«Abulfayzxon» fojiasi haqida

Abdurauf Fitrat ijodining ma’lum bir qismini dramatik asarlar tashkil etadi. Ular orasida 1924-yilda chop etilgan «Abulfayzxon» fojiasi alohida o‘rin tutadi. Uning «Abulfayzxon» fojiasi birmuncha keskin voqealarni tasvir doirasiga olgan asarlar sirasiga kiradi.

 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Asarni mudhish bir ta’kid, ya’ni asarda Ulfat obrazi tilidan aytilgan «Podshohlik – qon bilan sug‘o-rilaturg‘on bir og‘ochdir» asosiga qurilgan desak ham bo‘ladi. Chunki toj-u taxt orzusi ko‘zlarni ko‘r, qalblarni nochor qilishi mumkin.

Bunga asardagi bir qancha voqealar ham dalil bo‘la oladi. Xususan, tarixiy dalillarga ko‘ra, Abulfayzxon taxtga o‘tirish uchun akasining bahridan o‘tgan edi. Xon yon-atrofidagi ikkiyuzlamachi xoinlar dastidan, qolaversa, o‘zining nihoyatda kaltabinligi tufayli mag‘lubiyatga uchraydi. Asarning bosh g‘oyasi ham zulm asosiga qurilgan tuzumning oxir-oqibat inqirozga yuz tutishini ta’kidlashga yo‘naltirilgan.

Ma’lumki, drama Mir Vafo va Qozi Nizomning shaxmat o‘yinlari bilan boshlanadi. Yozuvchi bu o‘yinni bejiz tanlamagan, shaxmat o‘yini zamirida qaysidir ma’noda fojiada qatnashadigan obrazlarning o‘zaro ziddiyati, qaysi tomonning yutishi va yutqizishiga ramzan ishora ham qilinadi. Ikkinchi tomondan, ko‘pincha shaxmat o‘yini aqlli va bekorchi odamlarning ishi sifatida ham talqin etiladi. Shunga ko‘ra, xon ishongan mulozimlarning ahvoli, ularning maishat-u turli o‘yinlar bilan mashg‘ulligiga ishora qilinadi.

Kunlar o‘tgan sayin Abulfayzxonni marhumlar ruhi bezovta qila boshlaydi: qo‘rqinchli tushlar ko‘radi. Xon atrofi borgan sari sotqinlarga to‘lib boradi. Zero, bunga faqatgina uning o‘zi aybdor edi. Hatto eng ishonchli odamlaridan biri Hakimbiy Eron shohi Nodirshoh bilan do‘stlashadi. O‘g‘lini yashirin ravishda Nodirshoh huzuriga yuboradi. Hakimbiy bir tarafdan urushmaslik tarafdori bo‘lib ko‘rinsa ham, o‘z yurtini dushman qo‘liga topshirishi, dushman bilan yashirincha til biriktirishi, oxir-oqibat Eron shohining Buxoroni egallab olishi – bularning barchasi millatparvarlik, vatanparvarlik nuqtayi nazaridan oqlab ham, yoqlab ham bo‘ladigan hodisalar emas.

Hakimbiy obrazida Abulfayzxon bilan birlashmagan, o‘z yurtini dushmanga emin-erkin topshirgan bir kimsa namoyon bo‘ladi. Hakimbiyni Ulfat orqali Abulfayzxon o‘z huzuriga chaqiradi. Hakimbiy borishdan bosh tortadi va «Jo‘yborga borib Xo‘ja Kalonning uylariga qo‘nsinlar, elning kattalarini chaqirsinlar», deb muzokara uchun joy tanlaydi. Buning sababini ham Hakimbiy nutqidan bilib olish mumkin: «Xonning buyrug‘i Arkdan Mirarabgacha yurmaydir». Bu gap Abulfayzxonning ijtimoiy-siyosiy mavqeyi naqadar zaifligini anglatadi.

Uchinchi parda Nodirshoh va o‘g‘li Rizoqulixon suhbati bilan boshlanadi. Nodirshoh: «Har o‘lkani urushib olmoq siyosat emas. Urush choralarning eng so‘nggisi. Bir o‘lkani olmoq uchun eng yaxshi chora – shul o‘lkaning o‘zida do‘stlar topmoq, shularni ishlatmakdir», deya Hakimbiy va uning o‘g‘li
Rahimbiyga ishora qiladi. Chunki Hakimbiy Nodirshohdan o‘g‘lini taxtga o‘tqizish va’dasini olib ulgurgan edi. Fojianing keyingi sahifalarida xonning afsus-nadomatlari, yig‘lash-siqtashlari – umuman, nochor ahvoli beriladi. Yurt boshqaruvini qo‘lga olgan Rahimbiy Abulfayzxonni uy qamog‘ida saqlaydi.

Fitrat shu o‘rinda Abulfayzxon bilan Rahimbiyni uchrashtiradi. Bu epizodda mahkum xon Rahimbiy va uning yaqinlariga qilgan yaxshiliklarini sanaydi. Rahimbiy esa xonni «Davlatimizning buyuk, buyuk teraklarini o‘z qo‘lingiz bilan yiqita berdingiz», deb xonning johilona siyosatini qoralaydi. Har kim o‘z fikrida haqqa o‘xshab ko‘rinadi… Keyinroq Ulfat lahm qazib xon yoniga keladi. Xon esa qochishga jur’at etolmaydi.

Asarda zamon ahvolidan oshkora norozi, yurt tinchligi uchun kuyingan kishilar Ibrohimbiy obrazi orqali tasvirlanadi. Ibrohimbiy haqiqat tarafida, u xalq manfaatini ko‘zlaydigan odam. Shuning uchun elga yomonlik qilgan, hukumat ishlariga qaramagan, «kecha-kunduz chog‘ir ichib» yotgan Abulfayzxon siyosatini ham, ish boshiga kelgan Rahimbiyni ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Fitrat o‘z orzu-istaklarini uning tilidan bergandek taassurot qoldiradi.

Ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan Ibrohimbiy Rahimbiy o‘n besh yoshli Abdulmo‘minni xon qilib ko‘targanida esa «Men bo‘lg‘onda, Abulfayzxonni tushirgach, qurultoy chaqirar edim. Yangi xon bilan uning otalig‘ini el boshliqlarining kengashlari bilan belgilar edim», deydi. Qolaversa, Rahimbiyga qarata shunday bir gapni aytishdan toymaydi: «Jiyanim, men Abulfayzxon bilan urushdim, chunki haqsizlik qilg‘an edi. Siz bu kun undan ortiq haqsizlik qila turibsiz.

Ko‘zim bo‘lsa edi, ertadan boshlab, siz bilan ham urushar edim. Nima qilaykim, ko‘zim yo‘q. Hay, siz-ku Buxoro taxtini olarsiz. Abdulmo‘minni o‘ldirarsiz. Balkim, meni ham o‘ldirarsiz. Biroq shuni bilib qo‘yingizkim, bu taxt sizning bolalaringizg‘a yuqmag‘usidir».

Adolatning qaror topishini har qanday inson xohlaydi. Toj-u taxt bevafo va o‘tkinchi. Fitrat Ibrohimbiy tilidan shu haqiqatni bayon qiladi. Darhaqiqat, oxirgi sahnada Rahimbiy oldida ramziy obraz – Xayol paydo bo‘ladi. Fitrat o‘zi anglab yetgan va anglatmoqchi bo‘lgan haqiqat bayoni uchun Xayolni: «Sen fazilatli bilimlarning qo‘l, qanotlarini uzib tashlading. Inju tizg‘uchi adiblarning qalamlarini o‘choq supurgisiga aylantirding. Ota pichog‘i bilan bolalarni bo‘g‘izlading.

Bola pichog‘i bilan otalarni yiqitding…», deya so‘zlatadi. Xayol asardagi eng kuchli va eng teran obrazlardan biri. Fojiadagi obraz larning o‘zaro ziddiyatlarini, tarixiy haqiqat kim tomonida ekanini tushunish uchun asarni sinchiklab o‘qish va ayni damda o‘sha davr tarixini ham yaxshi bilish kerak bo‘ladi.

Fitrat «Abulfayzxon» fojiasi uchun Buxoro tarixidagi o‘ta ziddiyatli bir zamonni tanladi. XVIII asrda Buxoroda hukm surgan ashtarxoniylar sulolasi tugab, ular o‘rniga mang‘it amirlarining kelish hodisalarini qalamga oldi. Fitrat real tarixiy shaxslar bilan birga to‘qima hamda ramziy obraz lardan
unumli foydalandi.

Abdurauf Fitrat «Abulfayzxon» fojiasida ma’lum bir tarixiy davr fojialarini badiiy talqin qilish bilan birga o‘zi yashab turgan ziddiyatlarga to‘la muhit – zulm, zo‘ravonlik va bosqinchilikka asoslangan tuzumning mohiyatini ham qaysidir ma’noda ochib berishga muvaffaq bo‘ldi.

Savol va topshiriqlar

  1. Fitrat hayoti va ijodi haqida qo‘shimcha ma’lumot bering.
  2. Dramani rollarga bo‘lib o‘qing.
  3. Fojiaga asos qilib olingan tarixiy davr to‘g‘risida nimalarni bilasiz?
  4. Ulfatning «Podsholik – qon bilan sug‘orilaturg‘on bir og‘ochdir» degan fikriga munosabat bildiring.
  5. Hakimbiyning Nodirshoh bilan munosabatini matndan misollar keltirib izohlang.
  6. Abulfayzxon saltanatining inqirozini qanday izohlagan bo‘lardingiz?
  7. Rahimbiy bilan Abulfayzxon obrazlarini qiyoslang.
  8. Asardagi Qurbongul qanday obraz?
  9. Xayol nima uchun o‘zini Siyovush deb ataydi? Sababini tushuntiring.
  10. «Badiiy adabiyot va tarix» mavzusida ijodiy insho yozing
Оцените материал
( 1 оценка, среднее 5 из 5 )
Nargiza Umarova/ автор статьи

Bir necha yillardan buyon internet texnologiyalarini o'rganib tajribalarimni oshirib kelayapman. Va turli yo'nalishlarda maqolalar yozaman.

Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: