Topshiriq
Matnni o‘qing. Unda kapalak so‘zining 7 marta takrorlanishi natijasida nutqning leksik boyligi zarar ko‘rganligi haqida fikrlashing.
Kapalaklarni aytmaysizmi? Bir-birini quvlab guldan gulga qo‘nayotgan kapalaklarga mahliyo bo‘lmay ilojing yo‘q. Bularning hammasi O‘tkirni butunlay sehrlab qo‘ydi. O‘tkir o‘rtoqlari bilan gul terib yurib, chiroyli kapalakka ko‘zi tushib qoldi. Buncha chiroyli uchmasa. O‘tkir kapalakni ushlamoqchi bo‘ldi. Biroq kaftlari orasiga qisib ushladim deganda, kapalak ko‘z ochib yumguncha boshqa gul ustida paydo bo‘lardi. O‘tkir kapalakning orqasidan quvlab charchadi, ko‘p ovora bo‘ldi. Axiyri, kapalakni
ko‘zdan yo‘qotib qo‘ydi. (A. Sodiqov, «Tog‘da» hikoyasi) Nutqning boyligini ta’minlashda bir qancha til vositalari ishtirok etadi.
Ular orasida leksik, semantik, grammatik, intonatsion vositalar alohida o‘rin tutadi. Boy, shirali nutq tuza bilishi uchun so‘zlovchining, eng avvalo, so‘z zaxirasi boy bo‘lmog‘i kerak. Atoqli so‘z san’atkorlarida, masalan, ulug‘ Alisher Navoiyda 26 mingdan ortiq, rus shoiri A. S. Pushkinda 21 mingdan ortiq so‘z boyligi mavjudligini mutaxassislar ta’kidlaydilar. Albatta, bunday ulkan so‘z boyligiga ega bo‘lish har kimga ham nasib etavermaydi.
Badiiy nutq
Ammo o‘z nutqining boy va ta’sirchan bo‘lishini istaydigan har bir kishi o‘z lug‘at boyligini
kengaytirib borish haqida qayg‘urishi lozim. Nutqning boyligini ta’minlashda, ayniqsa, ma’nodoshlik katta imkoniyatga ega. Ma’nodoshlik, ma’lumki, faqat so‘zlar doirasidagina emas, balki morfologik va sintaktik birliklar doirasida ham keng tarqalgan. Matnda so‘z, so‘z birikmasi va gap takroridan qochishning eng qulay yo‘llaridan biri ayni shu ma’nodoshlik asosida bir xil birliklarni almash tirishdir.
Tilimizdagi sodda va qo‘shma gaplar, murakkablashgan gaplar, ularning xilma-xil qoliplari, bu qoliplar asosida yaratilishi mumkin bo‘lgan millionlab jumlalar boy nutq tuzish uchun cheksiz imkoniyatdir. Bulardan xabardor kishining nutqi tarkib nuqtayi nazaridan faqat bir xil qolipdagi jumlalardan tarkib topmaydi, ya’ni bir xil sintaktik birliklar takroridan iborat bo‘lmaydi. Nutqning boylik darajasini pasaytiruvchi leksik, semantik, morfologik, sintaktik va intonatsion takrorlarni badiiy nutqda alohida badiiy maqsad bilan atayin qo‘llanadigan takrorlardan farqlash lozim.
Ko‘proq badiiy va publitsistik nutqda muayyan tushuncha yoki mazmunni alohida ta’kidlash, ohangdorlik kabi niyatlar bilan bog‘lovchi, so‘z, so‘z birikmasi, gaplar takrorlanadi. Masalan, quyidagi she’riy parchada buni ko‘rish mumkin:
Yurt bu kun karvonlar boshida nordir,
Yurt bu kun Sharq ichra tengsiz bir diyor.
Yurt bu kun ohuday xo‘p ishvakordir,
Sir kabi seravjdir, Pomirday poydor.
(A. Oripov)
65-mashq
Matnlarni o‘qing. Leksik, sintaktik va intonatsion takrorning matn mazmunini ta’kidlashdagi o‘rnini izohlang. Takrorning nutq boyligiga ta’sirini baholang.
- Bir mahal tungi osmondagi bulutlar supurilib, ozod-ozod to‘lin oy samoda nur sochdi. Bir malak bor edi, kelin bo‘ldi, bir jayron bor edi, qafasga tushdi, bir qiz bor edi, turmush ostonasiga shu tariqa qadam qo‘ydi. (Isajon Sulton)
- Farzand ko‘rgach, Ra’no, haqiqatan ham, gulgul ochildi. Qizlik go‘zalligi bu tarovat oldida hech nima bo‘lmay qoldi. Gul edi, xudoning qudrati bilan oqi oqqa, qizili qizilga ajraldi. Chechak edi, barq urib ochildi. Bulut edi, yomg‘irini ayamay to‘kdi. Quyosh edi, harorat-la porladi. Oy edi, to‘lishdi. Kecha edi, bag‘ri yulduzga to‘ldi. Qush edi, jo‘shib-jo‘shib sayradi. Zilol edi, sharqirab oqdi. (Isajon Sulton)
66-mashq
Matnni o‘qing. Hozirgi zamon ma’nosining ifodalanishiga diqqat qiling. Grammatik ma’nodoshlikning boy nutq tuzishdagi ishtirokini izohlang.
Tekis dalada Tohir yalangoyoq bo‘lib, ho‘kiz bilan yer haydamoqda. Samarqandda Tohirga qo‘shilib navkar bo‘lib kelgan bir qulog‘i kesik Mamat esa hali haydalmagan yerga qulochkashlab urug‘ sochyapti. U ham yalang oyoq bo‘lib ishton pochasini shimarib olgan. Ulardan narida uch-to‘rtta dahkatlik tojik dehqonlar ham yer haydab, ekin ekayotir. Yer yumshoq, havo yoqimli, ishning unumi yaxshi. Shuning uchun hammalarining ruhlari ko‘tarinki. Shuncha vaqt jang-u jadalda yurib, dehqonchilik kasbini sog‘ingan Tohir endi yayrab yer haydaydi va birda-yarim ashula xirgoyi qilib qo‘yadi. (P. Qodirov)
67-mashq
Badiiy va ilmiy-ommabop matnda o‘rikka berilgan tavsiflarni qiyoslang. Nutqning boylik sifati qaysi uslubda ahamiyatliligini tushuntiring.
O‘rik
Qantak o‘rik
Otim bor,
Xo‘p mazali
Totim bor.
Mag‘izimga berkitgan
Qandim bor,
Novvotim bor.
(E. Vohidov)
O‘rik – ra’noguldoshlar oilasiga mansub mevali o‘simlik. Vatani – O‘rta Osiyo. O‘zbekistonda, asosan, oddiy o‘rik turi ekiladi. Mevasi etli, yumaloq, tuxumsimon, oq, sariq, qizg‘ish; danagidan ajraladigan, ajralmaydigan xillari bor; shirin, shirinnordon. O‘rik – yaxshi asal beruvchi daraxt. (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi)
68-mashq
Gaplarni o‘qing. Nutqning boyligini ta’minlayotgan birliklarni izohlang.
- Juda ishni ko‘ngling tusagan ekan, ana, ko‘cha-ko‘yda nechta gazet sotadigan kioska bo‘sh yotibdi, o‘shanga ishga kir, ma’rifat tarqat, ziyo soch.
- Uchrashuv tugab, mehmonlik izzatimiz bitib, u yerdagi o‘rtoqlar biror o‘n chaqirimcha kuzatib qo‘ygach, yana ikkimiz yolg‘iz qoldik.
- – Otni biladigan odamlarni xush ko‘raman. Biz asli otboqarning o‘g‘limiz, Saidqul aka, otni yaxshi ko‘ramiz. Boshqa ishlarimizni aytolmayman-u, lekin uch-to‘rtta yaxshi tulporimiz bor. To‘pori tamom o‘zidan ketgan, mening borligimni butkul unutib, hansirab yugurib, butalarning shoxlarini sindirib, nuqul xitob qiladi: Uch-a, jonivor! Uch, akang qarag‘ayning xo‘rozlari! (Murod Muhammad Do‘st)
69-mashq
She’rni o‘qing va leksik takrorning qanday maqsad bilan qo‘llanganini aniqlang.
Shag‘irlaydi betinim daryo,
Shag‘irlaydi vahm to‘lgan jar,
Shag‘irlaydi qorong‘i dunyo,
Shag‘irlaydi vodiy, daralar.
(Hamid Olimjon)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing:
Esi chiqib ketmoq Nihoyatda qattiq qo‘rqmoq. Varianti: es xonasi chiqib ketmoq. Ma’nodoshi: jon—poni chiqib ketmoq; joni xalqumiga kelmoq. O‘xshashi: kayfi uchmoq; yuragi chiqib ketmoq.
Yuzidan o‘ta olmaslik Biror ishni qilishda kimningdir ra’yi, xohishi bilan hisoblashmoq.
- Leksik, grammatik va intonatsion vositalarning nutq boyligini ta’minlashdagi o‘rnini tavsiflang.
- Ma’nodoshlikning qanday turlarini bilasiz?
- Nutqning boylik darajasini pasaytiruvchi jihatlarni tushuntiring.
- Qaysi nutqiy uslublarda atayin takrorlardan foydalaniladi?
70-mashq
Matnni ko‘chiring. Nutqning boyligini ta’minlayotgan ma’nodosh so‘z va iboralarni aniqlang.
Amir bo‘lamiz – ko‘ngli ochiq, qo‘li ochiq, aksariyat savdo ahliga xos kirishimli, sal narsaga yon beruvchi yigit. U menga juda mehribon, «bolajonim»lab boshiga ko‘taradi. Qisqasi, xudo berganini birodarlari bilan bo‘lishadigan hotamtoy, muruvvatli inson. Uning tog‘amizga nisbatan ham kek-g‘arazini sezmaganman, hamisha bag‘rini ochib muomala qiladi. To‘g‘ri, andak kinoya aralash, andak piching-u istehzo bilan. Ammo bunga ham tog‘amizning o‘zi aybdor.
Sababi menga qorong‘i bu ziddiyat tog‘a-jiyanning o‘rtasida azaldan bor edi. Bu, tabiatan bir-birini xush ko‘rmaslik – iqi suymaslikmi yoki arzimas bir narsadan boshlangan bolalik arazining tobora chuqurlashib adovat chohida aylanganimi, ishqilib, men bilmayman. Bobomizning kenjatoy-erkatoyi xarxasha-yu janjal evaziga boshqalardan undirgan neki narsasi bo‘lsa, menga ilingani-ilingan edi, «o‘gay» jiyan — Amirga esa odatdagi yovqarashdan o‘zga hech vaqo yo‘q. (Erkin A’zam)