Jamol Kamol
O‘zbekiston xalq shoiri
(1938-yilda tug‘ilgan)
Asr bilan vidolashuv
1
Yigirmanchi asr, xayr, alvido,
Kezdik yo‘llaringni, so‘qmoqlaringni.
Yashadik umid ham tahlika aro,
Chekdik rohatingni, qiynoqlaringni.
Ba’zida kun yorug‘, ba’zan oy qaro,
Totdik tahqirlaring, ardoqlaringni,
Ne-ne talotumlar, quyunlar ko‘rdik,
Ne-ne tomoshalar, o‘yinlar ko‘rdik…
2
Yigirmanchi asr… Dunyo charx urib,
Insonlar boshiga yog‘ildi ofat.
Daryo-daryo qonlar oqdi ayqirib,
Ellarni qurshadi qirg‘in, qabohat.
Mustabidlar o‘tdi davronlar surib,
Bo‘yinlarga solib zanjir, asorat,
Do‘stlar, qanday og‘ir asr bo‘ldi bu,
Odamzod bariga chidadi, yohu!..
3
Jahannam elchisi – atomni ko‘rdik,
Mahshar gulxanini ko‘rdik qalovda.
Jamol Kamol
O‘zbekiston xalq shoiri
(1938-yilda tug‘ilgan)
Olovga sig‘indik, olovda yurdik,
Najot farishtasin ko‘rdik olovda.
Insof, diyonatdan yuzni o‘girdik,
Butun bir dunyoni tutdik garovda,
Xayriyatki, bizni Xudo asradi,
Etmadi dunyodan judo, asradi…
4
Yigirmanchi asr… Munavvar etdi
To‘garak jahonni aqliy mo‘jiza.
Inson ilmi olis yulduzga yetdi,
Inson qadam qo‘ydi to‘lin oy uza.
Bir zum yuraklarning g‘ubori ketdi,
Xayollar yorishdi nurday pokiza.
Ko‘rdik olamshumul kashfiyotlarni,
Koinot ortida koinotlarni…
5
Dunyoni kashf etib, dunyoni bildik,
Tadqiq eta oldik yomg‘irni, qorni,
Falak peshtoqiga bayroqni ildik,
Bildik borliq aro har neki borni.
Jumboqlar ustiga qancha egildik,
Ochdik zarradagi buyuk asrorni,
Lekin yuraklarda iltijo yashar:
Qachon o‘zligingni bilgaysen, bashar?!
6
Millionlarning fikr-u andishasida
Bobolar zikri bor, bobolar xuni,
Nazar sol, dunyoning qay go‘shasida
Hamon hukmrondir qabohat tuni.
Kunduz kechib mehnat nashidasida,
Kechalar vasvasa buzar uyquni,
Dohiylar o‘tdilar, g‘oyalar qoldi,
Bulutlar ketdilar, soyalar qoldi…
7
Xalqim, bu asrda qaram eding, qul,
Bulutlar ortida tole yulduzing,
Otildi, chopildi, kuyib, bo‘ldi kul
Ne-ne azizlaring, o‘g‘loning, qizing.
Bardosh berolmadi, quridi butkul
Peshonangga bitgan bitta dengizing,
Orol qulligimiz qurboni bo‘ldi,
Olam bu shikvaning1
hayroni bo‘ldi…
8
Yigirmanchi asr… Armonlar bilan
Necha bor tug‘ildik, necha bor o‘ldik.
Ollohni tark etib, bo‘ldik yuztuban,
Millatdan yuz burib, yuz qaro bo‘ldik.
Xayriyatki, bugun ozoddir Vatan,
Yana qayta boshdan umidga to‘ldik.
Yana tong nuriga qorishdi dunyo,
Ko‘zimiz o‘ngida yorishdi dunyo…
9
Istiqlol, ey mening asriy murodim,
Ko‘zlarim ustiga qo‘yaber qadam,
Niholdek qomating ko‘rdi, avlodim,
Ma’yus ruhimizga ufurdi ko‘klam.
Ollohdan yetishdi bo‘yla imdodim,
Asrim, tutib berding yelkangni sen ham,
Sen ham saxovating aylading zuhur,
Mustaqillik uchun senga tashakkur!..