Nutq madaniyati

Topshiriq. Matnni o‘qing. Guruhlarga bo‘linib, ota-onaga murojaat shakllarini tanlash haqida fikrlashing.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

Endi ota-onani tilga olganda ishlatiladigan so‘zlarga kelsak, otaga nisbatan «boboy», onaga nisbatan «kampir» singari so‘zlarni ishlatish nutq odobidan, xususan va umuman, odobdan tashqaridir. Adabiy tilda otani «otamiz», «padarimiz», «qiblagohimiz» deb, onani «ona miz», «volidamiz», «onayizorimiz», «volidayi mehribonimiz», «oq sut bergan onamiz» kabi so‘z va iboralar bilan tilga olinadi. Bular nutq odobiga daxldor ijobiy hodisalardan hisoblanadi. Ammo «boboy», «kampir» kabi so‘zlar bolaning beodobligidan nishonadir.

Ota oila boshi bo‘lgani uchun unga ulug‘vorlikni bildiruvchi sifatlarni, onada bolaga nisbatan mehr ortiqroq bo‘lgani va ko‘proq ma shaqqat chekkani uchun unga mehribonlik, mushfiqlik va mehnat-u mashaqqat anglatuvchi sifatlar beriladi… Ota-onaga murojaat qilganda, «jon» qo‘shimchasini qo‘shib, «otajon» yoki «dadajon» yoxud «adajon» yo «oyijon» deb murojaat qilinsa, ota-onaga bo‘lgan ehtirom shartlaridan biri ado etilgan bo‘ladi. Ammo bu murojaat til uchida emas, astoydil bo‘lishi kerak. «Jon» so‘zi jondan chiqsa, ota-onaning joni farzand joniga baraka bag‘ishlaydi. Agar til uchidan chiqsa, ota-ona har qancha mehr-u shafqat ko‘rsatmasin, bolaning ishi yurishmaydi. (A. Rustamov)

Odob juda keng va qamrovli tushuncha bo‘lib, u nutqni to‘g‘ri va o‘rnida qo‘llash odobini ham o‘z ichiga oladi. Buyuk bobokalonimiz Mahmud Koshg‘ariy ning «Devonu lug‘otit turk» kitobida «Odobning boshi tildir» degan maqol qayd qilingan. Ulug‘ alloma Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida «til ardami» (nutq odobi) haqida bir qancha go‘zal hikmatlar mavjud:

  1. So‘zingga ehtiyot bo‘l, boshing ketmasin,
    Tilingga ehtiyot bo‘l, tishing sinmasin.
  2. Bilib so‘zlasa, so‘z donolik sanaladi,
    Nodonning so‘zi o‘z boshini yeydi.
  3. Aql ko‘rki so‘zdir va til ko‘rki – so‘z,
    Kishi ko‘rki yuzdir, bu yuz ko‘rki – ko‘z.

So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy so‘zning muloqotdagi o‘rnini bilishni inson axloqining asoslaridan hisoblagan, aniq va lo‘nda gapirishni fazilat deb bilgan:
Bir deganni ikki demak xush emas,
So‘z chu takror topti, dilkash emas.

Tariximizda go‘zal nutq, nutq odobi, ona tilining qudrati kabi masalalar hamisha allomalarimiz diqqat markazida bo‘lib kelgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy kabi bir qator ma’rifat darg‘alari tilimiz muhofazasi, tilning sofligi va nutq odobi haqidagi jiddiy fikrlarni bayon qilganlar. Bugungi nutq madaniyati tushunchasi nutq odobini ham o‘z ichiga oladi. Nutq madaniyati fikrni mustaqil, ravon, go‘zal va nutq vaziyatiga muvofiq tarzda ifodalashni nazarda tutadi. Raso nutq madaniyati jamiyat madaniy-ma’rifiy taraqqiyotining, millat ma’naviy kamolotining muhim belgisi, o‘ziga xos ko‘zgusidir.

Nutqiy muloqotning samaradorligi nutq madaniyatiga bog‘liq, chunki madaniy nutqqina chinakam ta’sir kuchiga ega bo‘la oladi. Tilshunoslikda «nutq madaniyati» termini, asosan, ikki xil ma’noda qo‘llanadi, ya’ni: 1) tildan bemalol, maqsadga va nutqiy vaziyatga muvofiq tarzda foydalana olish, nutqda zaruriy sifatlarning barchasini mujassamlashtira bilishni ta’minlaydigan ko‘nikma, malaka va bilimlarning jami; 2) tilshunoslikning tildan maq sadga va nutq vaziyatiga muvofiq tarzda foydalanish, nutqda zaruriy sifatlarni mujassamlashtirish qoidalarini ilmiy asosda o‘rganish va o‘rgatish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi.

7-mashq. Berilgan gapdagi g‘oyani o‘z so‘zlaringiz bilan ifodalang.
Bu g‘oyaning to‘g‘riligini dalillar asosida isbotlashga harakat qiling. O‘z fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go‘zal va lo‘nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalambor, rahbar kursisida o‘tirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin. (I. Karimov)
8-mashq. Berilgan maqollarni yodda tutishga harakat qiling. Ularda ifodalangan fikrlarni o‘z so‘zlaringiz bilan bayon qiling.
Shunday mazmundagi maqollardan yozib keling.

Aytar so‘zni ayt,
Aytmas so‘zdan qayt.

Bug‘doy noning bo‘lmasin,
Bug‘doy so‘zing bo‘lsin.

Yomon til boshga balo keltirar,
Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.

Sevdirgan ham til,
Bezdirgan ham til.

So‘zning boyligi – odamning chiroyligi.
O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir.

9-mashq. Nutq odobining muloqotdagi ahamiyati haqida yozma matn tuzing.
10-mashq. Matnni o‘qing. Madaniyatlilik va nutq madaniyati o‘rtasidagi aloqadorlik haqida o‘rtoqlaringiz bilan bahslashing.
Gap madaniyat yoki madaniylik ustida borganda, hozirgi ba’zi yoshlarning bema’ni bir asovligi haqida gapirmasdan bo‘lmaydi. Odamning o‘z ona tiliga bo‘lgan mehr-u muhabbati va hurmati, o‘z tilini qanchalik bilish-bilmasligi undagi madaniylik darajasiga o‘lchovdir. Madaniyatning tom mohiyatini tushungan, ya’ni madaniylik qonun-qoidalari tanasiga singib ketgan har bir odam o‘zi gapirgan tilning sofligi, tantanasi uchun hamma vaqt jon kuydiradi.

Bunday odam ruscha gapirayotganda, rus tilining, o‘zbekcha gapirayotganda, o‘zbek tilining sofligini saqlaydi. Madaniyatning nima ekanini anglamagan, o‘z ona tilini qadrlamagan savi yasi past odamgina ruscha gapirib turib o‘zbekcha so‘zlarni, o‘zbekcha gapirib turib ruscha so‘zlarni aralashtiradi. Bu esa har ikkala tilni buzish, ikkala tilning yuziga oyoq bosishdan boshqa narsa emas! Mazkur tillarda har qanday fikr va mulohazani juda chiroyli qilib bildirish, har qanday lavha va manzarani odam hushini oladigan qilib tasvirlash mumkin.

Darhaqiqat, bir tilda toza gapira olmagan yo toza gapirishni mensimagan odamni aslo madaniyatli deb bo‘lmaydi. Gapning qisqasi, madaniyatli bo‘lish uchun odamga faqat bilim, kiyim, taqinchoq, yaxshi ro‘zg‘orning o‘zigina kifoya emas, shular bilan birga shirinso‘zlik, tozalik, saranjomlik, og‘irlik, halollik va eng muhimi, o‘z ona tiliga muhabbat va uning sofligini saqlashga harakat ham zarurdir (Mirzakalon Ismoiliy).

11-mashq. Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asaridan olingan parchani o‘qing, undagi fikrlarga o‘z munosabatingizni bildiring. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur… Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur. Bobolarimizga yetushg‘on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas…

Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og‘iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadurgan tarozusidir. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar… Boshimizga keladurgan qattig‘ kulfatlarning ko‘pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko‘p o‘yla, oz so‘yla», – demishlar. Tillarning eng yaxshisi – so‘zga usta til, so‘zlarning eng yaxshisi bilib, oxirini o‘ylab so‘ylangan so‘zdur.

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
jon kuydirmoq Ruhan kuchli bezovtalangan holda g‘amxo‘r bo‘lmoq.
yuziga oyoq qo‘ymoq Behurmat qilish darajasida hisoblashmaslik.
Varianti: yuziga oyoq bosmoq; yuziga oyoq tiramoq.

  1. Nutq odobi deganda nimani tushunasiz?
  2. Ulug‘ allomalarimizning so‘zni qadrlash, nutq odobining zaruriyati haqidagi qanday hikmatlarini bilasiz?
  3. Nutq madaniyati va nutq odobi tushunchalarining o‘zaro munosabati haqida gapiring.
  4. Nutq madaniyati jamiyat madaniyatining ko‘zgusi ekanligini misollar asosida tushuntiring.
  5. «Nutq madaniyati» terminining ikki ma’nosi haqida so‘zlang.

12-mashq. «Yaxshi so‘z qand yedirar, Yomon so‘z pand yedirar» maqolidagi g‘oyani o‘z so‘zlaringiz bilan ifodalab, yozma matn tuzing.

Оцените материал
( No ratings yet )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: