Sobit-u sayyorada
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Mulki olam ichra bir
Xoqon o‘zing, sulton o‘zing.
Sobit o‘z ma’vosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida
Karvon o‘zing, sarbon o‘zing.
Shams – dil taftingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jahon zabtingdadur,
Bog‘bon o‘zing, posbon o‘zing.
Bu yorug‘ dunyo nadur?
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.
Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shoh-u gado
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.
Mash’ali fikrat – sening,
Ham changali vahshat sening,
G‘ayrat-u g‘aflat sening,
Javlon o‘zing, uryon o‘zing.
Qilding-u oyda xirom,
Ham yerda qon to‘kding harom,
Ushbu holingdan mudom
Xandon o‘zing, giryon o‘zing.
Minding ilm narvoniga,
Chiqding funun osmoniga,
Bu jahon ayvoniga
Arkon o‘zing, vayron o‘zing.
Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib
Hayron o‘zing, hayron o‘zing.
Bog‘i arz obod erur
Sendin agar imdod erur,
Yo‘qsa, u barbod erur,
To‘fon o‘zing, to‘g‘on o‘zing.
Sen hilol, yulduz, salib,
Tavrot, Zaburdin yuksalib,
Boymisan yoki g‘arib
Komron o‘zing, yakson o‘zing.
Kim farangi, kim habash,
Irq, qon talash, imon talash,
Shulmi insondek yashash,
Armon o‘zing, afg‘on o‘zing.
Mamlakatga mamlakat,
Millatga millat bo‘lsa qasd,
Qilguvchi so‘ng oqibat
Armon o‘zing, afg‘on o‘zing.
Sen balo, ham mubtalo,
Xayr ila kin, rost-u riyo,
Fitnagar olam aro
Fatton o‘zing, qurbon o‘zing.
Goh adolat bog‘ida,
Piri adovat gohida,
O‘z diling dargohida
Shayton o‘zing, g‘ilmon o‘zing.
Xormisan yo gulmisan,
Tojdormisan yo qulmisan,
Chug‘zmisan, bulbulmisan,
Nolon o‘zing, xushxon o‘zing.
Bu hayot o‘rmon ekan,
Jon borki, qasdi jon ekan,
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon o‘zing, jayron o‘zing.
Bu hayot ummon ekan,
Ummon abad gardon ekan,
Qatradek sarson ekan,
Sarson o‘zing, gardon o‘zing.
Onaizoring – zamin,
Tanho yo‘g‘-u boring – zamin,
Xasta bemoring – zamin,
O‘g‘lon o‘zing, darmon o‘zing.
Bag‘rida yotquchi – sen,
Ne’matlarin totquchi sen,
Tig‘ bo‘lib botquchi – sen,
Paykon o‘zing, qalqon o‘zing.
Marsga to‘p otquchi – sen,
Zuhroni uyg‘otquchi – sen,
Uyquda qotquchi – sen,
Uyg‘on o‘zing, uyg‘on o‘zing.
Kelding olamga, demak,
Etmas uni so‘rmak, yemak,
Yerni etmog‘ing kerak
Bo‘ston o‘zing, rizvon o‘zing.
So‘zga ham poyon bo‘lur,
Yozsam yana devon bo‘lur.
Rustami doston bo‘lur,
Doston o‘zing, devon o‘zing.
Bo‘lmasin subhing qaro,
Bor bo‘l mudom borliq aro,
O‘zni etgil doimo
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Ey, sen Erkin, sen bukun
Yozding dilingdan bir tugun,
Sen kim-u ne dahri dun,
Biyron o‘zing, nodon o‘zing.
1973
Yaxshidir achchiq haqiqat
Yaxshidir achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg‘on yomon,
Ul shirin yolg‘onga mendek
Aldanib qolg‘on yomon.
Umrimiz aldoq jahonda
Aldanib o‘tgay va lek
So‘nggi qiynalg‘on yomondir,
So‘nggi qiynalg‘on yomon.
Aytgali achchiq azobing
Bo‘lsa dildosh yaxshidir,
So‘z demay o‘tli alamni
Joningga solg‘on yomon.
Jonga solg‘on ham na sozdir,
Elga so‘ylab men kabi
Shoiri devonayi ishq
Nomini olg‘on yomon.
Gar qilich kelsa boshingga,
Qo‘rqma, Erkin, rostni ayt,
Yaxshidir achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg‘on yomon.