib qolgan va pinakka ketgan mahbus yonida shu maktubni ko‘radi. Bu muloha-zalari davomida bir necha marta kitoblarni tilga olib: «Endi kamina o‘zimni sizlarning barchangizdan har jihatdan komil va yetuk ekanligimga ishonch hosil qilmoqdaman…» – deb ta’kidlaydi. Dunyoning noz-u ne’matlarini o‘tkinchi sanaydi, faqat mol-dunyogina insonni baxtli-saodatli qilmasligini anglab yetadi. Shuning uchun puldan ixtiyoriy ravishda voz kechadi; o‘z xohishiga ko‘ra oxirgi muddatda qamoqxonadan atayin qochib, garov shartini buzadi. Huquqshunos yozgan maktub bankirga ham ta’sir ko‘rsatadi; u o‘zidan o‘zi nafratlanadi.
A. P. Chexovning ushbu «Garov» hikoyasi inson umri, erkin hayot, mutolaa, kitobning foydasi, olingan ilmning hayotga tatbiqi, kamolotning darajasi va boshqa hayotiy masalalar haqida fikrlashga undaydi. Ayni damda, hikoya mazmuni, bankir va huquqshunosning qilmishlariga sharqona odob-axloq mezonlari bilan qaralganda, ikki dunyo saodati degan tushuncha o‘rtaga qalqib chiqadi.
Bir qarashda, mahbus o‘z-o‘zini tarbiyalagan, komillikka erishgan va ruhan tozalangan inson sifatida ko‘rinadi. Biroq inson zoti bu dunyoni deb u dunyoni esdan chiqarmasligi hamda u dunyoni deb bu dunyodan kechmasligi lozim. Hikoya shunday muhim hayotiy masalada ham ogohlikka chorlaydi.
Umr yelga sovurilmasligi kerak. Shu ma’noda hikoya noo‘rin bahs-munozaraning oqibati, xususan, garov ikki inson taqdirini boshqa o‘zanga solganligi haqida saboq beradi.
Savol va topshiriqlar
- A. P. Chexov hayoti va ijodi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar toping.
- Hikoya nima sababdan «Garov» deb nomlangan? Sarlavhani
izohlang. - Garov boylash uchun qanday zarurat bor edi?
- Hibsda o‘tirgan odam nimalar bilan shug‘ullangani to‘g‘risida so‘zlang.
- Huquqshunos qancha muddat va qaysi yillar oralig‘ida
hibsda o‘tirdi? U nima sababdan pullardan voz kechdi? - Bankir hayotni qanday tushunadi? Huquqshunos-chi?
- Huquqshunosning maktubi bankirga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
- Bankir nima uchun huquqshunosni qatl etish fikridan qayt di?
- Huquqshunos nima uchun maktub yozdi, deb o‘ylaysiz?
Axir, yozmasligi ham mumkin edi-ku. - Yozuvchi ikki odam o‘rtasida garov bog‘lashni tasvirlash
bilan qanday g‘oyani ilgari surgan? Hayotda garov o‘ynagan
yoki birovlarning garov bog‘lashganiga guvoh bo‘lganmisiz? - Ayting-chi, hozirda siz qanday adabiyotlarni o‘qishga
ko‘proq ehtiyoj sezyapsiz? Nima uchun? - «Mening kitob javonim» mavzusida ijodiy matn yo zing.