19-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Hindiston Respublikasi

1990-yillarda Hindiston

Bu davrda Hindistonning iqtisodiy ahvoli yomonlashdi: jahon iqtisodiyotida yuz bergan tushkunlik Hindistonni ham chetlab o‘tmadi. Iqtisodiy o‘sish deyarli to‘xtadi, inflatsiya kuchaydi, ishsizlik oshdi. Mamlakatda turli etnik va diniy guruhlar o‘rtasida ziddiyat, umumiy tanglik holati kuchayib bordi. Shunday holatda 1991-yili tamil terrorchisi tomonidan Hindiston bosh vaziri Rajiv Gandi o‘ldirildi.

11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
Maxatma Gandi faoliyati haqida nimalarni bilasiz?

Hokimiyatga kelgan Narasimxa Rao hukumati bozor islohotlarining yangi bosqichini boshladi. Davlat sektori qisqartirilib, yirik korxonalar xususiylashtirildi. Iqtisodga davlatning aralashuvi yanada kamaytirildi. Bir qator favqulodda tadbirlar ham amalga oshirildi. Xususan, rupiya devalvatsiya qilindi, soliq islohoti o‘tkazildi, davlatning valuta zaxirasi to‘ldirildi. 1990-yillarda Hindiston jiddiy yutuqlarga erishdi. Shu davrda YIM hajmi bir necha barobar oshdi. Ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlandi.

Bu davrda Hindiston o‘zining oltin-valuta zaxirasini oshirishga intildi, neft qazib olishni ko‘paytirdi. Qishloq xo‘jaligi ham muvaffaqiyatli rivojlandi. 1992-yildan Hindiston g‘alla eksport qilishni boshladi. Mamlakat ko‘plab, jumladan, yuqori texnologiya mahsulotlarini ham eksport qiladi. Masalan, yuqori sifatli kompyuter dasturlarini sotishdan yiliga bir necha milliard dollar foyda olmoqda. Hindiston kompyuter dasturlarini yaratish sohasidagi yuqori malakali kadrlar soni bo‘yicha dunyoda AQSHdan so‘ng ikkinchi, ilmiy-texnik xodimlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi.

Zamonaviy Hindiston

1998-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Xalq-demokratik alyansi g‘alaba qozonib, uning yetakchisi Atal Bixari Vajpai bosh vazir lavozimini egalladi. Ko‘plab tabiiy qiyinchiliklarga, jumladan, mamlakat g‘arbidagi qurg‘oqchilikka qaramasdan, A. B. Vajpai hukumati o‘zining bir qator rejalarini amalga oshirdi. Kashmirdagi musulmon separatizmini kuchsizlantirish tadbirlari o‘tkazildi.

2000-yili mamlakat shimoli-g‘arbida uchta yangi shtat tashkil qilindi. Hukumat mamlakatning bu mintaqasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi, shu maqsadda birinchi marta maxsus vazirlik tuzildi. A. B. Vajpai hukumati ovoz berishning yanada erkinligini, saylovoldi kampaniyasida moliyaviy xarajatlarning oshkoraligini ta’minlash maqsadida bir qator saylov islohotlarini amalga oshirdi.

1991-yili tamil terrorchisi tomonidan Hindiston bosh vaziri Rajiv Gandi o‘ldirildi.
2000-yili mamlakat shimoli-g‘arbida uchta yangi shtat tashkil qilindi.
19-Mavzu. 1991 – 2017-yillarda Hindiston Respublikasi

Iqtisodiy sohada A. B. Vajpai kabineti xo‘jalik faoliyatiga hukumatning bevosita aralashuvini qisqartirish choralarini ko‘rdi. U ko‘plab sohalarda davlat monopoliyasini bekor qildi, tadbirkorlar va firmalar faoliyati ustidan nazoratni kamaytirdi, soliqlarni pasaytirdi. Hukumat barqaror iqtisodiy o‘sishni, Hindiston sanoatining raqobatbardoshligini, kompyuter texnologiyalari, transport va aloqa sohalari rivojlanishini ta’minladi.

Ammo iqtisodiyotning yanada liberallashuvi ayniqsa yoshlar orasida ishsizlikning o‘sishiga, qashshoqlik muammosining keskinlashuviga olib keldi. Natijada 2004-yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Hindiston milliy kongressi (HMK) so‘llar bilan hamkorlikda g‘olib chiqdi. Hukumatni Manmoxan Singx boshqardi. Yangi hukumat mayda ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga, ishsizlikni kamaytirishga, aholining kamdaromad qismini oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilashga, qashshoqlar sonini kamaytirishga, inson manfaatlari yo‘lida iqtisodiy islohotlar o‘tkazishga va’da berdi.

Hindiston – XXI asrda dunyoning iqtisodiy yetakchilaridan biriga aylanishga da’vo qilayotgan mamlakat. 2006-yili e’lon qilingan Jahon bankining prognozlariga qaraganda, 2025-yilga kelib, Hindiston iqtisodiyoti dunyoda Xitoy va AQSHdan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqishi mumkin. Hindiston hozirdanoq barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan sektorni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yo‘lidan bormoqda. 2014-yili Hindiston bosh vaziri bo‘lgan Narendra Modi ham islohotlar siyosatini davom ettirmoqda.

Narendra Modi Hindistonning ichki va tashqi siyosati shakllanishiga, XXI asrda uning iqtisodiy yuksalishiga ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatayotgan hal qiluvchi omil mamlakatning demokratik yo‘ldan rivojlanishi bo‘ldi. Unda hokimiyatning rahbar organlarida jamiyatning turli qatlamlari vakillari ishtiroki uchun imkoniyat yaratildi. Hindistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ancha yuqori sur’atlari aholi katta qismining yashash sharoitini yaxshilash imkonini berdi, bu hind jamiyati va davlati erishgan eng katta yutuq hisoblanadi.

1991-yili … 1998-yil martda …
Demografik muammo …
Zamonaviy Hindistonning muammolari …

Shunga qaramasdan, keng miqyosdagi ijtimoiy muammolar mamlakatning muntazam rivojlanishiga to‘siq bo‘lib turibdi. Ulardan eng asosiysi demografik muammo. 2017-yil oxiriga kelib, Hindistonda aholi soni 1 mlrd 350 mln kishidan oshib ketdi. Mamlakatda 400 mln qashshoqlar mavjud, aholining deyarli 1/3 qismi savodsiz. Shuningdek, Hindiston ko‘p etnosli, ko‘p tilli, aholisi eng tez ko‘payayotgan mamlakat bo‘lgani uchun etnik muammolar doimiy saqlanib qolmoqda. Ular, masalan, Panjobda sikxlar, Assamda bengallar, Janubiy Hindistonda tamillar, Kashmir muammosi kabilardan iborat.

Bulardan tashqari, diniy muammolar ham mavjud. Masalan, hozir Hindistondagi musulmonlar soni 160 mln kishidan oshib ketgan. Ularning hindlar bilan munosabatida kelishmovchiliklar mavjud. Qashshoqlikni bartaraf qilish, ishsizlik darajasini pasaytirish va aholi yashash darajasini oshirish ham hamon davlat va jamiyatning eng dolzarb muammosi bo‘lib qolmoqda. Ushbu qiyinchiliklarga qaramasdan, Hindiston demokratik rivojlanish yo‘lidan jadal ketmoqda. Bu mamlakatning yangi davr da’vatlariga munosib javob berishi uchun kuchli asos hisoblanadi.

Tashqi siyosatda Hindistonning bosh maqsadi dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanishdir. Iqtisodiyotni jadal rivojlantirish asosida davlatning iqtisodiy va siyosiy qudratini oshirish, yadro quroliga va zamonaviy texnikaga ega bo‘lgan kuchli armiyani yaratish shu maqsadga qaratilgan edi. Hindiston BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lish uchun tinimsiz harakat qilib kelmoqda.

XXI asrda ham Hindiston tashqi siyosati an’anaviy yo‘nalishda davom etmoqda. Bu siyosatning asosini jamiyatda demokratik qadriyatlar ustuvor bo‘lgan sharoitda mamlakatning tashqi xavfsizligini ta’minlash kursi tashkil qilib, bu kurs jamiyatning katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Devalvatsiya – bu qat’iy xalqaro valutaga nisbatan milliy valutaning rasmiy kursini pasaytirish.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Narasimxa Rao hukumati amalga oshirgan islohotlar natijasida Hindiston 1990-yillari qanday yutuqlarga erishdi?
  2. A. B. Vajpai hukumati qanday muhim tadbirlarni amalga oshirdi?
  3. Hindiston XXI asrda qanday yutuqlarga erishishni maqsad qilib rivojlanmoqda?
  4. XXI asrda hind jamiyati oldida qanday dolzarb muammolar turibdi?

Mustaqil ish

Xaritadan 1991–2017-yillarda Hindiston tarixida asosiy o‘rin egallagan shtatlarni toping va izoh bering.
Оцените материал
( Пока оценок нет )
Вам понравилься статья? Пожалуйта, поделитесь с друзями:
Добавте комментарий! Мы Вам обязательно ответим!

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: