Rauf Parfi
(1943–2005)
Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev) 1943-yil 27-sentabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab o‘rta maktabda o‘qidi. Keyin ToshDUning filologiya fakultetida tahsil oldi. Shundan so‘ng Rauf Parfi adabiy jarayonga faol aralashdi. Respublikaning nufuzli adabiy nashriyotlarida, turli gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi.
Shoirning «Karvon yo‘li» nomli birinchi she’rlar to‘plami 1968-yilda nashrdan chiqdi. Shundan keyin uning «Aks-sado», «Tasvir», «Xotirot», «Ko‘zlar», «Qaytish», «Sabr daraxti», «Sukunat», «Tavba», «So‘nggi vido», «Sakina» kabi she’riy to‘plamlari chop qilindi. Rauf Parfi she’rlari yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Shoir ijodida inson erki, Vatan ozodligi, Turkiston yodi, muhabbat tuyg‘usi kabi adabiy mavzular yetakchilik qiladi. Shoir o‘z quvonchlari, dard-u alami ifodasida, ko‘pincha, tabiat unsurlariga murojaat qiladi.
Tarjimon sifatida u Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli», A. Tvardovskiyning «Zaytun novdasi» asarlari va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti namoyandalarining she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Rauf Parfining o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan hissasi yuksak baholanib, unga 1999-yil «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi. Shoir 2005-yilda Toshkent shahrida vafot etdi.