17-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Yaponiya

1990-yillarda Yaponiyaning rivojlanishi

Bu davrda Yaponiya siyosiy hayotida liberal-demokratik partiyaning (LDP) obro‘yi tiklandi. 1990-yili hokimiyatga kelgan Tosiki Kayfu Yaponiyaning xalqaro obro‘yini oshirishga erishdi. 1990-yili Quvaytning Iroq tomonidan anneksiya qilinishi paytida Yaponiya xalqaro harbiy kontingentga, shuningdek, Misr, Iordaniya va Turkiyaga moliyaviy yordam tarzida bir necha milliard dollar mablag‘ ajratdi.

11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
Qachon Yaponiya yalpi ichki mahsulotning hajmi bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyingi ikkinchi o‘ringa
chiqib olgan?

1990-yillardan iqtisodiyotda davlat sektorining ulushi kamayib bordi. Shuningdek, sanoatni davlat tomonidan tartibga solish ham susaydi. Bu davrda Yaponiyaning asosiy eksporti chetga kapital chiqarish bo‘lib qoldi. Chet davlatlarda joylashtirilgan investitsiyalar miqdori 1 trln dollardan oshib ketdi. Yaponiya mehnat unumdorligi bo‘yicha ham G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridan o‘tib, AQSHga tenglashib bordi.

1990-yillari butun dunyoda ishlab chiqarilgan videoapparaturalarning 90% i, sanoat robotlarining 2/3 qismi Yaponiya hissasiga to‘g‘ri kelardi. Ammo tashqi bozorga bog‘liqlik 1997 – 1998-yillardagi «Osiyo inqirozi» paytida Yaponiya uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shunga qaramasdan, Yaponiya iqtisodiyoti inqirozlar davrida o‘zining moslashuvchanligi va chidamliligini namoyish qildi.

Ichki siyosatda 1990-yillar hukumat beqarorligi bilan xarakterlanadi. Bu yillari Yaponiyada bir necha koalitsion hukumatlar almashgandan so‘ng 1996-yil yanvarda LDP yana bir partiyali hukumat tuzishga erishdi. Unga Ryutaro Xasimoto boshchilik qildi. U «olti islo hot»:

  1. so liq;
  2. ta’lim sohasida;
  3. ijtimoiy ta’minotda;
  4. iqtisodiyotda davlat boshqaruvini pasaytirish bo‘yicha;
  5. ma’muriy boshqaruvni detsen tralizatsiyalash bo‘yicha;
  6. sanoat kompaniyalariga yer uchastkalari ajratish bo‘yicha islohotlar boshlani shini e’lon qildi.

Shuningdek, R.Xasimoto yangicha diplomatiyani namoyish qilib, tashqi siyosatda «yevroosiyochilik» konsepsiyasini tatbiq etishga urindi. U Yaponiyada bir qator terrorchilik aktlarini amalga oshirgan «Aum Sinrikyo» sektasi faoliyatiga chek qo‘yishda qat’iy harakatlari bilan ham tanildi.

17-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Yaponiya

XX asr oxirida Yaponiya ichki siyosatida LDP yetakchilikni saqlab qoldi. 2000-yil Yaponiya bosh vaziri Keydzo Obuti vafot etgandan so‘ng bu lavozimni Yosiro Mori egalladi.

Yaponiya XXI asrda

Yaponiya XXI asr boshlarida iqtisodi barqaror rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. U 400 mlrd dollardan oshiqroq summaga teng mahsulot eksport qilyapti. Yaponiya kemasozlik, traktorsozlik, metallni qayta ishlash sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. U po‘lat, televizorlar va avtomobil ishlab chiqarishda ham jahonda yetakchilardan hisoblanadi. Yaponiya YIM hajmi bo‘yicha jahonda AQSH va Xitoydan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Yaponiya ko‘plab orollardan iborat mamlakat. U boshqa mamlakatlarga nisbatan tabiat kuchlari: okean bo‘ronlari, tayfunlar, zilzilalarga ko‘proq bog‘liq. Yaponlar o‘z ishlab chiqarish madaniyatida anashu bog‘liqlikni kamaytirishga intilib keldi. Ammo tabiat kuchlaridan to‘liq ustun kelishning iloji yo‘q, ularning zararini kamaytirish mumkin, xolos. 2011-yil mart oyida Xonsyu orolida yuz bergan zilzila Yaponiyaga katta zarar yetkazdi. Minglab kishilar halok bo‘ldi, 300 mingdan oshiq kishi boshpanasiz qoldi. Bir necha atom elektrostansiyalariga zarar yetdi, Fukusima-1 atom elektrostansiyasidan radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishi yuz berdi. Mamlakatga juda katta iqtisodiy zarar yetkazildi.

Ichki siyosatda asosan LDPning yetakchiligi saqlanib qoldi. 2001-yili Yaponiya bosh vaziri lavozimini Junitiro Koidzumi egalladi. U nisbatan yosh, serg‘ayrat bo‘lib, mamlakatda katta obro‘ga ega edi. J. Koidzumi Yaponiya konstitutsiyasining mamlakatga o‘z qurolli kuchlariga ega bo‘lishini taqiqlovchi moddasini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lib chiqdi. J. Koidzumi uch muddat hukumatni boshqardi. 2012-yildan LDP yetakchisi Sindzo Abe hukumatni boshqarib kelmoqda. Shuni aytish lozimki, siyosiy inqirozlar faqat Yaponiya uchun xos bo‘lgan hodisa emas. Shunga o‘xshash jarayonlar yangi, postindustrial sivilizatsiya shakllanayotgan boshqa mamlakatlarda ham yuz bermoqda.

Aholining ijtimoiy tarkibi o‘zgarmoqda, jamiyatni tashvishga solayotgan muammolarning ham mohiyati o‘zgacha tus olyapti; ko‘plab eski partiyalar inqirozni boshdan kechirmoqda – ular juda qiyinchilik bilan yangi sharoitlarga moslashmoqda, har doim ham yangilikni o‘z vaqtida ilg‘ab ololmayapti. Rivojlangan mamlakatlar siyosiy tizimida ham jiddiy qayta qurish ketyapti. Vakillik demokratiyasining rivojlanishi yaqin kelajakda mutlaqo yangi mazmun kasb etishi mumkin, qandayligini vaqt ko‘rsatadi. Ammo hozirdanoq yaponlar muammolarning muvaffaqiyatli hal qilinishiga ishonch bilan harakat qilmoqda.

Yaponiya tashqi siyosatida AQSH bilan munosabatlar asosiy o‘rin tutadi. Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan beri Yaponiya AQSHning mintaqadagi eng yaqin savdo hamkori va strategik sherigi bo‘lib kelmoqda. Yaponiyaning Xitoy bilan munosabatlari ancha murakkab. 2005-yili J. Koidzumi hukumati Tayvan oroli masalasida ilk bor AQSHni ochiq qo‘llaganda Xitoy bilan munosabatlari keskin yomonlashdi. Jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan va 2017- yili yanada keskinlashgan Shimoliy Koreya masalasida ham Yaponiya bilan Xitoy o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud.

Detsentralizatsiya – bu qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolat va majburiyatlarni markazdan boshqa tashkilotlarga o‘tkazish.
Sekta – bu kishilarning ko‘pincha tor, o‘ta mutaassib va ekstremistik qarashlar doirasida birlashishi, umumiy diniy yo‘nalishdan chetga chiqish.
Harbiy kontingent – bu ma’lum harbiy vazifani bajarish uchun tashkil qilingan qo‘shinlar va harbiy texnika majmuasi.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. 1990-yillari Yaponiya iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
  2. Ryutaro Xasimoto qanday islohotlarni e’lon qildi?
  3. XXI asrda Yaponiyaning barqaror rivojlanishi qanday omillarga tayanadi?
  4. Yaponiya tashqi siyosatida AQSH va Xitoy bilan munosabatlar nima uchun asosiy yo‘nalish hisoblanadi?

Mustaqil ish

«Yapon iqtisodiy mo‘jizasi» mavzusida esse yozing.
Internet vositasida Yaponiyaga virtual sayohat uyushtiring va zamonaviy Yaponiya taraqqiyotining asosiy sabablarini daftaringizga ustun holatida yozing.
Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: