I
Qorong‘i kuz oqshomi. Keksa bankir xonada u yoqdan bu yoqqa borib kelar, bundan o‘n besh yil ilgari mana shunday kuz oqshomida ziyofat berganini eslardi. Ziyofatga ko‘plab aqli salim, orif mehmonlar tashrif buyurishgan va ko‘p maroqli suhbatlar bo‘lgandi. Darvoqe, kechada o‘lim jazosi haqida bahslashdilar.
Mehmonlar orasida ancha-muncha olimlar va muxbirlar ham bor edi, ularning aksariyati o‘lim jazosiga norozilik bildirishdi. Ular jazoning bu usulini eskirgan, nasoro diniga e’tiqodda bo‘lgan xalqlar uchun badaxloq hamda sharmandalik deb topishdi. Kechada yig‘ilganlarning ayrimlari o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilishi lozim deyishdi.
– Fikringizga qo‘shila olmayman, – dedi bank sohibi.
– Kamina na o‘lim, na umrbod qamoq jazosini boshidan o‘tkazgan, vaholanki, agarda mulohaza yuritadigan bo‘lsak, qatl umrbod qamoq jazosidan axloqiy va insoniyroqdir. Jallod mahkumning jonini bir necha daqiqada tanidan judo qilsa, umrbod tutqunlik uzoq-uzoq yillar davom etadi. Ayting-chi, ularning qaysi biri insoniyroq – bir necha soniyada o‘ldiradiganimi yoki yillar davomida jonini zulukdek so‘rib yotadiganimi?
– Jazoning har ikkalasi ham insoniylik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi, – ta’kidladi mehmonlardan biri, – chunki ularning har ikkalasi ham inson hayotini so‘ndirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Hukumat – Xudo degani emas. Modomiki, u istagan taqdirda ham, tortib olgan narsani egasiga qaytarib berolmaydi-ku!
Mehmonlar orasida yigirma besh yoshlardagi huquqshunos ham bor edi. Bu borada u o‘z fikrini shunday bayon etdi:
– O‘lim jazosi ham, umrbod qamoq jazosi ham bir xilda badaxloq choralardandir, biroq basharti ulardan bittasini tanla deyishsa, men, albatta, ikkinchisini tanlardim. Har holda, yashamoq – o‘lmoqdan afzalroqdir!
Davrada qizg‘in bahs boshlanib ketdi. O‘sha kezlari bir muncha yosh, shu bois serdiqqat bo‘lgan bankir quyushqondan chiqib ketib, stolni mushtlagancha yosh huquqshunosga tashlandi:
– Bekorlarni aytibsiz! Hoynahoy, siz umrbod qamoq jazosini yengil hisoblayotgandirsiz. Keling, garov o‘ynaymiz: siz kazamatda besh yil ham o‘tira olmaysiz!
K a z e m a t – chor Rossiyasi davrida mahbuslar uzoq muddatga qamaladigan bir kishilik qamoq kamerasi.
– Buni jiddiy aytyapsizmi? – keskin javob qildi yosh huquqshunos. – Bo‘pti, o‘ynaganim bo‘lsin. Men u yerda besh yil emas, o‘n besh yil o‘tira olaman!
– O‘n besh yil! Nahotki? Siz-a? – xitob qildi bankir. – Janoblar, men garovga ikki million tikaman!
– Roziman! Siz millionlaringizni, men bo‘lsam o‘z erkimni tikaman! – dedi huquqshunos.
Shunday qilib, aqlga sig‘maydigan ahmoqona garov o‘ynaldi. U paytlari millionlarining hisobiga yetmayotgan bemulohaza taqdir arzandasining garovdan boshi osmonda edi. Ziyofatda bankir huquqshunosning ustidan kulgancha dedi:
– Hoy yigitcha, es-hushingizni yig‘ib oling. Haliyam kech emas. Kamina uchun ikki million pul shunchaki arzimagan narsa, siz bo‘lsangiz zindonda hayotingizning eng gullab-yashnagan uch-to‘rt yilini yelga sovurasiz. Zero, kazematda siz undan ortig‘iga chiday olmaysiz! Yanayam aytaman – umringizning uch-to‘rt yilini yo‘qotasiz.
Shuniyam unutmangki, ey notavon banda, o‘z inon-ixtiyori bilan o‘zni mahkum etish majburiy qamoq jazosiga qaraganda, nihoyatda mashaqqatli kechadi. Xohlagan paytingizda ozodlikka chiqish huquqi sizda saqlanib qolayotganligi bandilikda kechadigan
hayotingizga muttasil og‘u solib turadi. Sizga rahmim kelganidan aytyapman bu gaplarni!
Shu topda bankir xonada betinim u yoqdan bu yoqqa borib kelar, shularni eslab, o‘zini savolga tutardi:
– Garovning nima keragi bor edi o‘zi? Huquqshunosning o‘n besh yil umrini yo‘qotishi, kaminaning ikki millionini ko‘kka sovurishidan kimga foyda-yu kimga ziyon? Bu narsa odamlarga o‘lim jazosining beshafqatligini anglatadimi yoki umrbod qamoq jazosining afzalliginimi? Yo‘q, aslo unday emas! G‘irt bema’nilik bu. Bu narsa kamina tomonidan badavlat kishining shunchaki to‘qlikka sho‘xligi bo‘lsa, huquqshunos tomonidan – pulga o‘chlik, boylikka hirs qo‘yish, tamom-vassalom…
Shundan so‘ng u o‘sha oqshom tag‘in nimalar bo‘lganini xotiriga keltira boshladi: o‘shanda barcha mehmonlarning guvohligida garov o‘ynalib, uning shartlariga ko‘ra, yosh huquqshunos bankirning chorbog‘idagi xilvat go‘shada qamoq muddatini qattiq nazorat ostida o‘tashi lozim edi. Huquqshunos o‘n besh yil davomida ostona hatlab chiqmasligi, odamlar bilan uchrashmasligi va ular bilan muloqot qilmasligi, yaqinlari va do‘stlaridan xat-xabar olmasligi kerak edi.
Ammo-lekin uning cholg‘u chalib xirgoyi qilishiga, xohlagancha kitob o‘qib, yozib-chizishiga, musallas ichib, tamaki chekishiga ruxsat berilardi. Tashqi dunyo bilan esa devordan ataylab ochilgan chog‘roq deraza orqali, unda ham lom-mim demasdan aloqa o‘rnatishi, ehtiyojlarini bir enlik qog‘ozga yozib, talab qilishi mumkin edi, xolos. O‘ziga kerakli barcha kitoblar-u musiqa notalari, musallas-u tamaki, yemag-u ichmak va hokazolarni istagancha so‘rashga haqqi bor edi.
Garovda qamoq muddati 1870-yil 14-noyabr kunduz soat 12 dan 1885-yil 14-noyabr kunduz soat 12 gacha belgilanib, huquqshunosning garov shartlarini ozgina buzishi, aytaylik, muddat tugashiga ikki daqiqa qolganda kazematni tark etishi bankirning unga ikki millionni to‘lash majburiyatidan soqit qilar edi. Huquqshunosning yozma talabnomalaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tutqunlikning dastlabki yilida u uzlatda qattiq iztirob chekkan.
U bandilikka solingan xonadan kecha-yu kunduz musiqa ovozi eshitilib turgan. Bandi musallas va tamakidan bosh tortadi. «Sharob, – deb yozadi u, – ishtiyoqni battar alangalatadi. Zotan, ishtiyoq mahbusning ashaddiy dushmanidir. Zero, xushbo‘y va xushta’m musallasdan so‘ng kimsasizlikda zerikib o‘tirishdan-da rasvo holat bo‘lmasa kerak. Tamaki bo‘lsa, katalakday xonaning havosini buzib yuboradi». Tutqunlikning birinchi yilida huquqshunosga, asosan, yengil-yelpi mazmundagi kitoblar – chigal sujetli ishqiy romanlar, jinoiy va fantastik ruhdagi hikoyalar, komediyalar va shunga o‘xshagan narsalar yetkazib berib turildi. Ikkinchi yili musiqa va qo‘shiq sadolari tinib, yurist mukka tushib olib, nuqul mumtoz asarlar mutolaa qila boshladi.
Beshinchi yilga borib qamoqxonadan yana ohang va navolar taraladigan, endi mahbus sharob berishlarini so‘raydigan bo‘ldi. Uning uzlatdagi hayotini zimdan kuzatganlar u yil bo‘yi faqat yeb-ichgani, to‘shakka uzala tushib yotib olib, dam-badam homuza tortib qo‘ygani, dilgirlikdan o‘zi
bilan o‘zi tillashib o‘tirganini aytishdi. Endi u mutlaqo mutolaa qilmay qo‘ygandi. Ba’zan kechalari u tuni bilan uxlamasdan allanimalarni yozib chiqar va tongga yaqin bitiklarining hammasini mayda-maydalab yirtib tashlardi. Goho uni yig‘lab o‘tirgan holda ko‘rishardi.
Oltinchi yilning ikkinchi yarmidan boshlab tutqun falsafa, tarix hamda xorijiy tillarni o‘rganishga qat’iy bel bog‘ladi. U mazkur fanlarni o‘zlashtirishga shunchalik jidd-u jahd bilan kirishib ketdiki, hatto bank sohibi unga qo‘llanma va darsliklarni yetkazib berib turishga ham ulgurolmay qolardi. Keyingi to‘rt yil mobaynida huquqshunosning talabiga muvofiq olti yuz jilddan iborat har xil kitoblar xarid qilindi. Ushbu fanlarni o‘rganish jarayonida bankir undan quyidagi mazmunda noma oldi:
«Birodari aziz! Ushbuni sizga olti xorijiy tilda yozmoqdaman. Ularni o‘z sohasining zarshunoslariga ko‘rsatishingizni so‘rayman. Yaxshilab o‘qib chiqishsin. Basharti ular nomalarimdan xato va kamchilik topa olishmasa, unda chorbog‘ingizda miltiqdan ikki marta o‘q uzib, ma’lum qilishsin. Bu kaminaning sa’y-harakatlari besamar ketmaganligini anglatadi.
Qadimda buyuk daholarimiz turli tillarda ijod qilishgan, biroq ularning qalblarida yagona maslak o‘t bo‘lib yongan. Kamina daho insonlar bilan hamfikr, hammaslak bo‘lish maqomiga yetganidan o‘zini arshi a’loda his etmoqda!» Huquqshunosning xohish-istagiga binoan, bankirning chorbog‘ida miltiqdan ikki marta o‘q uzildi.
Bandilikning o‘n birinchi yilidan boshlab huquqshunos Muqaddas Kitobni o‘qishga tushdi. Qiyin tushuniladigan olti yuz jildlik kitobni to‘rt yilda tushirib tashlagan ziyolining bir yildan beri risolani o‘qib chiqolmayotganidan bankir taajjubda edi. Muqaddas Kitobdan so‘ng u «Dinlar tarixi» va
«Ilohiyot»ni qo‘lga oldi. So‘nggi ikki yil mobaynida huquqshunos nihoyatda ko‘p mutolaa qildi – qo‘liga nima tushsa o‘qiyverdi.
Bir qarasang, u tabiiy fanlarni o‘rgana boshlagan, bir qarasang – Bayron va Shekspir asarlariga yopishib olgan. Ba’zan u bir vaqtning o‘zida kimyo va tibbiyotga oid darsliklarga qo‘shib bironta roman yoki bo‘lmasa falsafa va ilohiyot qo‘llanmalarini keltirib berishlarini so‘rardi. Huquqshunosning mutolaasi halokatga uchragan kema parchasiga yopishib olgan kishi holatiga o‘xshardi.
II
Shularni eslab bank sohibi teran xayolga cho‘mdi: «Ertaga choshgohda u ozodlikka chiqadi. Shartga ko‘ra, kamina unga ikki million to‘lashim lozim. Agar garovda yutqazib qo‘ysam, rasvoyi jahon bo‘laman».
O‘n besh yil ilgari u yiqqan sarmoyasining hisobiga yetmas, pulni po‘choqcha ko‘rmasdi, endi bo‘lsa u o‘zidan «Pullarim ko‘pmi yoki qarzlarim?» deb so‘rashga yuragi dov bermasdi. Gardkam birja o‘yinlari, qaltis oldi-sotdi operatsiyalari hamda keksayganda ham qutula olmayotgan, salga tutab ketish odati bora-bora hamma ishlarini chaparasta qilib tashladi va bebok, o‘ziga bino qo‘ygan kalondimog‘ boyvachcha birja qog‘ozlarining har ko‘tarilib tushishidan dag‘-dag‘ titraydigan o‘rtami-yona bankirga aylandi.
– Ming la’nat o‘sha garovga! – tushkunlikdan boshini changallagancha o‘zidan yozg‘irib oldi u. – Shu paytgacha nega o‘la qolmadi-a? U endigina qirqqa kirdi. Bor-budimdan ayirib, mening davlatimga uylanib oladi-da, rohat-farog‘atda yashab, meni har ko‘rganida: «Iqbolimni sarbaland etdingiz, endi sizga yordamlashishni burchim deb bilaman!» – deb qitig‘imga tegadi. Yo‘q, bunga toqat qilolmay-man! Xonavayron va sharmisor bo‘lishdan qutulishning birdan-bir yo‘li – huquqshunosning o‘limi-dir!»
Soat tungi uchga jom urdi. Bankir jim qoldi: butun boshli uy orom og‘ushida, faqatgina chorbog‘dan daraxt yaproqlarining so‘lg‘in shitirlashi quloqqa chalinadi. Qariya sas-sadosiz po‘lat sandiqdan o‘n besh yildan buyon qulflog‘lik turgan eshik kalitini oldi-da, paltosini kiyib tashqariga chiqdi. Chorbog‘ qorong‘i va sovuq edi. Yomg‘ir yog‘ardi. Shiddat-la esayotgan rutubatli shamol vahimali shovullab, daraxt shoxlarini silkitib o‘ynardi.
Bankir chor-atrofga zingil qarash qildi, biroq u na oyoqlari ostidagi yerni, na oppoq haykalchalarni, na chekkadagi ovloq uyni ko‘rardi. U huquqshunos hibsda saqlana-yotgan binoga yaqinlashib, qorovulni ikki marta chaqirdi – javob eshitilmadi. Aftidan, qorovul yom-g‘irdan qochib o‘choq-boshigami, gulxonagami kirib olib uyquni urardi. «Basharti yovuz niyatimni amalga oshira olsam, – deya o‘yladi bank sohibi, – shubha daf’atan qorovulga tushadi». U zim-ziyo tun qorong‘ida pillapoyalarni bir-bir bosib tushib, asta dahlizga kirib bordi.
So‘ng gugurt chaqib, chog‘roq yo‘lakka o‘tdi. U yer ham kimsasiz edi. Yalang karavot hamda cho‘yan pechkadan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. To‘g‘ridagi eshik qulflog‘ bo‘lib, surg‘ich bilan muhrlab qo‘yilgandi. Gugurt cho‘pi yonib tugadi, keksa bankir hayajondan dag‘-dag‘ qaltirab, derazadan ichkariga mo‘raladi. Xonani sham shu’lasi xira yoritib turar, huquqshunos bo‘lsa, stoldan bosh ko‘tarmay o‘tirar edi. Bu yerdan uning yelkasi, orqasiga osilib tushgan sochi va uzun qo‘llarigina ko‘rinib turardi, xolos. Stol ustida, uning ikki yonidagi oromkursilarda va gilamda kitoblar tartibsiz sochilib yotardi.
Oradan besh daqiqacha vaqt o‘tdi, biroq tutqun qimir etmayotgandi. O‘n besh yillik qamoq uni tosh qotib o‘tirishga o‘rgatib qo‘ygandi. Bankir derazani chertdi, ammo tutqun bunga javoban loaqal qimirlab ham qo‘ymadi. Shunda bankir qulfning ko‘zidagi muhrni avaylab buzib, kalitni teshikka tiqdi. Zanglab yotgan qulf bo‘g‘iq shiqirlab ochildi. Huquqshunos hozir hayratdan qichqirgancha o‘rnidan turib ketadi, deb o‘ylagandi bank sohibi, lekin oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tsa hamki, hech qanday ovoz eshitilmadi.
