(Romandan parcha)
Birinchi qism
B…, 19…-yil, sentabr
To‘rtinchi sinfda edim. Yoshim o‘n ikkilarda bo‘lishi kerak. Fransuz tili muallimamiz Aleksi opa bir kun bizga inshodan vazifa topshirdi. «Hayotdagi ilk xotiralaringizni yozishga harakat qiling. Ko‘raylik-chi, nimalarni eslar ekansizlar. Sizlar uchun bu ajoyib xayol mashqi bo‘ladi», degan edi u. Hech esimdan chiqmaydi: sho‘xligimdan, sergapligimdan bezor bo‘lgan murabbiyalarim meni o‘rtoqlarimdan ayirib, sinf burchagidagi bir kishilik kichkina partaga o‘tqazib qo‘yishgan edi.
Mudira aytgandek, men «dars paytida qo‘shnilarimni gapga tutmaslikni, o‘qituvchimizning so‘zlarini odob bilan tinglashni o‘rgan-gunimga qadar» u yerda surgun hayot kechirishga mahkum edim. Bir yonimda kattakon yog‘och ustun bor: nimaiki qilinsa pinagini buzmaydigan va ora-sira pakkimning uchi bilan u yer-bu yeriga ozor berganimda mardona chidab turadigan vazmin, uzun, gung qo‘shni… Aleksi opa vazifani tushuntirib bo‘lgandan so‘ng bizni yozishga qo‘yib berdi.
Oldingi partalarga husn berib turgan og‘ir tabiatli peshqadam o‘quvchi qizlar allaqachon ishni boshlab yuborishdi. Ularning yonida o‘tirmasam ham, nimalar yozayotganlarini kiftlari ustidan ko‘rib turganday bo‘lar edim: «Ilk xotiramda qolgan birdan-bir narsa mehribon onajonimning kichkina
karavotcham ustiga egilgan oltin sochli aziz boshi, menga mehr-u muhabbat bilan kulimsiragan havorang ko‘zlaridir…» tarzida shoirona bir yolg‘on…
Aslida esa, onalar oltin va havoranglardan boshqa ranglarda ham bo‘ladilar. Faqat so‘rlarning o‘quvchilari qalamidan shunday ranglarga bo‘yalib chiqish u bechoralar uchun bir majburiyat, biz uchun esa odat edi. Menga kelsak, men butunlay boshqacha qiz edim. Juda yoshligimda ayrilgan onamdan esimda nihoyatda oz narsa qolgan. Lekin onamning oltin sochli, havorang ko‘zli bo‘l-maganini aniq bilaman. Shunday bo‘lgandan keyin, uning asl qiyofasini o‘zgartirib tushuntirishga va bundan mamnun bo‘lishga hech qanday kuch meni majbur qilolmaydi…
O‘sha kuni har qancha o‘ylasam ham, faqat shu narsalarnigina yozganim esimda: «Men baliqlar singari ko‘l ichida tug‘ilganga o‘xshayman. Onamni es-es bilaman… Otam, enagam, xizmatkorimiz Husayn ham esimda… Bir kun meni ko‘chada quvgan qora laychani… Bir kun to‘la savatdan yashi-riqcha uzum olayotganimda barmog‘imni chaqib olgan arini… Ko‘zim og‘riganda tomizilgan qizil dorini… Mehribon Husayn bilan Istanbulga kelganimizni… Ha, shularga o‘xshash ko‘p narsalarni eslayman…
Lekin bulardan hech biri ilk xotira emas… o‘zim yaxshi ko‘rgan ko‘lda, quyuq yaproqlar orasida cho‘milib yurgan vaqtlarimdagiday eski xotiralar emas… Dengizday poyonsiz bir ko‘l… «Ichida katta-katta yaproqlar, atrofida daraxtlar bo‘lsa, bu ko‘l qanday qilib dengizday katta bo‘lishi mumkin?» deyarsizlar… Xudo haqqi, yolg‘on so‘zlayotganim yo‘q, o‘zim ham sizlarga o‘xshab hayronman… Ammo, aslida, shunday bo‘lgandan keyin ilojim qancha?..» Inshom sinfda o‘qilganda, dugonalarim men tomonga o‘girilishib, qahqaha urib kulib yuborishdi. Bechora Aleksi opa ularni tinchitish uchun anchagina zahmat chekdi.
Mening otam Nizomiddin nomli bir suvori mayori edi. Onamga uylangan yili uni Diyorbakirga jo‘natishgan. Shu ketganicha Istanbulga boshqa qaytib kelmagan. Diyorbakirdan Musulga, Musuldan Xonikinga, u yerdan Bag‘dodga, Karbaloga o‘tgan… Bir yerda aqalli bir yil ham turmagan. Onamni menga o‘xshatishadi. Onam otamga tushgan yili oldirgan bir rasmi bor, xuddi mening o‘zginam.
D i y o r b a k i r – Turkiya shaharlaridan biri. Musul, Bag‘dod va Karbalo – Iroq shaharlari; Birinchi jahon urushigacha Iroq Usmonli imperiyasida edi.
Faqat bechora onam sog‘liq jihatidan menga hech o‘xshamas edi. Juda zaif ekan. Bitmas-tuganmas yo‘llarga, tog‘larning qattiq havosiga, dalalarning jaziramasiga chidash beradigan sog‘lig‘i yo‘q ekan. Keyin, aftidan, tag‘in bir kasali ham bo‘lgan. Bechoraning er bilan bo‘lgan butun hayoti shu kasallikni yashirish bilan o‘tgan… Nima qilsin, otamni juda yaxshi ko‘rar ekan. Meni zo‘rlab erimdan ajratishadi, deb qo‘rqar ekan…
Otam Istanbuldan hamon uzoqlashib borar, har bir safari oldidan onamga:
– Seni hech bo‘lmasa bir mavsumgina, mayli, ikki oygina onangning yoniga yuborib turay. Onang bechora ham qarib qoldi… Kim bilsin, seni ko‘rgisi kelib, yuragi ezilib o‘tirgandir, – desa, onam:
– Shu yog‘ini ham pisanda qilibmidik? Istanbulga birga qaytamiz, demabmidik? – deyarkan.
Gap kasaliga borib taqalsa:
– Mening hech qanaqa dardim yo‘q… Picha charchadim, xolos… Tunov kuni havo biroz o‘zgardi-da, shundan bo‘ldim, o‘tib ketadi… – deyar ekan.
Ammo Istanbulni ko‘rgisi kelganini otamdan hamisha yashirib kelar ekan. Tavba, yashirib bo‘larmidi. Uyquga ketganidan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas otamni uyg‘otar, Qalandardagi chorbog‘imizni, naryoq-dagi chakalakni yoxud Bosfor suvlarini ko‘rganligini aytar ekan… Jindakkina uyqu ichida o‘tgan bir necha daqiqaga shu qadar uzun tushni sig‘dirish – u yerlarni odam juda ham ko‘rgisi kelgan bo‘lishidan emasmikan?
Buvim harbiy vazirlikka, saroy mulozimlarining oldiga borib, otamni Istanbulga qaytarishlarini har qancha iltimos qilsa ham, har qancha yig‘lab-siqtasa ham, bu yolvorishlar hech qanday naf berma-gan. Nihoyat, onamning kasali og‘irlashganidan so‘ng otam hech bo‘lmasa uni Istanbulga olib borib qo‘yish uchun bir oyga ruxsat so‘ragan-u, javobni ham kutib o‘tirmasdan yo‘lga chiqqan. Tuyalarga ortilgan kajavalarda o‘tirib, cho‘ldan o‘tganimiz xuddi bugungiday esimda. Bayrutga yetib, dengizni ko‘rishimiz bilanoq, onam biroz jonlanganday bo‘ldi. Qo‘ngan uyimizda onam meni ko‘rpasiga o‘tqa-zib, sochlarimni taradi, qo‘llarimning kirligini, tugmalarimning tushganligini ko‘rib xafa bo‘ldi, boshini bag‘rimga bosib yig‘ladi.
Bir-ikki kundan keyin o‘rnidan turdi. Sandig‘idan yangi kiyimlarini olib yasandi. Kechqurun otamni kutib olgani pastga tushdik. Otam menda qo‘rs tabiat askar taassurotini qoldirgan edi. Lekin o‘shanda onamning turib yurganini ko‘rib, suyunganidan yugurib keldi-da, onamni endigina yura
boshlagan go‘dak boladay qo‘llaridan ushlab yig‘ladi – men buni hech esimdan chiqarmayman…
Bu bizning birga kechirgan so‘nggi kunimiz bo‘ldi.
Onamni ertasi kuni ochiq sandiq yonida, boshi kiyimlar bo‘xchasi ustiga qo‘yilgan, lablarida qon qotib qolgan holda topishdi – onam o‘lib qolgan edi. Olti yashar bolaning ancha-muncha narsaga aqli yetishi kerak. Lekin men hech nimani uqmaganday parvosiz yuraverdim. Biz tushgan uyda odam ko‘p edi. Hali ham esimda, bir necha kungacha kattakon bog‘da bolalar bilan bo‘g‘ishib yurdim, Husayn bilan ko‘chalarda, dengiz bo‘ylarida aylandim, jome hovlisiga kirib, qubbalarni tomosha qildim.
Onamni begona yerga qo‘yganimizdan so‘ng, Istanbulga qaytish otamning yuragiga sig‘madi… Innaykeyin, buvim, xolalarim bilan ko‘rishishdan qochdi, shekilli ham… Shunga qaramay, meni ularning oldiga yuborishni o‘z burchi deb bildi. Nazarimda, kun sayin o‘sib borayotgan qiz bolani kazarmada, askarlar qo‘lida tarbiyalash yaxshi bo‘lmaydi, deb o‘ylagan bo‘lsa ham kerak.
Buvimdan judo bo‘lganimizda to‘qqiz yoshlarda edim. Otam ham ittifoqo Istanbulda edi. Otam bechorani bu safar Tripolidan Albaniyaga ishga o‘tkazishibdi. Shuning uchun Istanbulda atigi bir hafta qolishi mumkin edi. Buvimning o‘limi uni mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Beva ofitser to‘qqiz yashar qizini yetaklab tog‘-u toshlar orasida sargardon bo‘lib yurolmas edi. Meni siqilib qoldi deb qo‘rqibmi, xolalarimga tashlab ketishga negadir ko‘ngli chopmadi. Nimani o‘ylagan bo‘lsa o‘ylagandir, har holda, bir kun meni yetaklab borib kemaga o‘tqazdi.
Istanbulga o‘tdik. Ko‘prikda yana aravaga tushib, uchi-keti ko‘rinmagan o‘rlardan oshdik, bozorlardan o‘tdik, keyin bitta kattakon g‘ishtin bino oldiga kelib to‘xtadik. Bu yer umrimning o‘n yilini qamoqda o‘tkazishim kerak bo‘lgan so‘rlar (soeur) maktabi edi. Bizni eshik yonidagi pardalari, derazalari yopiq, olaqorong‘i bir xonaga olib kirishdi. Hamma narsa avvaldan gaplashib qo‘yilgan bo‘lsa kerak, biroz-dan keyin qora kiyimli bir xotin kirdi-yu, to‘g‘ri mening ustimga kelib engashdi. Boshidagi oq ro‘moli-ning uchlarini g‘alati bir qushning qanotlari singari sochlarimga tegizib turib, yaqindan yuzimga tikildi, betlarimni siladi.
Maktabga qo‘ygan birinchi qadamim yangi bir bema’nilik, yana bir yaramaslik bilan boshlanganini eslayman. Otam mudira opa bilan gaplashib turganida, men xonani aylanib uni-buni kovlashtira boshladim. Bir vazaning rangli rasmlariga barmog‘imni tegizib ko‘rmoqchi bo‘luvdim, u tushib chil-chil bo‘ldi. Otam qilichini sharaqlatib o‘rnidan sapchib turdi, jahl bilan qo‘limdan tortdi. Singan vaza-ning egasi mudira opa esa, aksincha, kulardi. Qo‘llarini silkitib, otamni tinchlantirishga harakat qildi.
Maktabda bu vazaga o‘xshash yana qancha narsalarni sindirishim turgan gap. Uydagi bevoshligim u yerda ham davom etdi. Murabbiyalarimiz chindan ham malak kabi sabrli xotinlar edi yoki mening yaxshi tomonlarim bor edi. Yo‘qsa, mening dastimdan bu qadar ozor chekishlari mumkinmi, qalay? Sinfda sira tinmay to‘polon qilar, u yoqdan bu yoqqa o‘tib yurardim. Hamma singari zinadan tushish mening odatim emas edi. Albatta, biror burchakka biqinib olib, sinfdoshlarimning tushishlarini poy-lar, keyin panjara yog‘ochiga otga minganday sakrab chiqib olib, o‘zimni pastga qo‘yib yuborardim.
Yoki oyoqlarimni juftlashtirib zinalardan sakrardim. Bog‘da qurigan daraxt bo‘lardi. Payti keldi degun-cha o‘shanga tirmashib chiqib olganimni, po‘pisalarga quloq solmay tanaffus oxirigacha shoxdan shoxga irg‘iganimni ko‘rgan muallimam: «Bu odam bolasi emas, choliqushi», – deb koyigan edi. Ana shunday qilib, o‘sha kundan boshlab asl nomim unutildi-yu, hamma meni «Choliqushi» deb ataydigan bo‘ldi.
Ch o l i q u sh i – butazor qushi, chittak.
Bilmayman, bu ism keyinchalik qanday qilib oilamizga ham o‘tdi-yu, Farida otim bayram kiyimi singari juda kam qo‘llanadigan rasmiy ot bo‘lib qoldi. «Choliqushi» mening o‘zimga ham yoqardi, nimagaki bu nom ko‘p mahal jonimga ora kirardi. Biron nojo‘ya harakatimdan shikoyat qilishsa, bahuzur yelkalarimni uchirib: «Na chora… Choliqushining qo‘lidan boshqa nima kelardi», – deyardim…
Avgustning oydin kechalaridan biri. Chorbog‘ga bir to‘da mehmon kelgan edi. Bular orasida Narimon nomli yigirma besh yoshlardagi bir tul xotin ham bor edi. Uning onda-sonda chorbog‘ga kelgan kunlari katta voqea hisoblanardi. Dunyoda o‘zlaridan boshqa hech kimni yoqtirmaydigan xolalarim-dan tortib xizmatchi qizlarga qadar – hamma bu xotinga mahliyo bo‘lib qolgan edi. Narimonning eri bundan bir yil avval o‘lgan. Narimon erini juda ham yaxshi ko‘rardi, deyishadi. Shuning uchun u hamisha qora kiyib yurar ekan. Lekin menga shunday tuyuladiki, bu xotinning sarg‘imtir chehrasiga juda ham yarashib tushgan qora kiyimi aza tamom bo‘lgandan so‘ng yechilguday bo‘lsa, uning quruqligi oshkor bo‘lib qoladi.
Narimonning menga qilgan muomalalari it mushukni erkalaganiga o‘xshardi. Lekin men unga hech elikmas edim. Oramiz ancha sovuq edi. Menga qilgan iltifotlarini juda sovuq qarshilardim. O‘rta-mizdagi sovuqlikning hali ham davom etganiga qaramay, tan berishim kerak: Narimon o‘lguday chiroyli edi. Menga yoqmaydigan bir narsasi bo‘lsa, u ham nozu karashmalarga o‘chligi edi. Xotinlar ichida-ku o‘zini uncha-muncha yaxshi tutardi-ya, lekin, mabodo oraga bitta-yarimta erkak aralashib qolguday bo‘lsami, ana unda yuzi o‘zgarar, ovozi, qahqahalari, qiliqlari butunlay boshqa tus olardi.
Qisqasi, maktabimdagi yeng ichida ish ko‘radigan dugonalarimning yana ham savodi chiqqanrog‘i… Eri haqida gap ochilguday bo‘lsa, bu xotinning: «O, mening hayotim bitdi!» deb yolg‘on taassurot qoldirishga harakat qilishi jon-jonimdan o‘tib ketardi. U shunday qilganda ich-ichimda g‘azabga kelar, «ko‘zga yaqinroq birontasi uchrasin, ko‘ramiz», deb o‘ylardim. Chorbog‘imizda Narimonga teng kela-digan hech kim yo‘q edi.
Latta Najmiyani esa, tabiiy, odam soniga qo‘shib bo‘lmaydi. Xolalarim sochlari, boshlari oqargan qari xotinlar. Goh uning, goh buning oyoqlarini tushashdan boshqa gaplari yo‘q. U holda, u holda… Men Narimonning chorbog‘ga mazaxo‘rak bo‘lib qolganining sababini seza boshlaganday edim. U esi past bo‘lamni ko‘z ostiga olib qo‘ygan edi. Yo tegmoqchimikan? Unday deb o‘ylamayman. O‘ttizga yaqin-lashib qolgan tul xotinning yigirma yoshlardagi yigitchaga tegish harakatiga tushishi pastkashlikning borib turgani… Agar u bunday pastkashlikdan qaytmasa, bema’ni xolalarimda tajribasiz bolalarini kalxatga oldirib qo‘ymaydigan ko‘z topilarmikan?
Komronni esi past dedim-a? Yo‘q, qizishganimdan aytdim… Yo‘qsa, u nima qilayotganini yaxshi biladigan sariq chayon. Narimon bilan gaplashganda o‘zini pinhon tutishga tirishadi, lekin mendan qochib qutula olarmikan? Bo‘lam qayerda bo‘lsa ham, o‘sha xotinning pinjiga kirib oladi. Goho hech narsadan bexabardek yonlaridan o‘tib ketaman. Ana shunday kezlarda ovozlarini pasaytirishadi yo
gapni boshqa yoqqa burib yuborishadi… «Nima qilishsa qilishavermaydimi, senga nima?» deyarsizlar. Menga nimami?
Komron dushmanim bo‘lganda ham, har holda, bo‘lam… Qandayligi noma’lum bo‘lgan bir xotin uni buzar ekan-u, men qarab o‘tiramanmi?.. Nima to‘g‘risida gapirayotgan edim?.. Ha, avgustning oydin kechalaridan biri… Mehmonlar chorbog‘ oldidagi ayvonda o‘rinsiz yoqilgan katta lampaning yorug‘i-da hangomalashib o‘tirishgan edi. Narimonning muzika notalari singari o‘lchovli, ohangdor qahqaha-lari asabimga tekkani uchun bog‘ga chiqib, bir burchakda, qorong‘i daraxtlar tagida xayol surib o‘tir-gan edim.
Azamat shoxlaridan bir qismi qo‘shni bog‘ga osilib tushgan bitta qari chinor bor. Bechoraning yeyish-ga yaraguli mevasi bo‘lmaganiga qaramay, salobati uchun yaxshi ko‘rardim. Ustida, xuddi supada yurganday, hech qo‘rqmasdan yuriladigan yo‘g‘on, soyabon shoxlariga chiqib aylanar, yoxud o‘tirardim. O‘sha kecha ham shunday qildim, anchagina baland shoxiga chiqib o‘tirdim. Birozdan so‘ng qulog‘imga yengil oyoq tovushi, orqasidan esa bo‘g‘iq qahqaha eshitildi.
Darhol ko‘zlarimni ochib, quloqlarimni ding qilib turdim… Nima desam bo‘ladi. Bo‘lam baxtiyor tul bilan men tomon kelardi… Qarmog‘iga baliq yaqinlashganini ko‘rgan baliqchi singari boshdan oyoq diqqatga aylandim. O‘tirgan yerimda shovqin solib yubormasaydim, deb o‘takam yorilardi. Behuda qo‘rquv! Ular o‘zlaridan shu qadar ketishgan ediki, o‘tirgan yerimda bong ursam ham eshitishmas edi. Narimon oldinda, bo‘lam esa arab malayday to‘rt-besh qadam orqada kelardi.
Devor orasidan o‘tib, nari ketishga madorlari yetmagani uchun men chiqib olgan daraxt tagiga kelib to‘xtashdi:
– Keling, jujuqlarim! Keling, qo‘zilarim!.. Sizlarni menga Olloh nasib qildi. Birozdan so‘ng ko‘rishamiz… Bu go‘zal oydin kechada sizlarda unutilmas bir xotira qoldirish uchun qo‘limizdan kelganicha g‘ayrat qilamiz! Xuddi shu choq bir chigirtka chirillay boshlamaydimi? Dod deyman! Bo‘lamning baxtiyor tul-ga aytayotgan gaplarini eshitolmay qoldim… Qo‘limdan kelsa: «Hoy, notavon, nimadan qo‘rqasan? Bu yerlarda kim bo‘lardi?.. Ovozingni chiqarsang-chi!» deb baqirardim.
Komronning «Narimon, azizim, malagim», degan so‘zlarigina qulog‘imga chalindi. Dag‘-dag‘ titray boshladim. Yiqilib tushmaganimda ham, sharpa qilaman, yaproqlarni shitirlatib yuboraman, deb qo‘rqar edim. Bu orada Narimon xonimning ham bir-ikkita so‘zini eshitdim… «Iltimos qilaman, Kom-ronbey, iltimos qilaman», – deyardi. Nihoyat, ovozlar tindi. Narimon sekin-sekin devor tomon
yurdi, qo‘shni bog‘da boshqa birov bor-u, uni ko‘rmoqchi bo‘lganday, oyoqlarining uchiga turib qaradi.
Komron esa uning orqasida nima qilishini bilmayotganday turardi… Bo‘lamning birdan u tomonga yurganini, qo‘llarini ko‘targanini ko‘rdim… Yuragim qinidan chiqib ketayozdi, «axiyri aqli boshiga keldi, bu yomon xotinga shapati otadi», deb o‘ylayman. Komron shunday qila qolsa, men ham ho‘ngrab
o‘zimni daraxtdan tashlayman, u bilan umrbod yarashaman. Lekin u maxluq bunday qilmadi. Qiz-larnikiga o‘xshash oppoq qo‘llari bilan Narimonni o‘ziga tortdi…
Yo Rabbiy, bu qanday razolat, qanday razolat-a! Butun vujudim dag‘-dag‘ titrardi. Biroz avval ularga g‘alati bir o‘yin ko‘rsatib qo‘yishga qaror qilgan bo‘lsam, endi meni sezishmasin deb o‘takam yorilardi. Haqiqiy qushga aylanib, bu shoxlardan ko‘kka parvoz qilishni, osmondagi oy manzilida g‘oyib bo‘lib, bu dunyodagi odamlarning yuzlarini ko‘rmaslikni nechog‘liq istar edim!.. Lablarimni barmoqlarim bilan siqib turganimga qaramay, og‘zimdan bir ovoz chiqdi. Bu faryod bo‘lsa kerak. Lekin pastdagilar tushunguncha faryodim qahqahaga aylandi. Uyatsizlarning o‘sha damdagi talvasasini, qo‘rquvini bir ko‘rsangiz edi!
Birozgina oldin oyoqlarini oy yog‘dusi kabi yerga tegizmay yurayotganday tuyulgan baxtiyor tul endi daraxtlarga urilib, qoqinib-suqinib qocha boshladi. Xolavachcham ham shunday qilmoqchi bo‘ldi. Lekin Narimon izidan bir necha odim bordi-yu, keyin nima o‘ylasa o‘ylagandir, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytib keldi. Men qiladigan boshqa ish topolmaganim uchun hamon kular edim. U mashhur «Qarg‘a bilan Tulki» ertagidagi tulki singari, daraxt tagida u yoq-bu yoqqa yura boshladi.
Nihoyat, uyatni bir yoqqa yig‘ishtirib qo‘yib:
– Farida, jonginam, biroz pastroqqa tusha olasizmi? – dedi.
Men kulgini to‘xtatib, jiddiy ohangda:
– Nima ishingiz bor? – dedim.
– Hech… Senga gapim bor edi-da…
– Mening esa siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q… Rohatimni buzmang.
– Farida, hazilingni qo‘y…
– Hazilimni? Nega qo‘yar ekanman?
– Lekin haddingdan oshyapsan… Sen pastga tushishni xohlamasang, men tepaga chiqishim mumkin.
Ana xolos, bunisiga nima deysan! Yo‘lda ketayotganida kichkinagina ko‘lob suvni ko‘rib esankirab qoladigan, hatlashga qaror berishdan avval tuflilariga, suvga uch-to‘rt marta qarab oladigan, kursiga o‘tirish oldidan shimining tizzalarini barmoqlarining uchi bilan ushlab yuqori tortib qo‘yadigan
nozik, nozanin bo‘lamning daraxtga chiqmoqchi bo‘lganiga, qo‘y, kulma!
Shu kecha Komron chindan ham vahshiylashgan edi. Pastdagi shoxlardan biriga osilib chiqdi, keyin yana ham yuqori chiqish harakatiga tushdi. Shu kecha u bilan daraxt ustida yuzma-yuz kelish fikri
nimagadir meni hayiqtirardi. Uchrashsak, falokat yuz berardi. Uning yashil ilon ko‘zlarini yaqindan ko‘rsam, daraxt shoxlari orasida potirlashib bir-biri bilan olishgan ikki yirtqich qushga aylanamiz. Ko‘zlarni o‘yib, pastga otamiz. Yo uni, yo o‘zimni.
Lekin, nima uchundir, bu yomonlikni ravo ko‘rmadim. Joyimda to‘g‘rilanib, keskin tovush bilan buyurdim:
– To‘xtang o‘sha yerda!
U parvo qilmadi, javob ham bermadi. Chiqib olgan shoxi ustida to‘g‘rilanib, yana ham yuqoriga qaray boshladi.
– To‘xtang, oqibati yomon bo‘ladi! – dedim. – Bilasizki, men Choliqushiman. Daraxtlar mening koinotim. Bu joylarga mendan boshqa odamning oyoq bosishiga ko‘zim yetmaydi.
– Bu yana qanday gap bo‘ldi, Farida?
Haqiqatan ham, bu qanaqa gap edi? Nochor hazilga oldim. Yaqinlashsa, yana ham yuqori chiqish taraddudiga tushib:
– Bilasizki, sizni hurmat qilaman, – dedim. – Sizni daraxtdan yiqilishga majbur etsam, juda yomon xafa bo‘laman. Hozirgina she’r o‘qigan ovozingiz birdaniga «Voydod!» «Voydod!» deb baqira boshlasa, fojia bo‘ladi.
Uning ovozini taqlid eta turib, qahqaha urib kulib yubordim.
– Bo‘lmasa ko‘rishamiz! – dedi Komron.
Qo‘rquv unga dalda, chaqqonlik bag‘ishladi. Tahdiddan hayiqmay, ostimdagi shoxlarga tirmasha boshladi. Daraxtda quvlashmachoq o‘yinini boshladik. U yaqinlashdi deguncha, men yuqori chiqaman. Shoxlar hamon ingichkalashib boradi. Bir qur devor ustiga sakrab tushib
qochmoqchi ham bo‘ldim. Biroq sakrashga qurbim yetsa ham, sakramayman, nimagaki, bir yerimni mayib qilib olguday bo‘lsam, bo‘lam o‘rniga mening dodlash ehtimolim bor.
Har holda, nima bo‘lsa ham, shu kecha bir-birimizga yaqin kelmasligimiz kerak. Siyosatni o‘zgartirib so‘radim:
– Men bilan nega bunchalik gaplashmoqchi bo‘lganingizning sababini bilsak bo‘ladimi?
Savolimni eshitib, u ham o‘zgardi, jiddiy tus olib:
– Sen bilan hazillashyapmiz-u, lekin masala juda muhim, Farida… Sendan qo‘rqyapman… – dedi.
– Shunaqami? Nimadan qo‘rqasiz?
– Sho‘xlik qilishingdan…
– O, har kungi ishim-ku bu!
– Bugungisi boshqa kunlardagiga o‘xshamaganidan…
– Bugun biron favqulodda narsa yuz berdimi?
Komron juda charchagan, uzukkan edi. Shimi ham esiga kelmay, shoxlardan biriga o‘tirdi. Hamon hazillashayotganday ko‘rinsa ham, aslida, yig‘lab yuboradigan ahvolda edi. Unga achinganim uchun emas, u bilan gaplashishga toqatim qolmagani, undan tezroq qutulgim kelgani uchun:
– G‘am yema, – dedim, – qo‘rqadigan hech narsa bo‘lgani yo‘q, ko‘nglingni to‘q tutaver… Bor, mehmonlaring oldiga, ayb bo‘ladi.
– Farida, shunchaki so‘zmi yo ontmi?
– So‘z ham, ont ham… Xohlaganing…
– Ishonsam bo‘ladimi?
– Meningcha, ishonish kerak… Axir, burungiday yosh bola emasman-ku…
– Farida…
– Innaykeyin, hayronman: mening nima deyishimdan qo‘rqasan? Men-ku daraxtda o‘z yo‘limcha o‘tiribman…
– Qaydam, ichimda hech ishongim kelmaydi…
– Katta bo‘lib qolganimni, esi kirgan qiz bo‘lganligimni senga aytishdan, albatta, bir maqsad bor… Bor, suyukli bo‘lam… Ortiq uzukma… Ba’zi narsalar borki, bularni yosh bola ham sezadi… Lekin ulg‘ayib borayotgan yosh qiz hech farqiga bormaydi… Bor, ko‘nglingni xush qil…
Komronning vahmi sekin-sekin hayratga aylanib borayotganday ko‘rinardi. Meni albatta ko‘rgisi kelgandek, boshini ko‘tarib:
– Gaplaring butunlay boshqacha-ya, Farida, – dedi.
Gap cho‘zilsa, keti ko‘rinmasligi mumkin. Shuning uchun yasama g‘azab bilan baqirib berdim.
– Bas endi!.. Gapni cho‘zaversang so‘zimni qaytarib olaman… Tushunsang-chi!
Po‘pisam uni qo‘rqitdi. Shoshib-pishib daraxtdan tushdi-da, Narimon ketgan tomonga qarab yurishdan uyalganday, bog‘ning etagiga qarab ketdi. Baxtiyor tul o‘sha kechadan so‘ng chorbog‘da ko‘rinmadi. Komronga kelsak, uzoq vaqtlargacha mendan hadiksirab yurdi, men buni sezdim. Komron Istanbulga tushganda, har safar menga hadyalar olib qaytardi. Bitta rasmli yapon soyapari, shoyi ro‘molchalar, ipak paypoqlar, yuraksurat pardoz oynasi, chiroyli qo‘l sumkasi tortiq qildi…
Bolalik sho‘xliklarini tashlamagan qizdan ko‘ra ko‘proq yetilgan qizga yoqadigan bu narsalarning menga hadya qilinishida qanday ma’no bor edi? Choliqushining ko‘zlarini bo‘yashdan, janjallarining oldini olib, sho‘xligiga to‘sqin bo‘lishdan boshqa nima ham bo‘lardi? Birov seni esdan chiqarmasa, zavqlanish mumkinligini tushunadigan yoshga yetib qolgan edim. Yana bu chiroyli narsalar o‘zimga ham yoqardi.
Lekin bu hadyalar menga manzur bo‘lganini na Komronga, na boshqalarga bildirgim kelmas edi.
Buning ustiga, nozik qamishlar terilgan, qiyiq ko‘zli yapon qizlarining suratlari bilan bezalgan soya-parimni yerga, tuproqqa tushirgan paytlarimda olmasam, xolalarim:
– Farida, senga berilgan hadyalarni shunday qadrlaysanmi? – deb ta’na qilishardi.
Sumkaning yaltiroq, yumshoq terisiga barmoqlarim tekkanda, hamisha hurmat hissi tuyardim; bir kun ana shu sumkaga qo‘limdagi ho‘l mevalarni solmoqchi bo‘lganday bir harakat qilib, xolalarimni rosa jag‘illatdim.
Yana ham hushyorroq bo‘lganimda, Komronning bu hadigidan yana ham ko‘proq foydalanar, turli do‘q-po‘pisa bilan uni yana nimalar… nimalar olib berishga majbur etardim. Lekin o‘zim shu qadar yaxshi ko‘rgan bu narsalarimni yirtgim, sindirgim, keyin oyoqlarim ostiga olib yig‘lab turibn depsigim kelardi. Bo‘lamga bo‘lgan kekim, nafratim hech tarqalmas edi. Boshqa yillar maktabning ochilishi kunlari yaqinlashgan sari boshim og‘rir, ko‘zlarim tinardi. Ammo o‘sha yil bu uydan, bu odamlardan uzoqlashadigan kunimni intizorlik bilan kutdim.
Maktab ochilgan haftaning yakshanbasida murabbiyalar bizni Qyag‘itxona tomonga olib chiqishdi. Murabbiyalar ko‘chada yurishni juda yomon ko‘rishadi, lekin o‘sha kuni nima bo‘ldi-yu qorong‘igacha qolib ketdik. Men eng orqada ketayotgan edim. Qanday bo‘lganligini bilmayman. Bir mahal qarasam, dugonalarim bilan mening o‘rtamdagi masofa juda uzayib ketibdi. Meni odatdagicha oldinda ketayo-tibdi deb o‘ylashgan bo‘lishsa kerak, hech yoqdan meni yo‘qlovchi ovoz chiqmadi.
Q y a g‘ i t x o n a – Istanbul atrofidagi bir tuman va soy nomi.
Bir payt yonimga bir ko‘lanka kela boshladi. Qarasam Mishel:
– Senmisan, Choliqushi? Nega yakka o‘zing sudralib ketyapsan? – dedi.
– O‘ng oyog‘imning boldiriga chandilgan ro‘molchani ko‘rsatdim.
– Hali o‘ynab turib yiqilganimda, oyog‘imni yaralab olganimdan bexabarga o‘xshaysan-a? – dedim.
Mishel yomon qiz emas edi. Holimga achindi.
– Xohlaysanmi, senga yordam qilay?
– Har holda, meni opichib olish fikring-ku yo‘qdir?..
– Tabiiy, yo‘q… Iloji yo‘q-da… Faqat qo‘ltiqlab olishim mumkin, xo‘pmi? Bunday emas… Qo‘lingni yelkamga qo‘y… Mahkamroq ushla… Men ham belingdan ushlab olaman… Og‘rig‘ing picha kamayadi… Qalay, yurganingda joning uncha og‘rimayaptimi?
Aytganini qildim. Haqiqatan, ahvolim ancha yengil tortdi.
– Mersi, Mishel, sen juda ajoyib qizsan, – dedim.
Biroz yurganimizdan so‘ng Mishel:
– Bilasanmi, Farida, bu ahvolda yurganimizni dugonalarimiz ko‘rishsa, nima deb o‘ylashadi? – deb so‘radi.
– Nima deb o‘ylashadi?
– Farida ham oshiq bo‘libdi… Mishelga dardini aytyapti, deb o‘ylashadi.
Birdan to‘xtadim.
– Gaping rostmi? – deb so‘radim.
– Albatta…
– Unday bo‘lsa, qo‘ltig‘imdan chiq.
Shu buyruqni bera turib, askar komandiriday jiddiy tus oldim.
Mishel meni hamon qo‘yib yubormay:
– Eski safsata, – dedi. – Nahotki shunga ham ishonsang?
– Safsatami? Nega?
– Qizlar sening qanaqaligingni bilishmaydimi?
– Nima demoqchisan?
– Hech senda bunday mojaro bo‘lishi mumkin emasligini… Birov bilan yurish ehtimoling yo‘qligini…
– Nega endi?.. Meni xunuk deb o‘ylaysanmi?
– Yo‘q… Xunuk demayman… Aksincha, chiroylisan ham… Faqat o‘lguday laqmasan, og‘zing bo‘sh…
– Meni shunday deb o‘ylaysanmi?
– Mengina emas, hamma ham shunday deb o‘ylaydi… Sevgi bobida Choliqushi chinakam gurd deyishadi.
Turkchasini ammo uncha yaxshi bilmayman-u, lekin fransuzchasiga «gurd» degani osmaqovoq, suvqovoq, bolqovoq ma’nolarini beradi. Qaysi biri bo‘lsa ham, yomon narsa… Zotan, pastak bo‘yim, bo‘liq gavdam bilan bu qovoqlardan biriga anchagina o‘xshab ham ketishim mumkin… Shu holda
Choliqushidan keyin menga yana gurd degan laqab qo‘yilsa, ko‘p yomon bo‘ladi! Nima qilib bo‘lsa ham, odamni sharmanda qiluvchi bu xavfning oldini olish kerak.
Mishelning o‘zidan o‘rgangan bir qiliqni qildim – boshimni yelkasiga qo‘ydim, tagdor qilib yuziga qaradim, keyin g‘amgin kulimsirab:
– Mayli, sizlar shunday deb o‘ylay turinglar, – dedim.
– Nima deyapsan, Farida?
Mishel taqa-taq to‘xtadi, menga ajablanib qaradi. Men bo‘ynimni qisib tasdiqladim.
– Afsuski, shunday, – dedim. Keyin yolg‘onimni osonroq hazm qilinishi uchun bir oh ham urib qo‘ydim. Mishel bu safar hayratidan ayyuhannos tortib yubordi:
– Ajoyib!.. Juda ajoyib, Farida!.. Afsuski, hech ishongim kelmaydi.
Bechora Mishel sevgi savdosiga shunchalar ishqiboz ediki, buni boshqalarda sezdi deguncha, yuragi suyunchlarga to‘lib ketardi. Faqat, o‘zi aytganidek, ishonishga, ochiq-oshkor sevinishga botinolmasdi. Beadabgarchilik qilib qo‘ydim. Nomusim uchun buni oxiriga yetkazishim kerak.
– Shunday, Mishel, men ham birovni yaxshi ko‘raman,– dedim.
– Faqat yaxshi ko‘rasan xolosmi, Choliqushi?
– Shubhasiz, uning ham mayli bor, grand gurd.
Boya uning menga aytgan gurd so‘zini men ham oldiga «katta» sifatini qo‘shib o‘ziga hadya etdim-u, «bu sensan, sening oting bu» deyish esimga kelmas edi. Demak, yolg‘on boshlanar-boshlanmas o‘zimni tanitishga muvaffaq bo‘libman, naqadar baxt! Mishel endi meni zo‘r mehr bilan suyab borardi.
– Aytib ber, Farida… Aytib ber, qanday bo‘ldi? Demak, sen ham, a? Qanday ajoyib narsa, a, shunday emasmi?
– Albatta ajoyib!..
– Kim u?.. Yaxshi ko‘rgan yigiting juda ham chiroylimi?
– Juda chiroyli!
– Qayerda ko‘rding? Qanday tanishding?
– …
– Bas, ko‘p yalintiraverma.
O‘zim ham yalintirmayin deb o‘lib turibman. Lekin nimani to‘qib gapiraman? Ana shunisini bilmayman. Sevgili kishing bo‘lganda shoshib qolasan, chunki uning visolini eslashning o‘zi naqadar qiyin, naqadar qiyin…
– Bo‘la qol, Farida… Yashirma… Bo‘lmasa men bilan hazillashibsan-da.
Birdan shoshib qoldim. Hazilmi? Xudo saqlasin… Men osmaqovoq yo suvqovoqmanmi?.. Bo‘lmasa shunday bir ishq savdosini to‘qiyki, o‘zing hayron qolgin?.. Mishelga sevgan kishim bilan maqtanish uchun kimning otini aytsam sizga manzur bo‘ladi? Komron!..
– Bo‘lam bilan ishqibozlik qilishamiz…
– O‘tgan yil maktab dahlizida men ko‘rgan sarg‘imtir yigit bo‘langmi?
– Xuddi o‘sha…
– O, qanday chiroyli, a!
Men sizga aytdim-ku, Mishel sevish uchun yaratilgan qiz edi… Komron shu mahalgacha maktabga ikki yo uch marta kelgandir… Mishel, jigar hidi dimog‘iga urgan mushuk singari, yosh yigitning hidini bilib darrov dahlizga yugurib chiqqani, bizni poylagani qiziq emasmi axir? Yulduzlar chiqdi. Kuz kirib qolganiga qaramay, havo odam dimog‘iga ekin bo‘ylarini urib turgan yoz havosiga o‘xshardi. Vujudim butun og‘irligi bilan Mishel yelkasiga tushdi, sochlarimiz, betlarimiz bir-birimiznikiga yopishdi.
Men o‘zim to‘qigan afsonani hikoya qila boshladim.
– Bundan ham chiroyliroq kecha edi, – dedim. – Eshik oldidagi odamlardan uzoqroqqa ketdik… Men oldinda, bo‘lam ikki-uch odim orqada… U menga ajoyib narsalar so‘zlardi. Ammo nimalar so‘zlaganini takrorlamayman. Chunki xohlamayman… Chigirtkalar biram chirillashdiki… Yurdik, yurdik… Oy yog‘dusida hovuzga aylangan maydonlardan daraxtlar orasidagi qorong‘i joylarga kirib ketamiz. Keyin yana oydin maydonlarga chiqamiz… Birozdan so‘ng tag‘in qorong‘ilikka sho‘ng‘iymiz.
– Bog‘inglar muncha uzun ekan, Farida? Xato qilib qo‘yishdan juda qo‘rqaman.
– Yo‘q, uncha uzun emas-u, o‘zimiz sekin-sekin yurdik-da… – dedim, keyin hikoyamning u yog‘ini aytdim.
– Axiri yo‘limiz oxiriga ham keldi… Bog‘ning etagida qo‘shnimizning devoriga osilib tushgan kattakon chinor bor. O‘shaning tagiga kelib to‘xtadik. Men oyoqlarimning uchida turib, o‘zimni qo‘shnimizning bog‘iga qarayotganga soldim…
Rolimni juda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsam kerakki, gapirib turib titrar, ovozim bo‘g‘zimga tiqilib qolar, ko‘zlarimga yosh kelar edi…
– Keyin nima bo‘ldi, Farida, keyin?
– Keyin daraxtdan bir qushning sharpasi keldi.. – Juda yomon qush ekan… Qo‘rqib qochib ketdik…
Ortiq ko‘z yoshlarimni tutolmas, boshimni Mishelning ko‘ksiga qo‘yib olib, piq-piq yig‘lar edim… Bu yig‘i qancha cho‘zilar ekan, bilmayman… Xayriyat, yo‘q bo‘lib ketganimizni axiyri sezishdi… Baqirib-chaqirib bizni izlay boshladilar. Mishel ularga ovoz qildi.
– Ketyapmiz, lekin tez yurolmayapmiz, – dedi. – Choliqushining oyog‘i lat yebdi…
Yasha, Mishel!.. Men ham xuddi shuning uchun yig‘layapman… Endi tezroq yurib ketishimiz mumkin.
O‘sha kecha hamma uxlagandan keyin ham o‘rnimda yig‘lab yotdim. Lekin shunisiga aminmanki, bu safar yoshlar rol tufayli emas, o‘z-o‘zimga achinganim tufayli to‘kilmoqda edi. Modomiki, dugona-larimga o‘zimning gurd emasligimni isbot etish uchun bitta yolg‘on to‘qishga qaror bergan ekanman, dunyoda boshqa odam topilmagandek, nega endi bo‘lamni, dunyoning hech jinim suymaydigan insoni bo‘lgan Komronni tilga oldim? Ertalab uyg‘onar-uyg‘onmas Mishelni qo‘lidan ushlab bir chetga tortaman-u, kechqurungi gaplarimning hammasi yolg‘onligini aytaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ydim.
Lekin, netayki, ertalab uyg‘onganimda jahlim tarqalgan, xijolatpazligim ham meni tark etgan edi.
Menga har mahalgidan boshqacha ko‘z bilan qarab, kasal bolaga qilinadigan muomalani qila boshlagan Mishelga haqiqatni aytishga botina olmadim. Mening gapim sekin-sekin dugonalarim orasiga tarqaldi. Mishel ularga qattiq tayinlagan bo‘lsa kerak, hech kim menga bu gapning uchini chiqarmasdi. Faqat qarashlaridan, kulishlaridan nima demoqchi ekanliklarini bilib turardim. Bu
narsa menda g‘alati g‘urur tug‘dirardi. Sho‘xligimni, yaramasligimni bir necha vaqtgacha tashlashga majbur bo‘ldim.
Endi har kim menga bo‘lasini yaxshi ko‘rib qolgan qiz, deb qarar edi… Shunday bo‘lgandan keyin kap-katta qizning go‘dak bola singari hatlab, sakrab o‘ynashi, yaramasliklar qilishi juda ham yarashmagan narsa-da! Afsuski, sut bilan kirgan jon bilan chiqadi, deydilar. Kechqurunlari oxirgi tanaffusda Mishel-ning qo‘liga osilib, unga yangi to‘qigan uydirmalarimni aytar, shu bilan birga, o‘zim ham shayton vas-vasasiga uchib borar edim.
Yana bir sayohatdan endi qaytib kelgan edik. O‘sha kuni Mishel nima uchundir biz bilan sayrga chiqmadi. U meni eshikda kutib oldi, qo‘limdan ushlab, meni bog‘ning bir burchiga yugurtirib olib keldi.
– Senga bitta gap topib qo‘ydim, – dedi. – Ham suyunasan, ham xafa bo‘lasan…
– Bugun sening malla bo‘lang maktabga keldi!..
– …
– Albatta, seni yo‘qlab kelgan-da… Koshkiydi, sen ham men bilan qolgan bo‘lsang.
Ishongim kelmas edi. Muhimroq sabab bo‘lmasa, Komron meni nechun axtarib kelsin? Mishel, har holda, yanglish ko‘rgan bo‘lsa kerak. Lekin shubhamni o‘ziga aytmadim. Yolg‘ondakamdan
ishongan bo‘lib:
– Yigit ko‘ngil bergan qizini ko‘rgani kelishidan ham tabiiyroq narsa bo‘lishi mumkinmi? – dedim.
– Ko‘rmaganingga xafa bo‘lding-a?
– Albatta.
Mishel betimni siladi.
– Xafa bo‘lma, yana keladi, – dedi, – modomiki, yaxshi ko‘rar ekan…
– Shubhasiz…
O‘sha kuni kechqurun ovqatdan so‘ng Matild opa meni chaqirdi-da, zar tasma bilan bir-biriga bog‘langan rasmli ikkita qand qutichani uzatib:
– Bularni senga bo‘lang olib keldi, – dedi. Matild opa hech jinim suymaydigan xotin. Ammo qutichalarni uzatayotganida bo‘yniga osilib betlarini o‘pishdan o‘zimni zo‘rg‘a ushlab qoldim.
Demak, Mishel xato ko‘rmagan. Meni bo‘lam yo‘qlab kelgan ekan. Dugonalarim orasida mening cho‘pchagimga shubha bilan qarovchilar bo‘lsa, bu ikkita qutichani ko‘rgandan keyin ular ham fikrlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ladilar. Naqadar yaxshi! Qutichalarimning biri likyorli rang-barang konfetlar, ikkinchisi esa zar qog‘ozlarga o‘ralgan shokoladlar bilan to‘la edi. Uch-besh oy ilgari bo‘lganda, bu narsalarni eng yaqin dugonalarimdan ham zo‘r ehtiyot bilan yashirgan bo‘lardim.
Ammo o‘sha kecha dars tayyorlash soatida qutichalarim sinfda qo‘ldan qo‘lga ko‘chib yurdi. Qizlar esa, har qaysisi o‘z insofiga qarab, qutichadan bitta, ikkita, yo uchtadan konfet olishdi. Ba’zilari uzoqdan tagdor ishoralar qilardi. Men o‘zimni uyalayotganga solib, yuzimni chetga o‘girar, kular edim. Qanday yaxshi-ya! Mishel, afsuski, tagidagi zar qog‘ozlari ko‘rina boshlagan qutichalarimni o‘zimga qaytarib berayotib:
– Bu qutichalar, odatda, kelin qizlarga beriladigan shirinlik qutichasi bo‘ladi, Farida, – deb pichirladi.
O‘zim to‘qigan ertak menga juda qimmatga tushdi, lekin nachora? Oradan uch kun o‘tdi. Imtihon uchun bir geografiya kartasini bo‘yayotgan edim. Menga bo‘yoqchilik hech to‘g‘ri kelmaydi. Uncha epim bo‘lmagani uchun har gal ranglarni bir-biriga aralashtirib yuborar, qo‘llarimga, lablarimga rang
tegizib olardim. O‘sha kuni ham shu ahvolda ishlab turganimda darvozabonning qizi sinfga kirib, bo‘lam meni ko‘rgani kelganini, hozir qabulxonada kutib turganini aytdi. Nima qilishimni
bilmay, kursida o‘tirgan o‘qituvchimizga alanglab qaray boshladim. Bu hali-hali esimda.
– Bor, Farida, kartangni qo‘y, o‘sha yerda turaversin… Mehmonning oldiga chiq, – dedi.
Kartalarni-ku, joyida qoldiraman, juda soz… Ammo mehmonni qaysi qiyofada ko‘rgani chiqaman?
Yonimdagi dugonam fartugining cho‘ntagidan kichkina oynakcha chiqardi-yu, meni ermak qilayotganday, ro‘paramga qo‘yib qo‘ydi. Yuzim bilan og‘zimning ahvoliga maymunlar yig‘laydi.
Xat yozganda ruchkani og‘zimga solish odatim bo‘lgani uchun mo‘yqalamni ham og‘zimga solibman. Lablarimda sariq, qizil, ko‘k ranglar yo‘l-yo‘l bo‘lib yotardi.
Bularni na ro‘molcha bilan artib, na suv va na sovun bilan yuvib chiqarishning iloji yo‘qligini, bunday qilguday bo‘lsam, butunlay surkab yubori-shim mumkinligini bilardim. Komronning-ku ahamiyati yo‘g‘-a, uning oldiga qaysi alfozda chiqishni xohlasam, o‘sha alfozda chiqaveraman-u, lekin keluvchining kimligini bilib, piq-piq kulishayotgan dugonalarim ko‘zida men ko‘ngil bergan, hatto unashilish oldida turgan qizman. Xudo o‘z jazosini bersin!
O‘sha yil Komron maktabga bir necha bor qatnadi. Shunchalik ko‘p keldiki, eshik har safar ochil-ganida meni dahlizga chaqirgani kelishayotganday tuyulib, yuragim o‘ynay boshlar edi. U menga keltirgan shokoladlar, pirojniylar, pastalar bilan butun sinf ta’minlanib turdi, desam bo‘ladi. Ochko‘zlikda ham tirishqoqligi qadar mashhur bo‘lgan sinfdoshlarimdan Mari Pirlantajiyan qand-qurslarimni oppoq yirik tishlari orasida g‘ajirlatib yeydi-da, yashirishning epini qilolmagach, hasad bilan:
– Jigarso‘xtangki shunday ajoyib narsalar keltirgandan keyin, o‘zing ham rosa jigaridan uribsan-da, – deydi.
Afsus, bu mojaro jonimga tega boshladi. Ba’zida o‘zimcha o‘ylanib ketaman: gap tashuvchi bolaning og‘zini yopish uchun keltirilayotgan bu narsalarni dugonalarimga boshqacha qilib ko‘rsatishim hayo-sizlik emasmi? Innaykeyin, Komron nega endi maktabga shuncha tez kelib turibdi? Har safar «Shu tomonlar-da turadigan bir kasal o‘rtog‘imni ko‘rgani kelib edim-da. Taqsin bog‘ida biroz mashq eshi-tib ketay deb edim-da…» kabi sabablar ko‘rsatadi.
Boshqa bir kun hech narsa so‘ramasam ham:
– Otamning Nishontoshida bir qadrdon do‘stini ko‘rib kelyapman… Otam u kishini ko‘p yaxshi ko‘rardi, – dedi.
O‘zimni tutolmasdan birdaniga hamla qilib:
– Oti nima? Nima ish qiladi? Manzili qanday? – dedim.
Bo‘lam shoshib qoldi. Shu darajada shoshdiki, bironta yolg‘on ism, yolg‘on adres ham tiliga kelmadi. Rangdan rangga kirib, kulib turib:
– Nima qilasan so‘rab? Seni nimasi qiziqtiradi? – kabi so‘zlar bilan meni aldashga tutindi.
Bunda muhim bir masala borday:
– Kelasi hafta boshlarida borib xolamdan so‘rayman, – dedim. Komron bu gapimni eshitib, beshbattar qizarib ketdi.
– Zinhor so‘ray ko‘rma! Onamga og‘zingdan chiqarma!.. U kishi bilan ko‘rishishimni hech xohlamaydi, – deb yolvora boshladi.
Zaharli chayon, meni hech alday olmaysan… Sening yuragingda nimalar borligini bilaman. G‘azab bilan o‘rnimdan turdim, u zo‘rlik bilan ushlamoqchi bo‘lgan qo‘llarimni cho‘ntaklarimga yashirdim.
– Na otangizning do‘stlari va na o‘zingizning do‘stlaringiz meni qiziqtiradi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz… O‘rinsiz laqmalik qildim, xolos, – dedim-u, tashqariga chiqib ketdim.
O‘sha kundan keyin Komron har safar maktabga kelganda turli xil bahonalar qilib, oldiga chiqishdan bosh tortdim. Har safar olib kelgan qutichalarini sinfda yo bog‘da yirtib ochadigan, ichidagilarining bir donasiga ham qo‘l urmay, bolalar ustiga sochib yuboradigan bo‘ldim. Haqiqat oyday ravshan edi. Baxtiyor tul mutlaqo shu atroflarda turishi kerak. O‘sha kechadan keyin, albatta, pisandalari shunday bo‘lgan. Bo‘lam tez-tez unikiga boradi, shu orada meni ham yo‘qlab turadi.
Xohlagan axloqsizliklarini qilishaversin… Menga nima, faqat ikki o‘rtada meni o‘yinchoq qilishlari jon tomirimni sug‘urardi. Shu narsa esimga tushdi deguncha badanimni o‘t olar, alamimdan yig‘lab yubormaslik uchun lablarimni tishlab qonatar edim. Narimonning qayerda turishini uydagilardan so‘rab bilib olish hech gap emas, lekin bu xotinning otini tilga olish men uchun chidab bo‘lmaydigan narsaday tuyulardi.
Dam olish kunlarining birida uyga borgan edim, mehmonlardan biri Najmiyaga:
– Ilgari kuni Narimondan xat oldim, juda baxtli emish,– deb qoldi. Kichkina laychani hovuzda cho‘miltirgani olib chiqib ketayotgan edim. Shu so‘zlarni eshitdim-u, eshik oldida to‘xtadim, yerga cho‘kkalab kuchukchani quchog‘imdan sekin qo‘yib yubordim. Baxtiyor tul haqida bir narsa so‘rash fikrim yo‘q edi, lekin qulog‘imga birov paxta tiqib qo‘yibdimi? Mehmon hamon so‘zlardi.
– Eridan juda xursandga o‘xshaydi, bechora bu gal zora baxtli bo‘lsa…
Najmiya odam ovozini takrorlaydigan hammom gumbaziga o‘xshab:
– Ha, ha. Bu gal zora baxtli bo‘lsa bechora, – deb, mehmonning so‘zlarini takrorladi-yu, ahmoqona bir tarzda gapga xotima berdi. Chorasiz bir zarurat boshimga tushdi. Hazil-mutoyiba
qilib:
– Xonim afandi yana erga tegdilarmi? – deb so‘radim.
– Qaysi xonim afandi?
– Sizga xat yozgan xonim. Narimon xonim. Mehmon o‘rniga Najmiya javob berdi:
– Voy, xabaring yo‘qmi? Qachonlari-yu… Narimon bitta injenerga tekkan… Besh-olti oydan beri eri bilan Izmirda turadi…
«Bu gal zora baxtli bo‘lsa, bechora…» degan tilakni men ham uchinchi marta takrorlab, kuchukchani quchog‘imga oldim-u, tashqariga pirillab chiqib ketdim. Lekin hovuzga bormadim: chetanlar, bog‘ to‘siqlari ustidan sakrab o‘tib, bog‘ atrofida gir aylana boshladim.
O‘sha yoz sayohatga chiqdim. Uzoqqa emas, Taqirdog‘iga… Ma’lumki, Xudo menga xolalardan mo‘lroq narsa bermagan. Shulardan biri ham Taqirdog‘ida. Eri Aziz pochcham xolamga uylanganidan beri o‘sha yerda dehqonchilik qiladi. Mujgon degan mendan uch yosh katta qizlari ham bor. Qarin-doshlarimning bolalari ichida hammasidan ko‘proq o‘shani yaxshi ko‘raman. Mujgon – xunuk qiz. Lekin men bunga parvo qilmayman. Oramizda uch yosh farq bo‘lishiga qaramay, men uni
yoshligimdan beri katta opam o‘rnida ko‘rib, o‘rganib qolganman. Hozir farqimiz juda kamayib qolgan bo‘lsa ham, hamon unga avvalgiday qarab «opa» deb gapiraman.
Mujgon opam mening tamom aksim. Men qanchalik sho‘x, qanchalik olov bo‘lsam, u shunchalik og‘ir, vazmin. Buning ustiga, sal zug‘mi ham bor. Xohlaganini qildiradigan bitta shuning o‘zi desam bo‘ladi. Ba’zan nasihatlariga parvo qilmay, xohishlariga qarshi chiqsam hamki, yana bo‘y sunishga to‘g‘ri keladi. Nega? O‘zim ham hayronman. Odam bolasi birovni yaxshi ko‘rish halokatiga uchradimi, tamom, o‘shanga qul bo‘lib qoladi.
Mujgon Oysha xolam bilan birga necha yilda bir marta Istanbulga kelar, bir necha hafta chorbog‘da qolar, yo boshqa xolalarimnikida mehmon bo‘lar edi. O‘sha yoz Taqirdog‘idan meni chaqirib xat keldi. Oysha xolam Basima xolamga yozgan xatida: «Sizdan-ku umidim yo‘g‘-a, lekin Faridani yozgi kanikulida, albatta, yuborsangiz, hech bo‘lmasa, ikki oygina turib ketsa. Kutamiz. Bilasiz-ku, biz ham xolamiz. Kelmasa, pochchasi ham, men ham, Mujgon ham juda qattiq xafa bo‘lamiz», – debdi. Basima xolam bilan Najmiya Taqirdog‘ini dunyoning bir burchagida deb hisoblashar, olis yulduzlarga qaraganday ko‘zlarini suzishib: «Bo‘lmagan gap! Shuncha joyga qanday borib bo‘ladi» deb vahima qilishardi.
Men yasama bir hurmat bilan huzurlarida egilib:
– Ijozat bersalaringiz, u yerning borib bo‘lmaydigan joy emasligini isbot qilish zahmatini bo‘ynimga olsam, – dedim. Dugonalarim orasida yozgi kanikul kunlarida oilalari bilan birga sayohatga chiqa-diganlar va qaytgandan keyin bizga og‘iz ko‘pirtirib maqtanadiganlar bo‘lardi. Demak, maktab
ochilganda bizga ham mundoq qadni ko‘tarib gapirish imkoni tug‘iladi. Bulturgi sevgi savdosiga bu yil sayohat hikoyasi qo‘shilsa bormi, ajoyib dabdaba bo‘lar edi. Qani endi, men ham portfelimni qo‘-limga olsam-u, romanlarda yozilgan amerikalik qizlar singari yakka o‘zim kemaga tushib jo‘nab qolsam.