Nihoyat, qariya ichkariga kirib bordi. Stol yonida oddiy odamlarga mutlaqo o‘xshamagan alomat banda tosh qotib o‘tirardi. Sochlari ayollar sochidek o‘sib, jingala-jingala bo‘lib ketgan, soqol-mo‘ylabi baroqlashib, ustuxonini yupqa teri sirib turgan skeletdangina iborat edi u. Yonoqlari ich-ichiga botib ketgan, rangi murdaday oppoq, belidan yelkalarigacha cho‘zilib kambar tortgan tanasi hamda uzundan-uzun soch-soqolli boshini tutib turgan qo‘llar shunchalik ingichka va qoqshol ediki, unga ko‘zi tushgan kishining qo‘rquvdan yuragi tars yorilishi tayin edi.
Sochlariga oq oralab qolgan, zero, butun andomi qarimsiq tus olgan bu odamning endigina qirqqa kirganiga aql bovar qilmasdi. U shu o‘tirishida uyquga ketgandi… Quyi solingan boshi qarshisida mayda harflarda yozilgan bir varaq qog‘oz yotardi. «Sho‘ring qursin! – dedi ichida bankir. – Uxlayapti. Ehtimolki, shu topda tushida garovga tikilgan million-million pullarni ko‘rayotgandir! Bu tirik murdani dast ko‘tarib to‘shakka yotqizaman-da, paryostiq bilan og‘iz-burnini yopib turaman – joni uziladi. O‘shanda eng adolatpesha ekspertiza ham u zo‘rlab o‘ldirilganini aniqlay olmaydi. Darvoqe, u nimalar haqida yozganini o‘qib ko‘ray-chi…» «Ertaga kunduz soat o‘n ikkida kamina ozodlikka chiqib, yana odamlar orasida yashash huquqini qo‘lga kiritaman.
Ammo-lekin ushbu zindonni butunlay tark etib, oftobni yana o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga erishish-dan oldin sizga quyidagilarni yetkazib qo‘yishni lozim topdim. Pok vijdonim hamda Yaratganning guvohligida sizga shuni aytmoqchimanki, endi men sizlarning minglab jild-jild kitoblaringizda foniy dunyoning noz-ne’matlari-yu rohat-farog‘atlari deya maqtalgan hurlik, sihat-salomatlik, to‘y-u tomo-shalar-u, shod-u xurramliklar – hamma-hammasiga tupurdim! Uzlatda kechgan o‘n besh yil davomi-da kamina bu o‘tkinchi dunyo hayotini miridan sirigacha o‘rgandim.
To‘g‘ri, uzoq yillar men na quyoshni, na odamlarni ko‘rdim, ammo-lekin sizlarning kitoblaringizdan ajoyib musallaslar no‘sh etib, diltortar navolar tingladim, o‘rmon va yobonlarda ohular-u g‘izollar ortidan quvdim, ofatijon xonimlarning ko‘nglini ovladim… Daho shoirlarning sohir xayolotidan ofarida bo‘lgan hur-u g‘il-monlar uzoq oqshomlarda huzurimga tashrif buyurishar va aql-u hushimni sarmast etib, tong otguncha menga ertaklar so‘zlab chiqishardi.
Sizlarning kitoblaringizdan men Monblan va Elbrus cho‘qqilarini zabt etar; erta-tongda quyoshning ufq ortidan ko‘z uqalab chiqib kelishini, kechga borib osmon-u ummonlarni hamda baland tog‘ cho‘qqilarini lolarangga bo‘yab yuborishini sehrlangancha tomosha qilar edim; yuksak qoyalarga chiqib olib, yildirimning bulutlarni tilkalashini vahima bilan kuzatardim, u yerdan turib yamyashil o‘rmonlar va o‘tloqlar, daryolar-u ko‘llar, kentlar va qo‘rg‘onlarga zavqlanib boqar, ularning poyimda yastanib yotishidan lol-u musaxxar bo‘lar, pari-paykarlarning sehrli ovozi-yu cho‘ponlarning sibizg‘a sozi ruhimga orom bag‘ishlar va kamina bilan ilohlar haqida suhbat qurgani xonamga uchib kirgan farishtalarning oppoq harir qanotchalarini yaqqol his etardim…
Kitoblaringiz sahifalaridan o‘zimni tubsiz jarliklarga otgan bo‘lsam, sabr-qanoatim, chidam-bardoshim bilan mo‘jizalar yaratar, bu ham yetmaganday, o‘zimni bebok va o‘tyurak chog‘lab, kent-u qishloqlarga o‘t qo‘yar, odamkushlik qilar, katta-katta mamlakatlarni zabt etib, xalqini qirg‘inbarot etar, pirovardida yangi-yangi ilohiy ta’limotlarning targ‘iboti bilan shug‘ullanar edim…
Kitoblaringiz aqlimni charxlab, idrokimni o‘tkirladi. Tinim bilmas va yaratuvchan inson zakovati asrlar mobaynida bunyod etgan narsalarning hammasi bosh chanog‘imda ixcham holga kelib yig‘ildi. Endi kamina o‘zimni sizlarning barchangizdan har jihatdan komil va yetuk ekanligimga ishonch hosil qilmoqdaman…
Bundan buyon men bu dunyoning jumla noz-ne’matlaridan nafratlanaman. Ularning hammasi o‘tkinchi, haqir, turgan-bitgani sarob ekan. Sizlar, ya’ni o‘zini ilm-u hikmatda, dunyoni anglab yetishda barkamollikka erishgandek chog‘layotgan mutakabbir bandalar qanchalik kibr-u havoga
berilmang, ajal sizlarni yerto‘la va yer ostidagi sichqon-u kalamushlarga qo‘shib, yer yuzidan supurib tashlaydi, ortingizda qolayotgan avlod-u ajdodlaringiz yaratgan barcha moddiy va ma’naviy boyliklar kurrayi zamin bilan birgalikda kunpayakun bo‘ladi…
Boylik, hasad, hirs-u havas barchangizning ko‘zingizni ko‘r, shuuringizni shafaq qilib qo‘ygan. Sizlar yolg‘onni haqiqat, hamoqatni nafosat deyishga o‘rganib qolgansiz. Mabodo falakning gardishi bilan daraxtlarda, olma, po‘rtaxol va nok o‘rniga qurbaqa, kaltakesak va ilonlar osilib tursa; atirgullar firdavs bog‘larining iforlarini emas, balki badbo‘y ter isi taratib turishidan qanchalik irganib jirkan- ganingiz kabi, kamina ham Arshi a’loni yolg‘onchi dunyoning hoy-u havaslariga almashtirib o‘tirga-ningizdan bag‘oyat taxayyuldaman.
Endi ichingizda kaminani yo‘q deb hisoblayveringlar!!! Sizlarning hulvo misol botil turmushingizga nisbatan qalbimda uyg‘ongan cheksiz nafrat va jirkanchimning isboti o‘laroq taqdirning buyuk ne’mati va katta omad deb orzu qilgan ikki millioningizdan butunlay bosh tortaman. O‘sha garovga tikilgan pullarga haqdorlik huquqidan o‘zimni mahrum etish maqsadida muddatidan besh soat burun bu yerdan qochib chiqib, o‘rtamizdagi shartni atayin buzaman…»
Bank sohibi nomani o‘qib chiqib, uni joyiga qo‘ydi, so‘ngra huquqshunosning peshonasidan o‘pdi-da, ko‘zlariga g‘ilt-g‘ilt yosh olib, xonadan chiqib ketdi. U ilgari hech qachon, hatto gardkam birja o‘yin-larida yutqizib, katta talofatga uchraganda ham, hozirgidek o‘zidan bunchalik nafratlanmagandi. Bankir uyiga qaytib kelib, o‘zini to‘shakka tashladi, biroq kuchli iztirob va ko‘zlaridan oqayotgan yoshlar unga tinchlik bermasdi.
Ertasiga ertalab uning huzuriga chopa-chopa kelgan qorovul va malaylarning rang-qutlari o‘chgan, sarosimada edilar. Ular bandining derazadan bog‘ga, u yerdan darvoza orqali noma’lum tarafga qochib ketganini aytishdi. Bank sohibi malaylari bilan darhol chorbog‘ning etagidagi xilvat go‘shaga yetib keldi va huquqshunosning qamoqdan qochganiga ishonch hosil qildi. Ortiqcha gap-so‘zlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun u huquqshunosning garov shartnomasini buzganligi haqidagi qog‘ozni olib uyiga qaytib keldi-da, uni po‘lat sandiqqa solib qulflab qo‘ydi.