Lekin xolalarim bu orzumni vahimali chinqiriq bilan qarshilab, yonimga bitta odam olmasdan yo‘lga chiqishimga rozi bo‘lmadilar. Shunda ham «Qorong‘ida panjaradan dengizga qarama… Kema zina-poyalaridan yugurib tushma» kabi og‘ir nasihatlari bilan ta’bimni rosa tirriq qilishdi, go‘yo Taqir-dog‘iga qatnaydigan tog‘oraday paroxodning Transatlantika kemalari singari sakson metrli zinapoya-lari borday…
Mujgonni ko‘rmaganimga ikki yil bo‘lgan edi. Shu orada o‘sibdi, yetilibdi, gaplashishga odamning yuragi betlamaydigan darajada kerik salobatli bo‘lib qolibdi. Shunga qaramay, bir zumda apoq-chapoq bo‘lib ketdik. Pochchamning uyi dengiz bo‘yidagi baland qirlikda. Mujgon opam ba’zi joylari tik devorga o‘xshagan bu qirdan dengiz bo‘yiga tushishimni xavfli hisoblab, avvallari bunga yo‘l qo‘y-may keldi. Keyin esa men uchun hech qanday xavf yo‘qligiga o‘zi ham ishondi. Soatlar bo‘yi qumda yotar, suv betida tosh yumalatar, dengiz bo‘yida uzoq-uzoqlarga ketib qolar edik.
Dengiz bu mavsumda nihoyatda chiroyli, sokin bo‘lsa ham, lekin nash’asiz edi. Ba’zan soatlar o‘tardi, lekin sathida na bir yelkan va na nafis tuman parchasi ko‘rinardi. Kechki paytlarda dengiz odamning yuragini chiqarib yuboradigan darajada kengayib, sho‘ppayib qolardi. Xayriyatki, men bu tahlikani ol-dindan sezib qolar, dengiz bo‘yidagi qoyalarni qahqahalarim bilan gurillatar edim…
… kechqurun ovqatdan so‘ng Mujgon ikkimiz uy oldiga chiqdik. Gaplashib yurib dengiz tomonga ketdik.
– Sening bir darding bor, Farida, hech gapirmaysan, – dedi Mujgon.
Biroz ikkilanib turganimdan so‘ng:
– Kunduzi aytgan behuda gapingni hech miyamdan chiqara olmayapman, ko‘nglim xijil, – deb javob berdim.
Mujgon shoshib so‘radi:
– Nima devdim?
– «Men orqasidan birov yuguradigan qiz emasman-ku», – deding.
Mujgon yumshoqqina kuldi.
– Ana xolos, senga nima kuygulik?
Men Mujgonning qo‘llarini ushladim, ko‘zlarimni jovdiratib, mungli tovush bilan:
– Nima, sen xunukmisan, opa? – deb so‘radim.
U yana kuldi, meni erkalab betimga asta shapati urdi.
– Xunuk ham emasman, chiroyli ham… O‘rtachaman deyayin-u, shu bilan gapni tamom qilaylik… Senga kelsak, bilasanmi, yoshing o‘sgan sari odamning hushini oladigan darajada ochilib boryapsan!
Qo‘llarimni Mujgonning yelkasiga qo‘ydim, uni o‘pmoqchiday burnimni burniga taqab:
– Meni ham o‘rtacha deyaylig-u, shu bilan bu masalani bitiraylik, – dedim.
Qiyalikning chetiga kelgan edik. Yerdan tosh to‘plab dengizga ota boshladim. Mujgon ham menga qo‘shildi, lekin boyaqish tosh otishni bilmasdi – qo‘lida quvvati yo‘q edi. Men otgan toshlar osmonda bir zumgina ko‘rinmay ketardi-da, keyin fosforday yaltirab borib, suvga o‘qday otilib kirib ketardi. Uniki esa kulgili bir alfozda yumalab borib, qirg‘oq toshlariga urilar yoki etakdagi qumlarga tushardi. Biz ichagimiz uzilguday bo‘lib kular edik. Nima ham deysiz, oy yog‘dusiga cho‘milgan dengizning
ikki yosh qizga bag‘ishlangan ilhomi shugina bo‘lmasligi kerak edi, lekin nachora.
Birozdan keyin Mujgon charchab kattakon toshga o‘tirdi. Men ham turgan yerimga cho‘kkaladim. Mujgon maktabdoshlarim to‘g‘risida har xil savollar bera boshladi. Men ham Mishel to‘g‘risidagi bir necha voqeani aytib berdim. Keyin tilimni tiyolmay, o‘z uydirmalarimni aytishga kirishdim. Buning nima hojati bor edi? Ajabo, Mujgonga shu narsalarni aytib berishga meni majbur qilgan narsa shunchaki bir sho‘xlik ehtiyojigina edimi? Qaydam. Noo‘rin ish qilayotganimni sezib, tilimni shuncha tiyishga urinsam ham, hech epini qilolmay so‘zlar edim.
Mujgonga aytib bergan narsalarim dugonalarimni bo‘ri ertagidagi singari qanday aldaganim hikoya-sidan iborat edi. U mahal rol talabi bilan o‘zimni qayg‘uli holga solardim, lekin bu safar bunga maj-buriyat bo‘lmasa ham, nima uchundir yana o‘zimni qayg‘u og‘ushiga tashladim. Ovozim asta-sekin
mung olib, boqishlarim telbalanib bordi. Mujgonning yuziga qarashdan qo‘rqib, ko‘zlarimni olib qo-char edim. Uning goh etaklari, yo tugmalarini o‘ynar, goh boshimni tizzasiga qo‘yib, nuqul dengizga, uzoqlarga tikilardim.
Hikoyamning qahramonini avval Mujgondan yashirishga tirishdim-u, keyincha buni ham og‘zimdan chiqarib yubordim. Mujgon sochlarini silab, so‘zlarimga jimgina quloq solib o‘tirardi. So‘zimni bitirib, dugonalarim haqida yolg‘on-yashiq narsalar aytganim aybligini bo‘ynimga olganimda, u nimalar dedi deng?
– Bechora Faridaginam! Komron chindan ham jigaringdan urib qolibdi!
Jinim qo‘zg‘adi-yu, birdan o‘zimni Mujgonning ustiga tashladim, uni qurib qolgan o‘tlar ichida yuma-latib tortqilay boshladim.
– Nima deding, opa, nima deding? Men unaqa sariq chayonni…
Mujgon o‘lib-tirilib o‘zini qutqazishga tirishar, tipirchilardi.
– Qo‘yvor, qo‘yvor deyman senga! Usti-boshimni yirtasan! Odamlar ko‘rsa sharmanda bo‘lamiz, Xudo xayringni bersin, bunday qilma, – deb yolvorardi.
– So‘zingni qaytarib ol…
– Xo‘p, qaytarib oldim. Nima desang qilaman, lekin meni qo‘yib yubor.
– Ammo yuz-xotir uchun emas, meni aldab qo‘yish uchun emas…
– Juda soz, yuz-xotir uchun emas, seni aldash uchun emas… Chindan…
Mujgon o‘rnidan turib, ust-boshini qoqa boshladi.
– Farida, chindan ham jinni bo‘libsan, – dedi kulib.
Men o‘rnimdan turmagan edim, titrab turib:
– Xudodan qo‘rqmay menga qanday tuhmat qilding-a, opa! Men hali yoshman, – dedim.
Ana shundan keyin o‘zimni to‘xtatolmay yig‘lab yubordim.
O‘sha kuni kechasi juda yomon bezovta bo‘lib chiqdim. Negadir uyqum kelmas, alahlar, to‘rga ilingan kattakon baliq singari u yoqdan bu yoqqa o‘zimni otar, to‘lg‘anar edim. Xayriyatki, kechalar qisqa edi. Tong yorishguncha Mujgon yonimdan jilmadi. Ichimda bir narsa o‘zgarganday o‘zimdan o‘zim dah-shatli bir qo‘rquv, nafrat his etardim. Dam-badam yosh boladay Mujgonning bo‘yniga tashlanar: «Nega bunday deding, opajon?» deb ho‘ngrar edim. U yana ham battarroq hujumga uchrashdan qo‘rqqani uchun na «ha», na «yo‘q» deyar, indamay sochlarimni silar, boshimni bag‘riga bosib, meni yupatishga tirishar edi.
Tong yorishar payt uning ham asab tori uzildi, jahli chiqib meni koyib berdi:
– Jinni, yaxshi ko‘rish aybmi? Qiyomat qo‘pgani yo‘qku!.. Juda bo‘lmasa uylanarsizlar, shu bilan olam guliston… Uxla, bezor qilib yubording-ku! Men bunaqa odobsizlikka toqat qilolmayman.
Mujgon opamning jahli bu safar ham bo‘ynimni egib qo‘ydi. Bundan tashqari, u bilan gap talashib o‘tirishga o‘zimda ham majol qolmagan edi.
Musyo Segenning butun kecha bo‘ri bilan olishib, saharga yaqin o‘zidan ketib qolgan echkisi singari holdan ketgan edim. Ko‘zim ilingan paytda, Mujgonning yana shirin til bilan:
– U ham senga beparvo qaramas, – deganini eshitgan bo‘lsam ham, bunga qarshi isyon ko‘tarishga qurbim yetmay uxlab qoldim.